scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TILSHUNOSLIKDA POLIFUNKSIONALLIK MASALASI

Berdimurodova Sohiba G'ulom qizi

Full text

15 TILSHUNOSLIKDA POLIFUNKSIONALLIK MASALASI Berdimurodova Sohiba G‘ulom qizi Toshkent amaliy fanlar universiteti 2-bosqich magistranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441018 Annotatsiya: Mazkur maqolada tilshunoslikdagi polifunksionallik hodisasi nazariy jihatdan ko‘rib chiqiladi. Til birliklarining bir vaqtning o‘zida bir necha vazifani bajarish xususiyati lingvistik tizimning murakkabligini, ijtimoiy-kommunikativ muhitga moslashuvchanligini ifodalaydi. Maqoladagi polifunksionallik tushunchasining mohiyati, turli til darajalarida namoyon bo‘lishi, kontekst bilan bog‘liqligi va amaliy tilshunoslikdagi ahamiyati yoritiladi. Shuningdek, bir qator olimlarning polifunksionallik haqidagi nazariyalari tilga olinadi. Kalit so‘zlar: Polifunksionallik, til birliklari, kontekst, til funksiyalari, ko‘p ma’nolilik, leksema, polisemiya, frazeologik, morfemik, sintaktik. Annotation. This article theoretically examines the phenomenon of polyfunctionality in linguistics. The ability of linguistic units to perform several functions simultaneously reflects the complexity of the linguistic system and it is adaptability to the socio-communicative environment. The paper highlights the essence of the concept of polyfunctionality, it is manifestation at various language levels, it is relation to context and it is importance in applied linguistics. In addition, the theories of several scholars concerning polyfunctionality in linguistics are also discussed. Keywords: polyfunctionality, linguistic units, context, language functions, polysemy, lexical meaning, lexeme, phraseological, morphemic, syntactic Zamonaviy tilshunoslikda tilning funksional imkoniyatlari alohida e’tibor markazida turadi. Til faqat aloqa vositasi bo‘lib qolmasdan, inson tafakkuri, madaniyati va ijtimoiy faoliyatining ajralmas qismi sifatida ham o‘rganiladi. Shu jihatdan, til birliklarining polifunksionallik xususiyati lingvistik tahlilning markaziy tushunchalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Tilshunoslar fikricha, har qanday til birligi ma’lum bir kontekstda bir necha vazifani bajarishi mumkin. Bu holat lingvistik birliklarning semantik, pragmatik va stilistik ko‘lamini kengaytiradi. Tilshunoslikda polifunksionallik terminining qo‘llanilishi Roman Yakobsonning til funksiyalari haqidagi g‘oyalari bilan bevosita bog‘liq. Uning fikricha, til kamida olti asosiy funksiyani bajaradi: referensial (axborot uzatish), ekspressiv (emotsional holat ifodasi), konativ (ta’sir o‘tkazish), fatik (aloqani ushlab turish), metalingvistik (til haqida fikr bildirish) va poetik (badiiy ifoda). Til birliklari bitta matnda ushbu funksiyalarning bir nechtasini bajarishi mumkin, bu esa polifunksionallik hodisasining mohiyatini belgilaydi. Leksemaning birdan ortiq ma’no anglatish hodisasi ko‘p ma’nolilik yoki polisemiya deyiladi. Birdan ortiq ma’no anglatadigan leksema esa ko‘p ma’noli, polisemem, polisemantik leksema sanaladi. 16 Polisemiya har qanday tilda salmoqli o‘rin tutadi. Til boyligi faqat ibora, maqollar bilan emas, balki so‘zlarning leksik (lug‘aviy) ma’nolari bilan ham o‘lchanadi. So‘z ma’nolarining rang-barangligi, ya’ni so‘zlarning ko‘p ma’noliligi – polisemiya til boyligida o‘z o‘rniga ega. Tildagi polisemiya hodisasi juda qadimdan olimlar diqqat markazida bo‘lgan. Mashhur leksikograf Mahmud Qoshg‘ariy “Devonu lug‘atit turk” kitobida turkiy polisemantik so‘zlarni qayd etadi. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ham “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida so‘z ma’nolariga alohida to‘xtaladi: ularni ona tilining boyliklaridan biri, deb hisoblaydi. Alisher Navoiy ko‘p ma’noli (polisemantik) so‘zni omonimdan farqlaydi, shuningdek, bir so‘zning ichidagi turli ma’no nozikliklari haqida alohida fikr yuritadi 1 . Polisemiya hodisasiga sof lingvistik nuqtai nazardan yondashish fransuz semasiologi M.Brealdan boshlandi. Shundan keyin bu hodisa haqida turli qarashlar yuzaga kela boshladi 2 . Polisemiyani baholash tilshunoslar orasida ziddiyatli fikrlarga sabab bo‘ldi. Ba’zi olimlarning fikricha, “ideal” tilda so‘z faqat bitta ma’noga ega bo‘lishi va har bir ma’no alohida nomga ega bo‘lishi kerak. Biroq bu bir qarashda qulay ko‘rinishi mumkin, aslida so‘zlarning “biryoqlamaligi” til imkoniyatlarini pasaytirib, uni milliy o‘zlikdan mahrum etadi. Ko‘pchilik olimlar haqli ravishda so‘zlarning noaniqligini tilning zaifligi emas, balki til boyligining bir ko‘rinishi deb biladilar. Ko‘p ma’nolilik tilning cheksiz imkoniyatlarini e’tirof qiladi, chunki so‘z boyligi nafaqat so‘zlar, balki ularning qiymatlarining xilma-xilligida, so‘zlarning yangi semantik farqlarni olish qobiliyatidir. So‘zdagi yangi ma’nolarning rivojlanishi til leksik resurslaridan ijodiy foydalanish ko‘lamini beradi 3 . M.Mirtojiyev polisemiya bilan chalkashlikni yuzaga keltiruvchi yondosh hodisalar sifatida konversiya, omonimiya, frazani ko‘rsatadi. Polisemiya va ular asosida hosil bo‘lgan omonimlarni farqlashda ichki semantik bog‘liqlikning xiralashganligiga asoslanish kerak bo‘ladi. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, M.Mirtojiyev polisemiya hodisasini monografik planda tadqiq qilgan. Olim polisemiyani quyidagicha guruhlab o‘rgandi: 1.Polisemiya va unga yondosh hodisalar. 2.Polisemiyaning yuzaga kelishi. 3.Polisemiya klassifikatsiyasi. 4.Polisemiyada so‘z strukturasi. 1 Hakimova M. Semasiologiya. – Toshkent, 2008. – B. 33. – 100 b. 2 Mirtojiyev M. O‘zbek tilida polisemiya. – Toshkent: Fan, 1984. - B. 14. – 135 b. 3 Голуб И. Стилистика русского языка. Учеб. пособие // http: www.hi-edu.ru. 17 Polifunksionallikning til birliklariga xosligi olimlarga ma’lum bo‘lib kelgan. Ammo turli davrlarda bu haqiqatga munosabat boshqa bo‘lgan. Xususan, rus tilshunosligida polisemiyaning til harakatidagi muhim o‘rni doim an’anaviy yo‘nalish doirasida tan olingan; aksincha, strukturalistik tushunchalarda so‘zning noaniqligi asabiylashtiruvchi holat sifatida e’tiborga olinmaydi. Shu sabali tilda har doim mavjud bo‘lgan ko‘p funksionallik tilshunoslar orasida noaniq fikrlarni keltirib chiqaradi. Ayrim so‘zlardan leksik ma’no izlash, so‘zlar polifunksionalligini polisemiya bilan adashtirish va ba’zan polisemiyani omonimiyadan farqlamaslik xollarini yuzaga keltiradi. Ko‘p lingvistik asarlarda polifunksionallik omonimiya hodisalariga nisbatan qaraladi 4 . Polisemiya ma’lum bir so‘zning bir necha leksik ma’noga ega bo‘lishidir. So‘zlar polifunksionalligining yuzaga kelishi esa konversiya bilan bog‘liq. Konversiya ma’lum bir so‘zning hech qanday affiks olmagan holda boshqa so‘z turkumi vazifasida kelish hodisasidir. Konversiyaga ko‘ra ayrim so‘z leksik ma’nosi ikkinchi turkum vazifasini ham olib, qayd etilishi o‘sha so‘zning polifunksional holda berilishidan kelib chiqadi. Yaxshi notiq, yaxshi gapirdi gapida yaxshi sifati ham o‘z vazifasida qo‘llangan, ham ravish vazifasini olgan – adverbializatsiya sodir bo‘lgan, polifunksional so‘z yuzaga kelgan. Yana shuni aytish kerakki, fe’llarning ko‘makchi ma’nosi ham polisemantik so‘z tarkibini tashkil qilmaydi. Aksincha, u grammatik vazifa bajaradi. Shunga ko‘ra aytish mumkinki, u ham polifunksionallik uchun vosita bo‘ladi. Polifunksionallik hodisasi grammatik omonimiya deb ham ataladi. V.V.Vinogradov omonimiyani grammatik omonimiya (polifunksionallik) va leksik omonimiya (omonimiya)larga ajratadi. A.T.Krivonosov shunday yozadi: “Agar biz an’anaga rioya qilsak, sinfdan sinfga o‘tishda semantik invariantni saqlab qoladigan leksemalarni polifunksionl leksemalar, sinfdan sinfga o‘tishda semantik invariantni saqlab qolamaydigan leksemalarni omonimik leksemalar, deb hisoblashimiz mumkin. Hozirgi zamon ingliz tilida polifunksionallik xususiyatiga ega so‘z turkumlari mavjud. Ingliz tilida polifunksionallik muammosi so‘zlarning leksik va grammatik kategoriyaga bo‘linishi bilan bog‘liq. Morfologik oppozitsiyalar tizimi yetishmaydigan, lekin rivojlangan, sintaktik aloqalarning turlari har doim aniq belgilanmagan ingliz tilida, so‘zning u yoki bu nutq qismlari nazariyada ham, amaliyotda ham qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Demakki, jahon tilshunosligida ham mazkur hodisaga turli nuqtai nazardan yondashilgan bo‘lib, yakdil ilmiy xulosa mavjud emas. 4 G.Sh.Kahramonovna.O‘zbek tili semantik analizatorining lingvistik asoslari. – Farg‘ona, 2022. – 143 b. 18 Tilshunosligimizda polifunksionallik masalasiga doir qator ishlar amalga oshirilgan. Bu muammo tahliliga bag‘ishlangan Y.Tojiyev, J.Eltazarov, N.Qodirova, G.Sulaymonova, T.Valiyev, A.Botirova va boshqalarning tadqiqotlari alohida qimmatga ega. M.Mirtojiyev “O‘zbek tili semasiologiyasi” kitobida polisemiya va unga yondosh hodisalar haqida fikr yuritganda polifunksionalik masalasiga to‘xtalib o‘tadi. Tilshunos A.Hojiyev “Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati”da konversiyaga quyidagicha ta’rif beradi. Konversiya – so‘zning fonetik va morfologik jihatdan o‘zgarmay, bir so‘z turkumidan boshqa bir so‘z turkumiga o‘tishi, shu yo‘l bilan yangi bir so‘z hosil bo‘lishi. Konversiyaga ko‘ra ayrim so‘z leksik ma’nosi ikkinchi turkum vazifasini ham olib, qayd etilishi o‘sha so‘zning polifunksional holda berilishi bo‘ladi 5 . Ma’lum bo‘ladiki, til birliklarining polifunksionalligi masalasida turli fikrmulohazalar ifodalangan. Ularni umumlashtirib, quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin: 1) til birliklariga xos polifunksionallikni polisemiya doirasida o‘rganish; 2) polisemiya va omonimiya oralig‘idagi bog‘lovchi bo‘g‘in; 3)so‘z semantik strukturasidagi turli so‘z turkumlariga xos ma’nolarning sinkretizmi; 4)polisemantiklik xususiyati susaygan, biroq omonimlik darajasiga yetmagan birlik. Xulosa. Kishilarning eng muhim aloqa vositasi bo‘lgan til polifunksional xususiyatga egadir. Haqiqatan ham, u faqat kommunikativ vazifa bajarmay, til egalarinining ob’yektiv olam haqidagi bilimlarni o‘zida saqlab, kelajak avlodga yetkazuvchi, tinglovchiga ta’sir o‘tkazuvchi hamda ma’lum axborot ob’yektiga baho berishi bilan xarakterlanadi. To‘g‘ri ta’kidlanganidek, xalqaro sun’iy til o‘z sistemasining ba’zi afzalliklariga qaramay, kishilikning polifunksional tili vazifasini bajara olmaydi. U tabiiy milliy tillarga nisbatan ikkilamchi, yordamchidir. Ko‘rinadiki, ijtimoiy hodisa sifatida tilning o‘zi polifunksional tabiatga ega. Shunday ekan, uning ichki tuzilish birliklari ham polifunksional xususiyat kasb etishi tabiiy xoldir. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Hakimova M. Semasiologiya. – Toshkent, 2008. – B. 33. – 100 b. 2. Mirtojiyev M. O‘zbek tilida polisemiya. – Toshkent: Fan, 1984. - B. 14.–135 b. 3. Голуб И. Стилистика русского языка. Учеб. пособие // http: www.hi-edu.ru. 4. G.Sh.Kahramonovna.O‘zbek tili semantik analizatorining lingvistik asoslari. – Farg‘ona, 2022. – 143 b. 5 G.Sh.Kahramonovna.O‘zbek tili semantik analizatorining lingvistik asoslari. – Farg‘ona, 2022. – 143 b.