MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALAR LUG'ATINING LINGVOPEDAGOGIK ASOSLARI
Full text
275 MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALAR LUG‘ATINING LINGVOPEDAGOGIK ASOSLARI Raxmatova Zoira Haqnazarovna, f.f.f.d. dots, Qarshi davlat universiteti E-mail: [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392453 Annotatsiya: Bugungi kunda jahon o‘quv leksikografiyasida o‘quv lug‘atchiligi taraqqiyoti bilan bog‘liq ravishda uzluksiz ta’limning eng quyi bo‘g‘inida ta’lim oluvchilar uchun ham bir qancha lug‘atlar, hatto ularning elektron shakllarini yaratish jadal sur’atlarda rivojlanmoqda. Maqolada bolalar lug‘atchiligi sohasida amalga oshirilgan va bajarilishi kutilayotgan vazifalar borasida fikr yuritilgan. Kalit so‘zlar: maktabgacha tarbiya, o‘quv lug‘atchiligi, lug‘at, leksikografiya, nutq o‘stirish vositalari, ensiklopediya, mening birinchi lug‘atim. Abstrakt: Today in connection with the development of educational lexicography in the world lexicography the creation of a number of dictionaries for learners at the lowest level of continuous education, even their electronic forms, is going on at a rapid pace. The article discusses the tasks performed and expected to be performed in the field of creating dictionaries for children's. Key words: preschool education, educational dictionary science, a dictionary, lexicography, means of speech development, encyclopedia, my first dictionary. Maktabgacha bo‘lgan yosh – bolalarning tug‘ilgan paytidan yetti yoshgacha, to ularga umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’lim berish boshlangan paytga qadar bo‘lgan yoshi[1] bo‘lib, mamlakatimizda uzluksiz ta’limning eng quyi bo‘g‘ini hisoblanadi. Bolaga tabiat ato qilgan barcha aqliy qobiliyatlar ona tilini o‘zlashtirish, ayniqsa, uni maktabgacha yoshda o‘rganib olish tufayli yuzaga chiqadi hamda rivojlanadi[2]. Psixologlarning ta’kidlashicha, inson hayoti davomida o‘zlashtirish lozim bo‘lgan bilimlarning 70 foizini aynan shu davrda, ya’ni 7 yoshigacha, qolgan 30 foizini butun umri davomida o‘zlashtirar ekan. Shu bois jahonning barcha taraqqiy etgan davlatlari, jumladan, mamlakatimizda ham maktabgacha ta’lim uzluksiz ta’limning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi va katta e’tibor beriladi. Masalan, Germaniyada maktabgacha ta’lim olish davri 3 yil (3-6 yosh), AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiyada 2 yil (3-5 yosh), Kanadaning ayrim provinsiyalarida 2 yil, ayrimlarida bir yilni (4-6, 5-6 yosh), Belgiyada 3.5 yil (2.5-6yosh), Fransiyada 4 yil (2-6 yosh)ni tashkil qiladi. Ularning barchasida bolalar bog‘chalarining asosiy maqsadi bolalarning aqliy va jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirish, jamiyat va tabiat bilan munosabatga kirishishga o‘rgatish, og‘zaki nutq, so‘zlarni to‘g‘ri va o‘rinli qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratiladi[2]. Janubiy Koreyada bolalar bog‘chasi umumta’lim turiga kirmasa-da, xususiy maktabgacha ta’lim nihoyatda taraqqiy etgan. Uning asosiy
276 vazifasi bolalarni har tomonlama rivojlantirish, shaxsiy mustaqillik, erkinlikka o‘rgatish, muloqot madaniyatini shakllantirishdan iborat. Fransiyada ta’limning ushbu bo‘g‘ini davlat ta’lim tizimi tarkibida bo‘lib, nisbatan uzoq – to‘rt yilni tashkil qiladi va kichik guruh (2-4 yosh), o‘rta guruh (4-5 yosh), katta guruh (5-6 yosh), maktabga tayyorlov guruh (5-6 yosh)larida o‘qish jarayonida nutq o‘stirishga katta e’tibor qaratiladi. Garchi zamonaviy maktabgacha ta’limni birinchi bo‘lib boshlab bergan bo‘lsa-da, Germaniyada ham maktabgacha ta’lim davlat ta’lim tizimi tarkibiga kirmaydi, ammo ta’limning eng quyi bosqichi hisoblanadi. Bu bosqichda o‘qish ixtiyoriy, faqat rivojlanishda orqada qolgan, idividual ta’limga ehtiyoji bor bolalar uchun majburiy hisoblanadi. Maktabgacha ta’lim bolalar bog‘chasi (kindergarten)da amalga oshirilsa, rivojlanishdan orqada qolgan bolalar maktabgacha sinflarda (vorklassen) va maktablar qoshidagi bolalar bog‘chasida (schulkindergarten) tahsil oladilar [2]. O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra maktabgacha bo‘lgan yosh tug‘ilganidan yetti yoshgacha bo‘lib, quyidagi davrlarni o‘z ichiga oladi: go‘daklik (tug‘ilganidan bir yoshgacha); ilk bolalik (bir yoshdan uch yoshgacha); maktabgacha bo‘lgan kichik yosh (uch yoshdan to‘rt yoshgacha); maktabgacha bo‘lgan o‘rtacha yosh (to‘rt yoshdan besh yoshgacha); maktabgacha bo‘lgan katta yosh (besh yoshdan yetti yoshgacha). Guruhlar yoshga doir toifalar bo‘yicha to‘ldirilganda quyidagi yosh toifalari belgilanadi: ilk rivojlanish guruhi (bir yoshdan uch yoshgacha); kichik guruh (uch yoshdan to‘rt yoshgacha); o‘rta guruh (to‘rt yoshdan besh yoshgacha); katta guruh (besh yoshdan olti yoshgacha); maktabga tayyorlov guruhi (olti yoshdan yetti yoshgacha) [1]. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan nutq o‘stirish vositalari tarbiyalanuvchining ushbu bosqichlarning qaysi birida ekanidan kelib chiqib so‘zlikni shakllantirishda shu bosqich uchun mo‘ljallangan dasturiy hujjatlar, davlat talablariga tayaniladi. Odatda, bir yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan ilk rivojlanish davridagi bolalar oilada tarbiyalansa, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 3 yoshdan yuqori bo‘lgan bolalarda nutq o‘stirish mashg‘ulotlari olib boriladi. Har qanday nutq o‘stirish vositasi u oddiy so‘zlashgich bo‘ladimi, leksik minimummi yoki bolalar ensiklopediyasimi, avvalo, muloqotga o‘rgatish va muomala madaniyatini shakllantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.
277 Lug‘at mohiyatan bolaning atrof-olam hodisalari haqidagi bilimini aniqlash, mustahkamlash va kengaytirishga xoslansa-da, har bir izoh zamirida muloqotga undash, muomala madaniyatiga o‘rgatish vazifasi ham yotadi. Bu jarayonda bolada buyumlarning nomlarini to‘g‘ri aytish, bir-biriga o‘xshash va o‘xshamaydigan narsalarni solishtirib, ulardagi umumiy va o‘ziga xos xususiyatlarni topish; qaramaqarshi ma’noli so‘zlar (uzun-qisqa, kecha-kunduz, kuchli-kuchsiz, past-baland), ma’nodosh so‘zlar (xursand, shod, quvnoq, bahor, ko‘klam, ko‘rkam, chiroyli, go‘zal), shakldosh so‘zlar (o‘t-maysa, o‘t-ariqdan o‘tish, o‘t-olov)ni tushunib, o‘z o‘rnida to‘g‘ri qo‘llash malakasini shakllantirib borish uchun ham xizmat qiladi. Shu bilan birga nutq o‘stirish vositasi sifatida bolaning yangi so‘zlardan foydalanish va ma’nosini bilishga bo‘lgan istaklarini qoniqtirish, ona tiliga muhabbat, uning ilmiy meyorlariga hurmat ruhida tarbiyalash vazifasini ham bajaradi. Shuningdek, nutqida badiiy tasvir vositalari, xalq maqollari, aforizmlardan foydalanish ko‘nikmasini ham shakllantirib boradi. Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturida ko‘zda tutilgan ta’limiy va tarbiyaviy maqsadlarni amalga oshirish, xususan, bolada atrofdagi olam, jonli va jonsiz tabiat haqida bilim va ko‘nikma berish uchun xizmat qiladi. Maktabgacha ta’limning davlat dasturi lingvistik talablar – bolaning so‘z zahirasini ham boyitib borishni nazarda tutadi. Unda, jumladan, sabzavotlar (sabzi, kartoshka, piyoz, karam, pomidor, bodring, baqlajon, sholg‘om, turp, lavlagi, balg‘ar qalampiri – bular sabzavotlar), mevalar (olma, gilos, o‘rik, uzum, anor, shaftoli, anjir, behi, nok, olxo‘ri, xurmo, yong‘oq – bular mevalar), sitrus mevalar (limon, apelsin, mandarin, banan), poliz ekinlari (qovun, handalak, tarvuz, qovoq); gullaydigan madaniy o‘simliklar (atirgul, moychechak, rayhon, kartoshkagul, chinnigul, gultojixo‘roz), o‘t o‘simliklar (qoqio‘t, lolaqizg‘aldoq, boychechak), dorivor o‘simliklar (yalpiz, otquloq, sachratqi, bargizub), xonaki gullar (fikus, yorongul, navro‘zgul, aloe, koleus)ni farqlash, ularning shakli, rangi, hajmi, ta’mi, iste’mol qilinishi va boshqa xususiyatlari haqida bilim berish, ularni xarakterlay olish ko‘nikmasini shakllantirish va nutqida to‘g‘ri qo‘llashga o‘rgatish vazifalarining qo‘yilishi, yaratilayotgan nutq o‘stirish vositalarining ushbu talablarni ham qoniqtirishini taqozo qiladi. O‘z navbatida lug‘at bolada ilk ekologik madaniyatni, tabiat go‘zalligidan zavqlanish tuyg‘usini tarbiyalash, tabiatga zarar yetkazmaslik, ekologiyani zararlamaslikka o‘rgatishdan iborat didaktik vazifalarni ham bajarishi lozim. Bunday lug‘atlarni tuzishda muallif, albatta, biologiya, botanika, zoologiya fanlari bo‘yicha mutaxassislar bilan hamkorlik qilishi talab etiladi. Masalan, yovvoyi hayvonlar
278 (bo‘ri, quyon, ayiq, yo‘lbars, sher, jirafa, zebra, begemot, fil, maymun, olmaxon, tipratikan), uy hayvonlari (mushuk, it, qo‘y, echki, sigir, ot, tuya), parrandalar (tovuq, xo‘roz, kurka, o‘rdak, g‘oz, musicha, chumchuq, qaldirg‘och), dengiz hayvonlari (baliq, kit, akula, delfin), hasharotlar (kapalak, chumoli, ninachi, xonqizi, asalari, tillaqo‘ng‘iz) haqida ma’lumot berganda ularning o‘z mavzuviy guruhlarida izohlash, yashash sharoiti, tashqi qiyofasi, oziqlanishi, ko‘payishi, kishilar hayotida tutgan o‘rni, foydasi haqida qiziqarli misollar keltirish asosida izohlash talab etiladi. Zamonaviy o‘quv lug‘atlari kabi maktabgacha yoshdagi bolalar lug‘ati ham maksimal darajada ta’lim jarayoniga moslashadi. Davlat talablari, Ilk qadam dasturi mazmunidan kelib chiqib so‘zlik shakllantiriladi. O‘rni bilan unga grammatik topshiriqlar, testlar, savollar, mashqlar ilova qilinadi. Masalan, Y.Tursunovaning maktabgacha yoshdagi bolalar uchun yaratilgan “Rangin olam” rangli-bezakli o‘quv izohli lug‘atida qizil leksemasini izohlash bilan birga shu leksema ishtirok etgan she’r va topshiriqlar ilova qilinadi: QIZIL − Qon, qulupnay, pomidor rangi. Qizil rang inson hayotidagi eng kuchli hayajonni ifodalaydi. Shuningdek, qizil tartibsizlik, inqilob, mavjud tartibqoidalarga bo‘ysunmaslik, ularni rad etish alomati hamdir. Bu rang muhabbat ramzi ham hisoblanadi. Sabzi Qizil-sariq rangda biz, Yengilmaymiz jangda biz. Askarlardek safimiz, Tegadi ko‘p nafimiz. Savol: Rasmda nechta qizil shar bor? KAMALAK − ranglar mujassamlashgan tabiat mo‘jizasi. Biz unda 7 xil rangni ko‘ramiz: qizil, zarg‘aldoq, sariq, yashil, havorang, ko‘k va siyohrang. Ammo unda inson ko‘zi ko‘ra olmaydigan millionlab ranglar mavjud. Kamalak Ranglar ajib, rang-barang, Ko‘zni oladi qarang. Yomg‘irdan so‘ng tovlanar, Yetti xilda ajib rang. Amaliy topshiriq: Uy sharoitida kamalak hosil qilib ko‘ring. Buning uchun suv bilan to‘ldirilgan stakan olasiz, ichiga oynani qo‘yasiz. Bunda qorong‘u va devorlari oq xona tanlang. Kamalak paydo bo‘lguncha yoritkich bilan yoritib turing[3].
279 Demak, uzluksiz ta’limning eng quyi bo‘g‘ini – maktabgacha ta’lim uchun mo‘ljallangan nutq o‘stirish vositalari quyidagi pedagogik talablarni qoniqtira olishi lozim: Lug‘at so‘zligi bola tomonidan o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan asosiy bilimlar, mahorat va ko‘nikmalarning hajmini hamda mazmunini belgilovchi hujjat − maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturiga muvofiq bo‘ladi. Semantizatsiya jarayonida ta’lim va tarbiya mazmuni muvofiqligiga qat’iy amal qilgan holda izohlarda lingvomadaniy, sotsiolingvistik, etnolingvistik, kognitiv, pragmatik, semiotik talablarga to‘la rioya qilinadi. Adabiyotlar ro‘yxati 1. O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonuni. 2019 yil 16 dekabr, o‘rq-595-son / https://lex.uz/docs/4646908 2. Maktabgacha ta’limda zamonaviy yondashuvlar. O‘quv-uslubiy majmua./ Tuzuvchilar: F.R.Qodirova, N.T.Jo‘rayeva. – T., 2018. –B.40 3. Tursunova Y. Rangin olam. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun rangli-bezakli o‘quv izohli lug‘at. – Qarshi: Nasaf, 2019. – B.6.