scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

IQLIM O'ZGARISHI VA O'ZBEKISTONDAGI EKOLOGIK MUAMMOLARI

Shodiyeva G.R.; Pardayev D.B.

Full text

483 IQLIM O’ZGARISHI VA O’ZBEKISTONDAGI EKOLOGIK MUAMMOLARI Shodiyeva G.R., Pardayev D.B. Navoiy davlat universiteti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17401342 Annotatsiya: Mazkur maqolada O’zbekistonda ekologik muammolarning kelib chiqishi, iqlim o’zgarishi va uning ta’siri tahlil qilinadi. Haroratning ortishi, suv tanqisligi, cho’llanish jarayoni hamda Orol dengizi fojiasi kabi asosiy ekologik muammolarga qisman to’xtalib o’tilgan. Shuningdek, yashil energiya, suv resurslaridan oqilona foydalanish, cho’llanishga qarshi kurash, ekologik ta’lim va madaniyatni rivojlantirish kabi masalalar yoritilgan. Kalit so’zlar: iqlim o’zgarishi, ekologiya, Orol dengizi, cho’llanish, suv tanqisligi, havo ifloslanishi. Abstract: This article analyzes the origins of environmental problems in Uzbekistan, climate change and its impact. The main environmental problems, such as temperature increase, water shortage, desertification, and the Aral Sea tragedy, are partially discussed. Issues such as green energy, rational use of water resources, combating desertification, and the development of environmental education and culture are also covered. Keywords: climate change, ecology, Aral Sea, desertification, water scarcity, air pollution. Kirish. Bugungi kunda insoniyat duch kelayotgan eng dolzarb global muammolardan biri bu iqlim o’zgarishidir. Atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari, o’rmonlarning kesilishi, sanoat chiqindilari va transport vositalarining ko’pligi natijasida Yer sharida harorat asta-sekin ortib bormoqda. Bu jarayon faqatgina qutblardagi muzliklarning erishi yoki okean sathining ko’tarilishi bilan cheklanmaydi. Iqlim o’zgarishi qurg’oqchilik, suv tanqisligi, oziq-ovqat xavfsizligi kabi jiddiy muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. Butun dunyo mamlakatlari qatorida O’zbekiston ham ushbu ekologik jarayonlar ta’siridan chetda emaski, bu tabiatga nisbatan ehtiyotkorona munosabatni talab qiladi. O’zbekistondagi ekologik muammolar “Ekologik muammo deganda insonning tabiatga ko’rsatayotgan ta’siri bilan bog’liq holda tabiatning insonga aks ta’siri, ya’ni uning iqtisodiyotida, hayotida xo’jalik ahamiyatiga molik bo’lgan jarayonlar, tabiiy hodisalar bilan bog’liq har qanday hodisa tushuniladi. Dunyo bo’yicha kuzatiladigan tabiiy, tabiiy antropogen yoki sof antropogen hodisalar umumbashariy muammolar deb qaraladi” [2]. “Sanoat, kommunal xo’jalik va qishloq xo’jaligidan chiqqan kimyoviy oqava suvlar ochiq suv havzalariga (daryo, ko’l, suv omborlariga) tushib, toza ichimlik suvlarini ifloslaydi, tarkibini buzadi, ya’ni suvda kislorod miqdori kamaydi, mineral va organik moddalar miqdori ortadi, zararli organizmlar ko’payadi, suvning biologik tozalanish qobiliyat yo’qoladi, foydali o’simliklar va hayvonlar 484 turlari yo’qoladi” [1]. Mamlakatimiz hududida ham iqlim o’zgarishi bilan bevosita bog’liq bo’lgan bir qator ekologik muammolar mavjud: Orol dengizi fojiasi – XX asrning 2-yarmida sug’orish maqsadida daryolar oqimining keskin kamayishi natijasida Orol dengizi qurib bitdi. Bugungi kunda Orolbo’yi hududi ekologik falokat zonasiga aylanib qoldi. Havo ifloslanishi – avtomobillar sonining ortishi, sanoat korxonalaridan chiqayotgan gazlar havo sifatini pasaytirmoqda. Noqulay meteorologik sharoitlar natijasida atmosferada chiqindi gazlar konsentratsiyasi oshib borib, qalin toksik tumanlar hosil bo'lishiga sabab bo'lmoqda. Toksik moddalarning to'planishi hisobiga og'ir xastaliklardan nobud bo'lish hollari kuzatilmoqda. Havoni ifloslantiruvchilar umumiy toliqishni, ish faoliyatini kamaytirishni, yo'tal, bosh aylanishi, ovoz bo'g'ilishi, o'pka va ko'zning turli kasalliklarini, organizmning umumiy zaharlanishini, organizm kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatining susayishini keltirib chiqaradi [4]. Yer va suv resurslarining ifloslanishi – kimyoviy o’g’it va moddalarning haddan tashqari ko’p ishlatilishi tuproq unumdorligini pasaytirib, suv havzalarini ham ifloslantirmoqda. Biologik xilma-xillikning kamayishi – ayrim hayvon va o’simlik turlari yo’qolib ketish xavfi ostida qolmoqda. Iqlim o’zgarishining O’zbekistonga ta’siri. “Tabiiy Yer fondi insonlar tomonidan asosan qishloq va o’rmon xo’jaligi hamda sanoat ishlab chiqarishi, qurilishlarda foydalaniladi. Ayniqsa, turli korxonalarning qalin joylashishi sababli o’simliklar qoplami buziladi, yer ustida suvning foydasiz oqishi ortadi, tuproqda namlik to’planmaydi, uning suv rejimi, yer osti sizot suvlarining sathi, bug’lanish jarayonlari, mahalliy joy iqlimi katta maydonlarda o’zgaradi, buziladi” [1]. Bundan tashqari O’zbekiston geografik jihatdan quruq iqlim hududida joylashgan davlat bo’lganligi sababli ham iqlim o’zgarishining salbiy oqibatlari bu yerda yanada keskinroq sezilmoqda. Bularni quyidagicha tasniflash mumkin: Haroratning ortishi – oxirgi 50 yilda O’zbekistonda o’rtacha harorat 1,5 C gacha ko’tarilgan. Bu esa o’z navbatida suv resurslariga bog’liq muammolar zanjirini keltirib chiqarmoqda. Qurg’oqchilik va suv tanqisligi – Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv hajmining kamayishi sug’oriladigan dehqonchilikka katta xavf tug’dirmoqda. Haroratning ortishi va suv tanqisligining iqtisodiy oqibatlari dolzarb masaladir. Qishloq xo’jaligi yalpi ichki mahsulotning kattta qismini tashkil etgani bois bu ikki omil ekinlar hosildorligiga bevosita ta’sir ko’rsatmoqda. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko’ra agar harorat hozirgi sur’atda oshishda davom etsa, meva-sabzavot yetishtirish 485 hajmi yaqin yillarda 10-15 foizgacha kamayishi mumkin. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy tahdid tug’diradi. Cho’llanish jarayoni – qurg’oqchilik, o’rmonlarning kamayishi va noto’g’ri yer foydalanish tufayli cho’llanish jarayonida kuchayish va tezlashish ro’y bermoqda. Sog’liq muammolari – ekologik muammolar nafaqat tabiatga, balki inson salomatligiga ham bevisita ta’sir qiladi. Havoning ifloslanishi, transport chiqindilari, sanoat korxonalari va tuproqdagi kimyoviy moddalarning ko’payishi JSST ma’lumotlariga ko’ra aholi sog’ligiga jiddiy e’tibor qilishga yetarlicha sabab bo’la oladi. Issiq to’lqinlari va chang bo’ronlari aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda. E’tiborli jihatlardan biri shundaki, yuqoridagi holatlarning har qaysisida inson omilining ekologiyaga bevosita va bilvosita ta’siri kuzatilmoqda. Muammolarni hal qilish yo’li - O’zbekiston ekologik muammolarni bartaraf etish va iqlim o’zgarishi oqibatlariga moslashishda turli yo’nalishlarda ish olib bormoqda. Ushbu jarayonni samarali tashkil etish uchun quyidagi chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega: Yashil energiyaga o’tish va energiya samaradorligini oshirish - energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish iqlim o’zgarishi ta’sirini kamaytirishning muhim vositasidir. Quyosh, shamol va biogaz singari qayta tilkanuvchi energiya manbalarini, shu jumladan, quyosh panellari, shamol trubinalari va bioenergetika loyihalarini amalga tatbiq qilishni yanada rivojlantirish nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlarni qisqartiradi; mavjud sanoat va transport sohasida energiya tejamkor texnologiyalarni qo’llash. Aholini elektr energiyasidan oqilona foydalanishga o’rgatish. Suv resurslarini boshqarish va tejash - tomchilatib sug’orish va boshqa zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilish; suv inshootlarini ta’mirlash, eskirgan kanallarni betonlash orqali suv yo’qotilishini kamaytirish; suv resurslarini davlatlararo adolatli taqsimlash masalalarida hamkorlikni kuchaytirish. Cho’llanishga qarshi kurash - Orolbo’yi hududida yashil maydonlarni kengaytirish, sho’rxok yerlarni melioratsiya qilish; cho’l hududlariga mos o’simliklarni ekish orqali chang bo’ronlarining oldini olish; yaylovlardan oqilona foydalanish va ularni tiklash, yashil hududlarni kengaytirish. Atmosfera havosini muhofaza qilish - avtomobillardan chiqadigan gazlarni kamaytirish uchun ekologik toza transport vositalarini keng joriy etish; sanoat chiqindilarini filtrlash tizimlarini kuchaytirish; shahar hududlarida daraxtzorlarni ko’paytirish va ko’kalamzorlashtirishga e’tibor qaratish. Biologik xilma-xillikni saqlash - qizil kitobga kiritilgan hayvon va o’simlik turlarini muhofaza qilish; qo’riqxona va milliy bog’larni yanada ko’proq barpo etish; qonunga xilof ov qilish va o’rmon kesishga qarshi nazoratni kuchaytirish. 486 Chiqindilarni qayta ishlash - shaharsozlik va sanoatning keskin rivoji tufayli aholi zich joylashgan hududlarda chiqindi muammolarining ko’payishi, avtomobillar sonining ortishi va qurilish ishlarida havo sifatining pasayishiga olib kelishining oldini olish; chiqindilarni qayta ishlash tizimini takomillashtirish, jamoat transportidan foydalanishni kengaytirish. Ekologik ta’lim va targ’ibot - ekologik muammolarni bartaraf etishda ta’lim tizimida ekologiya faniga e’tibor qaratish, ko’chat ekish, ya’ni ko’kalamzorlashtirish ishlari ham katta ahamiyat kasb etmoqda; maktab va oliy ta’lim muassasalarida ekologik fanlarni kengaytirish; ommaviy axborot vositalari orqali ekologik madaniyatni oshirish; yoshlarni ekologik aksiyalar, “Yashil makon” tashabbusi doirasidagi daraxt ekish tadbirlariga jalb etish. Ushbu sa’y-harakatlar va jamoatchilik nazorati tabiatimizni asrashga sezilarli hissa qo’shmoqda. Xalqaro hamkorlik va ilmiy tadqiqotlar - Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan ekologik loyihalarda hamkorlikni kuchaytirish; iqlim o’zgarishini oldindan aniqlash uchun ilmiy tadqiqotlar olib borish; innovatsion texnologiyalarni O’zbekistonda tatbiq qilish. Xulosa. Iqlim o’zgarishi va ekologik muammolar – bu faqat hukumat, tabiatshunoslar yoki olimlarning muammosi emas, balki butun jamiyatning, butun dunyo aholisining dolzarb masalasidir. O’zbekiston kelajagi aholi salomatligi va iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi ekologik muammolarni qanday hal qilishimizga, shu bilan birgalikda ekologik madaniyat va ekologik ongni yuksaltirishga ham bevosita bog’liqdir. Zero “ekologik ongning shakllanishi – bu inson tomonidan tabiatga qanday munosabatda bo’lishning muayyan qoidalari va axloqiy me’yorlari ishlab chiqilishi hamda ularni o’ziga singdirib olish jarayonidir. Bu esa tabiat boyliklarini saqlab qolishga ko’maklashadi”[3]. Shuning uchun har bir fuqaro tabiatga va atrof-muhitga nisbatan mas’uliyati bilan yondashishi, “yashil” hayot tarzini shakllantirishi bugungi kunning eng muhim talabidir. Shu o’rinda ta’kidlash joizki, amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar, “avtomobilsiz kun” larning tashkil etilishi va unda jamiyatimizning barcha vakillari faol ishtirok etayotganligi va munosib tarzda o’z hissasini qo’shayotganligi quvonarli hol, albatta. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati. 1. A. Ergashev. “Umumiy ekologiya”. Toshkent. 2003. 448-b. 2. A. S. To’xtayev. “Ekologiya”. Toshkent. 1998. 22-b. 3. Y. Shodimetov. “Ijtimoiy ekologiyaga kirish”. Toshkent. 1994. 4-b. 4. P.S.Sultonov. “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish asoslari”. Toshkent. 2007. 72-b. 5. Internet manbalaridan: www.ziyouz.com kutubxonasi.