scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

QUYI AMUDARYO IQTISODIY RAYONI ENGIL SANOAT TARMOG 'INI RIVOJLANTIRISHDA XOM ASHYO RESURSLARIDAN SAMARALI FOYDALANISH MASALALARI

Xudayberganova R.T.; Allayorova D.J.

Full text

167 QUYI AMUDARYO IQTISODIY RAYONI ENGIL SANOAT TARMOG ‘INI RIVOJLANTIRISHDA XOM ASHYO RESURSLARIDAN SAMARALI FOYDALANISH MASALALARI Xudayberganova R.T., Allayorova D.J. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, O‘zbekiston DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392822 Annotatsiya: Ushbu maqolada Quyi Amudaryo iqtisodiy rayoni engil sanoat tarmog‘ini rivojlantirishda xom ashyo resurslaridan samarali foydalanish jihatlari yoritilgan. Shuningdek, tarmoqda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, mavjud muammolar va istiqbolli yoʻnalishlar tahlil qilingan. Kalit so‘zlar: Quyi Amudaryo iqtisodiy rayoni, engil sanoat, tabiiy resurs, xom ashyo, klaster. Abstract: This article discusses the aspects of the effective use of raw material resources in the development of the light industry of the Lower Amudarya economic region. Measures being implemented in the network, existing problems, and promising directions were also analyzed. Key words: Lower Amudarya economic region, light industry, natural resources, raw materials, cluster. Quyi Amudaryo iqtisodiy rayonida keyingi yillarda xoʻjalik sohalarida, ayniqsa, sanoatda qator dasturlar amalga oshirilayotgan boʻlsa-da hudud iqtisodiy-ijtimoiy isloh koʻrsatkichlar boʻyicha eng soʻnggi oʻrinlarda turadi. Iqtisodiy rayon 2022-yilda mamlakatimizning atigi 7,0 foiz yalpi ichki mahsulotini bergan, vaholanki, bu yerda Oʻzbekistonning 10,9 foiz aholisi istiqomat qiladi. Mintaqada, xususan, sanoat ishlab chiqarishi sust rivojlangan, nisbiy koʻrsatkich aholining hududiy mujassamlashuv darajasiga qaraganda 1,6 marta kam. Shu bilan birga, xalq iste’mol mollarini ishlab chiqarish ham mazkur hududda sust rivojlangan. Quyi Amudaryo iqtisodiy rayoniga kiruvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi, sanoat ishlab chiqarishini rivojlanishiga imkon beruvchi resurs salohiyati jihatidan farqlanadi [1; 189-b.]. Mintaqa yengil sanoatida yirik quvvatlarni barpo etish mintaqa eksport salohiyatini oshirishning asosiy yoʻnalishlaridan sanaladi. Sanoat hududiy majmualari va klasterlarini barpo etish hamda aholini ish bilan ta’minlash, rayonda sarmoya yig‘ilishini kuchayishiga va uning bir qismi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali ekologik muammolarni bartaraf etishga yoʻnaltirilishi mumkin. Xususan, qishloq xoʻjaligi va sanoatga zamonaviy suv tejamkor texnologiyalar joriy etish, artezian chuchuk suv manbalarini ishga solish, tashlama suvlarni tozalab Orol dengiziga yoʻnaltirish, polder zonalar maydonini koʻpaytirish va boshqa ekologik tadbirlarni amalga oshirish imkoniyatlari yaratiladi. 168 Qoraqalpog‘iston Respublikasida yengil sanoatning qator tarmoqlarini rivojlantirish imkoniyatini beruvchi tayanch tarmoqlar va boy xom ashyo bazasi mavjud [3; 39-b.]. Bu esa ta’kidlanganidek hududning tabiiy resurslari va uning tranzit imkoniyatlaridan foydalanish orqali amalga oshirilishi mumkin. Xorazm viloyatida yengil sanoat xom ashyo bazasi mavjudligiga qaramay sohalarda, asosan, yarim mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashilgan. Viloyatda sanoat ishlab chiqarishining asosini yaqin-yaqingacha yarim mahsulot ishlab chiqaruvchi yengil sanoat tashkil etgani bois hududiy majmualar nariroqda tursin sanoat tugunlari haqida gap yuritish mumkin emas. Pitnak shahri yaqinida hozirgi kunda mashinasozlik-energetika tuguni shakllanmoqda. Viloyatda hozirda toʻqimachilik klasterlari tashkil etilmoqda. Ammo, tashkil etilgan klasterlarning hududda barcha elementlari mavjud emas hamda juda kichik har bir klasterga oʻrtacha 5-6 ming gektardan yer biriktirilgan. Umuman olganda, viloyatda sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirish yaqin kelajakda mavjud resurslardan foydalangan holda ip, gazlama, poyabzal, charmgalantereya mahsulotlari ishlab chiqarish klasterini shakllantirish qatori arzon va koʻp qoʻl mehnati talab sohalarni – ommaviy mashinasozlik sohalarini rivojlantirish bilan bog‘liq. Ishlab chiqarishni ushbu sohalarini rivojlantirishda ichki iste’molni toʻldirish qatori MDH rivojlangan hududlariga nisbatan yaqinligidan foydalanib hamda hududda yaratilayotgan qora metallurgiya bazasiga tayanib ommaviy mashinasozlik tarmoqlarini barpo etish kelgusi rivojlanishini ta’minlaydi. Viloyatda faoliyat yuritayotgan mashinasozlik korxonalari: melioratsiya, qurilish va yoʻlsozlik mashinasozligi hamda mashinasozlik korxonalari fikrimizni isbotlaydi. Ma’lumki, keyingi yillarda Xorazm oʻzining tranzit funksiyasini biroz yoʻqotdi, boz ustiga, bu yerda qazilma boyliklarning yirik zaxiralari aniqlanmagan [4; 7-b.]. Binobarin, viloyatda ustuvor tarmoqlar sifatida qishloq xoʻjaligi va uning mahsulotlarini qayta ishlash sanoati, kam suv va metaltalab va, ayni paytda, koʻp mehnatni talab qiluvchi korxonalarni rivojlantirish maqsadga muvofiq. Shuningdek, hududning demografik vaziyatidan kelib chiqib, xalq iste’mol mollarini koʻproq ishlab chiqarish, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish zarur. Xorazm katta turistik salohiyatga ega, shu sababdan bunday imkoniyatlardan foydalanish ham viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ahamiyatli sanaladi. Shu bois sanoat ishlab chiqarishni oziq-ovqat, yengil, poligrafiya kabi tarmoqlarini turizm industriyasi tarkibida rivojlantirish ham asosiy yoʻnalishlardan biri sifatida qarash lozim. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, mintaqada sanoat ishlab chiqarishi juda zaif rivojlangan. Qoraqalpog‘istonda gaz-kimyo majmuyi va Xorazm viloyatida avtomobilsozlikning yagona korxonasining barpo etilishi hududlar sanoati tarkibida 169 juda katta oʻzgarishlar yasagani fikrimizga dalil boʻla oladi. Bungacha iqtisodiy rayon sanoat tarmoqlar tarkibida yengil va oziq-ovqat sanoati ulushi juda katta boʻlgan. Yengil sanoatda asosan paxta tozalash sanoatining hissasi koʻproq, oziqovqat sanoatida esa yog‘-moy tarmog‘ining ulushi katta. Iqtisodiy rayonda yengil sanoat tarkibidagi ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻg‘risida”gi 2019-yil 18martdagi 230-son qarori asosida paxta-toʻqimachilik hududiy klasterlari tashkil etildi. Ularning soni hozirgi kunda 27 tani tashkil etadi (1-jadvalga qarang). 1-jadval ma’lumotlaridan koʻrinib turibdiki, hududiy klasterlar mintaqaning barcha ma’muriy birliklarini qamrab oladi. Ammo barcha tumanlarda ham klasterning toʻqimachilik boʻg‘ini mavjud emas. Ayniqsa bu Qoraqalpog‘istonga xosdir. Ma’lum ma’noda toʻlaqonli paxtachilik toʻqimachilik klasterlari 4-5 tumanda bor xolos. Mamlakatimizda, jumladan, Quyi Amudaryo iqtisodiy rayonida, yengil sanoatni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ushbu ishlar ijobiy holat boʻlsa-da tarmoqda ma’lum muammolar saqlanib kelmoqda [2; 94-b.]. Xususan, paxta tolasiga ishlov berish darajasi yildan-yilga ortib borgan holda asosan, ip kalava, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ortmoqda. 1-jadval Iqtisodiy rayon yengil sanoatida tashkil etilgan hududiy klasterlar (2022-yil) № Tuman nomi Klaster nomi Biriktirilgan paxta maydoni, ga Qoraqalpog‘iston Respublikasi 86 791 1 Toʻrtkoʻl “Agro Toʻrtkoʻl klaster” MCHJ 8 500 2 Qonlikoʻl 4 600 3 Qoʻng‘irot 4 500 4 Beruniy “Beruniy klaster” MCHJ 9 200 5 Ellikqal’a “Boʻston klaster” MCHJ 9 600 6 Amudaryo “Amudaryo teks” MCHJ XK 13 900 7 Taxiatosh “Taxiatosh teks” MCHJ 2 700 8 Xoʻjayli “Midasiyateks” MCHJ 6 000 9 Shumanoy “Agro Shumanay klaster” MCHJ 3 200 10 Shumanoy “Eko Tekstil” MCHJ 2 000 11 Nukus “Nukus Agro Klaster” MCHJ 2 000 12 Kegeyli “Kegeyli Chimboy agroklaster” MCHJ 6 000 13 Chimboy 5 991 14 Qoraoʻzak “Qoraqalpog‘iston agroklaster” MCHJ 4 700 15 Taxtakoʻpir 3 900 Xorazm viloyati 82 757 170 1 Bog‘ot “Koboteks” MCHJ 4 275 2 Bog‘ot “Great Cotton Export” MCHJ 3 000 3 Gurlan “Gurlan baraka teks» MCHJ 11 400 4 Qoʻshkoʻpir “WBM Qoʻshkoʻpir klaster” MCHJ 9 600 5 Urganch “Urganch Klaster” MCHJ 8 800 6 Hazorasp “Hazorasp tekstil” MCHJ 5 500 7 Xonka “Xorazm tex” MCHJ 10 900 8 Xiva “Xiva klaster” MCHJ 5 000 9 Shovot “Textile Finance Khorezm” MCHJ 8 100 10 Yangiariq “Yangiariq TYeX” MCHJ 4 700 11 Yangibozor “Yangibozor Tekistil” MCHJ 8 800 12 Tuproqqal’a “Tuproqqal’a Klaster” MCHJ 2 682 Manba: “Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari” uyushmasi ma’lumotlari. https://uzptk.uz/clusters/ Iqtisodiy rayonda paxta-toʻqimachilik klasterlarining ilmiy, kadrlar va mahalliy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlovchi boʻg‘ini mavjud emas. Paxtachilik bilan bog‘liq ilmiy tadqiqot instituti va filiallar koʻpincha nazorat va maslahat berish darajasida rivojlangan. Ammo, tarmoqda tashkil etilayotgan hududiy klasterlarlarga davlat tomonidan yengil sanoat xom ashyosini butunlay qayta ishlash vazifa qilib qoʻyilgani mamlakat, jumladan, mintaqa sanoatini toʻlaqonli rivojlantirish hamda yangi ishchi oʻrinlarni yaratishga imkon beradi. Ta’kidlanganidek mintaqada klasterning ayrim komponentlari mavjud (transport, aloqa, ta’minot liniyalari, xom ashyo, butlovchilar) boʻlsa-da, asosiy qismlari – logistik, ilmiy komponentlar respublika markazida mujassamlashgan va jahon andozalari darajasidan ancha ortda. Mintaqada har yili 490-500 ming tonna atrofida paxta hosili olinadi, 160-165 ming tonna paxta tolasi tayyorlanadi, uning 40-45 foizi Qoraqalpog‘istonda, 55-60 foizi Xorazm viloyatida tayyorlanadi. Mintaqada 40 ming tonnaga yaqin paxta tolasini qayta ishlash quvvatlari mavjud, ammo ushbu quvvatlardan toʻliq foydalanilmayapti. Ayrim yillari mavjud quvvatlardan foydalanish 50 foizni tashkil etadi. Keltirilgan ma’lumotlardan koʻrish mumkinki, yetishtirilgan paxta xom ashyosining qayta ishlanish darajasi juda past. Hozirda tayyorlangan paxta tolasining asosiy qismi xorijiy davlatlarga eksport qilinmoqda. Umuman olganda, mintaqada sanoat ishlab chiqarishida keyingi yillarda ijobiy siljishlar kuzatilayotgan boʻlsa-da, iqtisodiyot tarmog‘ida rivojlanayotgan hududlar uchun xos boʻlgan barcha jihatlar koʻzga tashlanadi. Mintaqa sanoati sust rivojlangan, bu oʻziga xos pessimistik kayfiyatni shakllantiradi. Ammo, shu bilan 171 birga, tarmoq rivojlanishi uchun ishga solinmagan resurslar va zaxiralar koʻpligi ushbu sohada ma’lum istiqbollar mavjud ekanligidan dalolat beradi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Минтақавий иқтисодиёт / Солиев А.С., Аҳмедов Э.А. ва б./ Солиев А.С. таҳрири остида. – Т.: Университет, 2003. – 304 б. 2. Рўзметов Д. Р. Ўзбекистон тўқимачилик саноатининг ривожланиши ва ҳудудий таркибини такомиллаштириш муаммолари. География фанлари номзоди илмий даражасини олиш учун тақдим этилган диссертация. – Т.: 2009. – 168 б. 3. Умаров Е.Қ. Қарақалпақстанда санаат комплексин раўажландырыўдын баслы бағдарлары. – Нукус: Қарақалпақстан, 2011. – 49 б. 4. Қурбонниёзов Р. Хоразм географияси. – Урганч: Хоразм, 1997. – 115 б. 5. Қурбонниёзов Р. Ўразметов Р. Хоразм вилояти агросаноат комплекси тармоқлари жойлашиши ва ривожланиши. – Урганч: Хоразм, 2002. – 113 б.