MAXSUS SOHA LUGʻATLARIDA TILSHUNOSLIK TERMINLARINING BERILISHI
Full text
164 MAXSUS SOHA LUGʻATLARIDA TILSHUNOSLIK TERMINLARINING BERILISHI Salomova Gulshoda Alixanovna Qarshi davlat universiteti Filologiya fakulteti 10.00.01– Oʻzbek tili ixtisosligi 1-kurs tayanch doktoranti E-mail:[email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441502 Annotatsiya: Maqolada tilshunoslik terminlarining maxsus soha lug‘atlarida berilishi, izohidagi farqlar haqida so‘z boradi va turli misollar bilan taqqoslanadi. Bu tadqiqot lingvistik terminologiya, terminografiya taraqqiyoti, terminologik korpus, terminologik ma’lumot bazalarini yaratishga o‘z hissasini qo‘shadi. Kalit so‘zlar: terminologiya, termin, tilshunoslik, izohli lug‘at, soha lug‘ati. Аннотация. В статье рассматриваются особенности представления лингвистических терминов в специализированных отраслевых словарях, а также различия в их толкованиях. Анализ сопровождается сравнением на основе различных примеров. Данное исследование вносит вклад в развитие лингвистической терминологии, терминографии, а также в создание терминологических корпусов и информационных баз данных. Ключевые слова: терминология, термин, языкознание, толковый словарь, отраслевой словарь. Hozirgi davr tilshunoslik fanida ilmiy tushuncha va hodisalarni ifodalashda ishlatiladigan maxsus terminlarning aniqligi, izchil qo‘llanilishi va ilmiy jamoatchilik tomonidan bir xil tushunilishi muhim ahamiyatga ega. Tilshunoslik terminlari ham boshqa soha terminlari kabi, ilmiy muloqotning ajralmas qismi bo‘lib, til tizimidagi birliklar, ularning shakl va mazmun xususiyatlarini nomlashda asosiy vosita hisoblanadi. Mazkur terminlar, odatda, izohli lug‘atlar, maxsus terminologik lug‘atlar, ensiklopediyalar va o‘quv adabiyotlari orqali keng jamoatchilikka yetkaziladi. Ularning aniq va izchil talqini,mazmun doirasining toʻgʻri belgilanishi tilshunoslik fanining samarali rivojlanishini ta’minlaydi.Shu nuqtayi nazardan, maxsus soha lugʻatlarida tilshunoslik terminlarining berilishi masalasi alohida oʻrganishni talab qiladi. Zero, umumiy izohli lugʻatlar bilan solishtirganda, maxsus lugʻatlar terminlarning tor soha doirasida yanada batafsil va ilmiy asoslangan tarzda yoritilishiga e’tibor qaratadi. Tilshunoslik terminlarining maxsus lug‘ati haqida soʻz ketganda hozirgacha nashr etilgan uch lugʻatni keltirish mumkin. Ularning birinchisi 1985-yilda A.Hojiev tomonidan nashr etilgan boʻlib[1], ushbu lugʻatda …ta termin kiritilgan. Ikkinchi lugʻat 2002-yil A.Hojiev tomonidan «Tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati» nomi ostida nashr etilgan boʻlib, ushbu lugʻatdan 1700 ta tilshunoslik
165 terminlari oʻrin olgan[2]. Maktab darsliklari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari darsliklarida qoʻllanilgan tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati ham yaratilgan[3]. N.Mahkamov va I.Ermatovlarning ushbu lugʻatidan 1500 ta tilshunoslik terminlari oʻrin olgan. Biz ushbu maqolada keyingi ikki lugʻatga kiritilgan terminlar xususida fikr yuritishga harakat qilamiz. Akademik A.Hojiev ta’kidlaganidek, «…terminologiyaga oid barcha ishlarning muvaffaqiyatli hal etilishida har bir sohaga oid terminlarni toʻla qamrab olgan terminologik lugʻatlarni, ayniqsa, izohli terminologik lugʻatlarni tuzish muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday lugʻatlarda har bir terminnning oʻzi atayotgan tushunchaning, narsa-hodisaning mohiyatini qay darajada toʻgʻri, toʻliq va aniq ifodalashni belgilash muhimdir[2]». Ushbu lugʻat respublikamiz mustaqillikni qoʻlga kiritgandan soʻng, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy hayotimizda yuz bera boshlagan jiddiy oʻzgarishlar jarayonida chop etilgani bilan ham ahamiyatlidir. Bundan tashqari, birinchi lugʻatning qayta ishlanishi va nashr etilishiga tilimizga davlat tili maqomining berilishi ham sabab boʻlgani aniq. Buni sobiq ittifoq davrida bosh soʻz sifatida olingan, ayni paytda terminlarning oʻzbekcha muqobillariga havola qaratilgani ham koʻrsatib turibdi. Lugʻatlarda keltirilgan ayrim misollarga murojaat qilamiz: ABBREVIATURA (ital. abbreviatura < lot. abbrevio - qisqartiraman) q. Qisqartma soʻzlar[2]. Endi ushbu terminning 2 tomli va 6 jildli izohli lugʻatlardagi talqini bilan solishtirib koʻramiz. 2 tomli lugʻatda: ABBREVIATURA [r<ital.] lingv. 1. Qisqartma qoʻshma soʻzlar. Mas. Kolxoz (kollektiv xoʻjalik), rayijrokom (rayon ijroiya komiteti), dramtoʻgarak (dramatik toʻgarak). / Bir necha soʻzning bosh harflaridan tuzilgan qisqartmalar, mas. KPSS, SSSR, OʻzSSR, TASS. 2 Shartli qisqartmalar, mas. va h. k. (va hakozo), va sh .k. (va shu kabilar), q. (qarang)[4]. 6 jildli lugʻatda: ABBREVIATURA [ital. abbreviatura < lot. abbrevio – qisqartiraman] tilsh. ayn. qisqartma soʻzlar. Dramtoʻgarak (drama toʻgaragi), DAN (Davlat avtomobil nazorati), XDP (Xalq-demokratik partiyasi) kabi[5]. Taqqoslashlardan koʻrinib turibdiki, izohli lugʻatning yangi nashri ancha takomillashtirilgan. Berilgan koʻplab misollar yangilangan. Talqinlarda ham oʻzgarish, yangilanish amalga oshirilgan. Eng asosiysi, maxsus terminologik lugʻatdagi talqin bilan yangi nashrdagi talqin mos tushadi.
166 Boshqa misollar: MATN. Yonma-yoni harflar, yozuv orqali aks ettirilgan nutq, umuman nutq parchasi; tekst[2]. 2 tomli izohli lugʻatda: TEKST [r < lat.] 1. Yozilgan, koʻchirilgan yoki bosilgan ijodiy, ilmiy asar, nutq, hujjat va sh .k. yoki ularning bir parchasi; matn. Lenin asarlari teksti. Maqolaning teksti. Xarakteristikaning teksti. – Jumlalari turar tekis, zumda varaq chiqar egiz.. Gazeta, jurnal, kitob Tekstlari oʻqishga bop. K.Muhammadiy[4]. 6 jildli izohli lugʻatda: MATN. [a. – yelka; nutqning yozuvdagi ifodasi, tekst] 1. Yozuvda yoki bosma holda shakllantirilgan mualliflik asari yoki hujjat. Begona tildagi matnni tarjimon oʻzi uchun talqin etishi bilan uni oʻz tilida boshqalarga atab qayta yaratishi oʻrtasida ulkan tafovut bor. Gʻ. Salomov. Tarjima nazariyasiga kirish. 2. Bosma nashrning rasm, chizmalarsiz asosiy qismi[5]. 2 tomli izohli lugʻat sobiq ittifoq davrida nashr etilgani bois bosh soʻz tekst sifatida olingan, illustrativ misollar ham bevosita oʻsha davr siyosiy hayotini aks ettirgan. Keyingi nashrda esa bosh soʻz matn deya olingan, talqinlar va illustrativ misollar tamoman yangilangan. Terminologik lugʻatda esa talqinning faqat bir ma’nosigina aks etgan. Lugʻatdagi izohni yanada takomillashtirish imkoni bor deb oʻylaymiz. A.Hojievning «Tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati»da terminlarning etimologiyasi ham koʻrsatilgan. Lugʻatga kiritilgan terminlarning katta qismi oʻz qatlamga kiruvchi terminlardir. Shuningdek, oʻzlashma qatlam terminlari ham anchamuncha. Quyida ularning ayrimlariga misollar keltirish bilan chegaralanamiz: abbreviatura (ital.< lot.), abbreviatsiya (lot.), abstrakt (ot) (lot.), avtosemantik (soʻzlar) (yun.), agglyutinatsiya (lot.), akkomodatsiya (lot.), aksent (lot.), allamorf (yun.) kabi. N.Mahkamov hammuallifligida tuzilgan lugʻat xususida ham yuqoridagi fikrlarni aytish mumkin. Har ikki lugʻatda ham terminlarning koʻp ma’noligiga e’tibor berilgan. Masalan, N.Mahkamovlarning lugʻatiga e’tibor beradigan boʻlsak, lugʻatda quyidagi har ikki yoki undan ortiq ma`nosi ham tilshunoslikka tegishli boʻlgan quyidagi terminlar berilganini kuzatamiz. Misollar: ADABIY TIL 1. Ma’lum bir til qoidalari asosida tuzilgan, ishlangan til. Adabiy tilning ikki shakli bor: 1) yozma shakl, 2) ogʻzaki shakl. 2. Tarixan tarkib topgan, qat’iy me’yorlarga buysunuvchi, soʻzlashuvchilarning qaysi hududda yashashidan qat’iy nazar barchasi uchun umumiy boʻlgan til.
167 ADABIY TIL ME’YОRLARI 1. Umumxalq tili boʻlgan adabiy til uchun qabul qilingan me’yor. Mas., doʻppi soʻzi adabiy me’yor, kallapush, qalpoq, takiya soʻzlari esa shevaga xos soʻzlardir. 2. Adabiy til boʻlimlarining ma’lum oʻz konun-koidalariga ega boʻlishi. Bunday me’yorlar har xil boʻladi: 1) leksik me’yor, 2) fonetik me’yor, 3) orfografik me’yor, 4) grammatik me’yor. BIRINCHI SHAXS 1. Fe’llarda harakatning soʻzlovchi tomonidan bajarilishi. Mas., yozdim, ishladim, ishlayapman kabi. 2. Soʻzlovchi. Bu ma’no quyidagicha ifodalanadi: 1) 1-shaxs kishilik olmoshlari bilan : men, biz; 2) egalik shaklining 1-shaxs shakllari bilan; 3) shaxs-son shakllarining 1-shaxs shakllari bilan: bildim, urgatdim, kaytdik kabi. BIRLIK SON 1. Son shaklining bir turdagi ma’nosi va shu ma’noni ifodalovchi shakli Mas., kitob, oʻquvchi, uy, zid. 2. Buyum-narsaning bir (yakka) shaxsga oidligi ma’nosi va shu ma’noni ifodalovchi shakl: ukam, ukang, ukasi, daftarim, daftaring, daftari. 3. Olmoshlarda: shaxsning yakkaligini bildiruvchi turi: men, sen, u. 4. Fe’llarda: harakatni bir (yakka) shaxs bajarishini bildiruvchi son turi: oldim, olding, oldi; aytaman, aytasan, aytadi. Maxsus terminologik lugʻatlarning tahlili terminlarning ilmiy talqinini yanada yorqinroq ifodaalash imkonini beradi. Shu jihatdan, terminologik lugʻat birliklarini ham tadqiq etish ehtiyoji mavjud, deya oʻylaymiz. Maxsus soha lugʻatlarida tilshunoslik terminlarining berilish xususiyatlarini tadqiq etish zamonaviy terminologiya va leksikografiya fanlarining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Ushbu jarayon tilshunoslik atamalarining konseptual mazmunini aniqlash,ularning tizimli va funksional oʻzaro munosabatlarini belgilash hamda terminlarning ilmiy me’yor asosida ifodalanishini ta’minlashga xizmat qiladi.Maxsus soha lugʻatlarining tahlili shuni koʻrsatadiki,unda terminlarning semantic chegaralarini aniq belgilash, ularning paradigmatik munosabatlarini izchil koʻrsatish, shuningdek, izohlarning ilmiy asoslanganligi hamda qoʻllanish doiralarining aniqligini ta’minlash muhim hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, maxsus lugʻatlarni tuzishda tilshunoslik terminlarini yagona konseptual tizim asosida standartlashtirish, ularning shakl va mazmun jihatdan uygʻunligini ta’minlash hamda milliy terminologiya tizimini ilmiy asosda boyitishga yoʻnaltirilgan metodologik yondashuvlarni ishlab chiqish istiqbolli ilmiy vazifa sifatida e’tirof etiladi.
168 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Hojiyev A. Lingvistik terminlarning izohli lugʻati.–Toshkent: Oʻqituvchi,1985 2. Hojiyev A. Tilshunoslik terminlarning izohli lugʻati.–Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti,2002.– 164-b,3-b,9-b,61-b. 3. Ermatov I.R.,Mahkamov N. Tilshunoslik terminlari izohli lugʻati. – Toshkent, “Fan” nashriyoti, 2013. 12-b, 114-b, 45-b, 70-b. 4. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 2 tomli. 1-2-tomlar. – Toshkent: Oʻzbek milliy ensiklopediyasi, 1981.1-том. – Б. 21. 5. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. 6 jildli. 1-6-jildlar. – Toshkent: Oʻzbekiston Milliy Ensiklopediyasi, 2023.1-j,26-b;2-j,557-b. 6. Yevloyeva Z.I. Русская лингвистическая терминология в эволютивном аспекте: диссертация кандидата филологических наук. – Нальчик , 2006. 7. Ermatov I.R. O‘zbek tilshunoslik terminlarining shakllanishi va taraqqiyoti: filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PHD)dissertatsiyasi avtoreferati. – Toshkent, 2019.