YUVUVCHI SUYUQLIKLARNING MAHSULDOR QATLAMLARGA TA'SIRI VA ULARNI TANLASHNING ILMIY ASOSLARI
Full text
390 YUVUVCHI SUYUQLIKLARNING MAHSULDOR QATLAMLARGA TA’SIRI VA ULARNI TANLASHNING ILMIY ASOSLARI Sanetullayev.Ye.Ye., Yeshmuratov A.B., Xalmuratov B.I, Qarjawbaev.M.O. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Oʻzbekiston DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17401036 Annotatsiya: Ushbu maqolada mahsuldor qatlamlarni ochish jarayonida yuvuvchi suyuqliklarning tarkibi va ularning filtrlash hamda sig‘im xususiyatlariga ta’siri yoritilgan. Tadqiqot natijalari asosida yuvuvchi suyuqliklarning optimal tarkibini tanlash orqali qatlamning tabiiy kollektorlilik xususiyatlarini saqlab qolish va neft hamda gaz quduqlarining samaradorligini oshirish yo‘llari ko‘rsatib o‘tilgan. Kalit so’zlari: Mahsuldor qatlam, yuvuvchi suyuqlik, filtratsiya, sig‘im xususiyatlari, kollektorlilik, burg‘ilash, neft va gaz. Abstract :This paper discusses the effect of the composition of washing fluids used in the process of opening productive formations on filtration and capacity properties. Based on the research results, ways to preserve the natural reservoir properties of formations and increase the efficiency of oil and gas wells through the use of optimal compositions of washing fluids are presented. Keywords Productive formation, washing fluid, filtration, capacity properties, reservoir, drilling, oil and gas. Neft va gaz quduqlarini burg‘ilash jarayonida mahsuldor qatlamlarni ochish muhim bosqich hisoblanadi. Ushbu jarayonda yuvuvchi suyuqliklarning fizikkimyoviy tarkibi, ularning bosim, harorat va jinslar bilan o‘zaro ta’siri quduqning samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Mahsuldor qatlamlarning tabiiy kollektorlilik xususiyatlarini saqlab qolish, ularning ifloslanishini oldini olish hamda filtratsiya jarayonlarini barqarorlashtirish uchun yuvuvchi suyuqliklarning optimal tarkibini tanlash zarur. Hozirgi kunda O‘zbekiston neft-gaz sanoatida chuqur va murakkab geologik qatlamlarda burg‘ilash ishlarini olib borishda samarali yuvuvchi suyuqliklardan foydalanish dolzarb masalalardan biridir. Amalda ko‘plab quduqlarda gilli asosli eritmalarning ishlatilishi natijasida mahsuldor qatlamlar ifloslanib, ularning tabiiy o‘tkazuvchanligi kamaymoqda. Shu sababli, yuvuvchi suyuqliklarning tarkibini takomillashtirish, filtratsiya jarayoniga salbiy ta’sirni kamaytirish va qatlam sig‘im xususiyatlarini saqlab qolish hozirgi zamon burg‘ilash texnologiyalarida muhim ilmiy-amaliy yo‘nalish hisoblanadi. Tadqiqotning asosiy maqsadi — mahsuldor qatlamlarni ochish jarayonida yuvuvchi suyuqliklarning optimal tarkibini aniqlash hamda ularning filtratsion va sig‘im xususiyatlariga ta’sirini baholashdan iborat. Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalar belgilandi:
391 • Yuvuvchi suyuqliklarning qatlamga kirish mexanizmini o‘rganish; • Qatlam bosimi va filtratsiya tezligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash; • Turli tarkibli yuvuvchi suyuqliklarning kollektorlilikka ta’sirini tahlil qilish; • Eng samarali suyuqlik tarkibini tanlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqish. Mahsuldor qatlamlarni ochish jarayonining samaradorligi geologik tuzilma, qatlam bosimi, g‘ovaklik darajasi, burg‘ilash texnologiyasi va qo‘llanilayotgan yuvuvchi suyuqliklarning fizik-kimyoviy xususiyatlariga bog‘liqdir. Qatlamlarni ochishda asosiy maqsad – burg‘ilash jarayonida qatlamning tabiiy filtratsion va sig‘im xususiyatlarini saqlab qolish, ularning ifloslanish darajasini kamaytirish va mahsuldorlikni oshirishdan iborat. Burg‘ilash vaqtida yuvuvchi suyuqliklar kollektorga kirib, uning g‘ovak va yoriq tizimini to‘sib qo‘yishi mumkin. Bu holat kollektorlilikning pasayishiga va neft-gaz oqimining kamayishiga olib keladi. Shu sababli, yuvuvchi suyuqliklarning tarkibi qatlam bosimiga va jinslarning turlariga mos ravishda tanlanishi zarur. Tajriba natijalariga ko‘ra, gilli asosdagi yuvuvchi eritmalar kollektorga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Gilli zarrachalar qatlamga kirib, g‘ovaklarni kolmatatsiya qiladi va neftning chiqishini qiyinlashtiradi. Bu esa qatlamning tabiiy o‘tkazuvchanligini kamaytiradi. Shuning uchun zamonaviy burg‘ilash jarayonlarida neft asosidagi yoki emulsion yuvuvchi suyuqliklardan foydalanish samaraliroq hisoblanadi. Emulsion suyuqliklar suv-neft aralashmasidan iborat bo‘lib, ularning zichligi past, filtratsiya darajasi kam va yaxshi moylovchi xususiyatlarga ega. Bunday suyuqliklar burg‘ilash jarayonida qatlamning tabiiy holatini deyarli o‘zgartirmaydi. Amaliy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, emulsion yuvuvchi suyuqliklardan foydalanilgan quduqlarda neft beruvchanlik bir necha barobar yuqori bo‘lgan. Bundan tashqari, ayrim hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri kon neftidan yuvuvchi vosita sifatida foydalanish tavsiya etiladi. Bu usulda neft qatlam bilan bir xil fizik-kimyoviy tarkibga ega bo‘lgani uchun, qatlam muvozanatini buzmaydi va ifloslanishni kamaytiradi. Chet el tajribalarida past bosimli qatlamlarda havo, gaz yoki aeratsiyalangan eritmalar bilan burg‘ilash usullari keng qo‘llanilgan. Ushbu usullar qatlamga ortiqcha bosim tushishini oldini oladi va filtrat kirishini keskin kamaytiradi. O‘zbekiston sharoitida, xususan, “O‘zbekneftgaz” AJ konlarida ko‘pchilik hollarda hali ham gilli asosli eritmalar ishlatiladi. Natijada, past bosimli qatlamlarda filtrat kirishi tufayli qatlam ifloslanadi va suyuqlik oqimi cheklanadi. Shuning uchun quduqlarni ochishda optimal yuvuvchi suyuqlik tarkibini tanlash va ularning bosimga ta’sirini kamaytirish texnologiyalarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
392 Mahsuldor qatlamlarni ochishda yuvuvchi suyuqliklarning tarkibi, ularning fizikkimyoviy xususiyatlari hamda qatlam bilan o‘zaro ta’siri chuqur o‘rganilishi lozim. To‘g‘ri tanlangan yuvuvchi suyuqlik quduqning samaradorligini oshirish, filtratsion jarayonlarni barqarorlashtirish va kollektorlilikni saqlab qolishda asosiy omil hisoblanadi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Крылов В.И., Крецул В.В. Применение колматантов в жидкостях для первичного вскрытия продуктивных пластов с целью сохранения коллекторских свойств / Строительства нефтяных и газовых скважин на суше и на море. М.№4, 2005, - 36-39 с. 2. Крапивина Т.Н. и др. Повышение качества вскрытия продуктивных пластов при строительстве скважин. / Строительство нефтяных и газовых скважин на суше и на море. М. №7,2011, -10-14 с. 3. Отчёт на тему: Проведение экспертно-аналитической оценки состояния буровых работ на территории деятельности АК «Узгеобурнефтегаз»/ отчёт по договору № ПД 382-13Б, руководитель Матякубов М. //Ташкент.-2014-350 с. 4. Терёшкин С.П. Разработка без глинистых псевдопластичных буровых растворов с повышенной температурной устойчивостью на основе отечественных полисахаридов. /Нефтяное хозяйство. М. №4,2005, - 46-47 с.