QORAKO'L VOHASI GEOEKOLOGIK MUAMMOLARI VA YECHIMLARI
Full text
202 QORAKO‘L VOHASI GEOEKOLOGIK MUAMMOLARI VA YECHIMLARI Ergasheva M.K., Samadova M.Sh., Muminov M.R. Buxoro davlat universiteti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17392895 Annotatsiya: Ushbu maqolada Qorako‘l voha landshaftlari, vohaning tabiiy geografik o‘rni, vohasi rivojlanishida Zarafshon daryosining ahamiyati, Qorako‘l vohasi landshaftlaridan foydalanishning hozirgi holati, mavjud geoekologik muammolar, ekologik barqarorlikni ta’minlash imkoniyatlari tahlil qilinadi. Kelajakda qo‘llanish istiqbollari bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar berilgan. Kalit so‘zlar: tabiiy resurs, iqlim, iqlim resurslari, global muammo, voha, “Buxoro yashil qalqoni”, qurg‘oqchil mintaqa, quyosh radiatsiyasi, o‘rtacha harorat, landshaft, quyosh energiyasi. Abstract: This article analyzes the landscapes of the Karakul oasis, its natural geographical position, the significance of the Zarafshan River in the development of the oasis, the current state of utilization of the oasis landscapes, existing geoecological problems, and opportunities for ensuring ecological sustainability. In addition, scientifically grounded proposals regarding future prospects are presented. Keywords: natural resources, climate, climate resources, global problem, oasis, “Bukhara green shield,” arid region, solar radiation, average temperature, landscape, solar energy Respublikamizda tabiiy resurslar hamda ulardan foydalanishning zamonaviy usullarini ishlab chiqish bo‘yicha keng islohotlar amalga oshirilmoqda hamda bu borada sezilarli natijalarga erishilmoqda. Yangi O‘zbekistonning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda muhim bo‘lgan vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan. Bu borada jumladan, tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, unda geografiya faniga oid bilimlar o‘ziga xos alohida ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, O‘zbekiston hududining 70 foizini cho‘l va chala cho‘lli hududlar egallaydi. Ushbu holat istiqbolda cho‘llarga bo‘lgan munosabatning yaxshilanishini, xususan, cho‘l zonasi madaniy landshaftlari va ularni o‘rganishning muhimligini taqozo etadi [1]. Insoniyat, haqiqatdan ham V.I. Vernadskiy aytganidek, qudratli bir geologik kuchga aylanib qolmoqda. Yerning landshaft qobig‘ida, uning komponentlari orasida millionlab yillar mobaynida yuzaga kelgan mutanosiblik, ekologik muvozanatning holati ko‘p jihatdan insonning xo‘jalikdagi faoliyati miqyosiga, uning tabiiy resurslardan qanday foydalanishiga bog’liq bo‘lib qolmoqda. Qorakoʻl vohasi Buxoro viloyatida joylashgan. Shimolida Kemirakqum qumliklari, gʻarb va janubi-gʻarbda Sandiqli choʻli, janubida Ishaqchi qumligi, sharqda Qarshi choʻli bilan chegaradosh. Shimoli-sharqda Qorakoʻl vohasi Qorakoʻl platosiga tutash. Voha shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga 40-45 kmga choʻzilgan, eni
203 3035 km. Yer yuzasi janubi-gʻarbga nishablikka ega. Oʻrtacha balandligi shimolisharqiy qismida 205 m, janubda 187 m, asosan, Zarafshon daryosining allyuvial-delta yotqiziqlaridan tashkil topgan. Shimoli-gʻarbiy, gʻarbiy va janubiy qismlarida allyuvial-koʻl yotqiziqlari ham uchraydi. Iqlimi keskin kontinental. Buxoro - Qorako‘l vohalarida 1960 – 1965 yillargacha, geoekologik vaziyatning murakkablashuvida jiddiy xavf-xatarlar va ekologik muammolar bo‘lmagan. Zarafshon havzasida sanoat korxonalarining tarkib topishi va rivojlanishi, aholi sonining ortishi, yangi yerlarning o‘zlashtirilishi, daryo suvining sug’orish, sanoat korxonalari, fermalar, maishiy kommunal sohalardan keng foydalanishi tufayli ,avvalo ,suvning va tuproq qoplamining, keyinroq atmosfera havosining ifloslanishi kuchayib bordi. Yangi yerlarni o‘zlashtirilishi va agrolandshaftlardan sug’orish me’yoriga amal qilmaslik oqibatida keyingi yillarda ko‘pgina yerlarda grunt suvlari sathining ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Buxoro - Qorako‘l vohalarida hozirgi vaqtda grunt suvlari sathi barcha hududlarda o‘rtacha 2,1 metrni tashkil etadi. Bu esa sho‘rlangan yerlar maydonining kengayishiga sabab bo‘lmoqda. Buning asosiy sababi sug’oriladigan ekin maydonlarining me’yoridan ortiq namlanishi, zovur suvlaridan sho‘r yuvish va madaniy ekinlarni sug’orishda ishlatilishidir. N.Koryakining ma’lumotiga ko‘ra, yerlarni noto‘g’ri tekislash natijasida 24000 ga yer sho‘rlangan, shundan 17000 ga paxta maydonlarini tashkil etadi. Zarafshon deltasi sharoitida sug’oriladigan yerlarda sho‘rlanish qurg’oqchil yillarda keskin oshadi [2]. Keyingi yillarda, yer osti suvlari va tuproqning sho‘rlanishi hududning shimoliy qismida orta boshladi. Keyingi yillarda Qorako‘l vohasida har gektar paxtazorga 220 kg azot, 120-130 kg fosfor va 50 kg ga yaqin kaliy o‘g’itlari solib kelingan. Paxta bularning 20 -40 foizini o‘zlashtiradi va qolgan kimyoviy moddalar esa yer usti suvlarini ifloslaydi, tuproqlar va o‘simliklarda to‘planib boradi. Juda ko‘p xo‘jaliklarda yuqori hosil olish maqsadida mineral o‘g’itlar me’yoridan bir necha barobar ko‘p ishlatilib kelingan. Tuproqlarda, suvda ko‘paygan bu mineral o‘g’itlarning bir qismi, so‘zsiz, sabzavot va poliz ekinlariga, mevalarga o‘tadi. Bular orqali esa inson organizmlariga ta’sir qiladi. Qorako‘l vohalari Zarafshon vodiysining qadimgi va hamisha navqiron vohalaridan sanaladi. Ularning tarixi, iqtisodi, ijtimoiy hayoti asrlar davomida vodiyning Zarafshon daryosi bilan bog’liq bo‘lgan. Albatta, bugun tadqiqotchilar uchun Zarafshon vodiysining geografik o‘rni, chegaralari, relyefi, geologik va gidrologik rivojlanish tarixini bilish vohalarning taraqqiyoti va salohiyatini o‘rganishlarida, kelajak uchun bashoratlashda asos bo‘ladi. Ko‘rib turganimizdek, Qorako‘l vohasi deyarli barcha qismdan cho‘llar bilan o‘ralgan va bu holat vohaning ekologik holati yanada yomonlashuviga va aholi xo‘jaligida turli keskin moddiy
204 zararlarni olib keladi. Shuning uchun, bu voha ekologiyasini me’yorda saqlab qolish maqsadida turli loyihalar davlat nazoratida amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda “Yashil qalqon” loyihasi doirasida G’ijduvon, Shofirkon, Peshku, Romitan, Jondor, Qorako‘l, Qorovulbozor tumanlarining sahro hududlari bo‘ylab saksovulzorlar barpo etish ishlari davom ettirildi. Ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida saksovul bilan birgalikda, voha iqlimiga mos bo‘lgan o‘simliklarni ekishni yo‘lga qo‘yish lozim. Masalan: gujum va behi o‘simliklarini yetishtirish orqali ekologik holatni yaxshilash bilan birga qo‘shimcha xomashyo sifatida ham foydalanish imkoniyati mavjud. Chunki, Gujum daraxti o‘ta chidamli o‘simlik bo‘lib, yuz yildan ortiq umr ko‘radi. Eʼtiborlisi, u o‘sishi uchun joy tanlamaydi. U yantoq kabi chuqur ildiz otib, qurg‘oqchil, sho‘rlangan yerlarda ham o‘saveradi. Barglari tukchalar bilan qoplangani bois quyosh issiqligini o‘tkazmaydi. Gujum qum ko‘chkilarining oldini olish, shamol yo‘lini to‘sish, tuproqni eroziyadan asrashdan tashqari, iqlimni moʻtadil saqlashda ham asqotadi [3]. Yozning saratonida quyuq soya berib, oftob nurini o‘tkazmaydi. U karbonat angidrid gazini yutib, ko‘p miqdorda kislorod ishlab chiqaradi, noorganik changlarni tutib, havoni tozalaydi. Bu xususiyati vohaning keskin kontinental iqlim sharoitida ham insonning hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratadi. Behi daraxti ham xuddi shunday xususiyatlarga ega u ham aynan sho‘r va yer osti suvlari yer betiga yaqin hududlarda ham hech qanday qarovsiz o‘sadi. Umuman olganda ikkala o‘simlik ham cho‘l zonasida tuproq holatini yaxshilaydigan, kislorodni boshqa daraxtlarga nisbatan ko‘proq chiqaradigan, zararli gazlarni ko‘p hajmda yuta oladigan va asosiysi uzoq umr ko‘radigan daraxtlar hisoblanadi. Taklif qilinayotgan ushbu daraxt turlari muammoli vaziyatda bo‘layotgan Qorako‘l vohasida chegara zonasida yashil ihota tariqasida ekilishi vohadagi haroratning nisbatan barqarorlashuviga, tuproqlarda eroziya jarayonlarining pasayib, nisbatan unumdorligi oshishiga, vohaning atrofidagi cho‘l zonasining ta’siri kamayib, shamol harakatining yaxshilanishiga sabab bo‘ladi. Qorako‘l vohasi atrofida maxsus “yashil chegara zonasi’’ tashkil etilsa, bu vohaning ekologik holatini yaxshilashga yoki hech bo‘lmaganda o‘z holatidek saqlab qolishiga zamin bo‘ladi. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Назаров И.К., Аллаёров И.Ш. Бухоро географияси. Бухоро.1994. 67 бет. 2. Эргашева М.К., Isoyeva M.N. Geoekologik muammolarning Buxoro vohasi iqlim resurslariga ta’siri Ekologik vaziyat va atrof-muhitni muhofaza qilish muammolari, innovatsion yechimlari va istiqbollari// mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman, Samarqand. 2025. -B.79-83 3. Эргашева М.К., Temirova M. Climatic characteristics and climate resources of the Bukhara region. Экономика и социум. Журнал. №:5 (132). 2025. -С.226-230.