scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

NUTQ MADANIYATI – SAMARALI KASBIY MULOQOT GAROVI

Zarifa Normurodova; Farida Turdaliyeva

Abstract

Mazkur maqolada nutq madaniyatining kasbiy muloqotdagi o‘rni va ahamiyati yoritilgan. Professional muhitda samarali muloqot yuritish, fikrni aniq, lo‘nda va madaniyatli tarzda ifodalash xodimning kasbiy salohiyatini, savodxonligini namoyon etuvchi muhim omil sifatida talqin qilinadi. Shuningdek, maqolada nutq madaniyatining asosiy mezonlari, uning kasbiy etikaga ta’siri hamda nutq madaniyatini rivojlantirish yo‘llari haqida fikr yuritilgan.

Full text

388 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 10 NUTQ MADANIYATI – SAMARALI KASBIY MULOQOT GAROVI Zarifa Normurodova Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi. Farida Turdaliyeva Termiz davlat universiteti 3-kurs talabasi. https://doi.org/10.5281/zenodo.17396688 Annotatsiya. Mazkur maqolada nutq madaniyatining kasbiy muloqotdagi o‘rni va ahamiyati yoritilgan. Professional muhitda samarali muloqot yuritish, fikrni aniq, lo‘nda va madaniyatli tarzda ifodalash xodimning kasbiy salohiyatini, savodxonligini namoyon etuvchi muhim omil sifatida talqin qilinadi. Shuningdek, maqolada nutq madaniyatining asosiy mezonlari, uning kasbiy etikaga ta’siri hamda nutq madaniyatini rivojlantirish yo‘llari haqida fikr yuritilgan. Kalit so‘zlar: nutq madaniyati, kasbiy muloqot, til madaniyati, kommunikativ kompetensiya, professional muhit, etik me’yorlar. Annotation. This article discusses the role and importance of speech culture in professional communication. Effective communication in a professional environment, expressing thoughts clearly, concisely and culturally is interpreted as an important factor demonstrating the professional potential and literacy of an employee. The article also discusses the main criteria of speech culture, its impact on professional ethics, and ways to develop speech culture. Keywords: speech culture, professional communication, language culture, communicative competence, professional environment, ethical standards. Аннотация. В статье рассматриваются роль и значение культуры речи в профессиональном общении. Эффективное общение в профессиональной среде, умение ясно, лаконично и культурно излагать свои мысли рассматриваются как важный фактор, демонстрирующий профессиональный потенциал и грамотность сотрудника. В статье также рассматриваются основные критерии культуры речи, её влияние на профессиональную этику и пути развития культуры речи. Ключевые слова: речевая культура, профессиональное общение, языковая культура, коммуникативная компетентность, профессиональная среда, этические нормы. Jamiyatning taraqqiy etishi shaxsning nafaqat kasbiy bilim va ko‘nikmalariga, balki uning kommunikativ kompetensiyasiga ham yuqori talablar qo‘ymoqda. Kasbiy faoliyatning deyarli barcha sohalarida samarali muloqot qilish, fikrni aniq, mantiqiy va madaniyatli ifoda etish qobiliyati muvaffaqiyatning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, nutq madaniyati masalasi kasbiy muloqot madaniyatining ajralmas tarkibiy qismi sifatida alohida amaliy ahamiyat kasb etadi. Nutq madaniyati – bu shaxsning til vositalaridan maqsadga muvofiq, uslubiy jihatdan to‘g‘ri va estetik mezonlarga mos holda foydalanish qobiliyatini ifodalovchi muhim ijtimoiylisoniy hodisadir. U nafaqat nutqning tozaligi va aniqligini, balki muloqot jarayonida etik me’yorlarga amal qilishni ham nazarda tutadi. Kasbiy muloqotda nutq madaniyatiga rioya etish mutaxassislar o‘rtasida samarali hamkorlikni ta’minlaydi, ish jarayonida yuzaga keluvchi nizolarni oldini oladi hamda kasbiy muhitda ijobiy psixologik muhit yaratadi. Har bir soha vakilining kasbiy muvaffaqiyati uning til vositalaridan to‘g‘ri va samarali foydalanish qobiliyatiga bevosita bog‘liq. 389 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 10 Kasbiy muloqotda fikrning aniqligi, lo‘ndaligi, mantiqiy izchilligi va uslubiy tozaligi mutaxassisning umumiy madaniy saviyasini namoyon etadi. Shu bois nutq madaniyati kasbiy kompetensiyaning muhim ko‘rsatkichi sifatida e’tirof etiladi. Nutqiy faoliyat tildan foydalanuvchilarning gapirish, nutq so‘zlash bilan birga, tinglash jarayoni ham. Mashhur amerikalik notiq psixolik Deyl Karnegi “yaxshi suhbatdosh - yaxshi gapirishni emas, balki yaxshi tinglashni biladigan suhbatdoshdir” deganda aynan shu qobiliyatning insonda rivojlangan bo‘lishini nazarda tutgan edi. Nutqiy faoliyat kundalik faoliyatimizning tarkibiy qismidir. Nutq madaniyati kishilarning kundalik nutqiy faoliyati bilan aloqador. Adabiy tilning o‘zi nutq madaniyatini tashkil eta olmaydi. Adabiy tildan, uning madaniylashgan vositalaridan nutqiy faoliyatdafoydalanilgandagina adabiy til nutq madaniyati vositasiga aylanadi. Shu sababli professional faoliyatda har bir mutaxassis madaniy nutq sohibi bo‘lishi, rasmiy yozishmalarda va og‘zaki muloqotda bu tamoyillarga amal qilishi zarur. Imloviy, uslubiy jihatdan savodxon bo‘lishi, fikrni ixcham va aniq ifodalay olishi kasbiy savodxonligini namoyon etadi. Nutq madaniyati tushunchasi - nutq odobi tushunchasi bilan sinonim. Nutq madaniyati deganda, og‘zaki va yozma adabiy til me’yorlari (talaffuz, urg‘u, so‘z qo‘llash, qo‘shimchalarni to‘g‘ri ishlatish, nutq uslublariga mos so‘zlash)ni egallash, shuningdek, muloqotda tilning ifoda vositalaridan o‘z maqsadiga mos ravishda foydalanish mahorati tushuniladi. Nutq madaniyati shaxs nutqidagi ikki holatni qamrab oladi: a)shaxs nutqining to‘g‘riligi; b) nutqiy mahorat 1 . Nutqning to‘g‘riligi – bu tilning adabiy me’yorlariga, grammatik, fonetik, leksik va uslubiy qoidalarga to‘liq amal qilgan holda fikrni ifodalashdir. Nutqning to‘g‘riligi, eng avvalo, so‘z tanlash, ularni o‘rinli qo‘llash, gap tuzilmasining mantiqiy izchilligi va talaffuzning adabiy normalarga mosligi bilan belgilanadi. To‘g‘ri nutq insonning umumiy saviyasi, madaniyati hamda tafakkur darajasini aks ettiradi. Shuningdek, nutqning to‘g‘riligi muloqotda tushunmovchiliklarning oldini oladi, fikrning aniq va ta’sirchan yetkazilishiga zamin yaratadi. Shu sababli bu jihat nutq madaniyatining asosiy mezonlaridan biri sanaladi. Kasbiy faoliyatda har bir xodimlarning bunga rioya etishi bir-birlarini to‘g‘ri tushunishga, vazifalarni aniq va rejali amalga oshirishga yordam beradi. Nutqiy mahorat esa shaxsning til vositalaridan maqsadga muvofiq, uslubiy jihatdan o‘rinli va estetik jihatdan ta’sirchan foydalanish qobiliyatidir. U nafaqat grammatik to‘g‘rilikni, balki so‘z boyligini, nutqning mantiqiy tuzilishini, tinglovchiga psixologik ta’sir ko‘rsatish ko‘nikmalarini ham o‘z ichiga oladi. Nutqiy mahoratga ega shaxs har qanday muloqot sharoitida o‘z fikrini aniq, lo‘nda va ishonarli ifoda eta oladi. Suhbatdosh bilan birgalikda muloqotdan ko‘zlangan maqsadlarga erishadi. Bu sifat o‘qituvchi, rahbar, jurnalist, shifokor kabi ko‘plab kasb egalari uchun zarur kommunikativ kompetensiyaning asosini tashkil etadi. Sharq odobida «Ulug‘lar huzurida sergak bo‘ling va o‘zingizga loyiq so‘z so‘zlang» deyilishi bejiz emas. Bu umumiy tilni asrash barobarida o‘z og‘zimiz orasidagi tilni «ehtiyot» bo‘lib, o‘ylab ishlatish kerak demakdir. Chunki so‘z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini ko‘rsatadigan mezon bo‘lib, aql sohiblari kishining dihdagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini so‘zlagan so‘zidan 1 Raupova L. Nutq madaniyati: Darslik.– Toshkent: INNOVATSIYA-ZIYO, 2019. B. – 25. 390 ResearchBib IF - 11.01, ISSN: 3030-3753, Volume 2 Issue 10 biladilar. Zero, so‘z insonning qiymati qadar qadrlidir 2 . Nutqning sofligi va adabiy til me’yorlariga mos so‘zlash shaxsning intellektual va ma’naviy yetukligidan dalolat beradi. Aksincha, bepisand, qo‘pol yoki mas’uliyatsiz so‘z ishlatish inson obro‘sini tushiradi, jamiyatdagi hurmatini kamaytiradi. Inson o‘z so‘zi uchun mas’uliyatli bo‘lishi, so‘zning kuchini, ta’sirini anglab yetishi zarur. Chunki so‘z nafaqat fikrni ifodalash vositasi, balki insonning ma’naviy qadriyati, uning ijtimoiy nufuzi va shaxsiy fazilatlarining ramzidir. Nutq madaniyati notiqning oldiga ham muayyan talablar qoʻyadi: notiq nutq soʻzlashga oʻz yoshi, ishi, lavozimi, mavqei kabilarni hisobga olgan holda, kamtarona kiyinib chiqishi; nutqni boshlashdan oldin tinglovchilar bilan samimiy salomlashishi; nutq mavzuiga oid savollarga loʻnda, aniq-ravshan, qisqa javob berishi, bilmaganlariga uzr soʻrashi; nutq mavzuiga doir boʻlmagan savollarga javob bermasligi; tinglovchilar nafsoniyatiga tegmasligi, turli nooʻrin xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymasligi lozim. Yuksak nutq madaniyati kishining umumiy madaniyati, fikrlash madaniyati, tilga nisbatan ongli mehr-muhabbatini namoyon qiladi. Nutq madaniyati nazariyasining asosiy tushunchasi til meʼyoridir. Nutq madaniyatining asosiy vazifasi ijtimoiy til amaliyotiga faol taʼsir koʻrsatish maqsadida obyektiv til meʼyorlarini ularning barqarorlashgan shakllarida, ziddiyatlarida, tamoyillari va boshqalarda oʻrganishdir 3 . Kasbiy muloqot jarayonida nutq madaniyatiga rioya etish o‘zaro tushunishni ta’minlaydi, ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlaydi va kasbiy obro‘ni oshiradi. Shu bois nutq madaniyatini shakllantirish va takomillashtirish har bir mutaxassisning professional rivojlanishining ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. Xulosa qilib aytganda, nutq madaniyati – bu shaxsning tilni ongli, madaniyatli va maqsadga muvofiq qo‘llash qobiliyatini ifodalovchi ko‘rsatkich bo‘lib, u samarali kasbiy muloqotning asosini tashkil etadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Raupova L. Nutq madaniyati: Darslik.– Toshkent: INNOVATSIYA-ZIYO, 2019. – 140b. 2. B. Husanov, V. G‘ulomov. Muomala madaniyati: Darslik. – Toshkent, 2009. -154b. 3. https://oyina.uz/uz/teahause/2120 2 B. Husanov, V. G‘ulomov. Muomala madaniyati:Darslik. – Toshkent, 2009. B. -56. 3 https://oyina.uz/uz/teahause/2120