QUYI AMUDARYO IQTISODIY RAYONI TABIIY SHAROITI VA RESURSLARINI BAHOLASH
Full text
505 QUYI AMUDARYO IQTISODIY RAYONI TABIIY SHAROITI VA RESURSLARINI BAHOLASH Xudayberganova R.T. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti, O‘zbekiston DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17401429 Annotatsiya: Mazkur maqolada, Quyi Amudaryo iqtisodiy rayonining tabiiy sharoiti va tabiiy resurslari, jumladan uning agroiqlimiy va mineral xom ashyo resurslarini iqtisodiy geografik jihatdan baholash masalalari ko‘rilgan. Kalit so‘zlar: Iqtisodiy rayon, tabiiy omil, tabiiy sharoit, tabiiy resurs, xom ashyo. Abstract: This article examines the issues of economic geographical assessment of the natural conditions and natural resources of the Lower Amudarya economic region, including its agroclimatic and mineral raw material resources. Key words: Economic region, natural factor, natural conditions, natural resource, raw materials. Quyi Amudaryo iqtisodiy rayoni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini oʻz ichiga oladi. Mintaqa Oʻzbekistonning chekka g‘arbiy qismida, dengiz va okeanlardan uzoqda joylashgan. Mezogeografik oʻrni birmuncha qulay, respublikaning sharqiy viloyatlariga qaraganda Yevropa, Rossiyaning Yevropa qismiga, Qozog‘istonning neftga boy Kaspiyboʻyi hududlariga yaqinroq (500-1000 km), Turkmaniston orqali Eron va janubi-g‘arbiy mamlakatlarga chiqish imkoni mavjud, agroiqlimiy va mineral xom ashyo resurslar sanoat tarmoqlarining rivojlashiga asos boʻlib xizmat qiladi. Quyi Amudaryo mintaqasining tabiiy sharoiti xilma-xil. Mintaqaning yer usti tuzilishi asosan tekislikdan iborat boʻlib, uncha baland boʻlmagan Sultonvays qirlari qad koʻtargan. Insonning koʻp asrlik xoʻjalik faoliyati ta’sirida hudud yer usti tuzilishi oʻzgarishiga sabab boʻlgan. Mintaqada qadimdan sug‘orma dehqonchilik rivojlangan boʻlib, ekin ekiladigan maydonlar tekislangan, ariq va zovurlar qazilgan [2; 95-b.]. Relyefining tekisligi sanoat korxonalari va transport tarmoqlarini hududiy tashkil etishda qulay sharoit yaratadi. Quyi Amudaryo iqtisodiy rayoni turli xil qazilma boyliklarga ega, lekin mintaqaning ichki qismlarida mineral xom ashyo resurslari bir xil taqsimlanmagan. Bu jihatdan Qoraqalpog‘iston Xorazm viloyatidan qazilma boyliklari: tog‘-kon kimyo xom ashyosi hamda gaz va gaz-kondensat konlariga boyligi bilan ajralib turadi. Qoraqalpog‘istonda Shoxpaxta, Quvonish, Shimoliy Orol, Surgil, Berdax, Uchsoy, Urga, Shimoliy Jiltirbas, Shege, G‘arbiy Borsakelmas, Qorachaloq,
506 Koʻkchaloq, Oqchaloq kabi tabiiy gaz konlari ochilgan. Mustaqillik yillarida mintaqada keng miqyosli geologik – tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Mintaqada yoqilg‘i – energetika resurslari bilan bir qatorda metallurgiya, qurilish xom ashyo resurslari ham mavjud. Qoraqalpog‘istonning Sultonvays tizmasida temir rudasi, mis, oltin, sement xom ashyosi, marmar, granit, gips, qurilish materiallari, tosh, talk, vismut va niobiy kabi kamyob metallar va boshqa xom ashyolar bor. Bu yerda respublikada eng yirik Tebinbuloq temir rudasi koni ochilgan boʻlib, ruda tarkibidagi temir miqdori 16-18 % [4; 92-b.]. Tebinbuloq konining resurs zaxirasi taxminan 1 mlrd. tonnani tashkil etadi. Hozirda kon asosida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-yanvardagi “Tebinbuloq koni negizida konmetallurgiya kompleksi qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish borasidagi ishlarni tashkillashtirish toʻg‘risidagi” PQ-3473-son qarori asosida kombinat barpo etish loyiha-smeta ishlari bajarilmoqda [1]. Tebinbuloq kon-metallurgiya majmuasi ishga tushsa yiliga 800 ming tonna armatura, 100 ming tonna poʻlat simlar, 100 ming tonna burchakli temir, shvellar va boshqa shakldagi metallarni ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 35 foizi eksport qilinadi. Tebinbuloq kon-metallurgiya majmuasida 3 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari Qoratov aholi punkti atrofida, Sultonuvays zonasida qurilish ohaki, sement va boshqalar ishlab chiqarish uchun ohaktosh hamda vermikulit, talk, marmar kabi xom ashyolar qazib olinmoqda. Sultonuvays atrofida yangi shakllanayotgan sanoat rayonida oltin, niobiy kabi kam zaxirali qimmatbaho va kamyob rangli metallar konlari ham mavjudki, ularni ham yaqin kelajakda oʻzlashtirish foydadan holi emas. Qoraqalpog‘istonning asosiy mineral resurslaridan biri tabiiy tuzlardir. Bu yerda Borsakelmas, Qoraumbet, Qushxonatog‘, Tumruk kabi tuz konlari bor. Borsakelmas mintaqadagi eng yirik tuz koni hisoblanib, Ustyurt platosining janubiy-sharqiy qismida, Orol dengizining janubiy-g‘arbida 40 km uzoqlikda joylashgan. Borsakelmas chuqurligida 60 metrgacha keladigan tik jar bilan qurshalgan. Konning maydoni 1000 km2 egallaydi, uzunligi shimoldan janubga 50 km, kengligi 35 km. gacha choʻzilgan. Borsakelmas konining aniqlangan tuz zaxirasi 4,4 mlrd. tonna (A+B), jami zaxirasi (S1 + S2 bilan) 17,2 mlrd. tonnani tashkil etadi. Keyingi kattalikdagi tuz koni Chimboy tumanidagi Qushxonatog‘ boʻlib bu yerda tuzning umumiy zaxirasi (A+B+S1) 408,4 mln. tonnani tashkil etadi. Kon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-fevraldagi “Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari toʻg‘risida”gi PQ4198 sonli qaroriga asosan 2019-2021 yillarda oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan 67 ta
507 investitsiya loyiha doirasidagi 200 dan ortiq barpo etilishi lozim boʻlgan obyektlar qatoriga kiritilgan. Qoraumbet koni zaxirasi boʻyicha 3-oʻrinda turadigan yirik tuz konidir. Ushbu tuz kon Qoʻng‘irot shahridan 60 km shimoliy-g‘arbda joylashgan boʻlib, kon hududi 6,5 kv. km.ni egallaydi. Kon 1961-1965-yillarda Ximgeolnerud ekspeditsiyasi tomonidan ochilgan. Qoraumbet koʻlida aniqlangan S1 - S2 kategoriyadagi tuz zaxirasi 22,8 mln. tonnadan iborat. Hozir yuqorida tilga olingan tuz havzalari turli uchastkalarida oʻnlab korxonalar osh tuzi, sulfat natriy tuzlari, kaustik va kaltsiylashtirilgan soda ishlab chiqarmoqdalar. Tabiiy tuz mineral resurslari kimyo sanoatini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratadi. Mintaqada kimyo sanoati korxonalarini qurish, hududning iqtisodiy oʻsishiga turtki boʻladi. Hozirda Qoraqalpog‘istonda mahalliy tuz xom ashyosi asosida ishlaydigan Oʻzbekistonda yagona Qoʻng‘irot texnik soda zavodi barpo etilgan va uning asosida yangi Elobod shaharchasi vujudga kelgan. Qoraqalpog‘istonning mineral xom ashyo resurslari asosan Nukus-Toshkent va Nukus-Chimboy temir va avtomobil yoʻllari, shuningdek, Qoʻng‘irot-Beynov temir yoʻliga yaqin joylashganligi sanoat ishlab chiqarishida qulaylik yaratadi. Mintaqa shahar va tuman markazlarini sanoatni rivojlantirish imkoniyatlarini baholash maqsadida ekspert usuli qoʻllanildi. Baholashda maksimal ball - 10 deb qabul qilindi, bunda ishlab chiqarishni joylashinuviga ta’sir etuvchi omilning darajasi 8-10 boʻlsa hal qiluvchi, 5-7 kuchli ta’sir etuvchi, 3-4 boʻlsa ahamiyatli, 0-2 boʻlsa ta’siri juda past yoki yoʻq deb qabul qilindi. Tahlillar shuni koʻrsatadiki, mintaqaning mavjud barcha hududlarida sanoatni joylashtirish uchun birday qulay sharoitlar mavjud emas. Xom ashyo omilida Qoraqalpog‘istonning tumanlari ustunroq boʻlib, bunda Beruniy, Boʻston, Mang‘it, Chimboy, Qoʻng‘irot yaxshi koʻrsatkichlarga ega. Xorazm viloyati tumanlarida Gurlan, Shovot shaharchalarida nisbatan yaxshiroq. Ma’lumki, Qoraqalpog‘iston Respublikasida sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan koʻplab mineral resurslar mavjud. Bu jihatdan u Xorazm viloyatidan tubdan farq qiladi. Qoʻng‘irot, Moʻynoq tumanlarida gaz va gaz-kondensatining geologik zaxirasi 117,12 mlrd. m. kub. va 4,149 mln. tonna hisobida bashorat qilinmoqda. Shuningdek, Kegeyli va Qoʻng‘irot tumanlarida sulfat natrit tuzi 82,8 mln. tonna, Qoʻng‘irot tumanida osh tuzi 10,2 mlrd. tonnani, Beruniy, Qoraoʻzak tumanlarida ohak 93,3 mln. tonna, Qoraoʻzak tumanda 2 mlrd. tonna atrofida titan magnetit, Amudaryo, Qoraoʻzak tumanlarida 1,3 mln. tonna qurilish toshlari aniqlangan. Hozirda esa Ustyurt platosi va Orol dengizining qurigan qismida neft va gaz zaxiralarini aniqlash boʻyicha geologik qidiruv ishlari olib borilmoqda.
508 Yuqoridagi baholashlar ma’lum darajada umumiy holatni oydinlashtiradi, xolos. Jumladan, keltirilgan tahlildan kelib chiqqan holda mintaqaning qazilma boyliklarga ega boʻlgan tumanlari hamda yirik shaharlari hisoblangan Nukus, Taxiatosh, Urganch, Pitnak, Xiva shaharlariga katta e’tibor bermoq zarur. Eng muhimi mintaqada ichki bozorni, erkin raqobat muhitini tashkil qilmoq kerak. Shu nuqtai nazardan qaraganda, tuman markazlariga ham jiddiy e’tibor qaratish lozim. Jumladan, Beruniy, Toʻrtkoʻl, Bog‘ot, Hazorasp, Xonqa, Bog‘ot kabi tumanlar sanoatini mustahkamlash, ularning ichidan ayrimlarini mintaqa mavqeidagi oʻsish nuqtalari sifatida rivojlantirish zarur. Bozor iqtisodiyoti sharoitida hududda sanoat korxonasini qurish faqatgina markazga bog‘liq boʻlmay qoladi. Xususiylashtirish sharoitida mulk asosan nodavlat tasarrufida boʻladi. Shu bilan birga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, eng avvalo, joylardagi tashabbusga bog‘liq. Istiqbolda shahar va shaharchalar soni koʻpayadi, ular birgalikda ishlab chiqarishning muhim hududiy shakllaridan boʻlgan sanoat tugunlari doirasida rivojlanib borishadi. Jumladan, Nukus sanoat tugunida toʻqimachilik, mashinasozlik va oziq-ovqat, Qoʻng‘irotda kimyo sanoati, Qoraoʻzakda qurilish sanoati, Boʻstonda yengil sanoat tarmoqlari rivojlanib boradi. Yuqorida keltirilgan sanoat tugunlarining ayrimlari ma’lum darajada shakllangan (Nukus – Xalqobod, Urganch – Xonqa), boshqalari (Qoʻng‘irot –Qonliko‘l, Moʻynoq – Surgil, Pitnak – Hazorasp, Qoratov – Taxiatosh) shakllanish bosqichida va qolganlari kelajakda vujudga keladi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2018-йил 12-январдаги “Тебинбулоқ кони негизида кон-металлургия комплекси қурилиши тўғрисида”ги ПҚ-3743-сон Қарори. 2. Баратов П. Ўзбекистон табиий географияси. – Т.: Ўқитувчи, 1996. – 262 б. 3. Давлетова Қ. География сабоғи ва ўлкашунослик. – Нукус: Билим, 1992. – 63 б. 4. Минерально – сырьевые ресурсы Узбекистана. Часть 1. – Т.: Фан, 1976 – 251 с. 5. Минерально-сырьевые ресурсы Узбекистана. Часть 2. – Т.: Фан, 1977. – 271 с. 6. Солиев А.С. Ўзбекистон географияси. – Т.: Ўзбекистон, 2014. – 403 б.