ORTOLOGIYA NAZARIYASI VA UNING ADABIY TIL ME'YORLARINI SHAKLLANTIRISHDAGI ROLI
Full text
31 ORTOLOGIYA NAZARIYASI VA UNING ADABIY TIL ME’YORLARINI SHAKLLANTIRISHDAGI ROLI Fayziyeva Maftuna Norpo‘lat qizi, Qarshi davlat universiteti Lingvistika o‘zbek tili yo‘nalishi 2-kurs magistri DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441067 Annotatsiya: Ushbu maqolada ortologiya nazariyasining tilshunoslikdagi o‘rni, uning shakllanish bosqichlari va adabiy til me’yorlarini belgilashdagi ahamiyati tahlil qilingan. Shuningdek, ortologiyaning nutq madaniyatini rivojlantirishdagi vazifalari hamda zamonaviy kommunikatsiya jarayonidagi dolzarbligi yoritib berilgan. Kalit so‘zlar: ortologiya, til me’yorlari, nutq madaniyati, orfoepiya, orfografiya, lingvistika. Abstract: In this article, the role of orthology theory in linguistics, its stages of formation, and its significance in determining literary language norms are analyzed. In addition, the functions of orthology in the development of speech culture and its relevance in modern communication processes are highlighted. Keywords: orthology, language norms, speech culture, orthoepy, orthography, linguistics. Til insoniyat madaniyatining asosiy unsurlaridan biridir. Har qanday jamiyatning madaniy darajasi uning til madaniyatida yaqqol namoyon bo‘ladi. Tilshunoslikda til me’yorlarini tartibga solish va adabiy tilni rivojlantirish masalalari doimo alohida ilmiy yo‘nalish sifatida e’tiborga olinadi. Shunday nazariyalardan biri – bu ortologiya nazariyasi bo‘lib, u tilning to‘g‘ri qo‘llanishi, yozilishi va talaffuzi bilan bog‘liq qonuniyatlarni o‘rganadi. Ortologiya nazariyasi yunoncha orthos – “to‘g‘ri” va logos – “ta’limot” so‘zlaridan tashkil topgan bo‘lib, “to‘g‘ri so‘zlash haqidagi ta’limot” degan ma’noni bildiradi. Ushbu nazariya adabiy til me’yorlarini shakllantirish va mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydi. Ortologiya nazariyasining ildizlari qadimgi yunon va rim ritorikasiga borib taqaladi. Aristotel, Demosten va Kvintilian kabi mutafakkirlar nutqning to‘g‘riligini, aniqligini va ta’sirchanligini alohida ta’kidlaganlar. Sharq tilshunosligida ham ortologik qarashlar rivojlangan. Xususan, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otitturk” asarida turkiy tillardagi lahja farqlari, talaffuz xususiyatlari va umumiy adabiy me’yorlarni belgilashga urinishlar mavjud. Asarda qipchoq, uyg‘ur, o‘g‘uz, qarluq, chig‘il, yag‘mo, to‘xsi, arg‘u kabi ko‘plab turkiy qabilalarning tiliga to‘xtalib o‘tadi. Har bir qabilaning so‘zlash uslubi, talaffuzidagi farqlari va ayrim so‘zlarning o‘ziga xos variantlari qayd etilgan. Qoshg‘ariy ba’zi so‘zlarda tovush o‘zgarishlarini ko‘rsatadi. Masalan, bir qabila yaqut desa, boshqasi jagut yoki yagut deb talaffuz qilishi mumkin. Ba’zi joylarda y tovushi o‘rniga j ishlatilishi qayd etiladi. Bundan
32 tashqari, bu asarda bir xil ma’noni ifodalovchi so‘zlar turli qabilalarda turlicha aytilishi haqida ma’lumot beradi. Masalan: “Ot” so‘zi ayrim qabilalarda at, boshqalarda ad shaklida uchraydi. Mahmud Qoshg‘ariy lahja va shevalardagi turli-tumanlikni ko‘rsatib, ular orasidan umumturkiy adabiy me’yorni ajratib olishga harakat qilgan. Bu esa ortologiya nazariyasi bilan bevosita bog‘liq. O‘zbek tilshunosligida ortologiya masalalari XX asrdan boshlab alohida ilmiy yo‘nalish sifatida o‘rganila boshladi. Ayniqsa, orfoepiya va orfografiya qoidalarining yaratilishi ortologiya nazariyasining amaliy qo‘llanishi sifatida e’tiborga molikdir. Adabiy me’yor til unsurlaridan til qonuniyatlariga uyg‘un, jamiyat taraqqiyotining muayyan davrida barqarorlashgan ijtimoiy-nutqiy amaliyot va an’anaga muvofiq holda foydalanish qoidalari bo‘lib, ortologiya nazariyasi adabiy tilning quyidagi me’yorlarini shakllantirish va tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi: 1) leksik me’yorlar – so‘zlarning adabiy tilga mos holda tanlanishi va qo‘llanishi; 2) orfoepik me’yorlar – so‘zlarning adabiy talaffuz qoidalariga muvofiq aytilishi; 3) orfografik me’yorlar – so‘zlarning yozuvdagi to‘g‘ri shakllari; 4) grammatik me’yorlar – morfologik va sintaktik shakllarning izchil qo‘llanishi; 5) uslubiy me’yorlar – til birliklarining nutqda to‘g‘ri qo‘llanishi. Mazkur me’yorlarning barchasi jamiyatda yagona til standartini ta’minlab, milliy adabiy tilning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Ortologiya nazariyasi nutq madaniyati bilan chambarchas bog‘liq. Chunki to‘g‘ri so‘zlash, adabiy me’yorlarga rioya qilish, aniq va ravon fikr ifodalash insonning ijtimoiy mavqeyi va ma’naviy darajasini ko‘rsatadi. Shu nuqtayi nazardan, ortologiya: – o‘qituvchilar va talabalarning til ko‘nikmalarini shakllantirish; – OAV va adabiy ijodda tilning sof holda qo‘llanishini ta’minlash; – nutqiy xatolarni oldini olish kabi vazifalarni bajaradi. Bugungi kunda globalizatsiya va axborot oqimining kuchayishi tufayli ortologiya nazariyasi yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. Internet, ijtimoiy tarmoqlar va zamonaviy kommunikatsiya vositalarida tezkor yozishmalar ko‘pincha til me’yorlariga putur yetkazadi. Shu sababli ortologiya nazariyasi zamonaviy til madaniyatining kafolati sifatida qaralmoqda. Ortologiya nazariyasi quyidagi amaliy sohalarda bevosita qo‘llaniladi:
33 – ta’lim jarayoni – maktab va oliy ta’limda tilni o‘rgatishda asosiy metodik vosita; – ommaviy axborot vositalari – jurnalist va yozuvchilar nutqida adabiy me’yorlarga rioya qilish; – davlat boshqaruvi va huquqiy hujjatlar – rasmiy yozishmalarda xatoliklarni oldini olish; – axborot texnologiyalari – avtomatik tarjima, matn tahriri va tilni qayta ishlash dasturlarida. Shuningdek, ortologiya nazariyasi insonning shaxsiy nutq madaniyatini oshirishga ham xizmat qiladi. To‘g‘ri, lo‘nda va adabiy nutq – bu nafaqat tilshunoslik talabi, balki umumiy madaniyat ko‘rsatkichi hamdir. Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, ortologiya nazariyasi adabiy til me’yorlarini shakllantirish va mustahkamlashda muhim o‘rin egallaydi. U fonetik, leksik va grammatik jihatdan to‘g‘ri nutqni ta’minlab, til madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Zamonaviy axborot maydonida ortologiya nafaqat tilshunoslikning nazariy bo‘limi, balki jamiyatning madaniy taraqqiyoti uchun zarur amaliy vosita sifatida ham ahamiyat kasb etadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mahmud Qoshg‘ariy. “Devonu lug‘otit-turk”. – Toshkent: Fan, 1960. 2. Hojiev A. O‘zbek tilshunosligi nazariyasi. – Toshkent: O‘qituvchi, 1991. 3. Karimov H. Nutq madaniyati va uslubiyat. – Toshkent: Fan, 2005. 4. Jo‘rayev M. Til va jamiyat. – Toshkent: O‘zbekiston, 2012. 5. Normurodova D. Tilshunoslikka kirish. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2018.