scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK TILIDA OQ RANG-TUS MIKROSISTEMASINING DIAXRON VA SINXRON TALQINI

D.I. Jo'rayeva

Full text

157 O‘ZBEK TILIDA OQ RANG-TUS MIKROSISTEMASINING DIAXRON VA SINXRON TALQINI D.I. Jo‘rayeva Turon universiteti magistranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441424 Annotatsiya: Maqolada sifat so‘z turkumining makro va mikrosistemalarga munosabati tanlab olingan bo‘lib, rang-tus makrotizimining bir qismi hisoblanmish “oq” mikrotizimining diaxron va sinxron analizi turkiy tillar, xususan, o‘zbek tili doirasida misollar yordamida talqin etilgan. Shuningdek, rang-tus sememali so‘zga diaxron talqinda yondashish so‘zdagi shakl va mazmun nomutanosibligi asimmetrik dualizmni vujudga keltirishi mumkinligi isbot etilgan. Tayanch so‘zlar: makrosistema, mikrosistema, fonetika, tarixiy fonetika semantika, bobotil, cho‘ziqlik, turkiy tillar, etimologiya, etimologik talqin. Mikrosistema (yunoncha: mikros – kichik; sestema – tarkibiy qismlardan iborat yaxlit butunlik) sistemaviy tahlilning muhim tushunchalaridan biridir. Bu atama tabiatan murakkab bo‘lib, o‘zidan kattaroq bir sistema (butunlik) tarkibiga tarkibiy qism (element, birlik) sifatida kiruvchi (qo‘shiluvchi, tobelanuvchi) butunlikka nisbatan ishlatiladi. Tarkibiy mikrosistemalardan iborat bo‘lgan butunlik, yaxlitlik makrosistema (yunoncha: makros – katta) deb yuritiladi. Demak, mikrosistema va makrosistema tushunchalari o‘zaro pog‘onali (iyerarxik), kattakichiklik munosabatlarida bo‘ladi; makrosistema mikrosistemalardan iborat yaxlitlikdir. Buni quyidagicha ko‘rsatish mumkin (MK – makrosistema; MI – mikrosistema): (1-chizma) 1-chizma So‘z va uning ma’nolari haqida akademik V.V.Vinogradovning quyidagi mulohazalarini eslab o‘tish o‘rinli: “Har qanday til ham har bir aniq ideyani mustaqil so‘z bilan yoki o‘zak orqali ifoda etib berishga ojizlik qiladi. Tajribaning aniqligi cheksizdir, eng boy tilning ham resurslari qat’iy chegaralanmagandir. Til, ayrim aniq Ot Sifat Ot+s i fat 158 yo yarim aniq tushunchalarda vazifaviy bog‘lanish vositasi sifatida foydalanib sonsanoqsiz ma’nolarni u yoki bu tushuncha tarmoqlari bo‘yicha taratib boradi” [1]. Bir so‘z bir necha ma’noda qo‘llanishi mumkin, bu ma’nolardan bittasi (birinchisi) so‘zning asl lug‘aviy ma’nosi bo‘lsa, qolganlari ko‘chma yoki qo‘shimcha ma’nolaridir, bunday hol barcha tillarga ham xos. So‘zning ma’nolari haqida gapirganda R. Yakobson quyidagi terminlardan foydalanadi: “основное значение” vа “частные значения”. Bularning ichidan yana “главное значение” termini ostida so‘z ma’nolarini ajratadi. 1935-yildan boshlab muallif “первичная” и “вторичная” семантическая функция” atamalariga oid guruhlarni kiritadi. Ba’zan esa so‘z ma’nolarida shunday hodisalar yuz beradi, so‘zlarning asl ma’nolari, keyin paydo bo‘lgan ma’nolari ortida qolib yoki so‘zniig asl ma’nosi zaiflashib ko‘chgan ma’nolar oldingi rejaga o‘tib oladi. Shuni ham aytish mumkinki, so‘zning asl ma’nosi butunlay tugab, faqat keyin paydo bo‘lgan ma’noda iste’mol etila boshlash hodisalari ham uchraydi O‘zbek tilida rang-tus lug‘aviy mikrosistema (LMS) semantik serma’nolik xususiyatiga ega. Bu so‘zlarning tilimizda shakllanish tarixi juda uzoq davrlarga borib taqaladi. Bu davr rang anglatuvchi so‘zlarning ilk shaklini va ma’nolarini yetarli darajada xiralashtirgan, keng plandagi sinxronik va diaxronik ilmiy-lisoniy tadqiqotlargina ularning mohiyatini oydinlashtirishi mumkin. Chunonchi, oq LMSning diaxronik va sinxronik talqinini quyidagicha tasnif etish mumkin: 1. Oq – o‘zbek tilida sifat so‘z turkumiga mansub so‘z bo‘lib, deyarli barcha turkiy tillarda fonetik o‘zgarish va semantik siljishlar bilan qo‘llanadi. Masalan, qirimtatar, qorachoy-balqar, qirg‘iz, qozoq, tatar, boshqird, uyg‘ur, lobnor, oltoy va tuva tillarida – a:q/a:g‘; ozarboyjon va turk tillarida – ag‘/a:q; turk tilining ayrim lahjalarida, xakas va qaraim tillarida – ax; faqat o‘zbek tilida oq shaklida qo‘llanadi. Aslida a:q/a:g‘ juda qadimiy. Bobotil davrida oltoy tillarida ikkita cho‘ziqlik: dastlabki cho‘ziqlik va keyingi cho‘ziqliklar qonuniyat sifatida mavjud edi. Shuning uchun ham bir qator turkiy tillarda a:q/a:g‘ ko‘rinishi hamon saqlanib qolgan. Ammo bu fonetik hodisa faqat shaklan tarixiy qoldiq sifatida tillarda yashab kelmoqda. Hozir esa bu so‘zning zohiriy shakli dastlabki yoki fonologik cho‘ziqlik keyingi yoki fonetik cho‘ziqlikka aylanib bo‘lgan. Turkiy tillarda bu so‘z oq ranggiga semantik bog‘liq holda quyidagicha qo‘llanadi: turkman, turk, qorachoy-balqar tillarida – oqlik; turkman, turk, ozarbayjon, qo‘miq, kabarda-balqar tillarida – ko‘zga tushgan oq; turk, ozarbayjon, gagauz, qrimtatar, qo‘miq, qorachoy-balqar, qarayim, qirg‘iz, oltoy, xakas, tuva tillarida – tuxumning oqi; tatar va xakas tillarida – oqish; turk, qarayim, qo‘miq, 159 qorachoy-balqar, tatar, boshqird, xakas, tuva tillarida – oq tushgan; xakas tilida – ajoyib, zo‘r ma’nolarini ifoda etadi. Oq so‘zining etimologiyasi ham turlicha, chunonchi, H.Vamberi talqiniga ko‘ra ay (oy) so‘zi bilan bog‘lanadi [2]. Dastlab aq o‘zagidagi portlovchi q sirg‘aluvchi g‘ ga o‘tgan, davrlar o‘tishi natijasida g‘ ning yumshalishi (palatalizatsiyasi) sirg‘aluvchi, til o‘rta y ni yuzaga keltirgan. Bu tasnifning isboti o‘zbek tilida ham o‘z aksini topgan. Ya’ni, oydin so‘zini tarixan oy+din<ay+din<ay+tun<aq+tun qolipidagi tadrijiy taraqqiyotining natijasi bo‘lib, uning ibtidosi aq va tun leksemalaridan boshlanganligi aniq. Misol: Ko‘runub ko‘zga oydindek namudi, Quyosh zarrishtasidin toru rudi. (FSh, 66-bet) K.Menges va M.Rasyaninlar esa a:q~aq so‘zlarini xitoy tilidan āq<haq<xitoycha rāk tarzida o‘zlashganligini qayd qiladi [3]. Bu tasnif haqiqatdan bir muncha uzoq. Qattiq o‘zakli, buning ustiga uch fonemali so‘zdan ikki morfemali, til o‘rta, tallaffuzi yumshoq fonemali so‘zning yuzaga kelishiga bahstalabdir. Tarixiy fonetikadan ma’lumki, oltoy tillarining dastlabki taraqqiyot bosqichida unlilarning ikki ko‘rinishli – cho‘ziq va qisqa bo‘lgan. Shu nazariyaga asoslanib O.N.Tuna a:q so‘zidagi cho‘ziqlikning yo‘qolishi yondosh kelgan unlilarning qisqarishi natijasida hosil bo‘lgan, deydi [4]. Bu – hаqiqаt; til dоimо iхchаmlikkа, tejаmkоrlikkа, iqtisоd qilishgа intilаdi. G.Dyorferning etimologik talqiniga ko‘ra a:q~aq so‘zi boshqa ranglar singari turkiy xalqlarning urf-odatlari asosida shakllangan, yoki boshqa tillardan o‘zlashgan bo‘lishi ham mumkin [5]. Ya’ni olim mantiqan H.Vamberining ehtimolini tasdiqlaydi, ikkinchi tomondan esa K.Menges va M.Rasyaninlarning fikrilariga ham qo‘shiladi. “Turkiy so‘zlar lug‘ati”da ham aq so‘zi oq ma’nosida qo‘llanganligi qayd qilinadi [6]. Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida a:q cho‘ziq talaffuz qilinganligi keltiriladi: a:q saqal – soch-soqoli oqargan tarzida [7]. Demak, eski turkiy til davrida ham unlilar ikki ko‘rinishli bo‘lgan: aq//a:q. Bu omonim so‘zlarning biri – sifat, ikkinchisi – fe’l so‘z turkumiga xos bo‘lgan. Aqturur közum yolaq , Töshlänur ördäk yog‘aq. Alisher Navoiy asarlari tilida oq sifatini narsa-jism otining aniqlovchisi sifatida qo‘llagan: Inoyat оyinidin xomam sari boq, 160 Qizil ayla yuzum, nomamni ham oq FSh (7-bet). Navoiy asarlari tilida bu sifat otlashgan ko‘rinishda ham iste’mol etilgan, bunday holat ifoda imkoniyatini kengaytirish, belgi ustuvorligini kengaytirish uchun qo‘llangan: Oqu qaro uzra berib ishtihor, Mushk ila kofurini laylu nahor (HA, 5-bet). Professor Sh.Rahmatullayev bu so‘z tadqiqiga quyidagicha yondashgan: “OQ “qor, sut rangidagi”. Bir o‘ram o q qog‘oz sotib oldim. Qadimgi turkiy tilda ham shunday ma’noni anglatgan bu sifat a:q tarzida talaffuz qilingan (ESTY, I, 116; Devon, I, 109), o‘sha davrlardayoq a: unlisining cho‘ziqlik belgisi yo‘qolgan (DS, 48); o‘zbek tilida a unlisi a unlisiga almashgan: a:q > aq > aq” [8]. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning uchinchi jildida bu sifatning 12 ma’nosi keltirilgan bo‘lib, ularning barchasi oq leksemasining nutqiy ma’nolari hisoblanadi. Vaholanki, oq so‘zi bundan-da ko‘p ma’nolarni ifodalash imkoniga ega. Ko‘rinadiki, turkiy tillardagi, xususan o‘zbek tilidagi aq ~ oq tabiat hodisalari, samoviy o‘zgarishlar yoki osmon jismlari asosida bunyod bo‘lgan, degan xulosaga kelish mumkin. Demak, sifat so‘z turkumini, xususan, uning ma’no turi hisoblanadigan rangtus ifodalovchi so‘zlarni ikki tomondan: a) ot so‘z turkumi jihatidan ham; b) sifat so‘z turkumi jihatidan ham talqin qilish mumkmn; ularning har ikki xususiyati semantik jihatidan bir nuqtada kesishadi; bu esa tilda shakl va mazmun bog‘lanishida asimmetrik dualizm mavjudligini ko’rsatadi Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Виноградов В.В. – М.: Русский язык, 1967, стр. 15. 2. Vambery H. Etemologiaches Wörterbuch der Turko-tatarichen Sprachen. Leipzig, 1978. – Р. 5. 3. Räsänen M. Uralaltaishe Forschungen. P UAJb., Bd XXV, Heft. P2, 1953. Р. 104. 4. Tuna O.N. Kötürk yazılı belgilerende ve Uygurchada uzun vokaller. – TDAY – B., 1960. – Р. 214. 5. Doerfer G. Die Entsprechungen der türkichen langvokale im Tugusichen. – UAJb., Bd.40, Heft 1–2, 1968. – Р. 84–85. 6. Древнетюркский словарь. –Л.: Наука, 1969. – Р. 42. 7. Девону луғотит турк. Нашрга тайёрловчи ва таржимон С.Муталлибов. – Тошкент: ФАН. I том. 1960. – Б. 109. 8. Раҳматуллаев Ш. Ўзбек тилининг этимологик луғати (туркий сўзлар). 9. Тошкент: Университет, 2000. – Б. 262.