O'ZBEK XALQ OG'ZAKI IJODI VA MIFOLOGIK BIRLIKLARDA RANG KONSEPTINING KOGNITIV TALQINI
Full text
141 O‘ZBEK XALQ OG‘ZAKI IJODI VA MIFOLOGIK BIRLIKLARDA RANG KONSEPTINING KOGNITIV TALQINI Xoliqova Zahro Arol qizi Shahrisabz davlat pedagogika instituti o‘zbek tili ixtisosligi 2-kurs tayanch doktoranti E-mail: zakhrokholikov[email protected] ORCID: 0009-0009-3402-836 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441335 Annotatsiya. Ushbu maqolada o‘zbek xalq og‘zaki ijodida rang konseptining mifologik va ramziy qatlamlari tahlil qilinadi. Ranglar – oq, qora, ko‘k, qizil, sariq, yashil – nafaqat estetik vosita, balki qadimiy e’tiqod va dunyoqarashlarning timsoli sifatida ham talqin qilinadi. Xalq ertaklari va dostonlarida uchraydigan oq ot, oq soqol, qora kun, sariq soch, malla chopon kabi obrazlar orqali ajdodlar tafakkurida ranglarning semantik boyligi yoritiladi. Shuningdek, shomonlik marosimlaridagi qurbonliklarda hayvon rangi “ziyon yetkazgan” ruh rangi bilan bog‘lab tanlangan. Dostonlardagi sehrli parlar, homiy ruhlar, “Navro‘z chumchuq” obrazi, “o‘lik bacha” marosimi va to‘y-udumlarda oq rangning qo‘llanishi ranglarning ijtimoiy-madaniy ahamiyatini ko‘rsatadi. Turkiy xalqlarda ot kultida ham rang ramzlari markaziy o‘rin egallagan bo‘lib, “Alpomish” dostonidagi Boychibor otining ola rangi bunga yorqin misol sanaladi. Kalit so‘zlar: rang konsepti, xalq og‘zaki ijodi, mifologik obraz, ramz, shomonlik marosimi, ot kulti, turkiy xalqlar. Annotation. This article analyzes the mythological and symbolic layers of the concept of color in Uzbek folk art. Colors – white, black, blue, red, yellow, green – are interpreted not only as an aesthetic tool, but also as a symbol of ancient beliefs and worldviews. The semantic richness of colors in the thinking of ancestors is illuminated through images such as a white horse, a white beard, a black day, a yellow hair, and a red cloak found in folk tales and epics. Also, in shamanic ritual sacrifices, the color of the animal was chosen in connection with the color of the spirit that “caused harm.” Magical lights, guardian spirits in epics, the image of the “Navruz sparrow,” the “dead bacha” ceremony, and the use of white in wedding rituals demonstrate the socio-cultural significance of colors. Color symbols also played a central role in the cult of the horse among Turkic peoples, and the spotted color of the horse Boychibor in the epic “Alpomish” is a vivid example of this. Keywords: color concept, folklore, mythological image, symbol, shamanic ritual, horse cult, Turkic peoples. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi namunalari – ertak, doston, afsona va maqollarda oq, qora, ko‘k, qizil, sariq, yashil kabi ranglar turli ma’nolarni ifodalash bilan birga, mifologiyalashtirilgan birliklarning mazmuniy qatlamini boyitadi. Masalan, oq rang poklik, ezgulik, himoya ramzi sifatida talqin qilinsa, qora rang ko‘pincha yovuzlik, kulfat va sinovlarni bildiradi. Shu bilan birga, ko‘k rang osmon va ilohiy kuch bilan, qizil rang esa hayotiy quvvat va muhabbat bilan bog‘langan. Bu jihatlar xalq og‘zaki ijodida shakllangan mifologik obrazlarning badiiy tabiatini ochib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
142 Mifologiyalashtirilgan birliklarda ranglar nafaqat estetik vosita, balki qadimgi e’tiqodiy qarashlarning timsoli sifatida ham xizmat qiladi. Xalq ertaklaridagi oq ot, oq soqol, qora kun, sariq soch, malla chopon singari tasvirlar, shuningdek, dostonlardagi ranglar bilan bog‘liq ramzlar ajdodlarimizning dunyoqarashida ranglarning o‘ziga xos konsept sifatida shakllanganidan dalolat beradi. Bu esa xalqning ongida ranglarning ramziy qiymati naqadar mustahkamligini ko‘rsatadi. Rang konseptining xalq og‘zaki ijodidagi voqelanishini o‘rganish orqali biz nafaqat til birliklarining semantik imkoniyatlarini, balki milliy-madaniy qadriyatlar, mifologik tasavvurlar va xalq tafakkurining o‘ziga xos qirralarini ham anglaymiz. Shu asosda rang konsepti xalq og‘zaki ijodidagi mifologik birliklarning shakllanishi va rivojlanishida beqiyos ahamiyat kasb etadi. Xalqning qadimiy dunyoqarashida ranglar nafaqat predmetning tashqi belgisi sifatida, mifologik tasavvurlarda rangning “aynan” mos tushishi uchun ham muhim hisoblangan. Bu degani – qaysi rangdagi ruh yoki hodisa zarar yetkazgan bo‘lsa, uni daf etish yoki yengish uchun ham xuddi shu rangdagi qurbonlik yoki ramziy amal bajarilgan. Aynan qaysi rangli dev yoki ajinalar zarar yetkazgan bo‘lsa shu rangdagi hayvonlar qurbonlik qiligan. Masalan, Shomonlik marosimlarida ko‘pincha ziyon yetkazgan ruhlarga bag‘ishlab qurbonliklar qilingan. Qurbonlik qilinayotgan hayvon rangi “ziyon yetkazgan” ruhlar bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Agar kasallik sababchisi oq devlar yo oq pari bo‘lsa, oq rangli qo‘y yoki qora dev, qora momolar zarar yetkazgan bo‘lsalar qora qo‘y, echki, tovuq so‘yilgan. Odatda qurbonlikka atalgan hayvon erkak kishi tomonidan ziyon yetkazgan momolar, ins-jinslarning nomi aytilib so‘yiladi. Farg‘ona vodiysida ko‘pincha qora va sariq rangli qo‘y so‘yilgan. Qurbonlik sifatida so‘yilgan jonivorning qonidan bemorning tanasiga surtilar va bu ruhlar uchun go‘yo ozuq hisoblanar ekan. Shomirza qishlog‘ilik Havoxon baxshi devlar ziyon qilib iligi qurib qolgan odamga qo‘y, Qora qiz momo ziyon yetkazgan bemorlarga esa tovuq qurbonlik qilishni buyurgan. Ayrim hollarda homiy ruhlar qurbonliklar bilangina cheklanmaganlar. Homiy ruhlar shomonlardan o‘zlarini sevishlarini ham talab qilganlar. Tanlangan odam pari ruh muhabbatiga javob qaytarmasa, uning xizmatiga kirmasa, parilar ularni turli kasalliklar bilan jazolaganlar. Odatda, bunday shomonlar ayol kishi bo‘lsa turmush o‘rtog‘idan, erkak bo‘lsa ayolidan birmuncha vaqt uzoqlashgan. Vodiylik Meyli va Saodat baxshilarning homiy ruhlari erkaklarni ko‘rishni, ularga fol ochishni va uzoq vaqt muloqotda bo‘lishni ta’qiqlaganlar. Ba’zida ruhlar baxshilarni hatto o‘z “jinsini almashtirish” ga ham majburlar ekan. Bunda erkak shomonlar ayollarcha kiyinib, ayollarga xos yumushlarni bajarganlar, yurish-turish, muomalada ayollarga taqlid qilganlar. Vodiyning Chust tumani G‘ova qishlog‘ida yashagan Toshmat baxshi ham
143 “jinsini almashtirgan”. U doimo ayollar libosini kiyib yurgan. Chunki Toshmat baxshiga erkaklar kiyimini kiyishga uning homiy ruhlari yo‘l qo‘ymas ekan 1 . Yoki “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi” dostonida homiy-personaji qahramonga ikki dona par berib: “Parlarning xosiyati shuki, badaningga surtsang gohi yosh bo‘lasan, gohi qaritoblanib, har xil odam bo‘lib qolasan. Oq parni badaningga surtsang qora odam, qora parni suykasang qora soqol bo‘lib qolasan”, 2 - deydi. “Gulixiromon” dostonida tasvirlanishicha, Gardonshohning pistirmasiga duch kelib, yaralangan Avazxon behush yotganida, Xiromon uning ustiga kelib qoladi. U yoriga yordam bermoqchi bo‘lib, uning sovutini kiyib, sochini boshiga tuyib, jangga otlanar ekan, Avazxonning sehrli patlar to‘g‘risida aytgan so‘zlari esiga tushadi: “Avazxon aytgan edi: “Oq parni, ko‘k parni xosiyati – bu nisbiy Chambilda davlatda, kishi yov zo‘rlik qilganda ko‘k parni manglayiga sursa, xuddi dushmanlarning o‘ziga o‘xshab qoladi. Oq parni G‘irotning manglayiga sursa, xuddi dushmanlarning otiga o‘xshab, cho‘mmoq bo‘ib qoladi”. Xiromon bu parlarning birovini otga, birovini o‘ziga surtdi” 3 . “Xushkeldi” dostonida esa Qaldirg‘och maston o‘z yurtiga kelgan qari chol Go‘ro‘g‘li ekanini bilib, yoqasidan tutib, Xunxorshohning huzuriga olib boradi. Xunxorshoh bu cholning Go‘ro‘g‘li ekaniga ishonqiramaganida Qaldirg‘och maston shunday deydi, Xunxor, buning ikkita pari bor, qadimgi xosiyatli yo‘q bo‘lib ketgan qushlarning nusxasi. Oq parni betiga suykasa, shunday chol, qora parni betiga surtsa, yigit bo‘ladi. Shunday qilib, oq parni betiga suykab, bobo bo‘lib yuribdi. Agar shunday qilmasa, buni hamma taniy beradi-da 4 . Folklorshunos olim B.Sarimsoqovning yozishicha, “Shimoliy Farğona cho‘ponlari erta bahorda “navro‘z chumchuq“ deb ataluvchi qushning uchib kelishi vaqtiga va uning, rangiga e’tibor berganlar: agar u oq rangli bo‘lsa, yog‘ingarchilik kam bo‘ladi, sariq tusli bo‘lsa, yomg‘ir ko‘p yog‘adi, deb ta’bir qilganlar. “navro‘z chumchuq” cho‘ponlarning yoz davomida doimiy hamrohlari hisoblanadi. Kuzda o‘sha qush hadeb o‘zini suruv ichiga uraversa, demak, yaqin orada bo‘ron turishi kuzatilgan. Buni yaxshi bilgan cho‘pon chorvani tezroq pastga olib tushishga harakat qilgan 5 . Ushbu an’ana shuni ko‘rsatadiki, xalq qadimdan tabiatni faqat tashqi hodisa emas, balki ramzlar, belgilar va signallar tizimi sifatida idrok qilgan. “Navro‘z 1 Mirzayev T., Rahmonova M. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi: baxshilik va shomonlik an’analari. – Toshkent: Fan, 1988. – 198 b. 2 Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi / Dostonlar. O‘zbek xalq ijodi. – Toshkent: Adabiy san’at nashriyoti, 1967. – B. 3 Gulixiramon / Dostonlar. O‘zbek xalq ijodi. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1965. – B. 282. 4 Ergash Jumanbulbul o‘g‘li. Dalli Xushkeldi / Dostonlar. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1972. – B. 300. 5 Sarimsoqov, B. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi. – Toshkent: O‘qituvchi, 1981. – B. 246.
144 chumchuq” obrazi folklorda faqat qush emas, balki faslni belgilovchi, iqlimni bashorat qiluvchi ramz sifatida qadrlangan. Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi G‘amxo‘r qishlog‘ida bir kecha kun shamol esib, quyun bo‘lib, odamlarni bezor qilsa, momolar eski lattalardan “o‘lik bacha” yasaydilar. Tayyor bo‘lgan “o‘lik bacha”ni oq matodan qilingan kafanga o‘rab, ko‘tarib qishloq ko‘chalari bo‘ylab yuradilar 6 . “O‘lik bacha” yasash — bu ruhlarni aldaydigan va ularga ramziy qurbonlik sifatida taklif etiladigan odamga o‘xshatilgan buyumdir. Uni oq mato — kafan ramzi bilan o‘rash, marosimning dafn bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi, ya’ni yovuzlikni “ko‘mish” yoki uni “olib chiqib ketish” g‘oyasi mujassam bo‘lgan. Oq rang – poklik va ajralish ramzi bo‘lib, “o‘lik bacha”ni ruhiy olam bilan bog‘lovchi vosita sifatida qabul qilingan. Xalqimizda beshik to‘yi o‘tkaziladigan hovliga yetib kelganda, mehmonlarni yuzlariga un surtish bilan kutib oladilar. Bu bilan bolaning yuzi oppoq bo‘lishiga ramziy ishora qilinadi. Ko‘chmanchi xalqlar to‘y qilishdan oldin kelinga yangi o‘tov tikishgan, bu o‘tovning rangi oq bo‘lishi kerak bo‘lgan. Yangi kelin kelgach, “bo‘sag‘a o‘pdi” marosimi bo‘lib, unda kelin ikki qo‘li bilan bo‘sag‘ani (ostona)peshonasini uch marta tekkizilgan 7 . Kelin uchun oq o‘tov tikilishi – uning yangi hayotga “oq yo‘l” bilan qadam qo‘yishini ta’minlash. Shu marosim orqali oq rang lingvokulturologik kod sifatida ishlaydi: u nafaqat tashqi bezak, balki madaniy-semantik xabardir. Turkiy xalqlarda ot kulti alohida ahamiyatga ega. Nasldor arg‘umoqlarining ovozasi qo‘shni mamlakatlarda ham tarqalgan bu qabilalar o‘z otlarining rangi bilan ajralib turardilar. Xususan, g‘arbiy turkiylarda oq, sharqda bo‘z, shimolda qora, janubda to‘riq rangli otlar boqilgan. Turkiylarning udum va marosimlari ularning totemistik irimlari orasida otga sig‘inishi yetakchi rol o‘ynaganligi uchun otga topinish asosiy mavqeni egallagan. Ular Ko‘k va boshqa ruhlar sharafiga otlarni qurbon qilganlar 8 . Ot kulti nafaqat marosimiy amaliyotlarda, balki xalq og‘zaki ijodida ham aynan rang ramzlari orqali o‘z ifodasini topgan. Bunga “Alpomish” dostonidagi Boychibor otining ola rangi yorqin misol bo‘ladi. Jangovor ot – Boychibor Tarlon biyadan tug‘ilgan bo‘lib, tusi ola. Boybo‘rining yilqisida tarlon bor edi. Shu ola rangli biya bir qulun tug‘adi. Qultoy bu qulunni tulpor bo‘ladi deb Boybo‘riga keltirib bergan. Boybo‘ri tarlon biyaning qulunini necha yil tablada boqib yotdi. Xalq udumiga ko‘ra ola otning o‘ynoqlagani yaxshilikdan darak bermaydi. Boybo‘ri “bu yomonlagurning o‘ynagani ham yaxshilikka emas” deb 6 Jo‘rayev M., O‘rayeva D. O‘zbek mifologiyasi. – Toshkent: Excellent Polygraphy, 2020. –143 b. 7 Jo‘rayev M., O‘rayeva D. O‘zbek mifologiyasi. – Toshkent: Excellent Polygraphy, 2020. – 158 b. 8 Potapov L. P. Kon’v verovaniyax i epose narodov Sayana-Altaya // Folklor i etnografiya. – Moskva, 1677. – S. 173.
145 tabladan chiqarib yilqilarga qo‘shib haydab yubordi. Ola ot haqidagi xalq qarashlari qozoqlar orasida keng tarqalgan “alatayday bo‘lbergan” (olatoyday sho‘xlik qilgan) iborasida ham o‘z ifodasini topgan. Ola toy karomatli deb bilingan va uning bezovta kishnashi dahshatli vojeadan darak bergan. Oq ot esa real dunyo bilan ko‘zga ko‘rinmas dunyoni o‘zaro tutashtirib turadi. Quyrug‘i uzun va tekis otlar ham juda maqbuldir. Bo‘z ot – Xizrning oti sanalib, u qanotli deb tasavvur qilingan. Demak, quyruqli oq bo‘z ot – xayrli, ilohiy, eng maqbul va yaxshi ot. To‘riq ot esa – qora-qizil tusli bo‘lib, insonga yaxshi va sadoqatli xizmatkor bo‘la oladi 9 . Turkiy xalqlarda otning nafaqat mavjudligi, balki rangi ham ijtimoiy-madaniy mazmun sifatida muhim o‘rin tutgan. Ranglar orqali hududlar, marosimlar va mifologik tasavvurlar o‘zaro uyg‘unlashgan. Ayniqsa, dostonlarda otning rangini alohida ta’kidlash, ot obraziga karomatiy va belgi bеruvchi vazifa yuklagan. Shu tariqa, ranglar turkiy xalqlarning dunyoqarashida ot kultining lingvokulturologik markazi bo‘lib xizmat qilgan. Demak, xalq og‘zaki ijodida ranglar faqat tashqi belgini emas, metaforik ma’noni, da’volovchi, sehrli ma’nolarni ham anglatadi Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mirzayev T., Rahmonova M. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi: baxshilik va shomonlik an’analari. – Toshkent: Fan, 1988. – 198 b. 2. Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi / Dostonlar. O‘zbek xalq ijodi. – Toshkent: Adabiy san’at nashriyoti, 1967. 3. Jo‘rayev M., O‘rayeva D. O‘zbek mifologiyasi. – Toshkent: Excellent Polygraphy, 2020. – 158 b. 4. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li Dalli Xushkeldi / Dostonlar. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1972. – B. 300. 5. Sarimsoqov, B. O‘zbek xalq og‘zaki ijodi. – Toshkent: O‘qituvchi, 1981. – 246 b. 9 Jo‘rayev M., O‘rayeva D. O‘zbek mifologiyasi. – Toshkent: Excellent Polygraphy, 2020. – 80 b.