NIKOHDAN AJRALISHIGA TA'SIR KO'RSATUVCHI OMILLAR VA ULARNING OQIBATLARI (QORAQALPOG'ISTON RESPUBLIKASI MISOLIDA)
Full text
163 NIKOHDAN AJRALISHIGA TA’SIR KO‘RSATUVCHI OMILLAR VA ULARNING OQIBATLARI (QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI MISOLIDA) Xodjaeva G.A., Bayramova M.D. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, O‘zbekiston DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392816 Annotasiya: Ushbu maqolada ajralish muammosi zamonaviy oiladagi munosabatlar turining o‘zgarishi hakida aytib o‘tilgan. Ajrimning omillari va ayrim sabablari, ajralish qaysi yosh oraligida ko’roq uchrashi va uning sabablari keltirilgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ajrim ko’rsatkichlari yillar kesimida ko‘rib chiqildi. Kalit so‘zlar: FHDYo, ijtimoiy-iqtisodiy omil, nikoh, nikohga kirish yoshi, ajralish, ajralish davridagi yosh. Abstract: This article discusses the problem of divorce in the context of changing types of relationships in modern families. The factors and some reasons for divorce, the age range in which divorce occurs most often and its reasons are presented. Divorce rates in the Republic of Karakalpakstan are considered by year. Keywords: Civil Registry Office, socio-economic factor, marriage, marriage age, divorce, age during divorce. Ajralish muammosi zamonaviy oiladagi munosabatlar turining o‘zgarishi bilan chambarchas bog‘liq: yangi oilaviy modellar bu munosabatlarni buzishning o‘ziga xos shakllarini keltirib chiqaradi. Agar an’anaviy nikohda ajrashish er -xotinning hayotini qayta tashkil etishni talab qiladigan huquqiy, iqtisodiy va psixologik nuqtai nazardan munosabatlarning uzilishi deb tushunilsa, oilaviy munosabatlarning zamonaviy shakllari shuni ko‘rsatadiki, ular tugaganidan keyin psixologik jihatlar ajralishning oqibatlari nafaqat saqlanib qolmaydi, balki birinchi rejaga o‘tadi [3]. O‘zbekistonda eng past ko‘rsatkichlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxandaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Bulardagi ajralishlar koeffitsentining past bo‘lishini asosan tuzilgan nikohlarning barchasining ham FHDYo bo‘limlaridan qayd qilinmaganligi bilan ham izohlash mumkin. Ajralishning umumiy koeffitsienti tadqiqot ob’ekti bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumrespublika ko‘rsatkichlaridan burmuncha kam ekanligini ko‘ramiz. Lekin 2020-2022-yillarda bu ko‘rsatkich 2 boraborga oshgan va keying 2 yil yana kamaygan. Shungdek ajrashganlarning miqdorining qishloqlarga nisbatan shahar aholisi orasida 2-3 barobarga ortiq ekanligini ko‘rish mumkin (1-rasm).
164 1-rasm. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ajralishlar soni Ajralish jarayonidagi omillar orasida asosiy o‘rin demografik va ijtimoiy - iqtisodiy determinantlarga tegishli [4]. Masalan, bu jarayonda er-xotinlarning yoshi katta rol o‘ynaydi . Mazkur demografik o‘zgaruvchanlik uch xil turli modifikatsiyada namoyon bo‘ladi: nikohga kirish yoshi, ajralish davridagi yoshi, ayol va erkak yoshi orasidagi farq. Birinchisi, ya’ni nikohga kirish yoshiga kelsak, tadqiqotlardan aniq bo‘ladiki, mazkur o‘zgaruvchidan bo‘ladigan ajrimlar ehtimoli quyidagicha: dastlab u yosh nikohlardagi pasayib keladi, so‘ng yana kattaroq yoshda tuzilgan nikohlarda ko‘tariladi. Ajralishning eng kam ehtimoli maksimal nikohlilik yoshida tuzilgan nikohlarda mavjud. Ajralish davridagi yosh haqida so‘z yuritsak, ajralish 20-30 yoshlar orasida maksimal ko‘rsatkichga ega, so‘ng asta-sekin kamayib 50 yoshdan katta yoshdagilar orasida eng past darajaga etadi. Bunda ayollarda ajralishning maksimal yoshi ehtimoli erkaklarnikidan pastroq. Er va xotin yoshi orasidagi katta farq ajralish ehtimolini oshiradi, bunda ayniqsa, xotin erdan kattaroq bo‘lsa, ajrimlar ko‘proq uchraydi. Ajralishning muhim omili, bu ajralayotgan er-xotinlarning farzandlari soni. Demografik statistika ma’lumotlariga qaraganda, ajralishlar farzandsiz va bir bolali oilalarda nisbatan yuqoriroq. V.A.Borisov va A.B.Sinelnikovlarning baho berishlariga ko‘ra, 1988-1989 va 1993-1994-yillarda har ming oilaga hisoblaganda ajralish koeffitsientlari mos ravishda quyidagilarga teng bo‘lgan: barcha oilalarda 16,8 va 17,3 ‰ , bir bolali oilalarda - 27,5 va 30,4 ‰, ikki va undan ko‘p bolali oilalarda-38 va 14,3‰. Biroq keltirilgan dalillar boshqa hususiyatni ham
165 ko‘rsatmoqda: farzandlar sonining ajralish omili sifatidagi roli kamayib bormoqda [2]. Ajralishni taqiqlash va unga rasmiy ravishda xalaqit qilish emas, balki ajralishlarning oldini olish, unga olib keladigan sabablar va omillarni bartaraf etishdir. Ajralishlarning o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy hususiyatlari mavjuddir. Bu xususiyatlar oilalarning buzilishiga olib keladigan sabablar, ularning amalga oshish jarayoni, oqibatlari, ajralishgacha va undan keying davrlardagi er-xotinlarning holati kabilarda ifodalanadi. Shunday xususiyatlardan biri ajralish niyatini bildirib rasmiy tashkilotlarga murojaat qiluvchi ajralish tashabbuskori kim ekanligida namoyon bo‘ladi. Sharq oilalarida, ayniqsa o‘zbek va qishloq oilalarida ajralish tashabbuskori ko‘proq erkaklar bo‘ladilar va aksincha, Yevropa xalqlari oilalarida, yosh oilalarda va urbanizatsiyalashuv darajasi yuqori bo‘lgan shahar oilalarida ajralish tashabbuskori ko‘proq ayollar bo‘ladi. O‘zbekistonda kuzatilayotgan ajralishlarning asosiy sabablari quyidagi obyektiv omillarga bog’liq bo‘lishi mumkin: -birinchidan, qishloq joylarda ajrashgan ayol erkakka nisbatan jamoatchilik tomonidan ko‘proq tanqidiy muhokama qilinadi. -ikkinchidan, qishloq joylarda ajralishgandan so‘ng ayollarning moddiy holati erkaklarga nisbatan yomonlashadi, mahalliy millatlardagi o‘ziga xos urf-odatlar o‘zbek ayolining uy-joylarni eriga qoldirib, o‘z ota-onasinikiga (uning aka-ukalari o‘z oilasi, xotini, bolalari bilan yashayotgan va ajrashgan ayol uchun ahvolni yanada jiddiylashtiruvchi joyga) borib yashashga majbur bo‘ladilar[1]. -uchinchidan, qishloq ayollarida ajralishgandan so‘ng qayta oila qurish imkoni nihoyatda kamdir. Mana shu obyektiv sabablarni hisobga olgan holda qishloq joylardagi o‘zbek ayollari muammoli (er-xotin orasidagi munosabatlar nihoyatda ziddiyatli, nizoli, ular orasidagi mehroqibat yetarli ifodalanmagan oila) nikohga ham ko‘nikib yashayveradilar. Ba’zi ayollar, aslida eri bilan birga yashamayotgan bo‘lsalarda (hatto yillab), erlaridan «o‘ch olish» maqsadida, uning boshqaga uylanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun rasmiy ravishda, sud orqali ajrashishga ko‘nmaydilar [5]. Nikoh yoshining ko‘tarilib borishi, oilada farzandlar sonining kamayishi, oila mustahkamligi mustahkamlovchi nikohga bo‘lgan munosabatlarning o‘zgarganligi, nikohga evropacha qarashlar ham ajralish jarayoninin ham jaddallashishiga olib keldi. Shu bois, oilada sog‘lom ma’naviy muhit, oila a’zolarida o‘zaro hurmatehtirom ruhini yaratish, axloqiy va ma’naviy qadriyatlarimizni saqlab qolish, kelajak avlodlarimiz ongiga sog‘lom turmush tarzini singdirish asosiy vazifamiz bo‘lishi lozim.
166 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Bóriyeva M.R. “O‘zbekistonda oila demografiyasi”. Toshkent, “Universitet”, 1997. 182 b. 2. Борисов В.А., Синельников А.Б.., Архангельский В.А. и др. Население мира. Демографический справочник. М. 1989. 3. Тojieva Z.N., Do‘smonov F.A. “Demografiya”. O‘quv qo‘llanma. T., 2020. 4. Xodjaeva G.A. Geodemografiya. Darslik. Toshkent, “METODIST NASHRIYOTI”, 2023. 5. Xodjaeva G.A., Bayramova M. Qalmuratov R. Nikohdan ajralishga sabab bo‘luvchi ijtimoiyiqtisodiy omillar//“Geografiya – kelajakka nazar” mavzusidagi Respublika miqyosida ilmiyamaliy anjuman materiallari/Nukus., 2024. 193-197 b.