MAFKURAVIY IMMUNITETNI SHAKLLANTIRISHDA KOGNITIV TEXNOLOGIYALARDAN FOYDALANISH
Full text
21 MAFKURAVIY IMMUNITETNI SHAKLLANTIRISHDA KOGNITIV TEXNOLOGIYALARDAN FOYDALANISH Abdurahim Erkayev, QarDU professori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17444929 Annotatsiya. Ushbu maqolada mafkuraviy bo‘shliqni to‘ldirish va mafkuraviy immunitetni shakllantirish – barkamol avlod tarbiyasining muhim yo‘nalishi yekanligi, bugungi insoniyat turli xil g‘oyalar va siyosiy kurashlar butun jahon miqyosida avj olayotgan, g‘oyaviy qaramaqarshiliklar keskinlashayotgan bir sharoitda yashab kelayotganligi yoritib berilgan. Kalit so‘zlar: madaniy ekspansiya, ijtimoiy tarmoqlar, publitsist, zamonaviy tendensiyalar, cotsiologik so‘rov, kognitiv texnologiyalar, jamoaviy ongsizlik arxetipi. G‘arb tashqari, madaniy ekspansiyasi – chet el filmlari, seriallari, 3-4 minutlik har xil kliplar kaleydokopi, ijtimoiy tarmoqlar, tizgin bilmas axborot oqimi, turlituman elektron o‘yinlar, ayniqsa bolalar uchun mo‘ljallangan superqahramonlar, superjangchilarni tasvirlovchi jangari o‘yinlar va shu kabilar orqali odamlarni, ayniqsa yoshlarni milliy qadriyatlardan, real hayotdan, milliy voqelikdan ajratib olmoqda. Virtual olamga, turli o‘yin va kliplarga bog‘lab qo‘ymoqda. Yangi avlod, imkoni topilsa, milliy ildizsiz, milliy zaminsiz o‘sishi, manipulyatsiya obyektiga aylanishi kerak. Buning ustiga ijtimoiy tarmoqlardan, ba’zi bir kanallardan foydalansangiz, siz to‘g‘ringizdagi ma’lumotlar jamlanib boriladi, ba’zan sizdan ochiqcha bunday ma’lumotlar so‘raladi. Milliy mentalitetga notanish, mutlaqo yot, begona g‘oya ham kognitiv texnologiyalar orqali millatni g‘oyaviy mafkuraviy jihatdan parchalab, bo‘lib tashlash uchun muhokamaga kiritilmoqda. Yoki noaktual, hatto umuman yot bo‘lgan g‘oya dolzarblashtirilmoqda. Buning uchun birorta xalqning uncha-muncha taniqli, obro‘li olimiga, publitsist, jurnalistiga falon g‘oyaga munosabatingizni bildiring, deya maqolaga yoki intervyuga buyurtma beriladi. Muallif g‘oyani qanday talqin qilishining, dabdala qiladimi yoki sal mo‘tadilroq tanqidiy munosabatda bo‘ladimi – farqi yo‘q. Asosiysi - o‘sha buzg‘unchi, bahsli g‘oya o‘rtaga tashlanishi. Uning izidan maqolaga, intervyuga “munosabat” tashkil qilinadi, har xil bir-birini inkor qiluvchi fikrlar bildiriladi. OAV yoki hozir ko‘proq ijtimoiy tarmoqlar buni ilib ketadi. Murosasiz bahslar boshlanadi. Bahsga kirishganlarning ayrimlari hayotdan, zamonadan ortda qolgani, konservativ fikrlovchi kiishi degan baho olmaslik uchun, o‘sha g‘oyani ochiqcha yoqlamasa ham, uning yashashga haqqi borligini, zamonaviy tendensiyalar shunday g‘oyalarni tug‘dirayotganini tan oladi.
22 O‘sha g‘oyani muhokamasi zimdan rag‘batlantirib davom ettirilaveradi. OAV ga, masalan, so‘z erkinligi va fikrlar xilma-xilligini, diskussiyalarni qo‘llabquvvatlagani uchun xalqaro grant beriladi. Yoshlar orasida o‘sha g‘oyani muhokama qilish modaga aylana boshlaydi, unga “liberal” munosabat bildirish go‘yoki “zamonaviy fikrlash”, dogmatik qarashlarga tanqidiy yondashish ramzi o‘laroq tan olinadi. Keksa avlod avval jirkanish hissi bilan yot g‘oyani inkor qiladi, keyinchalik yoshlardan “xafa” bo‘lib, “bilganlaringni qilinglar” qabilida chetga o‘girilib oladi. O‘rta avlod ro‘zg‘or tebratish, biznes yoki davlat ishi bilan band. Masalaga befarq, na gazeta o‘qiydi, na televizor ko‘radi (ba’zi ko‘rsatuvlar va shoulardan tashqari). Diskussiyaga aralashib qolganlari, ko‘pincha mo‘tadil va neytral pozitsiyada qoladi. Muayyan millat uchun mutlaqo notanish va yot g‘oya ustalik bilan milliy qarashlar bahsi predmetiga aylanadi va xalqni, uni qabul qilishi yoki qilmasligiga qarab, kamida uchga bo‘lib yuboradi. Buzg‘unchi g‘oyalar turli “sotsiologik so‘rovlar” orqali ham aholi ongiga kiritilishi mumkin. Bunda ijtimoiy tarmoqlar, mobil aloqa orqali anonim so‘rovlar, jonli intervyular qo‘llanilishi mumkin. Sizga qo‘ng‘iroq qilib, juda odob va nazokat bilan “Biz falon tashkilotdanmiz, vaqtingizni olayotganimiz uchun uzr. Sotsiologik so‘rov o‘tkazayotgan edik. Tasodifiy tanlovda, kompyuter Sizning telefon raqamingizni tavsiya qildi. Agar iltifot ko‘rsatib, ba’zi savollarimizga javob bersangiz, behad minnatdor bo‘lardik. Bu bilan Siz muammoni o‘rganishga va yechimini topishga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lardingiz. Sizning fikringiz biz uchun qimmatli. Avvaldan javobingiz uchun tashakkur va h.k.” deya murojaat etadi. Agar javob berishdan bosh tortsangiz, kechirim so‘rab: “Mayli, javob bermasangiz ham savolni eshitib ko‘ring”, - deb o‘sha yot, buzg‘unchi g‘oyani Sizga o‘qib beradi. “Sotsiologik so‘rov”ga jalb qilingan, albatta, faqat siz bo‘lmaysiz. Bunday qo‘ng‘iroqlar uch-to‘rt kun ichida ko‘plab kishilarga qilinadi. Izidan ijtimoiy tarmoqlarda maqola, munosabatlar chiqa boshlaydi. Qandaydir dastlabki natijalar ham e’lon qilinadi. Unda go‘yoki o‘rtaga tashlangan savol respondentlarning 20-22 foizini qiziqtirgani, unga ijobiy munosabat asta-sekin, ammo barqaror o‘sib borayotgani to‘g‘risida ma’lumot so‘rov o‘tkazgan tarmoqda e’lon qilinadi. Aslida esa qiziqish ko‘rsatkichlari hatto 2-3 foizni ham tashkil etmasligi, soni o‘smasdan qolayotgan bo‘lishi mumkin. Bunday yolg‘on, feyk ma’lumotlar aslida ma’naviymafkuraviy qo‘poruvchilikning bir ko‘rinishidir. Sotsiologik so‘rovlarda savol qanday qo‘yilishining o‘zi-yoq, ayniqsa unga boshqalar ijobiy munosabat bildirayotgani haqidagi yolg‘on omma ongi bilan manipulyatsiya qilishning sinalgan
23 usuli hisoblanadi. Yana o‘sha psixologik sindrom – boshqalardan ortda qolmaslik hissi, jamoaviy ongsizlik arxetipi yuzaga chiqadi. Kognitiv texnologiyalar orasida rang-barang siyosiy texnologiyalar, omma ongiga ta’sir ko‘rsatishning har xil usullari bor. Ularning har biri to‘g‘risida to‘xtalishning imkoni yo‘q. Ba’zilarini eslab o‘tamiz, xolos. G‘arb davlatlari o‘z ta’siridagi mamlakatlarning kamchiliklariga ko‘z yumadi. Ularga iqtisodiy, harbiy, gumanitar yordam ko‘rsatadi va xalqaro tashkilotlarda (BMT, JST va h.k.) har jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi. Va, aksincha. O‘zini mustaqil tutadigan mamlakatlar tanqidga uchraydi, qoralanadi, xalqaro tashkilotlarda, iloji topilib qolsa, ularga qarshi rezolyutsiyalar qabul qilinadi. “Sarkash” mamlakatlardagi ichki muxolifat bilan aloqa bog‘lanadi (nodavlat tashkilotlari orqali). Muxolifat avvalo iqtisodiy, mafkuraviy va axborot jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi. Davlatning o‘zi “biz sizning ichki ishingizga aralashayotganimiz yo‘q. Bu har xil fondlar va notijorat tashkilotlarining ishi. Bizda demokratiya, erkinlik”, degan vajlar bilan o‘zini oqlaydi. Mamlakat ichida davlatga nisbatan muxolif kayfiyatdagi NNTlarga moddiy yordam va turli grantlar ajratiladi, yangi muxolif NNTlar tashkil etiladi. Neoimperializmning siyosiy, mafkuraviy sohalardagi ikkiyuzlamachiligi, ikki xil standartlarni qo‘llashi bugun hech kimga sir emas. Ana shu ikki xil standartlar kognitiv texnologiyalarni qo‘llashda ham keng tarqalgan. “Sarkash” mamlakatlar aholisi ongi davlat hokimiyatiga qarshi zaharlana boradi. Barcha qiyinchiliklarda mahalliy hokimiyat ayblanadi, hatto xalqaro sanksiyalar qo‘llanilishida ham. Agar hukumat shunday noadolatli siyosat yuritmaganida, demokratik qadriyatlarni oyoq-osti qilib, go‘yoki siyosiy muxolifatni ta’qib qilmaganda, mamlakatga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilmasdi, xalq qiynalmasdi. Noloyiq hukumat sanksiyalar uchun aybdor. Aholi norozilik namoyishlariga chiqishga, hukumat va’dalariga uchmaslikka, hech bir masalada hukumat bilan hamkorlik qilmaslikka, hukumat va davlat idoralari tashabbuslarini, aholiga yon berishlarini to‘liq inkor qilishga da’vat etiladi. Aholi ongi yetarli darajada tayyorlansa, navbatdagi bosqichga – “rangli inqilob”ni tashkil qilishga o‘tiladi. Aholining aksariyati buzg‘unchi g‘oyalarga uchmasa, ikki xil standartlarni qo‘llash, mamlakat tuzumi va siyosatini obro‘sizlantirish davom etaveradi. Neoimperializmning mafkurasi – neoliberalizm ichki va tashqi siyosatda tobora totalitarizm mafkurasi tomon transformatsiya bo‘lmoqda. “Gender neytrallik”, LGBT mafkurasini qabul qilmaydiganlarg, demokratiya, inson huquqlari va erkinliklarini ulardan sal boshqacharoq talqin qiladiganlarga, yoki o‘z milliy mumtoz
24 qadriyatlariga sodiqlik ko‘rsatayotgan davlatlarga, xalqlarga nisbatan ochiqcha mafkuraviy bosim o‘tkazilmoqda, ular dogmatizmda, qoloqlikda, millatchilikda, so‘z va axborot erkinligini, demokratiyani buzishda va h.k.larda ayblanmoqda. Bunday mazmundagi axborot birinchi galda “ayblanayotgan” mamlakatlar aholisiga yopiltirilmoqda. Jahon jamotchiligida ham negativ munosabat uning hukumatiga nisbatan shakllantirilmoqda. G‘arb davlatlari o‘z harakatlarini oqlash uchun turli feyk-axborotlarni tarqatadi. Muxolif davlatlar agressiyada, tinchlikka tahdidda, inson huquqlari va erkinliklarini buzishda, totalitarizmda, xalqaro terrorizm va ekstremizmni qo‘llabquvvatlashda ayblanadi. Aslida bu masalalarda o‘zlari ham aybsiz emas. Hanuzgacha neoimperialist davlatlarda inson huquqlarini buzish, irqchilik, shovinizm illatlari (ayniqsa migrantlarga nisbatan) to‘liq bartaraf etilgani yo‘q. Bunday sharoitda buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirishda, umuman ta’lim-tarbiya tizimida ishontirishga asoslangan ilmiy-pedagogik metodikaga qo‘shimcha kognitiv texnologiyalardan foydalanish maqsadga muvofiq. Albatta, avvalo yoshlarga yaxshi bilim berish, mustaqil tanqidiy fikrlashni o‘rgatish kerak. Turli yoshdagi bolalar, o‘smirlar, balog‘at yoshidagilar, talabalar, ishchi yoshlar, uy bekalari va h.k., aholining barcha toifasini hisobga olib, tarbiyada avvalo, psixologiya va pedagogika fanlari yaratgan ilmiy metodika qo‘llanilishi kerak. Lekin zamonaviy axborot oqimi, mafkuraviy kurash, manipulyativ texnologiyalar keng tarqalgan sharoitda ularning ba’zi bir imkoniyatlaridan, usullaridan ham foydalanishi lozim. Masalan, perseptiv (hissiyotga ta’sir qilish) texnologiyalardan ijobiy maqsadda foydalanish lozim. Hissiyot junbushga kelganda, aqlni chetga surib qo‘yishi, irratsional mazmun kasb etishi ma’lum. Diniy ekstremistik guruhlar tuzoqqa tushirish uchun, avvalo yoshlarning psixikasiga, hissiyotiga ta’sir qiladi. Imon va adolat uchun, unga qarshi kurashish har bir halol, vijdoni pok kishining islomiy burchi ekani miyasiga singdiriladi, jihodga da’vat etiladi. Endi u “haqiqatdan” voqif bo‘lgach, jihoddan bosh tortsa, Olloh oldida bilib turib gunoh qilgan murtad sifatida kechirilmasligi bilan qo‘rqitiladi. Qo‘rquv va najot tuyg‘ulari ong ostida inson xulq-atvorini belgilaydi. Insonning qurquv va najotdan tashqari, or-nomus, burch, vijdon, baxtli bo‘lish, huzur-halovatda yashash va h.k. tuyg‘ulari ham qisman ong ostiga borib taqaladi. Botil, buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirishda mazkur tuyg‘ularga ta’sir qilish usullaridan foydalanish zarur. Umuman olganda, barcha tuyg‘ular ijobiy va salbiy mazmun kasb etishi mumkin. Biz hanuz-hamon
25 ta’lim-tarbiyani an’anaviy metodikalarga tayanib olib bormoqdamiz. Vazifa esa uni keng mazmundagi kognitiv texnologiyalar yordamida boyitishdir. Albatta, mafkuraviy immunitetni shakllantirish faqat his-tuyg‘ularni tarbiyalash, ongning irratsional qatlamiga (ong ostiga) ta’sir ko‘rsatishi bilan cheklanmaydi. Mafkuraviy immunitetning kuchli ratsional zamini, poydevori ham bo‘lmog‘i lozim. Birinchi galda bu mafkuraviy kurashlarda muxoliflarimiz chayqovchilik qiladigan g‘oyalar, mavzular to‘g‘risida yoshlarga haqqoniy bilim berish kerak. Masalan, haqiqiy demokratiya nima, erkinlik va adolat nima, ularga formal, yuzaki yondashib bo‘lmasligi, mazkur tushunchalar nisbiy va ziddiyatli ekanligi, bu ziddiyatlar qaysi holatlarda, qanday namoyon bo‘lishi to‘g‘risida yoshlarga aniq, teran bilimlar berish kerak. Demokratiya masalasiga formal yondashib bo‘lmaydi. Demokratiya nafaqat ko‘pchilikning irodasi, u shuningdek ozchilikning qonuniy huquq va erkinliklari kafolati hamdir. Demokratiya davlat boshqaruvida, davlat idoralari faoliyatida, davlat va fuqarolar munosabatida qonun ustuvorligining ta’minlanishidir. Davlatning fuqaro oldidagi, fuqaroning davlat oldidagi burchi va mas’ulligidir. Inson qadr-qimmati hamma narsadan ustun deganda, har qanday g‘oya, me’yor, tamoyil, mezon (u erkinlik va demokratiya bo‘ladimi, qonuniylik va axloqiylik bo‘ladimi, burch va vijdon bo‘ladimi, dunyoviylik yoki diniylik bo‘ladimi – qat’i nazar insonga zarar yetkazmasagina, unga xizmat qilsagina, undagi ezgulikni, imonni qo‘llab-quvvatlasagina) qadriyat hisoblanadi. Aks holda u soxta qadriyat bo‘lib chiqadi. Haqiqiy va soxta qadriyatlar, ularni bir-biridan farqlash mezonlari to‘g‘risida yoshlarga yetarlicha bilim berilmasa, ularning mafkuraviy immunitetlarda zaiflik vujudga keladi. Murakkab vaziyatda ular chalg‘ib qolishlari mumkin. Shu sababdan davlatimiz rahbari yoshlar siyosatiga, ta’lim-tarbiyaga, yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishga katta ahamiyat bermoqda. O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar – alohida mavzu. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Sh. Mirziyoyev. Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi // Xalq so‘zi, 2017-yil 16-iyun. 2. A.Erkayev. Ma’naviyatshunoslik. 2-kitob. –Toshkent: Ma’naviyat, 2018. 3. E. Fromm. Insonning hozirgi holati // Jahon adabiyoti, 2000, mart. 4. A.Navoiy. MAT. T. 14. – T.: 1998. 5. V.Voronsev. Tafakkur gulshani. – T.: 1998. 6. N.Komilov. tasavvuf. – T.: Movarounnahr – O‘zbekiston, 2009. 7. E.Vohidov. So‘z latofati. – T.: O‘zbekiston, 2014.