YETAKCHI XORIJIY OLIY TA'LIM MUASSASALARIDA SUN'IY INTELLEKT TEXNOLOGIYASIDAN FOYDALANISH AMALIYOTI
Full text
317 YETAKCHI XORIJIY OLIY TA’LIM MUASSASALARIDA SUN’IY INTELLEKT TEXNOLOGIYASIDAN FOYDALANISH AMALIYOTI Tajetdinova G.A. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17393064 Annotatsiya: Ushbu tezisda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanish amaliyoti aniq misollar yordamida tushuntirib berilgan. Kalit so‘zlar: sun’iy intellekt texnologiyasi, oliy ta’lim muassasalari, platformalar, virtual, talabalar, professor-o‘qituvchilar, Chat GPT. Abstract: This thesis explains the practice of using artificial intelligence technology in leading foreign higher education institutions using specific examples. Keywords: artificial intelligence technology, higher educational institutions, platforms, virtual, students, faculty, Chat GPT. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanish talabalar uchun individual bilim olish, zarur ma’lumotlar to‘g‘risida tezkorlik bilan bilimga ega bo‘lish, raqamli texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni yanada oshirish va boshqa shu kabi ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etish bilan birga bir qator salbiy jihatlarni ham yuzaga keltirmoqda. Topshiriqlarni bajarishda adolatsizlik va ahloqiy me’yorlarga rioya etmaslik kabi holatlarning kuzatilishi (masalan, sun’iy intellektdan foydalangan talaba o‘zi izlanib topshiriqni bajargan talabaga qaraganda qisqa muddatda topshiriqni bajarib rag‘batlantirilishi mumkin), plagiatga yo‘l qo‘yilishi, sun’iy intellekt taqdim etgan ma’lumotlarga asoslanib noto‘g‘ri bilim berishning vujudga kelishi va boshqa shu kabilar sun’iy intellektning salbiy jihatlari sifatida namoyon bo‘lmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida sun’iy intellektni joriy etish bilan bog‘liq ijobiy va salbiy fikrlarga qaramasdan hozirgi vaqtda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari sun’iy intellekt texnologiyasini o‘z faoliyatining turli yo‘nalishlariga tatbiq etayotgan bo‘lib, bu ulardagi professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun muhim imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Quyida shular xususida aniq misollar yordamida fikr yuritamiz: AQSH ning Jorjiya davlat universiteti talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda ularning fanlardan akademik qarzdor bo‘lishining oldini olish maqsadida “Pouns” (Pounce) nomli sun’iy intellekt chatbotini ishga tushirdi. Mazkur chatbot, bir tomondan talabalarga akademik maslahat beradi, ikkinchi tomondan esa ularning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini yaxshilashga ko‘maklashadi. Shuningdek, Pouns talabalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, ular duch kelgan muammolarni hal etish bo‘yicha yechimlar taklif qiladi va talabalarni tegishli manbalarga yo‘naltiradi. Chatbotning ishga tushirilishi universitetda talabalar
318 faolligining oshishiga va akademik natijalarning yaxshilanishiga katta hissa qo‘shadi. Avstraliyaning Sidney texnologiya universiteti esa talabalarga individual moslashtirishga o‘quv kontentini taqdim etish uchun sun’iy intellektni universitetning onlayn o‘quv platformasiga integratsiya qilgan. Mazkur tizim talabalarning o‘rganish usullari va ular afzal ko‘rgan o‘quv resurslarini tahlil qilib, tegishli o‘quv materiallarini qo‘shimcha o‘rganish bo‘yicha turli imkoniyatlarni taklif qiladi. London Imperial kolleji ham amalga oshirilayotgan tadqiqot ishlarida sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanishni yo‘lga qo‘ygan. Kollej tadqiqotchilari murakkab ma’lumotlar to‘plamini tahlil qilish, sog‘liqni saqlash, iqlimshunoslik va muhandislik kabi sohalarda prognozlarni to‘g‘ri amalga oshirish uchun mashinani o‘rganish algoritmlaridan unumli foydalanmoqda. Sun’iy intellektga asoslangan tadqiqotlar Londan Imperial kollejida turli ilmiy sohalarning jadal rivojlanishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda. AQSH ning Illinoys Urbana-Shampeyn universiteti onlayn imtihonlar uchun sun’iy intellektga asoslangan kuzatuv tizimini joriy qildi. Mazkur tizim imtihon jarayonlari davomida talabalarni masofadan turib kuzatadi hamda potensial firibgarlikning oldini olishga yordam beradi. Sun’iy intellekt talabalarni masofaviy baholaydi hamda akademik halollik va adolatni ta’minlashga ko‘maklashadi. Avstraliyaning Dekin universiteti esa talabalarning ruhiy salomatligi va farovonligini qo‘llab - quvvatlash maqsadida sun’iy intellet texnologiyasidan foydalanishni yo‘lga qo‘ygan. Universitet “Gabbi” (Gabby) ismli sun’iy intellektga asoslangan virtual maslahatchini ishga tushirdi. Ushbu maslahatchi ruhiy yordamga muhtoj talabalarga psixologik maslahatlar beradi hamda hissiy va ruhiy zo‘riqish holatlarining oldini olishga ko‘maklashadi. Norvegiyaning Bergen universiteti xorijiy tillarni o‘rganish kurslarida sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanishni joriy etgan. Sun’iy intellekt asosida ishlaydigan platforma turli xorijiy tillarni o‘rganayotgan talabalar uchun moslashuvchan mashqlar, talaffu bo‘yicha fikr-mulohazalar va matnga asoslangan til mashg‘ulotlarini taklif qiladi. AQSH ning Arizona davlat universiteti esa talabalarning ta’lim olish jarayonini individuallashtirish maqsadida sun’iy intellektga asoslangan moslashuvchan o‘quv platformalarini joriy qildi. Ushbu platformalar universitet onlayn ta’lim dasturlari samaradorligini maksimal darajada oshirib, taqdim etilayotgan o‘quv kurslarining mazmuni va murakkablik darajasini talabalarning bilim darajasiga moslashtirdi. Singapur Milliy universiteti bashoratli modellashtirish usuli orqali akademik qarzdor bo‘ish xavfi yuqori bo‘lgan talabalarni aniqlovchi sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanadi. Sun’iy intellekt akademik qarzdor bo‘lmaslik uchun
319 astoydil intilayotgan talabalarga maqsadli yordam ko‘rsatish orqali talabalarning umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini yaxshilashga yordam beradi. Bundan tashqari, ko‘plab xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professoro‘qituvchilari dars mashg‘ulotlari jarayonida Chat GPT – sun’iy intellektga asoslangan chatbot imkoniyatlaridan samarali foydalanib kelmoqda. Jumladan, professor-o‘qituvchilar Chat GPT ni o‘z faoliyatining yordamchi vositasi sifatida qo‘llashlari mumkin. Masalan, Chat GPT yordamida dars mashg‘uloti ssenariysini ishlab chiqish, ma’ruza va mavzu bo‘yicha taqdimot matnini tayyorlash, tegishli mavzuga oid savollar tuzish, jumboqli keyslar, ssimulyatsion o‘yinlar va talabalarda qiziqish uyg‘otadigan ilg‘or o‘qitish usullarini yaratish mumkin. Shuningdek, mustaqil ish mavzulari, oraliq va yakuniy nazorat savollarini tuzishi, xorijiy til o‘qituvchilari esa Chat GPT yordamida tegishli mavzuga oid lug‘at, grammatik mashqlar hamda talabalarda talaffuz ko‘nikmalarini shakllantiradigan topshiriqlar yaratishi mumkin. Yana bir jihati: Chat GPT vositasida tegishli mavzuga oid loyiha yaratish, maqola va tezis mavzularini shakllantirish mumkin. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida sun’iy intellekt texnologiyasidan foydalanishda uning salbiy jihatlarini bartaraf etishga asosiy e’tibor qaratilayotgan bo‘lib, bu ularning raqobatbardoshlik darajasining yanada oshishi uchun imkon yaratadi. Adabiyotlar: 1. William Inman. Classroom Chatbot Improves Student Performance, Study Says. March 21, 2022. www.news.gsu.edu 2. Artificial Intelligence Operations Policy. May 24, 2024. www.uts.edu.au 3. Artificial Intelligence Network: Research. March 20, 2025. www.imperial.ac.uk 4. Online Proctoring Solutions.URL: https://atlas.illinois.edu/instruction/online-proctoringsolutions. (Last Update: March 10, 2025). 5. Allie Coyne. Meet Genie, Deakin Uni's virtual assistant for students. URL: https://www.itnews.com.au/news/meet-genie-deakin-unis-virtual-assistant-for-students-453230 (Date of Publication: Mar 3 2017). 6. AI Resources at the University of Bergen. July 10, 2024. www.un.org 7. ASU's approach to artificial intelligence is rooted in Principled Innovation, empowering you to use AI thoughtfully and responsibly. August 3, 2023. www.provost.asu.edu 8. Elisha Tushara. Learning about artificial intelligence in Singapore universities. January 29, 2025. www.straitstimes.com