scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

MILLIY RUH, MILLIY ONG VA MILLIY TIL MUAMMOSI

Polvonov Abbos Ulug'bekovich

Full text

5 MILLIY RUH, MILLIY ONG VA MILLIY TIL MUAMMOSI Polvonov Abbos Ulug‘bekovich Qarshi davlat universiteti Lingvistika (O‘zbek tili) yo‘nalishi 2-bosqich magistranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17440970 Annotatsiya. Bugun o‘zbek tili kommunikativ ehtiyoj va borliqni aks ettirish uchun yatarlicha imkoniyatga ega. O‘zining grammatik, leksik me’yorlari va lug‘at sostaviga ega. So‘zlovchi sifatida bizdan talab qilinadigani faqatgina bu me’yorlarni bilish, ularga amal qilish shuningdek, eng asosiysi, ona tilining qadrini, obro‘sini va sofligini saqlab qolish. Ammo bu borada bizni “afsus” deyishga majbur qiluvchi ba’zi salbiy holatlar kundalik hayotda uchrab turibdi. Maqolada shu holatlar bilan bog‘liq muallif fikrlari va iqtiboslar aks etgan. Kalit so‘zlar: “ichi bo‘sh” so’zlar, nutqning sofligi, nutqdagi qusurlar, ajnabiy birliklar, kommunikatsiya, milliy g‘urur, milliy qadryatlar Abstract. Today, the Uzbek language has sufficient opportunities to reflect communicative needs and reality. It has its own grammatical, lexical norms and vocabulary. All that is required of us as speakers is to know these norms, to follow them, and most importantly, to preserve the value, prestige, and purity of our native language. However, there are some negative situations in everyday life that force us to say "sorry" about this. The article reflects the author's thoughts and quotes related to these situations. Keywords: empty words, purity of speech, speech defects, foreign units, communication, national pride, national values. Kirsh. Bugungi kunda o‘zligimiz va milliy ongimizning bir ko‘zgusi bo‘lgan o‘zbek tilini sof saqlash, uning qadrini ko‘tarish va nutqiy savodxonlik masalalari biroz e’tibordan chetda qolayotgandek, nazarimizda.Buni hozirda yoshlar nutqida, ko‘chalardagi turli ijtimoiy obyekt nomlari va chet tillarini o‘rganishga bo‘lgan intilishlarning ortib borayotganligi misolida ko‘rishimiz mumkin. Ushbu maqola orqali aytilgan masalalarga chuqurroq yondashishga harakat qilindi. Asosiy qism. Insonga berilgan eng ulug‘ ne’matlardan biri tildir. Ona tilini sevish, so‘z qadriga yetish, mag‘zini chaqa bilish, o‘z o‘rnida qo‘llay olish komillik belgisi, aslida. Shu sabab har doim so‘zlovchi so‘z, umuman, o‘z ona tiliga nisbatan hurmat, mas’uliyat hissini tuymog‘i lozim. Aynan mana shu hurmat va mas’uliyat hissi ona tilining ravnaqi, jozibasi va yashab qolishi uchun mustahkam asos vazifasini bajaradi desak noto‘g‘ri bo‘lmaydi, nazarimizda. O‘z ona tilini sevmagan, til zamirida yotgan tarixni bilmagan, qiziqmagan odam barkamol sanalmas. U kim, qaysi yurt va qaysi millatga mansub ekanidan, o‘z ona tilining boy-u kambag‘alligi, mayin yo dag‘alligidan qat’i nazar o‘z tiling o‘z vataningdek aziz, o‘z onangdek tabarruk. [ E.Vohidov, 2018; 6] 6 Afsuski, bugungi kunda mana shu oddiy haqiqatni ko‘pchiligimiz so‘zlovchi sifatida anglamayapmiz, anglasak-da nazarga ilmayapmiz. Ona tilimizni shunchaki muloqot vositasi sifatida emas, Ollohning bizga bergan ulug‘ ne’mati, dunyoda millat sifatida mavjudligimizning bir nishonasi sifatida qabul qilishimiz chinakamiga uning qadrini sarbaland qiladi. Shunday ekan, nega uni sevmaslik, qadrlamaslik mumkin? Axir onadan tug‘ilib shu tilda zabonli bo‘ldik, qo‘limizga qalam olib shu tilda savodimiz chiqdi, shu tilda dunyoni tanidik. Kishi botinidagi jamiki xislatlar, undagi dunyoqarash, axloq va madaniy mansublik til orqali zohir bo‘ladi. Nafaqat, yakka shaxsning, balki, butun boshli millatning tafakkur tarzi, xulqi va boshqa madaniy stereotiplari so‘z vositasida uning tilida oyna kabi akslanadi. Professor N.Mahmudov aytganidek: “Aslida, so‘zimiz – bu bizning o‘zimizdir”. [ N.Mahmudov,1997; 3] Shu ulug‘ so‘z, til sabab hayvondan farqlanganimizning o’ziyoq uning e’zoz-u ardoqqa loyiqligiga kifoya qiladi. Bu borada Navoiy bobomiz “Insonni so‘z ayladi judo hayvondin, bilki, guhari sharifroq yo’q ondin” misralari orqali so‘z-u tilning ta’rifiga hech ehtiyoj qoldirmaganlar. Kurrayi zaminda har bir millat o‘z ona tilini saqlab qolishni o‘z insoniy burchi deb hisoblaydi, biladiki, til millatning mavjudligi va yashab qolishining eng asosiy shartlaridandir. Bu zalvorli haqiqatni faqatgina chin millatparvar va tilparvar insongina his qilishga qodir. Behbudiy bobomiz ta’kidlaganlaridek: “Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgan oyinayi hayoti – bu uning tili va adabiyotidur”. Ota-bobolarimiz tilni, so’zni qadriga yetishgan, so‘z qo‘llashga kelganda ancha zakiy va mas’uliyatli bo‘lishgan. Umuman aytganda, tilni “ishlatish” borasida hurmatsizlik va isrofgarchilikdan tiyilishgan. Biz avlodlarga kelganda esa bu me’zonlarga birmuncha darz ketdi. Bu holat bilan bog‘liq bir qancha og‘riqli savollar o’rtaga chiqdi: “O‘z ona tilimizni qanchalik bilamiz, sevamiz? Uni turli ijtimoiy va global ta’sirlardan himoya qila olyapmizmi? Aqalli, sof o‘zbekcha gapirishga odatlanyapmizmi?”. Jonajon tilimizning sofligi, nufuzi va yashab qolishi uchun qayg‘uruvchilar kamayib ketayotgandek go’yo. Ona tilining kelajagi va taqdiri borasida kelajak avlod oldida javobgar ekanligimizni barchamiz birdek his qilmayapmiz. To‘g‘ri, bugun uning sofligi va mavqeyini ta’minlash bobida ba’zi amaliy ishlar qilinmoqda, ammo bu yetarli emasdek. Bu borada biroz yakdillig-u qat’iyatlilik yetishmayotgandek. Bugun o‘zbekning o’z tiliga bo’lgan munosabatini deyarli har qadamda his qilish mumkin, birgina misol shuki, ko‘pchiligimizga ma’lum bo‘lib ulgurgan yosh avlodning muloqot borasidagi no’noqligi-yu, nutqidagi qusurlarni olaylik. Ular bu borada anchagina qashshoq, o‘yinqaroq va mas’uliyatsiz deyish mumkin. Ona tili ular nazdida faqat muloqot va boshqa ehtiyojlarini qondirish 7 uchungina kerak bo‘ladigan oddiy bir ashyo yoki vosita. Ularning ba’zilari shu darajada uquvsizki, har qanday zangin va jozibador til ular nutqida g‘arib tilga aylanib qolishi hech gap emas. Ular ko‘chada, jamoat joyida, kattalar bilan muloqotda o‘zlarining nazdida “zamonaviy stil” yoki “zamonaviy tilda gapirishdan hech or qilishmayapti. Ularga kelganda “ona tili” birikmasidagi “ona” so‘zining zalvori-yu, tilning qadr-qimmati tuproqqa qorishyapti, bazan. Yosh avlod muloqotda “o‘z so‘zi” qolib, “o’zganing so‘zi” ni qo‘llashni ma’qul topyapti. Hassos pedagog va munaqqid Prof. Qozoqboy Yo‘ldoshev ta’biri bilan aytganda “bir zamonlar tilimizni o‘risdan himoya qilishimiz kerak der edik, bugun esa tilimizni o‘zbekning o‘zidan himoya qilishimiz kerak bo’lib qoldi”. Haqiqatda, hozirgi avlod nutqida “haligi”, “anaqa” kabi “ichi bo’sh”, tilimiz leksikasi uchun mutlaqo yot so‘zlarni, “tak shto”, “karochi”, “takoy”, “krutoy”, “optom”, “okey”, “bay-bay”, “gud bay”, “bravo”, “respekt”, “bratan”, “komfort”, “lichka”, “lokatsiya” (ularning soni ko‘p) kabi ajnabiy birliklarni qo‘llash ular uchun go‘yo zamonaviylik, o‘z-o‘zini ko‘z-ko‘z qilishning ramziga aylandi. Qolaversa, “Maqtanma” o‘rniga “Karillama”, “Sakrama” ni qo‘llash, “Yangi mashina” emas, “Toza mashina”, “Telefonning zo‘ri” emas, “Telefonning dodasi, udari” qabilidagi muloqot ular orasida odatga aylanmoqda. Aytish mumkinki, ularning ba’zilari bu “parazit” so‘zlarsiz kommunikatsiya layoqatiga ega emas. Asosan, yoshlar so’zning ma’no va estetik kuchini his qila olish imkoniyatiga ega emas. Professor Nizomiddin Mahmudov ta’biricha: “Ona so‘z olamiga o’ktam kira olmagan, unga ona ko‘ksiga erkalik-la bosh qo’yganday singolmagan kishi chin go‘zallikni ko‘ra olishi, milliy o’zlikni anglay bilishi mushkul” [N.Mahmudov,1997;110] Ular asosan bunday muloqot usuli orqali o’zlarining haddan tashqari “zamonaviy” ekanliklarini, boshqalardan ajralib turish va ularning e’tiborini tortishni ham maqsad qilishadi. Ulug‘ hind siyosatdoni Mahatma Gandi sovuqqonlik-la bu holatga quyidagicha munosabat bildirgan: “Agar siz o’zingiz yashayotgan davlat tilini bilmas ekansiz, yo siz telbasiz yo bosqinchi”. Qo‘pol va xunuk eshitilsa-da, aytish mumkinki, bu toifadagilar til ravnaqiga, sofligiga xavf solayotgan “bosmachilar”dir. Bunday nutqiy ifoda yo‘sinining urchib borayotganiga asosiy sabab sifatida quyidagi omillarni ko‘rsatish mumkindir, bizningcha: 1.So‘zlovchida umumiy saviyaning pastligi; 2.Til bilimining yetishmasligi; 3.O’zini ko‘z-ko‘z qilish va boshqalardan ajralib turishga moyillik; 4.Milliy qadryatlarni nazarga ilmaslik yoki bilmaslik; 5.Globallashuv jarayonining salbiy ta’siri. 8 Bugun o‘zbek tili ifoda imkoniyati va jozibasini faqatgina va yaxshiyamki badiiy adabiyot hamda publitsistikada saqlab turibdi. Bu borada ijod ahliga ta’zimdamiz. Tilimiz taqdiriga loqayd bo’lmaganlarning jig‘iga tegib turgan yuqoridagi nuqsonlar bartaraf etilmasa, ona tilimiz tor doiradagi yoki bo‘lmasa “ro‘zg‘or tili”ga aylanib qolishi hech gap emas. Bu borada mas’uliyatni kattalar, ko‘proq ustozlar (faqatgina ona tili ustozlari emas) o‘z zimmalariga olishi kerak, nazarimizda. Buning uchun ustozlarning o’z nutqi qusurlardan xoli bo‘lishi lozim. O’qituvchining ovozi, talaffuzi,diksiyasi,umuman, tirik nutqi hamisha o‘quvchilar uchun o’ziga xos etalon, namuna vazifasini bajaradi. O‘qituvchining tirik nutqidagi kattadir, kichikdir, har qanday nuqson o‘quvchi nazaridan chetda qolmaydi, darhol uning diqqatini tortadi. [ N.Mahmudov, 2007; 179 ] Shuningdek, o‘zbek jamiyatida xorijiy tilni o’rganish ehtiyojining oshib borayotganligini ham tilimiz ravnaqiga soya solayotgan yana bir omil sifatida ko‘rsatish mumkin. To‘g‘ri, o‘zga millat tilini o‘rganishning inson moddiy turmushi va vatan taraqqiyoti uchun manfaatli tomonlari ko‘pdir, ammo bu sa’y-harakatlar orqali bilibbilmay ona tilining obro‘siga putur yetkazish milliy tilning boy berilishi darajasigacha borib yetishi hech gapmas. Hozir farzandimni rus maktabiga o‘qitaman, bolamni yoshligidan ingliz tili kurslariga qo‘yaman deguvchilar ko‘payib qoldi. Odamlarimizda ingliz, rus, xitoy kabi tillarni bilgan odam daromadli joyda ishlaydi, umuman bu orqali yaxshi yashash mumkin degan qarash shakllangan. Aynan shu qarash milliy g‘urur, ona tiliga muhabbat tuyg’ularidan ustunlik qilyapti. Bugun o‘zbek tili go‘yo O’zbekistonning o’zida uchinchi darajali tilga aylanib qolayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Ikki uchta “pultopar” tilni o‘rganish evaziga ona tilini unuta boshlash milliy fojia tusini olishi hech gap emas. Bugun bolamiz oila davrasida o‘z ona tili bo‘la turib ajnabiy tilda gaplashsa, “barakalla” deya xursand bo’lyapmiz. Bu bilan chet tilini o‘rganishga bo‘lgan intilishlarni qoralamoqchi emasmiz, faqatgina bu amaliy harakatlar ona tilini unutish, qurbon qilish evaziga qilinmasligini juda xohlagan bo‘lardik. Ona tiliga nopisandlik bilan qarash, uni unutib, chet tilini o‘rganish oiladan, bolalikdan boshlansa, unda milliy ruh beshikda jon berdi deyavering. Ona tili bilan birga bolada o‘zbekona milliy ruh ham yo‘qoladi. Xorijiy til, masalan, ingliz yoki rus tili bolaning birinchi tiliga aylanar ekan, undagi milliy ruh ham inglizcha yoki ruscha va yoki mutlaqo muallaq bo’lishi tabiiy. [ N.Mahmudov,1998; 14] Birgina bular emas, shunga o‘xshash yana bir xunuk holat borki, yo‘l-yo‘lakay ta’kidlab o‘tish joiz. Bugun aholiga xizmat ko‘rsatish va ko’ngilochar maskanlar, do‘kon, supermarket va ovqatlanish maskanlari peshlavhalari hamda reklama 9 e’lonlaridagi g‘alati nomlar, mantiqsiz e’lonlarga ko‘p ko‘zimiz tushyapti. Ularning har uchtasidan birida yo imloviy xatolik bor, yo bo‘lmasa biror so‘z noto‘g‘ri qo‘llangan. Eng yomoni ayrimlarini ko‘rib,” Bu yer qanaqa joy bo‘lsa?”, “Nima sotiladi-yu, qanday xizmat ko’rsatilarkin?” deya esingiz og‘ib qolishi hech gapmas. Misol uchun, “Aros”, “Flagman”, “Insaut”, “Izgara”, “VIVO”, “Ista”, “Emrah”, “Elaro”, “Zarinka”, “La Belle”, “Toshkent siti”, “Olmazor siti”, “Magic siti” (sanab adog‘iga yetolmadik) singari nomlar-u, “Мьi открьiлис”, “Распродажа”, “Оптом савдо” va h.k qabilidagi e’lonlar allaqachon shahrimiz ko‘chalarini “bezab” turibdi. Go’yoki shunaqa jimjimador nomlar tanlasak, bizning mijozimiz va xaridorlarimiz ko‘payadigandek. Bizningcha haddan ziyod zamonaviylikka intilayotganimiz sabab bunday “moda so’zlar” (urf ma’nosida) hayotimizga kirib kelyapti. Aslida, bu nomlar va e’lonlar bizning mafkuramizga, tafakkurimiz hamda milliy qadryatlarimizga mos bo‘lishi kerak emasmi. O‘zbek tili lug’at fondida ularning o‘rnini bosuvchi leksik birliklar bisyor, faqatgina til ilmimiz o‘ldajo‘lda bo‘lgani bois biz ularni nutqq aolib kirishga, topishga va idrok qilishga qodir emasmiz, shekilli. Prezidentimiz Sh. Mirziyoyev shunga o‘xshash holatlarni nazarda tutib quyidagi fikrlarni bildirgan edilar: “Afsuski, jamoat joylarida, ko‘chalarda, binolar peshtoqida toponimik belgilar, turli lavha va reklamalar ko’pincha xorijiy tillarda, ma’naviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadryatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi. Shu munosabat bilan, ushbu masalalarni keng jamoatchilik ishtirokida jiddiy o‘rganib chiqish va tartibga solish zarur. Chunki ijtimoiy obyektlarga nom berish – bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va ma’naviy saviyamizni yaqqol ko‘rsatadigan o‘ziga xos me’zondir. Buni hech kim hech qachon unutmasligi kerak. Biz xalqimizning taqdiri, ertangi kuni haqida o‘ylar ekanmiz, eng avvalo, millatimizning asl fazilatlarini, betakror san’atimiz va adabiyotimiz, ona tilimizni ko‘z qorachig’iday saqlashimiz zarur”. [ R.Xudoyberganov va b. 2022; 4 ] Xulosa o‘rnida aytish joizki, ona tilimizning estetik kuchi va leksik imkoniyatlari bugungi kunda yetarlicha bo‘y ko‘rsatgan. Samarali nutqiy faoliyat yuritis hamda borliqni aks ettirish borasida u yetarli ichki bazaga ega deya olamiz. Bizdan talab qilinadigani faqatgina uning sofligi va qadr-qimmatini saqlab qolish hamda keyingi avlodga bekam-u ko‘st meros qoldirish. 10 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. E.Vohidov, ”So‘z latofati” – Toshkent, “O‘zbekiston”, 2018, 6-b. 2. N.Mahmudov, O‘zimiz va so‘zimiz – Toshkent, “G‘afur G‘ulom”, 1997, 3-b. 3. N.Mahmudov, O‘zimiz va so‘zimiz – Toshkent, “G‘afur G‘ulom”,1997, 110-b. 4. N.Mahmudov, O‘qituvchi nutqi madaniyati – Toshkent, “O‘zbekiston milliy kutubxonasi”, 2007, 179-b. 5. N.Mahmudov, “Til” – Toshkent, “Yozuvchi”,1998, 14-b. 6. R.Xudoyberganov, N.Uluqov va bosh. O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati – Toshkent, “Donishmand ziyosi”, 2022, 4-b.