scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK TILSHUNOSLIGIDA RAVISH YASALISHI MUAMMOLARI

Xursanova Durdona Juma qizi

Full text

191 O‘ZBEK TILSHUNOSLIGIDA RAVISH YASALISHI MUAMMOLARI Xursanova Durdona Juma qizi Qarshi davlat universiteti 2-bosqich magistranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441547 Annotatsiya. Bu maqolada tilshunoslarning ravish turkumi yasalishi haqidagi turli qarashlari, affiksatsiya va kompozitsiya usulida ravish yasalishi haqidagi mulohazalari yoritilgan. Kalit lar: yasalishi, derivatsiya, konversiya, transpozitsiya, adverbalizatsiya, ravish turkumi, affiksatsiya, kompozitsiya, takrorlanishi. Abstract: This article discusses the different views of linguists on the formation of adverbs, as well as their opinions on the formation of adverbs through affixation and composition. Keywords: formation, derivation, conversion, transposition, adverbalization, adverbial phrase, affixation, composition, repetition. Ma’lumki, o‘zbek tilida oltita mustaqil so‘z turkumi mavjud. Bular qatoriga ravish so‘z turkumi ham kiradi. Boshqa mustaqil so‘z turkumlariga nisbatan ravish yasalishi tilshunoslikda biroz muammoli ekanligi ko‘plab ilmiy adabiyotlarda ta’kidlangan. Buning o‘ziga yarasha sabablari mavjud. Masalan, ot, sifat, fe’l hosil qiluvchi turli xil so‘z yasovchi qo‘shimchalar mavjud. Bu qo‘shimchalarning aynan mana shu so‘z turkumlarini hosil qilishi ham asoslangan. Ammo ravish yasalishi haqida bunday deya olmaymiz. Azim Hojiyevning “O‘zbek tili so‘z yasalishi tizimi” qo‘llanmasida so‘zning qanday usullar va qo‘shimchalar yordamida yasalishi xususida fikr yuritilgan. So‘z yasash deganda, ma’lum bir lug‘aviy birlikdan so‘z yasovchi vosita yordamida yangi so‘z hosil qilish tushuniladi. Masalan, bilim so‘zi bil so‘ziga -(i)m qo‘shimchasini qo‘shish bilan hosil qilingan. Demak, bu usul – qo‘shimcha qo‘shish usuli. Har qanday yasama so‘z ana shunday tarkibiy qismdan – so‘z yasalish asosi va so‘z yasovchidan iborat tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi. Shunday qismlarni biriktirib, so‘z hosil qilish so‘z yasash usulini belgilaydi. [1: 7] Bundan kelib chiqadiki, har bir yangi yasalgan so‘z ikki qismdan tashkil topishi lozim. So‘z mana shunday qismlardan tarkib topmasa yasama so‘z hisoblanmasligi ta’kidlangan. Ya’ni bilim so‘zining yasalishini oladigan bo‘lsak, bil so‘z yasalish asosi, -(i)m qo‘shimchasi esa so‘z yasovchi hisoblanadi. Ammo bir qancha vaqt bu ikki qism bir nom bilan atalib kelingan. Bu nom “so‘z yasovchi”dir. Keyinchalik esa bunday nomlash to‘g‘ri ekanligi o‘z isbotini topgan. Ravish harakat-holat belgisini bildiruvchi so‘z turkumidir. Shu xususiyatiga ko‘ra ravish turkumiga oid so‘zlar asosan fe’lga bog‘lanib keladi. O‘zbek tilida ravishning asosiy xususiyati sifatida esa uning o‘zgarmasligi aytib o‘tilgan. 192 R.Sayfullayeva, B.Mengliyev, G.Boqiyeva, M.Qurbonova, Z.Yunusova, M.Abuzalovalarning "Hozirgi o'zbek tili" o‘quv qo‘llanmasida ravish so‘z turkumiga oid quyidagi fikrlar aytib o‘tilgan: " Tilshunoslar o‘zbekcha ravishni rus tilidagi "наречий"ning muqobili sifatida talqin qilishgan, natijada [kecha], [kunduz], [tong], [oqshom] kabi payt oti, [atrof], [o‘rta], [u yerda], [bu yerda], [old], [orqa] kabi o‘rin oti, [oz], [mo‘l], [butun], [to‘la] kabi miqdor sifati, [keyin], [past], [baland], [yuqori] kabi o‘rin sifati ravish turkumi doirasida o‘rganilgan. Ravishlar mustaqil so‘z turkumi sifatida, o‘ziga xos morfologik belgilarga ega. Bunday belgilardan biri ravishlarning o‘zgarmasligidir: ravishlar biror so‘zga bog‘langanda, formasi o‘zgarmaydi. Ular tarkibida uchraydigan ko‘plik, egalik va kelishik affikslari ham forma yasovchi sifatida qatnashmaydi. Bu affikslar ravishning o‘zak qismiga kiradi, ya’ni shu affiks bilangina u so‘z ravish hisoblanadi yoki bu affiks forma yasovchilardan boshqa vazifada qatnashadi. Masalan, birdan, birga, kunda, chalqanchasiga, birdaniga, yonlamasi(ga), qatorasi(ga) kabi ravishlardagi kelishik va egalik affikslari o‘z asl ma’no va vazifasini yo‘qotgan. [2:399] Grammatikaga oid kitoblarda esa bunday so‘zlarning tarkibidagi egalik va kelishik qo‘shimchalarining qotib qolganligi ta’kidlangan. R.Sayfullayeva, B.Mengliyev, G.Boqiyeva, M.Qurbonova, Z.Yunusova, M.Abuzalovalarning "Hozirgi o‘zbek tili" o‘quv qo'llanmasida "Ayrim til birligida uchraydigan EK, KK shakli ravishning o‘zak qismida soddalashgan, ya’ni o‘zak bilan yaxlit holga kelib qolgan: [birdan], [zimdan], [to‘satdan], [kechasi], [birga] deb ta’kidlanadi. [4:255] Ravish so‘z turkumi o‘zgacha yasalish tizimiga ega. Ravishlar asosan 2 xil yo‘l bilan yasaladi. Bular affiksatsiya va kompozitsiya usulidir. Affiksatsiya yo‘li bilan ravish yasalishi tilimizda qadimdan mavjud bo‘lib, ayniqsa, keyingi vaqtlarda eng unumli usulga aylangan. Ravish yasovchilar ham o‘z navbatida unumli va unumsiz affikslarga ajralib turadi: -cha, -larcha, -chasiga, -iga//- siga, -lab, -deb, -day unumli yasovchilardir: -ona, -an, -n (-in), -lay, -simon kabilar unumsiz yasovchilardir. [3 :529] Yuqorida keltirilgan qo’shimchalarni so‘z yasovchi qo‘shimchalar sifatida qabul qilish ham birmuncha munozarali hisoblanadi. -cha affiksi ot, sifat, olmosh, sifatdosh va ravishlarga qo‘shilib ravish yasaydi. Bu affiks yordamida otlardan ravish yasalishi birmuncha rivojlangan bo‘lib qolgan turkumlardan ravish yasalishi ancha chegaralangan. [3:529] O‘zbek tili grammatikasi kitobida -cha affiksi bilan yasalgan ravishlar ishharakatning bajarish usuli, belgining o‘xshashligi kabi ma’nolarni anglatishi ta’kidlangan. Ammo A.Hojiyevning “O‘zbek tili so‘z yasalishi tizimi” o‘quv qo‘llanmasida bu qo‘shimchani so‘z yasovchi sifatida qabul qilish ma’qul emasligi 193 ta’kidlangan. O‘zbek tilida ravish yasovchi faol qo‘shimchalar deb baholanuvchi -cha, -larcha, -lab kabilarni ravish yasovchi (umuman, so‘z yasovchi) hisoblash mumkin emas. Mas., -cha affiksi. Tarkibida bu affiks bo‘lgan so‘zlar u qadar ko‘p emas. Qolaversa, birinchidan, ularning ayrimlari so‘z yasalish asosi va so‘z yasovchidan iborat tarkibga ega emas: vaqtincha, ko‘pincha, kabi. O‘z-o‘zidan bularning o‘zbek tili so‘z yasalishi tizimiga oid so‘z yasalish tiplarining birortasiga kiritish mumkin emas. Ikkinchidan, -cha affiksli so‘zlarning ayrimlarida undan oldin egalik qo‘shimchasi keladi, ya’ni -cha so‘zning shunday shakliga qo‘shiladi: keragicha, butunicha, aksincha, xomligicha kabi. So‘z yasovchi qo’shimcha so‘z shaklidan so‘z yasamaydi. Shuning o‘ziyoq keltirilgan so‘zlardagi -cha so‘z yasovchi emasligini ko‘rsatadi. [1:59] Bundan tashqari bu o‘quv qo‘llanmada bu qo‘shimchaning so‘z yasovchi (ravish yasovchi) emasligining yana ikkita sababi borligi ta’kidlab o‘tiladi. Uchinchi sabab sifatida esa bu qo‘shimcha orqali yasalgan so‘zlarning ma’nosi bir tipda emasligi ya’ni, yangi yasalgan so‘zning so‘z yasalishining biror tipini hosil qilmasligi aytib o‘tilgan. To‘rtinchi sabab sifatida esa ko‘pgina so‘zlar tarkibidagi -cha qo‘shimchasining shakl yasovchi va qo‘shimcha yoki ko‘makchi so‘zga xos ma’noga ega bo‘lishi ta’kidlangan. Misol sifatida esa xomligicha – xom holida, yashirincha – yashirin holda (tarzda), do‘stcha – do‘st kabi va b. misol qilib ko‘rsatilgan. Yuqoridagi fikrlardan ko‘rinib turibdiki, ravish yasovchi qo’shimchalar sifatida aytilayotgan qo‘shimchalar yangi so‘z yasalishi qoliplariga to‘la javob bera olmaydi. Ammo boshqa ilmiy adabiyotlarda esa bu qo‘shimchalar aynan ravish yasovchi sifatida ta’kidlanadi. Shu sababli ham tilshunoslikda ravish so‘z turkumining yasalishi bo‘yicha turli xil qarashlar vujudga kelgan, ammo bu kabi qo‘shimchalar so‘z yasovchi sifatida qabul qilingan. O‘zbek tilida ravish yasalishining yana bir usuli bu kompozitsiya usuli hisoblanadi. Ravish so‘z turkumida kompozitsiya usulida ravish yasalishi asosan olmoshlarga, bir so‘ziga o‘rin kelishidagi so‘zlarni qo‘shish yo‘li bilan hosil qilinadi. Masalan, O‘zbek tili grammatikasi kitobining I tomida ravishning kompozitsiya usulida yasalishiga ko‘plab misollar berilgan. Bularga u yerga, bu yerdan, bir yo‘la, har yoqqa, har gal kabilar kiritilgan. Bundan tashqari ravish yasashning yana bitta usuli sifatida so‘zlarning takrorlanishi ham ta’kidlab o‘tilgan.Bu holat fanda reduplikatsiya deyiladi. Takrorlanish orqali so‘zlar bir turkumdan boshqa turkumga o‘tadi. Masalan, bularga chelak-chelak, yuzma-yuz, oz-oz, kam-kam so‘zlarini misol 194 qilib keltirishimiz mumkin. Jumladan, chelak so‘zi ot so‘z turkumi hisoblanadi, bu so‘z takrorlanishi natijasida ravish so‘z turkumiga o‘tgan. Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tilshunosligida ravish yasalishi haqida olimlarning turli xil qarashlari mavjudligiga guvoh bo‘lamiz. Haligicha aniq to‘xtamga kelinmagan. Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati: 1. A.Hojiyev. O‘zbek tili so‘z yasalishi tizimi. “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi. Toshkent – 2007. 7-bet. 2. Sh.Shoabdurahmonov, M.Asqarova, A.Hojiyev, I.Rasulov, X.Doniyorov. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. I qism. Toshkent “O‘qituvchi” 1980. 399-bet 3. O‘zbek tili grammatikasi. I tom.O‘zbekiston CCR “Fan” nashriyoti. Toshkent – 1975. 4. R.Sayfullayeva, B.Mengliyev, G.Boqiyeva, M.Qurbonova, Z.Yunusova, M.Abuzalova. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. O‘quv qo‘llanma. – T.,"Fan va texnologiya", 2009.