MA'RIFATLI JAMIYATDA O'SMIRLAR MA'NAVIY-AXLOQIY RIVOJLANISHIDA EHTIYOJLARNING AHAMIYATI
Full text
39 MA’RIFATLI JAMIYATDA O‘SMIRLAR MA’NAVIY-AXLOQIY RIVOJLANISHIDA EHTIYOJLARNING AHAMIYATI Jabborov Jamshid Azimovich Xalqaro innovatsion universiteti dotsenti, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) [email protected], https://orcid.org/0009-0008-6409-2967 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17444940 Annotatsiya. Mazkur maqolada o‘smirlar ma’naviy-axloqiy rivojlanishida ehtiyojlarning ahamiyati, insonning sog‘lom ma’naviy, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish va yuksaltirish imkoniyatlari, postmodern jamiyatda iste’molchilik psixologiyasidagi o‘zgarishlar, mazmunan sayoz bo‘lgan ommaviy madaniyat unsurlari ta’sirining kuchayib borishi ma’naviy ehtiyojlarga yuzaki, ayrim hollarda nosog‘lom tus berish holatlari haqida ilmiy mulohazalar yuritilgan. Kalit so‘zlar: ma’naviy ehtiyoj, o‘smir, oila, ma’naviy qiyofa, postmodern jamiyat, axloqiy tarbiya, milliy iftixor, yosh avlod, oilaviy qadriyatlar, ta’lim. Mamlakatimiz jahon hamjamiyati orasida ma’naviyatga, ilm-fan sohasiga katta e’tibor qaratayotgan davlat sifatida tanilmoqda. Barqaror rivojlanishi uchun eng so‘ngi ilm-fan va texnologiyalarni egallash, mustaqil dunyoqarashga ega bo‘lgan, milliy iftixor tuyg‘usi jo‘sh urgan, millatchilik, irqchilik va milliy maddohlikdan holi, hur va erkin, ayni vaqtda fuqarolik mas’uliyatlarini o‘z kasb-kori, ijtimoiy muhiti talab qiladigan darajada o‘zlashtirgan shaxsni tarbiyalash lozim. Insonning sog‘lom ma’naviy, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish va yuksaltirish imkoniyatlari jamiyatda yuzaga keluvchi ko‘plab muammolar ta’sirida cheklanmoqda yoki inkor etilmoqda. Biroq postmodern jamiyatda iste’molchilik psixologiyasidagi o‘zgarishlar, mazmunan sayoz bo‘lgan ommaviy madaniyat unsurlari ta’sirining kuchayib borishi ma’naviy ehtiyojlarga yuzaki, ayrim hollarda nosog‘lom tus berilishiga olib kelmoqda. Bugungi kunimizda o‘smirlar ma’naviy-axloqiy rivojlanishida ehtiyojlarning ahamiyati juda yuqori. Maqolamizda ma’naviy ehtiyojlarning o`smirlar rivojlanishiga ijobiy ta’siri haqida mulohaza yuritamiz. Bilish, bilim olish ehtiyojini rivojlantirish kundalik hayotda doimo namoyon bo‘ladi. Bilish yordamida inson tashqi olam haqida muayyan tasavvurga ega bo‘ladi, ma’lum faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi. Mehnat ko‘nikmalarini takomillashtirish, kasb mahoratini o‘stirib, kamroq kuch sarflab, ko‘proq yoki sifatliroq natijaga erishishi insonning eng fundamental ehtiyojlaridan biridir. U ongli yoki ongsiz
40 ravishda bunga intiladi. Mazkur intilish irodaning yuzaga chiqishi bo‘lib, insonning tabiat va jamiyat talablariga, shart-sharoitga moslashuvi tomonidan taqozo etiladi. Jamiyat rivojlangan sayin moddiy va ma’naviy ishlab chiqarish rangbaranglashib boradi. Binobarin, bilishga, kasblarni egallashga, aqliy va jismoniy mehnat ko‘nikmalarini takomillashtirishga nisbatan ehtiyojlar o‘sib boradi. Zamonaviy jamiyatda ehtiyojlar o‘sishi juda tezlashib ketdi. Axborot texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, hatto smart shahar, sun’iy intellektning jadal rivojlanishi bilish jarayonini o‘ta murakkablashtirish qatorida unga bo‘lgan ehtiyojlarning boshqa ehtiyojlarga nisbatan sezilarli darajada ustuvorlik kasb etishiga olib kelmoqda. Jamiyatning bilim darajasini yuksaltirish, dunyoqarashini kengaytirish, yangi texnologiyalarni joriy etish orqali mamlakat taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatish mumkin. Lekin, avval ta’kidlanganidek, mazkur ehtiyoj texnokratik qarashlarga moyillik kuchayishiga, an’anaviy axloqiy, estetik va boshqa gumanitar qadriyatlarga nisbatan bepisandlik kuchayishiga olib kelishi mumkin. Shu sababdan O‘zbekistonda yoshlarning ilm egallashiga, jumladan gumunitar bilimlarni egallashiga, til o‘rganishiga doir tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. O‘zbek yoshlari Xalqaro fan olimpiadalarida qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishmoqda, AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqidagi rivojlangan mamlakatlar: Fransiya, Germaniya, shuningdek Yaponiya, J.Koreya, Xitoy va boshqa ilm-fani rivojlangan mamlakatlarning nufuzdi universitetlar reytingidagi kuchli 1000 talikka kiruvchi ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda, ko‘plab shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu imkoniyatlar va rag‘batlar yoshlarning bilim olish ehtiyojlari o‘sishiga xizmat qilayotganligiga guvoh bo‘lish mumkin. Yangi Uyg‘onish yo‘lida mamlakatda ulkan ma’naviy boylik yaratishga, xalqning hayotini farovon qilishga va kelgusi avlodlar uchun munosib meros qoldirishda ta’lim-tarbiyaning, ma’naviyatning o‘rni beqiyos ekanligi Prezident tomonidan ta’kidlandi: “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir” [1]. Mazkur ehtiyojlarni qondirish uchun ta’lim va malaka oshirish tizimi tubdan isloh qilinmoqda. O`smirlarning axloqiy madaniyatga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘stirish. Jamiyatdagi ijtimoiy muhit (shaxslararo munosabatlar, odamlarning jamoa bo‘lib yashashi va mehnat qilishi) ko‘p jihatdan axloq tomonidan belgilanadi. Axloq jamiyat hayotini tartibga soluvchi, odamlarning xulq-atvorini belgilovchi din va huquq kabi muhim ijtimoiy institutdir. Axloq normalari oilada, mahallada, mehnatda, ishlab chiqarishda, shaxslararo, guruhlararo, hatto millatlararo va hokazo aloqalarda
41 odamlarning o‘zaro munosabatlarni tartibga soladi. Axloqiy me’yorlar undovchi (rag‘batlantiruvchi) va cheklovchi (taqiqlovchi) vazifalarini bajarib, odamlarning kayfiyatiga, xulq-atvoriga, kundalik turmushiga, kelajak rejalari va intilishlariga ta’sir ko‘rsatadi. Jamiyatda insonlar o‘zaro munosabatlarga kirishganda turli-tuman axloqiy me’yorlarga ehtiyoj sezadi (salom-alik, uyat, halollik, aldamaslik, to‘g‘rilik, rostgo‘ylik, hurmat-izzat, bir-birini manfaatlarini hisobga olish, murosaguylik, o‘zaro yordam, mehr, haromdan hazar qilish, yolg‘onchi, firibgar, maqtanchoq kishilarga salbiy munosabat va shu kabilar me’yorlarga). Axloq inson ma’naviyatining birlamchi asosini tashkil etarkan, odamlar ma’naviy ehtiyojlarining ham birlamchi asosini axloqiy ehtiyojlar tashkil etadi. Jamiyatning adolatli boshqarilishi insonlarning axloqiy ehtiyojlarini qondiradi, o‘z navbatida qondirilgan axloqiy ehtiyojlar yangi, yanada yuksakroq axloqiy me’yorlar yaralishini taqozo etadi. Jamiyat ma’naviy muhiti yaxshilanishi, uning insonparvarlik talablari o‘sishi uchun xizmat qiladi. Axloq ijtimoiy-siyosiy kuchga (davlat va ma’muriy organlar kuchiga) emas, balki jamoatchilik fikriga tayanadi. Shu tufayli axloqiy qoidalar hamda me’yorlarga insonlar ixtiyoriy tarzda bo‘ysunadi. Axloqiy g‘oyalar, me’yorlar, tamoyillar umumijtimoiy mazmunga ega va muayyan madaniyat vakillarining barchasi uchun barobar. Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga joriy etish uchun jamiyatda komillikka intilish, tashabbus, bilimga chanqoqlik, kashfiyotlar va yutuqlarni qo‘llab-quvvatlash, hasad va guruhbozliklardan, mahalliychilik kabi illatlardan voz kechish, ezgulikni bayroq qilish axloqiy idealga aylanishi zarur. Buning uchun avvalo halol va munosib yashash, insonparvarlik, jamiyatda yuz berayotgan ishlarga befarq bo‘lmaslik kabi axloqiy ehtiyojlar shakllantirilishi lozim. Insonning estetik ehtiyojlarini o‘stirish yaratuvchilik faoliyati bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, shu faoliyatning mahsuli hisoblanadi. Inson yaratuvchanlik faoliyati jarayonida yasayotgan buyumlarini qulay, bejirim, ya’ni o‘lchovlari, tomonlari birbiriga mos, ayni paytda xomashyodan tejamli foydalanishga uringan. Bular insonda uyg‘unlik va mutanosiblik, sayqallash, taroshlash hissini va tushunchalarini shakllantirgan. Shunday qilib, asta-sekin estetik tuyg‘ular, tushunchalar, estetik mo‘ljal, estetik ideal shakllangan. Inson faqat o‘zi uchun yaratmagan. O‘ziga kerakli barcha buyumlarni ishlab chiqishga ham imkoni bo‘lmagan. U o‘zi yasaydigan buyumni ko‘p ishlab chiqib, boshqalar bilan ayriboshlagan. Hunarmad yaratayotgan buyumida, fabrika ishlab chiqarayotgan mahsulotida odamlarning didini, go‘zallik
42 talablarini hisobga olgan. Jamiyat rivojlanishi jarayonida insonning go‘zallikka nisbatan ehtiyojlari uzluksiz o‘sgan. Jismoniy mehnat tarqibidan aqliy mehnatning ajralishi oqibatida, adabiyot va san’at – insonning ma’naviy-estetik ehtiyojlarini qondirish bilan shug‘ullanadigan sohalar paydo bo‘ldi. Ular xalq og‘zaki ijodi va nozik hunarmandchilik negizida paydo bo‘lgan. Estetik ehtiyojlar ham axloq singari ma’naviyat asosini tashkil etadi. Ma’naviy ehtiyojlar tizimiga kiruvchi estetik ehtiyojlar jamiyat va insonlarning estetik ongi zamirida shakllanadi. Jamiyat estetik ongi rivojlansa, estetik ehtiyojlari ham mos ravishda yuksaladi. Masalan: adib, haykaltarosh, qo‘shiqchi, rassom tomonidan yaratilgan asar nafosat talablariga mos kelsa, olarning estetik ehtiyojlarini qondiroladi. Buning uchun adabiy asardagi voqealar rivoji mutanosib, uyg‘unlikda yoritilib, asar qahramonlarining xatti-harakati soxta bo‘lmasligi, hayotiy haqiqatga, yuksak insonparvarlik g‘oyalariga zid kelmasligi kerak. San’atning barcha sohalarida ham badiiylik, insonparvarlik asosiy talabdir. Qondirilgan ehtiyoj esa yangi ma’naviy mahsulot yaratish uchun “buyurtma” beradi. Insonlarning ma’naviy ehtiyojlarining yuksalishi jamiyat ma’naviy hayoti rivojlanishiga xizmat qiladi. Estetik kategoriyalar (go‘zallik va hunuklik, fojeaviylik va komediyaviylik, yuksaklik va tubanlik) insonlar uchun birdek mohiyatga ega bo‘lsada, insonlar jamiyat ma’naviy hayotida iste’molda bo‘lgan ba’zi mahsulotlarga turlicha munosabatda yondashadi. Turli xalqlarda, tabaqalar va ijtimoiy guruhlarda mazmunan va shaklan farq qiladi. Bunga diniy, axloqiy qarashlar, mintaqaviy-tabiiy shart-sharoit, ishtimoiy ishlab chiqarish xususiyatlari ta’sir ko‘rsatadi. Tabaqaviy, guruhiy farqlar odamlarning bilimi, tarbiyasi, korporativ manfaatlari tomonidan belgilanadi. Inson psixologiyasi va dunyoqarashi, ma’naviy-madaniy saviyasi, rangbarang shaxsiy qiziqish hamda manfaatlari estetik ehtiyojlarga bevosita va bilvosita ta’sir etadi. Milliy mentalitet, diniy-e’tiqod, milliy qadriyatlar tizim, individual did insonning estetik qarashlari hamda ehtiyojlarini belgilaydi. XX asrda asta-sekin diniy va axloqiy qarashlarining estetik qarashlar bilan o‘zaro ta’siri hamda bog‘liqligi zaiflasha boshladi. Masalaga formal huquqiy yondashuv kuchuydi. Masalan, ko‘plab xorijiy mamlakatlarning kino do‘konlarida sotilayotgan pornografik filmlar aholining ma’naviy ehtiyojlarini, aniqrog‘i ma’lum axborotga, bilimga bo‘lgan ehtiyojlarini qondiruvchi mahsulot sifatida ta’kidlanmoqda. Milliy mentalitetimizga mos kelmaganligi uchun bu holat xalqimiz tomonidan ma’naviy-estetik ehtiyojarni qondiruvchi mahsulot emas, balki axloqsizlik manbai sifatida baholanadi. Xorijda
43 bunday mahsulotni ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilar o‘z qilmishlarini insonning axborot olish huquqi, so‘z erkinligi va shu kabi bahonalar bilan oqlamoqda. “Estetik did – insonning mulohazalari, fikrlari, hulqi, yurish-turishi, o‘zini tutishi, xatti-harakatlarida, moddiy va ma’naviy ijodi mahsulotlarida namoyon bo‘lib, uning asosida go‘zallikni hunuklikdan ajrata bilish, zavqlanish qobiliyati yotadi” [2]. Estetik didi rivojlangan shaxs ko‘rgazmalarda namoyish etilayotgan turli asarlarni “shunchaki tamosha” uchun emas, balki undagi go‘zallikni, nafosatni, badiiy g‘oyani ko‘rish uchun tashrif buyuradi. Badiiy asar jamiyat illatlarini aks ettirganda ham uning inson tabiatiga, axloqi va ma’naviyatga zid ekanini fosh qiladi. “Uyg‘onish davri”da yaratilgan boy madaniy va ma’naviy meroslarni bugungi kunda ham o‘z qiymatini yo‘qotmaganliging asosiy sabablaridan biri ularning yuksak insonparvarlik g‘oyasiga mos tarzda har tomonlama go‘zal, uyg‘un, kompozitsion kamchiliklardan holi, nozik did bilan, inson ma’naviy ehtiyojlarini qondira oladigan darajada yaratilganligidir. Inson va jamiyat ma’naviy hayotinni rivojlantirishning asosiy omillaridan biri – borliq, atrof-muhitdagi real voqelikni, undagi haqiqiy go‘zallikning mazmunmohiyati to‘g‘risida insonga izchil bilimlar berib, uning estetik tarbiyasi va qadriyatlari tizimini shakllantirish hisoblanadi. Bu esa Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga ham xizmat qiladi. Siyosiy ongni o‘stirish va siyosiy faollik ehtiyojlarini tarbiyalash. Aholining siyosiy ehtiyojlari birinchi navbatda tafakkur erkinligi ta’minlangan, tinchosoyishta, ijtimoiy barqaror, uning shaxsi, oilasi va mulki davlat tomonidan himoyalangan adolatli jamiyatda yashashdir. “Jamiyatning ma’naviy hayoti o‘z ichiga davlat hokimiyati va uning tuzulmalari faoliyatini ham qamrab olib, ushbu siyosiy faoliyat, avvalo, odamlarni farovon, tinch-osoyishta yashashiga, jamiyat barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi lozim. Davlat hokimiyati olib boradigan siyosat ma’naviy ehtiyojlarning rivojlanishiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Adolatlilik, insonparvarlik, demokratik tamoyillarga asoslangan siyosat yuritayotgan davlatda ma’naviyat davlat ahamiyatiga molik masalaga aylanishi jamiyat ma’naviy hayotining rivojlanishi bilan bir qatorda odamlarning ma’naviy ehtiyojlarinining qondirilib borishiga sabab bo‘ladi” [3]. Ma’naviy ehtiyojlarning paydo bo‘lishi, insonlar tomonidan qondirlishi, qondirilgan ehtiyojlar yanada yuksakroq ma’naviy ehtiyojlarga buyurmachi vazifasini o‘taydi. Masalan: mamlakatimizda davlat siyosati adolatparvar, xalqchil, insonparvar ruhda olib borilmoqda, barcha sohalarda islohotlar o‘tkazilmoqda. Insonlarning ehtiyojlarini
44 qondirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, moddiy hamda ma’naviy mahsulotlar ko‘plab turlarda yaratilmoqda va hokazo. Agar hokimiyat jamiyat, mamlakat, xalq hayotining ma’naviy asoslariga mos kelmaydigan siyosat olib borsa, bunday holatlarda ularning ma’naviy jarayonlarga ta’siri salbiy bo‘ladi. Adolatsiz siyosat ijtimoiy taraqqiyotga to‘sqinlik qilishga, ayrim siyosiy kuchlarning manfaatlarini himoya qilishga, demokratiyani bo‘g‘ishga, ommani zo‘rlik, do‘q-po‘pisalar bilan saqlab turishga sabab bo‘ladi. Aksincha, qachonki davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarda birlik, hamfikrlik, hamjihatlik ruhi, kommunikativ muvofiqlik ruhi hukmronlik qilsa, ijtimoiy idrok bir butun tizimni tashkil etsa, unda bu davlat va jamiyat manfaatlaridagi o‘zaro monandlik, sherikchilik, jamiyatning o‘z-o‘zini rivojlantirish, o‘z-o‘zini takomillashtirishda samarali ifodasini topadi. Taraqqiyparvar siyosat – ishlab chiqaruvchi kuchlar, fan, madaniyatni g‘oyat yuksaltirib, xalq farovonligini ta’minlaydi. U tekinxo‘rlik, ochlik, qimmatchilik va qahatchilikka qarshi qaratilgan bo‘ladi. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni qaror toptirishda, atrof-muhitning tozaligi va sofligini, inson salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Agarda siyosat adolatsiz ko‘rinishda bo‘lib, ushbu siyosat jamiyat rivojlanishiga to‘sqinlik qilsa, ba’zi siyosiy kuchlarning har qanday faoliyati va manfaatlarini rag‘batlantirsa odamlar orasida davlat hokimiyati va u yuritayotgan siyosatga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘ladi, jamiyatda bir tomonlama fikr yuritish, “o‘ra-o‘ra” chilik kayfiyati shakllanadi. Ziyolilar orasida qatag‘on siyosati yuritilsa, boy madaniy merosga nisbatan ta’qiqlar kuchaysa, ixtiro va kashfiyotlar tan olinmasa – ilm-fan sohasida inqiroz yuz beradi. Ma’naviyat sohalari tanazzulga uchrab, ma’naviyat masalalarida “o‘ra, o‘ra”chilik avjiga chiqadi. Odamlarning ma’naviy ehtiyojlari qondirilmaydi, oqibatda, ma’naviy ehtiyojlar ham ma’naviyat singari tanazzulga yuz tutadi. Diniy-ma’naviy ehtiyojlarni takomillashtirish. Din jamiyatning ijtimoiysiyosiy hayotida ham doim katta rol o‘ynab kelgan. Hozirgi davrda ham rivojlanayotgan Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi davlatlarida u katta siyosiy kuchni tashkil qiladi. “Odamlarning diniy ehtiyojlarini qondirish nafaqat inson huquqlarini, xususan e’tiqod va vijdon erkinligini yuzaga chiqarishning, shuningdek jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy va siyosiy barqarolikni saqlashning, binobarin jamiyat barqaror rivojlanishining ham muhim shartidir” [3]. Din fuqarolarning shaxsiy ishi deb e’lon qilingan va davlatdan ajratilgan. Lekin davlat odamlarning sog‘lom diniy ehtiyojlari, vijdon erkinligi ta’minlanishining kafolatidir. Shu sababdan u diniy ong, diniy
45 ehtiyojlar to‘g‘ri shakllanishini o‘z qonunlari bilan nazorat qiladi. Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi qonun doirasida kurash olib boradi. Nosog‘lom, ekstremistik mazmundagi diniy ehtiyojlar jamiyat ma’naviyatini, axloqini, adabiyot va san’atini buzg‘unchi g‘oyalar bosimi ostida qoldiradi. Diniy tarbiya oilada va umuman jamiyatda to‘g‘ri olib borilishi ma’naviyat va jamiyat samarali rivojlanishining omilidir. Diniy ehtiyojlar ham ma’naviy ehtiyojlarning tarkibiy qismi hisoblanib, inson hayotining ajralmas bo‘g‘inidir. Odamlarda sog‘lom diniy ehtiyojlar yuzaga kelishi, ularni qondirilishi dunyoviy bilimlarning shakllanishi uchun zamin yaratadi. Tarixiy madaniy merosga, qadriyatlarga, ajdodlar yaratgan ilmiy manbalarga nisbatan ijobiy munosabatda bo‘lishadi. Nosog‘lom diniy ehtiyojlarning paydo bo‘lishi va qondirilishi, jamiyat hayotida ustuvor kuchga aylanishi madaniy merosning yo‘q bo‘lishiga olib keladi. Bugungi kundagi Afg‘on diyoridagi siyosiy-diniy faoliyat fikrimning dalilidir: ko‘plab OAV vositalari faoliyati, ayollarning ish faoliyati, xalqning san’at turlari va musiqa bilan mashg‘ul bo‘lishi taqiqlandi. Tarixiy qadamjoylar va me’morchilik durdonalari, haykallar buzib tashlandi, suratlar еrtildi. Madaniy yodgorliklar yo‘q qilinayotgan jamiyatning ma’naviy hayoti ham inqirozga uchraydi. Mamlakatda uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun diniy tarbiyani oila va jamiyat hayotida to‘g‘ri qo‘llay bilish, insonlarning diniy ongi va dunyoqarashini shakllantirish, ularning diniy sog‘lom ehtiyojlarini qondirish va yuksaltirish zaruratga aylanmoqda. Xulosa o`rnida shuni aytish mumkinki, aqliy-intellektual, hissiy-emotsional muhit va vositalarni yaratish orqali Uchinchi Renessans asoslarini barpo etish mumkin. Buning uchun zamonaviy ilmiy-texnikaviy va informatsion taraqqiyotning qudratli oqimiga tushib olib, milliy madaniyatimizning boshqa xalqlar madaniyati bilan samarali aloqalarini, ularning eng ilg‘or yutuqlari hisobiga boyishini, o‘z yutuqlarini jahonga chiqarishini ta’minlash orqali tafakkur mahdudligini, an’anaviyligini va provinsalizmini, milliy nomukammallik kompleksini to‘la yеnga olishimiz zaruratga aylanadi. Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish g‘oyasi inson ehtiyojlari, turmushi farovonligi, erkinligi ortishi va ma’naviy kamoloti bilan bevosita bog‘lansagina, hayotiylik va reallik kasb etadi [4]. Aks holda u havoyi orzu havasligicha qolib ketadi.
46 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mirziyoyev Sh.M. O‘qituvchi va murabbiylar – Yangi O‘zbekistonni barpo etishda katta kuch, tayanch va suyanchimizdir. Xalq so‘zi. 2020 y., №207 (7709). 2. Erkayev A. Ma’naviyatshunoslik. 1-kitob. “Ma’naviyat”, 2018 y., - 480 b. 3. Erkayev A.P. “Ma’naviyat – millat nishoni”. “Ma’naviyat”, T.: 1997 y. -180 b. 4. Erkayev A. Tafakkur erkinligi. T.: 2021, 65-b. 5. Жабборов, А. М., Жабборов, И. А., & Жабборов, Ж. А. (2015). Этнические стереотипы и психология самобытности узбекского народа. Журнал научных публикаций аспирантов и докторантов, (1), 80-83. 6. Жабборов, А. М., & Жабборов, Ж. А. (2016). Социально-психологическая значимость использования узбекских народных пословиц при совершенствовании учебновоспитательного процесса. Журнал научных публикаций аспирантов и докторантов, (3), 93-95. 7. Жабборов, Ж. А. (2021). Ўзбекистонда таълим-тарбия тизимини объектив заруратга мослаштириш бўйича олиб борилаётган давлат сиёсати. BARQARORLIK VA YETAKCHI TADQIQOTLAR ONLAYN ILMIY JURNALI.(6), 19-28. 8. Жабборов, Ж. А. АЖДОДЛАРИМИЗ МАЪНАВИЙ МЕРОСИДА ЭҲТИЁЖЛАР ТАЛҚИНИ. УЧИНЧИ УЙҒОНИШ ҒОЯЛАРИНИНГ ИЛМ-ФАН ТАРАҚҚИЁТИДАГИ ЎРНИ. 9. Jabborov, J. A. Society in his Life Spiritual of Needs Held Place. merican Journal of Language, Literacy and Learning in STEM Education (2993-2769), 2(1), 48-51. 10. Жабборов, Ж. А. (2021). Маънавий эҳтиёжлар–жамият тараққиётининг мезони. Трансформація суспільних наук: соціально-економічний, лінгвістичний, політичний та itвиміри» II Міжнародна наукова конференція, 22, 40-43. 11. Жабборов, Ж. А. Илм-фанда эҳтиёжлар таснифи. Збірник наукових праць ΛΌГOΣ. 2021. 12. Жабборов, Ж. А., & Жабборова, М. А. (2021). Постмодерн жамият зиддиятларининг маънавий эҳтиёжлар юксалишига таъсири (фалсафий таҳлил). Традиційні та інноваційні підходи до наукових досліджень, 149. 13. Jabbarov, J. (2024). INCREASING NEEDS IS AN IMPORTANT FACTOR OF SOCIETY'S DEVELOPMENT. ACADEMIC RESEARCH IN MODERN SCIENCE, 3(5), 32-36. 14. Жабборов, Ж. А. (2021). Ғарб олимларининг илмий тадқиқотларида эҳтиёжлар тизимининг таҳлили. Ўзбекистон миллий ахборот агентлиги–ЎзА илм-фан бўлими (электрон журнал), 316-325. 15. Жабборов, Ж. А. (2021). Мамлакатимиз олимларининг илмий тадқиқотларида маънавий эҳтиёжлар муаммосининг талқини. Жамият ва инновациялар–Общество и инновации– Society and innovations Special, (5), 2181-1415. 16. Jabborov, J. A. (2021). Analysis of spiritual needs. ACADEMICIA: An International Multidisciplinary. 17. Жабборов, Ж. (2021). Интерпретация проблемы духовных потребностей в научных исследованиях ученых нашей страны. Общество и инновации, 2(5/S), 484-491. 18. Жабборов, Ж. А. (2017). Эҳтиёжлар тизимида-маънавий эҳтиёжлар. In Актуальные вызовы современной науки. II Международная научная конференция (pp. 62-64). 19. Azimovich, J. J. (2025). ISSUES OF FORMING THE SPIRITUAL IMAGE OF THE PERSON IN THE SCIENTIFIC HERITAGE OF OUR ANCESTORS AND SCHOLARS OF OUR COUNTRY. International Innovation Research, 1(1), 14-21.
47 20. Jabborov, J., & Norsubxonova, D. (2025). MA’NAVIY EHTIYOJLAR SHAKLLANISHIDA ZAMONAVIY AXBOROT KOMMUNIKATSIYALARINING ORNI. Инновационные исследования в современном мире: теория и практика, 4(1), 26-30. 21. Jabborov, J., & Ilhomov, S. (2025). MAMLAKATIMIZDA TA’LIM TIZIMI OBYEKTIV ZARURAT SIFATIDA. Наука и технология в современном мире, 4(1), 40-44. 22. Jabborov, J. (2024). ANALYSIS OF NEEDS IN THE SCIENTIFIC HERITAGE OF WESTERN SCIENTISTS. Collection of scientific papers «SCIENTIA», (February 9, 2024; Athens, Greece), 94-98. 23. Azimovich, J. J. (2021). MA’NAVIY EHTIYOJLAR RIVOJLANISHINING IJTIMOIYMADANIY OMILLARI. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 1(3), 30-35. 24. JABBOROV, J. A. FALSAFIY TAFAKKUR TARAQQIYOT BOSQICHI: G „ARB FALSAFASI.