scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

OILA IJTIMOIY INSTITUT SIFATIDA, OILALARNING ASOSIY FUNKSIYALARI

Rahmatova Nargiza Akbar qizi

Full text

159 OILA IJTIMOIY INSTITUT SIFATIDA, OILALARNING ASOSIY FUNKSIYALARI Rahmatova Nargiza Akbar qizi, QarDU tayanch doktaranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17445032 Annotatsiya. Oila shaxs tarbiyasida va ijtimoiylashuvida boshqa ijtimoiy institutlar bilan taqqoslaganda eng muhim vazifalarni bajaradi. Maqolada oilaning funksiyalari oilaning reproduktiv funksiyasi, iqtisodiy funksiyasi, tarbiyaviy funksiyasi, ijtimoiylashuv funksiyalari alohida tahlil qilinadi. Kalit so’zlar: oila, oilaviy qadriyatlar, oilaviy munosabat, jamiyat, reproduktiv funksiyasi, iqtisodiy funksiyasi, tarbiyaviy funksiyasi, ijtimoiylashuv funksiyalari, ijtimoiy muhit. Oila shaxs tarbiyasida va ijtimoiylashuvida boshqa ijtimoiy institutlar bilan taqqoslaganda eng muhim vazifalarni bajaradi. Chunki, aynan oilada individual qobiliyatlar, shaxsiy, kasbiy qiziqishlar, axloqiy normalar shakllanadi. Oila omili insonga butun umr davomida ta’sir etadi. Ijtimoiy jihatdan oila - inson turli ijtimoiy maqomlarni egallaydigan jamoa hisoblanadi. Oila insonning o‘z – o‘zini belgilab olishiga, uning ijtimoiy-ijodiy faolligini oshirishiga yordam beradi. Oilaviy munosabatlar oliy qadriyat hisoblangan O‘zbekistonda oilaning ijtimoiy maqomi nihoyatda balanddir va o‘z mavqeini mustahkamlab bormoqda. Oilada tarbiyaviy omillar ta’sirida bilim va ko‘nikmalar tarkib topadi, qadriyatlar avloddan-avlodga o‘tadi. Ko‘p bolali o‘zbek oilalarida muloqot madaniyati va tartibning saqlanishi oiladagi munosabatlarning barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Biroq bugungi kunda butun dunyoda yuz berayotgan oila inqirozi o‘zbekistondagi oilalarga ham ta’sir qilmoqda. Oila a’zolari sonining qisqarishi, avlodlarning bir-biridan uzoqlashuvi, migratsiya jarayonlarining ta’sirida oilaviy munosabatlarni mustahkamlash masalasi borgan sari dolzarblik kasb etib bormoqda. Oila bugungi kunda yuksak malakali mutaxassislarning, jumladan mahallada oilalarni mustahkamlashda eng jonbozlik ko‘rsatadigan mahalla faolining yordamiga muhtojlik sezmoqda. Shuning uchun ushbu ma’ruzada oilani ijtimoiy institut sifatidagi funksiyalarini kengroq yoritishga va shu orqali mahalla faollarining ushbu yo‘nalishdagi bilimlarini mustahkamlashga harakat qilindi. Mamlakatimiz prezidenti Sh. Mirziyoyev “hayotda eng katta narsa har bir inson uchun bu oila. Oila men uchun muqaddas. Muqaddasligi shuki, avvalambor, qaerda ishlashingdan, kim bo‘lishingdan qat’i nazar, oilada tarbiya, muhit, halollik, mehr-oqibatga e’tibor berilmasa, hech qachon kerakli natijaga erishilmaydi. Shuning uchun men farzandlarimning 160 tarbiyasiga juda katta e’tibor berganman. Farzandimga ham, nevaramga ham alohida munosabatim bor, har birining niyatini, istagini bilaman. Agar oila bilan bo‘lsang, o‘zingni baxtli deyishga to‘liq haqing bor. Faqat oilam emas, xalqim ham baxtli bo‘lsa, men o‘zimni baxtli his qilaman”. Oilaning reproduktiv – demografik funksiyasi. Bu funksiyaning asosiy mohiyati yangi sog‘lom avlodni dunyoga keltirish orqali naslni davom ettirish, tug‘ilishlarni rejalashtirish va nazorat qilish, oila a’zolarining barchasini salomatligini saqlashdan iboratdir. O‘zbekistonda hozirda ko‘pbolali oilalarning mavjudligi bilan bir qatorda, oila a’zolari sonining qisqarishi ham kuzatilmoqda. Bu hodisalar asosan moddiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar, yosh oilalarning ota-ona uyidan ajralib chiqishga bo‘lgan intilishi, tibbiy xizmatning darajasi, ekologiyaning inson salomatligiga ta’siri bilan izohlanadi. Har tomonlama rivojlangan jamiyatni barpo etishda sog‘lom nasl qoldirishning mazmun va mohiyatini anglab yetish, tug‘ilajak farzandning sog‘lom bo‘lishi ota-onalarning jismonan va ruhan sog‘lom bo‘lishi bilan bir qatorda genetik jihatdan bir-biridan farqlanishi, ya’ni qarindoshlik rishtalarining mavjud emasligi katta ahamiyatga ega. Oilaning iqtisodiy funksiyasi. Oila a’zolarining ba’zilari tomonidan boshqalari uchun moddiy mablag‘lar topishi, ya’ni voyaga yetmaganlar va qariyalarni moddiy ta’minlash bu funksiyaning asosini tashkil etadi. Oila iqtisodi, budjeti, daromadini rejali sarflash, kundalik xarajatlarga, zarur buyumlarga pul ajratish, topilgan moddiy mablag‘ning yetarli darajadagisini oilaning farovonligiga yo‘naltirish er-xotinning tajriba va malakasiga bog‘liqdir. Zamonaviy bozor munosabatlari sharoitida mulk to‘plash, mulkka ega bo‘lish, meros masalalarida oilaning iqtisodiy funksiyasini yanada dolzarblashganini ko‘rish mumkin. Oilaning moddiy farovonligi, uning ta’minlanganligi bir necha miqdor va sifat ko‘rsatkichlari bilan baholanadi. Bular oilaning daromad darajasi, uy-joy va yashash sharoitlarining mavjudligi xamda oila a’zolarining ijtimoiy-demografik xususiyatlari va sonidan iborat. Oilaning daromadlari darajasi, turar joyi sharoitlari belgilangan me’yordan past bo‘lsa (tirikchilik minimum va boshqalar) buning oqibatida oila eng kerakli hisoblangan oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar joy uchun xaq to‘lash talablarini qondira olmasa, bunday oila kambag‘al va uning ijtimoiy-iqtisodiy mavqei past hisoblanadi. Bunday oilalar notinch oilalar sirasiga kiradi. Oilaning tarbiyaviy funksiya. Oilaning muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir vazifasi tarbiyalashdir. Bolalarning aqliy, jismoniy, axloqiy, huquqiy va estetik tarbiyasiga oilada asos solinadi. Oila inson deb ataluvchi binoning faqat poydevorini 161 qo‘yish bilan cheklanmasdan, balki uning so‘nggi g‘ishti qo‘yilguncha javobgardir. Barkamol avlodni tarbiyalash oila oldida turgan eng muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Farzandlar ongida Vatanga muhabbat tuyg‘ulari oilada, yashab turgan mahallada shakllanadi. Mamlakatning ertangi kuni, tinch va obod bo‘lishi eng oldin mana shu kichik ijtimoiy jamiyatda o‘sibunayotgan bolalarning dunyoqarashiga bog‘liq. Qaysi oilada, qaysi mahallada tarbiya yaxshi yo‘lga qo‘yilar ekan, o‘sha oila, o‘sha mahalla gullab-yashnaydi. Oilaning tarbiyaviy funksiyasi asosan ota-onalar va oilaning yoshi katta a’zolari tomonidan amalga oshiriladi. Oila tarbiyasida muvaffaqiyatga erishish ko‘p jihatdan ham ota, ham onaning birdamlik va tengligi asosida, kuch-g‘ayratlarini birlashtirgan holda olib borgan faoliyatlariga bog‘liqdir. Ota-onalar, buvi-buvalar farzadlari bilan ko‘proq muloqot qilishlari, shaxsiy namuna bo‘lishlari orqali ularning tarbiyasiga ijobiy ta’sir qilishlari mumkin. Oilaning tarbiyaviy funksiyasining eng muhim jihatlaridan biri bu ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan urf-odatlarimizni kelgusi avlodga yetkazish orqali ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdir. Tarbiya jarayonida individual yondashuv uchun avvalo ota-onalarning psixologik va pedagogik bilimlarga ega bo‘lishi, shuningdek bolalarini doimiy nazorat qilishlari muhim ahamiyatga ega. Oilaning ijtimoiylashuv funksiya. Oila shaxs shakllanishiga ta’sir qiluvchi birinchi va asosiy ijtimoiy guruh hisoblanadi. Oilada avlodlarning tabiiy-biologik hamda ijtimoiy aloqalari uzviy bog‘lanib keladi va mikromuhit sifatida ularning ruhiy, jismoniy va ijtimoiy rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shaxsning boshqalar bilan ijtimoiy aloqalarga kirishishda qiynalmasligi yoki aksincha xalq tili bilan aytganda odamovi bo‘lib voyaga yetishi bevosita oilada berilgan tarbiyaga bog‘liqdir. Farzandlarning boshqalarga yordam beradigan yordamsevar bo‘lishi yoki faqat o‘zini o‘ylaydigan xudbin bo‘lib yetishishida otaonalar va oila a’zolarining shaxsiy namunasi katta ahamiyatga ega. Shu sababdan bugungi kunda farzandlarni kamol toptirishda ularni jamiyatga foydasi tegadigan, yordamsevar, jamoa bo‘lib ishlashni yoqtiradigan, boshqalarning manfaatlarini hurmat qiladigan va shu bilan bir qatorda o‘z fikrini doimo bildira oladigan barkamol avlod qilib tarbiyalash har doimgidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Oilaning kommunikativ funksiyasi. Oila a’zolarining o‘zaro bir-birini tushunishga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga intilish, turli ijtimoiy yo‘nalganlik, ustanovkalar, insonning ma’naviy va psixologik salomatligi, oiladagi o‘zaro ichki axloqiy-psixologik iqlim muloqot xarakteriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir. Oilada ochiq, o‘zaro hurmatga va haqiqatni ustun tutishga asoslangan muhit ostida muloqot 162 qilinsa, ushbu oila deyarli barcha muammolarni muloqot qilish orqali hal qilishi mumkin. Oilaning relaks (qayta tiklanish) funksiyasi. Bu funksiya oila a’zolarining o‘zaro bir-birlarini jismoniy, moddiy, ma’naviy va psixologik qo‘llabquvvatlashi, xonadondagi mavjud shart-sharoit, dam olish va ko‘ngilochar tadbirlarini tashkil etishda namoyon bo‘ladi. Oila, uning barcha a’zolari uchun ishdan, o‘qishdan yoki boshqa tadbirlardan xonadonga qaytganlarida yo‘qotilgan energiyani tiklanishiga xizmat qilishi kerak. Oilaning felitsitologik (baxtga intilish) funksiyasi. Shaxsiy baxtga erishishga intilish oilaviy munosabatlar tizimida ko‘p jihatdan hal qiluvchi bo‘lib bormoqda. Inson yaralibdiki uni o‘ylantiradigan va unga qanday qilib erishish mumkinligi haqida hozirgi kungacha har bir insonning o‘z tasavvurlari bo‘lgan baxtlilik tushunchasi haqida fikr yuritib kelmoqda. Aksariyat faylasuflarning va xatto ko‘pchilik insonlarning yashashdan maqsadiningiz nima deb so‘raganingizda ushbu savolga javobi har xil shaklda ifoda etilgan bo‘lsa ham baxtlilik deb javob berganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Baxt nisbiy tushuncha bo‘lib, har bir inson uchun har hil ma’no kasb etishi mumkin. Masalan, kim uchundir boy bo‘lib yashash baxt bo‘lsa, kim uchundir kam pul topsa ham huzurhalovatda yashash, uzoq vaqtdan buyon hastaliklar bilan kurashayotgan bemor uchun sog‘liq ya’ni sog‘lom yashash baxt bo‘lsa, yana kim uchundir dunyo bo‘ylab sayohat qilish, kim uchundir serfarzand bo‘lish, aksariyat ota-ona uchun farzadlarini kamolini ko‘rishdan ortiq baxt bo‘lmasa kerak bu dunyoda. Har bir shaxs baxtga o‘z oilasi bilan birgalikda erishishni tasavvur qilishi tabiiy holdir. Zero, oila shaxsga o‘zini baxtli his qildirishiga imkon beruvchi maskandir. Oilada er-xotinning bir-birini to‘liq tushunishi, ularning o‘zlarini baxtli his qilishlarini ta’minlaydi. Er-xotinning bir-birini to‘g‘ri tushunishi, birining ikkinchisini xato va kamchiliklarini bo‘rttirib emas, odatiy holat sifatida qabul qilishi orqali tomonlar o‘zaro hurmat ruhida muloqotni amalga oshiradigan bo‘lsa, ushbu oila baxtli oilardan biri deb aytishimiz mumkin bo‘ladi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. https://uz.wikipedia.org/wiki/Nikoh 2. Ismatullayeva N.R. Konfutsiy asarlaridagi ijtimoiy-falsafiy atamalar semantikasi va ularning tarjimada berilishi (Monografiya). – T.: ToshDShI, 2020. – 128 bet.