BUXORO AMIRI SAYYID ABDULAHADNING MIRZACHORBOG' SAROYIDAGI ADABIY KECHALARI
Full text
181 BUXORO AMIRI SAYYID ABDULAHADNING MIRZACHORBOG’ SAROYIDAGI ADABIY KECHALARI Sherxon QORAYEV, Qarshi shahridagi Xalqaro innovatsion universitet dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17445060 Annotatsiya. Ushbu ilmiy maqola Buxoro amiri va hukmdorlar shoiri Abd al-Ahadxon ijodi, saroy adabiyoti, amir ishtirokida o‘tkazilgan adabiy kechalar tarixiga bag‘ishlangan. Shoirlar hukmron shoir Abd al-Ahadxon atrofida to‘planib, adabiy kechalar o‘tkazdilar. Bu xonlikda adabiyot va san’at rivojiga xizmat qildi.Tarixiy manbalar asosida amir Abd al-Ahadxon faoliyati haqida so‘z boradi. Ma’lumki, amir Ojiz taxallusi bilan she’rlar yozgan. U o'z davrining mashhur odami edi. Kalit so‘zlar: Saroy shoirlari, adabiy muhit, tazkiralar, sohibdevon shoiri, mushoiralar. Kirish. Ma’lumki, XIX – XX asr boshida Xiva, Qo‘qon va Buxoro xonlari saroylarida o‘ziga xos adabiy muhit shakllangan edi. Jumladan, Buxoro amirlari atrofida ham adabiy muhit namoyandalari - ko‘plab iste’dodli shoirlar bo‘lgan va ular ishtirokida saroyda muntazam mushoira kechalari tashkil etilgan. Buxoro amiri Abudahadxon Karmanadagi Mirzachorbog‘, Charmgarchorbog‘, Xonchorbog‘ kabi saroy va bog‘larida ham adabiy bazmlar o‘tkazgan. Fitrat “Buxoro amirligi tarixi” kitobida Abduahad hukmronligi davrida o‘z vaqtini faqat bazmlar va “fisqu fujurga sarflagan”ini aytgan [14:40]. Ayniqsa, Mirzachorbog‘ saroyida tez – tez adabiy bazmlar – mushoira kechalari tashkil etilgan. Ammo, Said Olimxon o‘zining “Buxoro xalqining hasrati tarixi” asarida adabiy kechalar o‘tkazishni xush ko‘radigan shoir padari buzrukvorining ijodiy faoliyatini ijobiy baholangan [15:16]. Asosiy qism. Buxoro amiri Muzaffarxonning 1885 – 1910 yillarda Buhoroda hukmronlik qilgan, zullisonayn, sohibdevon shoir o’g’li Abdulahadxon (1859-1911) “Ojiz” taxallusi bilan forscha-tojikcha hamda o‘zbekcha she’rlar yozgan va o‘z she’rlarini she’riy majlislarda o‘qigan. Adabiyotshunos Po‘latjon Qayyumovning “Tazkirai Qayyumiy” tazkirasida shoir Ojizning she’ri keltirilgan. Qil muruvvat holima ey xo‘blarning sarvari, Toki bo‘lg‘ay mehnatu anduh hijrondin nari, Ojizi bechorag‘a ko‘rsat yuzingning axtari, Chehra ko‘rsat qilma istig‘no Amirg‘a ey pari, Ko‘rmasa bir dam qachon sabru qarori bor ekan.
182 Amir Abdulahadxon (yuqorida keltirganimizdek) Qo’qon xoni shoir Amiriy tahallusli Umarxonning qator g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan [1: 460]. Shoir Ojiz Mullo Sharif Anbarning forscha – tojikcha g‘azaliga javob yozgan: Halli mushkilho, zi lutfi hayyi akbar yoftam, Hosili maqsud az rohi payombar yoftam. O‘ zi ro‘yi osmon gufto – vumo taxti falak, Soli ta’rixash chunun az mashqi Anbar yoftam. (Mazmuni: Mushkullar hallini Xudo lutfidan topdim, Maqsadlarim hosilini payg‘ambar yo‘lidan topdim. U osmon yuzidan aytdiyu, biz falak ostida, Ta’rix yilini Anbar mashqidan topdim.) Aftidan, shoir Anbarning she’rida abjad usulida biror bir sana berilganki, amir ziyraklik va did bilan buni nazmda ifoda etgan. Amir Abdulahadxon o‘z zamonining taniqli shoirlaridan biri bo‘lgan. Muhammad Ali Baljuvoniy “Tarixi nofeiy” asarida hukmdor shoirni “sultoni zamon, shoiri ofoq va davron, bulbuli bo‘ston [2: 44]” deb e’tirof etilgan. Binobarin, manbalarda qayd etilishicha, “fazilat va suxan gulistonining bulbuli” bo‘lgan mazkur amir o‘z zamonasining balandpoya, balandparvoz shoiri bo‘lib, u yaxshi she’r yozgan, ko‘ngilga yaqin gaplar ayta olgan, voqeanavislikda o‘z davrining yagonasi bo‘lgan. Uning misra va ruboiylari bizgacha yetib kelgan. Chunonchi, Hoji Ne’matillo Muhtaram tomonidan mazkur amir topshirig‘i bilan tuzilgan “Tazkirat ush-shuaro”da uning she’rlaridan namunalar keltirilgan [3: 110]”. Amir Abdulahadxon juda o‘qimishli va ziyoli inson bo‘lgan. O‘zbek tilidan tashqari fors va rus tillarini mukammal bilgan. Fransuz tilida ham gapira olgan. Arab tilida Qur’onni qiroat bilan o‘qigan. Amir Sayyid Abdulahad fiqh, mantiq, falsafa ilmlarini zamon ustozlaridan o‘rganib, adabiyot sohasida ham chuqur bilimga ega bo‘lgan. Amir Abdulahadxonning madaniyatli, ma’rifatli va odil hukmdor bo‘lganligi Sadriddin Ayniyning “Esdaliklar” kitobi va Afzal Pirmastiyning “Tazkirat ushshuaro” asarlarida ham zikr etilgan. Amirning mushoiralari ikki tilda – tojik va o‘zbek tillarida olib borilgan. “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” kitobida yozilishicha, “Buxoro adabiy muhitida an’anaviy ikki tillilik bu davrda ham davom etgan. Amir Abdulahadxon (1859-1910) siyosiy hayotninggina emas, adabiy hayotning ham eng e’tiborli vakili edi. Ayniqsa bu uning amirlik davri (1885-1910)da yaqqol namoyon bo‘ldi. Sohibdevon hukmdor shoir devon tuzgan [5: 13]. Ammo tarixchilar H. To‘raev va B. Boltaevlar hukmdor shoirning maxsus devon tuzmagan, deb ta’kidlashgan [12:6]. “Amir Abdulahadxon
183 davrida Karmana” kitobida ham Ojizning devon tuzmagani aytilgan [13:17]. Biroq, A. Nedeskiy esa “Buxoro hukmdorlari” asarida ham amir o‘z she’rlaridan “Devon” tuzganini yozgan. Hukmdor Abdulahadxonning saroyi fozillar, shoirlar, yozuvchilar bilan doim to‘la bo‘lgan [4: 68]. Chunki u hukmronligi davrida ziyoli, ilm – fan va adabiyot namoyandalarini o‘z atrofiga to‘plagan. Adabiyot va san’at ixlosmandlaridan moddiy va ma’naviy ko‘magini darig‘ tutmagan. Adabiyotshunos Shuhrat Xalilovning yozishicha, Afzal Pirmastiy, Mullo Sharif Anbar, Mirza Shamsiddin Doyi, Muhammad Aminxo‘ja Eshon kabi ko‘plab shoirlar amir saroyida va homiyligida ijod qilgan va mushoira kechalarida she’rlar aytgan. Ularning ijodida Olloh taologa iltijo, ma’shuqani tasvirlash, (hukmdorni) madh etish yaqqol ko‘zga tashlanadi. “Abdulahadxonning rag‘bati va himmati bilan Afzal Pirmastiy (1915 y. v.e.), Ne’matulla Muhtaram (1920 y. v.e.), Mirsiddiq Hashmat (Amirning ukasi), Abdi kabi shoirlar tazkiralar tuzib, an’anaviy tazkirachilikni yangi-yangi asarlar bilan boyitganlar [5:14]”. Ma’lumotlarga ko‘ra, Afzal Maxdum Pirmastiy tuzgan “Afzali ut tazkor fi zikrish shuaro val ash’or” (“Shoirlar va she’rlar haqida Afzal tazkirasi”) deb nomlangan tazkirada XIX asr oxiri va XX asr boshida yashab, ijod qilgan 135 nafar shoir haqidagi ma’lumotlar jamlangan. Bu davrda yana qator tazkiralar tuzilib, an’anaviy tazkiranavislik yangi asarlar bilan boyitilgan. Xususan, amirning ukasi shahzoda Said Mir Muhammad Siddiq Hashmat tuzgan “Tazkirat ush – shuaro” nomli tazkirada amirlikda yashab ijod qilgan 60 dan ortiq shoir, ularning taxallusi, tarjimai holi, mashhur she’rlari haqida so‘z boradi. Hoji Abdulazim Shar’iy tuzgan “Tazkirai shuaroi Abdulazim Shar’iy” nomli tazkirada XIX asr oxirida Buxoro, Samarqand va Toshkentda yashab ijod qilgan shoirlar va olimlar xususida so‘z yuritiladi. Ne’matulla Muhtaramning nasriy matnda fors tilda yozgan “Tazkirai Hoji Ne’matulloh Muhtaram” nomli tazkirasida XIX asr oxiri va XX asr boshida Buxoroda yashab ijod qilgan shoirlarning taxallusi, ismi, nasabi, yozgan asarlari to‘g‘risida ma’lumotlar keltiriladi. Abdiy Mirabdullaxo‘janing “Tazkirai Abdiy” (Yoki “Tazkirat ush-shuaroi mutaaxxirini Buxoro”) hamda “Tazkirat ush-shuaro” (1904) nomli tazkiralarida Amir Abdulahad davrida yashab ijod qilgan 118 nafar shoir haqida ma’lumotlar jamlangan. Manbalarda qayd etilishicha, saroy shoiri va tarixchi Mirzo Somiy keksaygan chog‘ida Abdulahadxon saroyidan quviladi. U saroyga qaytish va oldingi mavqeini tiklashga ancha harakat qilgan. Sayohat qilishni xush ko‘radigan va sayohatlari haqida kitoblar yozgan amir Abdulahad nazariga tushish uchun arab yozuvchisi
184 Husayn at-Tavironiyning sayohatga bag‘ishlangan asarini tarjima qilib, uni Abdulahadga bag‘ishlaydi. Bundan tashqari, o‘zining “Mi’rot ul-xayol” asari bilan ham xuddi shunday yo‘l tutadi. Asarining boshida, oxirida va maxsus boblarda Amir Abdulahadni maqtaydi: Vale maxdumi man shaxsest dono, Suxanro nazdi u qadrest volo. Dilash az garmiyi ma’ni ba cho‘sh ast, Rauf astu halimu aybpo‘sh ast. “Mir’ot ul-xayol”ning xotimasida Somiy amirga murojaat etib: “Yomg‘iru shamol ta’sir etmaydigan ustuvor bino ijod qilib, uning qabuliga havola qilayotganini” ta’kidlaydi hamda podshohdan o‘zini avf etishini so‘raydi: Talab fi rizoyi shahriyoram, Ba xabari afvu rizo matlab nadoram. (Mazmuni: “Shahriyorim rizoning talabgoriman, Uning kechirimi va rizoligi xabaridan boshqa maqsadim yo‘q”.) Mirzo Somiy saroydan chetlatilganidan to “Mir’ot ul-xayol” yozib tugallangan 1904 yilga qadar amir Abdulahadga uzrxohlik bilan qasidayu she’rlar bitib, o‘zining og‘ir ahvolini bayon qiladi, bir necha asarlari va tarjimalarini unga bag‘ishlaydi. Sayyid Mansur Olimiy “Buxoro – Turkiston beshigi” asarida yozishicha, “Amir Abdulahad daxmasiga kiradigan binoning tepa qismidagi toshga amir Sayyid Olimxon buyrug‘i bilan quyidagi misralar (Forschadan S.Inoyatov, I.G‘aniev, Yu.Azimov tarjimasi) yozilgan: Ko‘ngil, ey ko‘ngil, yayra, u jannatga otlandi, Abdul – Ahad bin Sayyid Amir Xusravu zamon. Karamu saxovatda u qadar yo‘qdir, pesha, U gavhari sharifdir, tuproqqa qorishdi, esiz u jon... Qabring boshida turib, vodarig‘o yig‘ladim, Umr daraxti yanglig‘ xazon bo‘ldi borlig‘im. Fazlu suxan bog‘ining bulbuli, deb ingradim, Yuz vohkim bo‘stondan uchdi bulbul, orligim. Aning vafotin raqam aylagayman, xun bo‘lib, U jahon borligida maqom topgan shoh erurdi. Sening qabr-xokingdan g‘unchalar ungay behad, Nuri rahmat yog‘ilib, abadiy umr ko‘rurdi [4:64].
185 Shuhrat Xalilovning fikricha, sangtarosh Mullo Abdurayim G‘azg‘oniy tomonidan toshga yozilgan (ushbu) marsiya hozirgacha yaxshi saqlangan. Marsiyani Amir Abdulahadxonning saroy shoiri Mirzo Hayit Sabho yozgan [4:65]. Xulosa. Amir Abdulahadxonning Rossiyaga o‘zining 1892 - yil dekabr – 1893 - yil fevral oylari davomidagi safari tafsilotlarini kundalik tarzida yozib borgan. Ushbu kundalik Ismoilbek Gasprinskiy tomonidan 1894 - yilda Qozonda “Buxoro amiri hazratlarining kundaligi” sarlavhasi ostida nashr qilingan [6:128]. Ushbu asar 1998 yilda “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnalining 3-4 sonlarida o‘zbek tilida chop etilgan. Muxtasar aytganda, Buxoroning ijodkor amiri Abdulahadxon saroyidagi adabiy muhit hamda uning huzurida o‘tkazilgan adabiy kechalar mumtoz adabiyotimiz va milliy san’atimiz rivojiga xizmat qilgan. Binobarin amir Abduahad ijodi va adabiy majlislarining mumtoz adabiyotimiz taraqqiyotida tutgan o‘rni masalasi hali hanuz o‘rganilgan emas. Holbuki, manbalarda o‘z davrining taniqli adib va tarixchilari tomonidan Ojizning adabiy merosi va she’riyat kechalariga yuksak baho berilgan. Chunonchi, tadqiqotchilar tomonidan kelgusida olib boriladigan izlanishlar bu masalada oydinlik kiritadi, deb o‘ylaymiz. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Qayyumov P. Tazkirai Qayyumiy. T.: Qo‘lyozmalar instituti, 1999.-B.460-463. 2. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi nofeiy. T.: Akademiya, 2001.-B.44. 3. Buxoroda bitilgan baytlar, T.:1962. –B.110. https://m.facebook.com/726997644080431/photos/a.729005473879648/1532782686835252/?t ype=3 4. Sayyid Mansur Olimiy. Buxoro – Turkiston beshigi. Buxoro, 2004.-B.68. 5. Qosimov B., Yusupov Sh., Dolimov U. Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti. T.: Ma’naviyat, 2004.-B.14-15. 6. Amir Abdulahadxon. Fetirburg safari. T.: “Akademnashr”,2023.-B.128. https://www.bukhara.uz/?p=12632 7. https://ziyouz.uz/jahon-nasri/ismoilbek-gasprinskiy/ismoilbek-asprali-turkiston-sajo-atlari/ 8. Qorayev Sh. Buxoro Amiri Abdulahadxon saroyi adabiy muhiti va she’riyat kechalari tarixi./ “Fan, innovatsion texnika va texnologiyalarning rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi respublika ilmiy – amaliy anjumani maqolalari to‘plami. Qarshi, QIAI, 2023. –B.645-648. 9. Qorayev Sh. Jadidchilik harakati asoschisi Ismoil Gasprali va Buxoro amiri Abdulahadxon ijodi. /“Jadidlarni ilmiy-pedagogik merosi: tarix va zamonaviylik” nomli mavzudagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. 29-30 noyabr. – Samarqand. 2023. – B. 136-141. 10. https://kh-davron.uz/kutubxona/uzbek/tarix/a-g-nedveckij-praviteli-buxary.html 11. To‘rayev H., Boltayev B. Sulolaning yettinchi hukmdori./ Buxoro, Buxoronoma, 2002 yil 30 noyabr.-№50.-B.6.
186 12. Inoyatov S., To‘raev H., Hayitova O. Amir Abduahadxon davrida Karmana. T.: “Sharq” NMAK BT, 2004.-B.17. 13. Fitrat. Buxoro amirligi tarixi. T.: Minhoj, 1992.-B.40. 14. Amir Sayyid Olimxon. Buxoro xalqining hasrati tarixi. T.:Ijodkor, 1991.-B.16. 15. Xaitova O., Savriyev J. Mirzachorbog‘ – yoxud Amir Abdulahadxon saroyi. N.: Navoiy, 2024.- B.124.