scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

5-SINF ONA TILI DARSLIGIDA MAQOLLARNING BERILISHI

Boboqulova Ozoda; Sabohat Kenjayeva

Full text

195 5-SINF ONA TILI DARSLIGIDA MAQOLLARNING BERILISHI Boboqulova Ozoda, 4-bosqich talaba Ilmiy rahbar: Sabohat Kenjayeva DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17441557 Annotatsiya: Bu maqolada 5 sinf o‘quvchilarining ona tili darsligida berilgan o‘zbek xalq maqollarini qanchalik darajada tushunishi, mazmunidan to‘g‘ri foydalanishi yoki tushunilishi qiyinlik qilayotgan maqollarni muqobillariga almashtirish haqida fikrlar, takliflar berilgan. Kalit so‘zlar: 5 sinf Оna tili darsligi, o‘quvchi nutqini oshirish, to‘g‘ri matn tuzish, mazmunli matn tuzish, tez fikrlash, o‘zbek xalq maqollari, so‘rovnoma. Аннотация: В данной статье представлены мнения и предложения о том, насколько хорошо учащиеся 5-х классов понимают узбекские народные пословицы, приведенные в учебнике родного языка, правильно используют их содержание или заменяют пословицы, которые трудно понять, альтернативами. Ключевые слова: Учебник родного языка для 5 класса, улучшение речи учащихся, составление правильного текста, составление содержательного текста, быстрое мышление, узбекские народные пословицы, анкета. Ilm-fan rivojlanib, taraqqiy etgan sari ko‘plab yutuqlarga erishilmoqda. Shu bilan birgalikda, turli sohalarda yetarlicha kamchilik va muammolar ham kelib chiqmoqda. Jumladan, taʼlim tizimini yaxshilash, yetuk mutaxassis va kadrlarni tayyorlash. Bu muammolarni hal etish maqsadida Prezidentimiz tomonidan taʼlim tizimiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Shuningdek, maktab darsliklarini qayta ishlab chiqishga ko‘plab mutaxassislar jalb qilinib, yangi darsliklarning qonun-qoidaga emas, o‘quvchini teran fikrlashga o`rgatishi lozimligi masalasiga asosiy eʼtibor qaratildi. Xususan, 5-sinf yangi ona tili darsligi eski darslikdan farqlanadi. Chunki avvalgi darsliklar grammatika, qonun-qoidaga asoslangan bo‘lsa, hozirgisi o‘quvchi nutqini oshirish, turli mavzularda erkin fikr bildirish, to‘g‘ri, mazmunli matn tuzish va h.k.ga asoslanganini ko‘rishimiz mumkin. Ona tili darsligida o‘quvchi nutqini o‘stirish, taʼsirchan jumlalar tuzish, tez fikrlash uchun ko‘plab o‘zbek xalq maqollaridan ham keltirilgan. Bizga maʼlumki, maqol o‘quvchining so‘zga chechanligini ifodalovchi mezonlardan biri hisoblanadi. Ammo o‘quvchi maqolning maʼnosini yaxshi tushunsagina o‘z nutqida, tuzgan jumlalarida to‘g‘ri, o‘rinli qo‘llashi mumkin. Bu, albatta, o‘quvchi salohiyati, yoshi bilan chambarchas bog‘liq. Maqol – xalq og‘zaki ijodi janri, qisqa va lo‘nda, obrazli va obrazsiz, grammatik va mantiqiy tugallangan maʼnoli, hikmatli ibora, chuqur mazmunli, muayyan aniq shaklga ega. Maqollarda avlod-ajdodlarning hayotiy tajribalari, 196 jamiyatga munosabati, tarixiy ruhiy holati, etik va estetik tuyg‘ulari, ijobiy fazilatlari mujassamlashgan. Maqollar turli xil mavzularni qamrab oladi. Jumladan, vatan, ona, donolik, ilmhunar, ahillik, birdamlik, madaniyat va h.k. Darslikda berilgan maqollar ham o‘quvchiga nimanidir shakllantirishdan tashqari vatanga, ilmga muhabbat, ahillik, birdamlikka chorlash kabi vazifalarni ham bajaradi. Masalan, Zehn qo‘ysang, bilimga Ilm tomar dilingga, maqolining berilishi orqali o‘quvchilarni bilimga mehr qo‘yishga, shundagina qalb ilm bilan boyishi mumkinligiga undamoqda. 5-sinf yangi ona tili darsligida maqollar turli topshiriqlarda turlicha berilgan. Baʼzi topshiriqlarda matn va maqolni moslash yoki maqol mazmunidan kelib chiqib matn tuzish yana birida esa tushirib qoldirilgan harflarni qo‘yish, qaysi shakldaligini aniqlash va h.k. Endi bizda savol tug‘ilishi mumkin. O‘quvchilar berilgan maqollarni qay darajada tushuna oladi? Shu savolga javob izlab, Qarshi shahrida joylashgan bir nechta maktablarning 5-sinf o‘quvchilari orasida so‘rovnoma o‘tkazdik. So‘rovnoma jarayonida o‘quvchilar maqoldan nimani tushungan bo‘lsa, shu javobni belgilashdi. Ular baʼzi maqollar mazmunini juda tez topishdi, ammo baʼzilariga kelganda ikkilanib, tushunmay qoldi. Jumladan, Aql ko‘pga yetkazar, Hunar ko‘kka maqolini o‘quvchilarning 30-40% tushuna olmadi. Birinchi navbatda savolni noto‘g‘ri qo‘ymoqda, yaʼni aql ustunmi yoki hunar. Bu yerda “ko‘p” va “ko‘k” so‘zlari o‘quvchining chalg‘ishiga sabab bo‘lyapti. Negaki o‘quvchilar ko‘pga yetsa yaxshimi yoxud ko‘kka deb ikkilanishmoqda. Bizga maʼlumki, savolni noto‘g‘ri qo‘yilgan bo‘lsa, bola javobni ham xato tanlaydi, natijada maqol mazmunini umuman tushunmasligi mumkin. Bizningcha, o‘quvchi maqol maʼnosini to‘g‘ri tushunishi, chalg‘imasligi uchun ushbu maqol o‘rniga boshqa sinonimidan foydalanilsa o‘rinli bo‘lar edi. Agar biz aql ko‘pga yetkazar, hunar ko‘kka maqoli o‘rniga, hunar – oltin, aql – kalit maqoli berilsa, o‘quvchi maqol maʼnosini tushunishi ham ancha osonlashishi mumkin. Yana bir maqolni ko‘raylik: Izzat tilasang, ko‘p dema, Sihat tilasang, ko‘p yema. Ushbu maqolga 30-40% o‘quvchi hurmatli bo‘lish uchun ko‘p gapirish, salomat bo‘lish uchun esa ko‘p yeyish kerak deb javob bermoqda. Negaki, katta insonlar ularga tanbeh berayotganda misollar bilan ancha vaqt chiroyli qilib tushuntiradi, ammo ular buni ko‘p gapirish deb hisoblaydi. Yoki onalarimiz ko‘pko‘p ye baquvvat bo‘lasan, deydi. O‘quvchilar har doim ham ko‘p gapirmaslik kerakligini, hamma gapning vaqti borligini yoki qaysi vaqtda sal ko‘proq boshqa 197 vaqtda kamroq yeyish salomatlik kaliti ekanligini tushunmaydi yoki bu jihatiga eʼtibor bermaydi. Natijada esa maqol mazmuniga umuman zid bo‘lgan javobni tanlamoqda. Maqolning asl maʼnosi esa quyidagicha: Inson hurmatga sazovor bo‘lishi uchun ortiqcha gapirmasligi, salomat bo‘lishi uchun esa ko‘p yemasligi lozim. Bizningcha, o‘quvchi maqol mazmunini to‘g‘ri anglashi uchun ushbu maqol o‘rniga, unga mazmunan mos, muqobili bo‘lgan ko‘p yegan kasal bo‘lar, ko‘p so‘zlagan pushaymon yoki ko‘p so‘z – boshingga ozor, ko‘p yeganning oshiga ozor maqoli berilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Yana bir maqolga diqqatimizni qarataylik. Beodoblik – johillik urug‘i. Ushbu maqolga ham o‘quvchilarning 30% noto‘g‘ri javob bermoqda. Bizningcha, -be old qo‘shimchasi qo‘shilishi sababli o‘quvchi bu so‘zni tushunmay xato javob beryapdi. Balki odobsizlik – johillik urug‘i shaklida berilsa, o‘quvchi maqolni to‘g‘ri tushunar. Maqol mazmuniga eʼtibor bersak, odamning odobsizligi bilimsizligidan, johilligidan kelib chiqadi. Odob inson uchun muhim xislat, uning yo‘qligi johillikning, yovuzlikning boshlanishiga sababchi bo‘lishi, yaʼni odobsiz inson ilmsiz, fikrsiz, tarbiyasizdir. Yoki ushbu maqol o‘rniga odob – inson ziynati sinonimi berilsa, tushunishi oson bo‘lishi mumkin. Ikkalasi ham odob insonni yuksak cho‘qqilarga olib chiquvchi, yovuzlikdan uzoqlashtiruvchi fazilat ekanini ifodalaydi. Faqat sinonim varianti o‘quvchining qulay va oson tushunishini taʼminlashi mumkin. Ota kasbi – davlat kasbi. Ushbu maqolni kimki ota-bobolaridan qolgan kasbni davom ettirsa, rizqini saqlab qoladi tarzida tushunamiz, ammo 5-sinf o‘quvchisi aynan nimaga davlat kasbi deyilganini yoki davlat kasbi qanday maʼnolarda ishlatilishi haqida tushunchaga ega emas. Yuqoridagi maqolni o‘quvchining ko‘p foizi anglay olmagan. Agar shu maqolni otaning hunari – bolaga meros shaklida berilsa, o‘quvchi tushunishini osonlashtiradi. Bu maqol xalqimizning mehnat, hallollik va hunarni qadrlash lozimligini ifodalaydi. Unda ota-bobolardan meros bo‘lib qolgan kasb va mahorat – eng katta boylik, ulug‘ neʼmat ekanligi taʼkidlanadi. O‘quvchilarni halol mehnat qilishga, otabobolardan qolgan kasbni qadrlashga undaydi. Har ikkala maqolda ham bir xil maʼno kelib chiqadi, ammo ikkinchisi berilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich. Halol inson hech narsadan uyalmaydi, yashiradigan ishi bo‘lmaydi. Yaʼni kimning rizqi halol, niyati toza bo‘lsa, u har joyda bemalol yashaydi, degan maʼno anglashiladi. Halollik – eng ulug‘ insoniy fazilat sifatida taʼriflanadi. O‘quvchi ushbu maqolni ko‘chma maʼnoda emas, balki o‘z maʼnosida tushundi. Yaʼni ko‘pchilik o‘quvchilar oshni ko‘chada ichish odobsizlik tarzida javob berishdi. Shu sababli 198 ushbu maqol o‘rniga halol topgan – tinch uxlar yoki halolning yuzi yorug‘ maqoli berilsa, o‘quvchi biroz bo‘lsa ham osonroq va to‘g‘ri anglashi mumkin. Ikkala maqolda ham halollik insonning ichki oromi ekanligi taʼkidlanadi. Halol kishi tinch, orom yashashi mumkinligini bilib olishimiz mumkin. Bizningcha, ikkinchi maqol birinchi maqolga qaraganda soddaroq va o‘quvchi tushunishi uchun oson. 11 yoshli bola endi yuqori sinfga o‘tgani uchun ularda fikrlab tahlil qilish endi shakllanayotgan bo‘ladi. Shu sababli ular uchun berilgan maqollar mag‘zini chaqishi qiyinroq bo‘lishi yoki umuman noto‘g‘ri talqin qilishi mumkin. Shuning uchun 5-sinf darsligiga kiritilayotgan maqollarni iloji boricha sodda, maʼnosi o‘zida anglashilib turadigan shaklda berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki darslikda maqolni berishdan maqsad o‘quvchi fikrlash doirasini kengaytirish, jumlalarni taʼsirchan tuzishini taʼminlash. Agar o‘quvchi maqol mazmunini to‘g‘ri tushunmasa kerakli o`rinda foydalana olmaydi. 5-sinf Ona tili darsligida maqollar yuzasidan tuzilgan topshiriqlarga eʼtibor qaratadigan bo‘lsak, baʼzi topshiriqlarda maqol va matnni moslash berilgan. O‘quvchi maqol mazmunini to‘g‘ri tushunmasa, matnni takrortakror o‘qisa ham mashqni bajara olmaydi. Chunki maqolni qanday maʼnoda ishlatilganini bilmay turib matnga moslashi mumkinmi? Shunday muammolarni oldini olish maqsadida o‘quvchi saviyasi, yoshiga mos, tushunilishi oson bo‘lgan maqollar berilsa, o‘quvchi nutqini oshirish, taʼsirchan chiqishiga yordam berishi mumkin. So‘rovnoma natijasida shu aniq bo‘ldiki, yuqorida ko‘rib o‘tilgan maqollarni 5-sinf o‘quvchisi tushunadigan sinonimi berilsa, o‘quvchida maqol haqida tushuncha paydo bo‘ladi va berilgan topshiriqlarni mukammal bajaradi. Sababi 5-sinf o‘quvchisida biror mavzuni tahlil qilish yoki maʼnosi anglashilishi qiyin bo‘lgan maqollar mazmunini chuqur mulohaza qilish ko‘nikmalari endi shakllanayotgan bo‘ladi. Shuningdek, ular maqol, matal nima ekanligi, bizga nima maqsadda kerak bo‘lishi to‘g‘risidagi nazariyalarni aynan 5-sinfda o‘rganishi aniq. Ularni endi o‘rganayotgan bir paytda maʼnosi ular uchun anglanishi qiyin bo‘lgan maqollarni tushunmasligi tabiiy. So‘rovnoma natijasi shuni ko‘rsatadiki, o‘quvchilarning 30 foizi yuqoridagi maqollarni tushunmagan. Statistikaga qaraganda bu ko‘rsatkich ancha yuqori. Chunki o‘qituvchi uchun har bir o‘quvchining tushunishi muhim ahamiyatga ega. Biz bu ko‘rsatkichni pasaytirishimiz uchun yuqoridagi maqollarni jo‘nroq varianti bilan almashtirmog‘imiz lozim. Bu o‘quvchilarda xalq og‘zaki ijodiga muhabbat, til boyliklaridan ongli foydalanish ko‘nikmasini shakllantiradi. Xulosa qilib aytganda o‘quvchi nutqini oshirish, tilni anglash va hayotiy tajribani shakllantirishda xalq maqollarining o‘rni beqiyos. 199 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mavlonova K.M., Hakimova N.S., Siddiqova M.R., Qo‘ldosheva S.H. Ona tili 5-sinf. Darslik. – Toshkent: “Novda” Edutainment, 2024. – 144 b. 2. Mahmudov N., Sobirov A., Sattorov Sh., Toshmirzayeva Sh., Mannopova D. Ona tili 5-sinf. Darslik. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2020. – 192 b 3. Mirzayev T., Musoqulov A., Sarimsoqov B,, Turdimov Sh. O‘zbek xalq maqollari. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2019. – 512 b.