scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR HUZURIDAGI ADABIY KECHALAR LINGVOPOETIKASI

Nasiba JO'RAYEVA

Full text

246 ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR HUZURIDAGI ADABIY KECHALAR LINGVOPOETIKASI Nasiba JO‘RAYEVA, Qarshi shahridagi Xalqaro innovatsion universitet 2-kurs magistranti. DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17445122 Annotatsiya.Ushbu ilmiy maqola ulug‘ ajdodimiz, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning adabiy kechalari tarixi va mazmun – mohiyatiga hamda ushbu yig‘inlarning temuriy shahzoda hayotida tutgan o‘rniga bag‘ishlanadi. Unda o’z davri manbalari, “Boburnoma” asari hamda shoirning lirik merosi ma’lumotlari asosida she’riyat majlislari tarixi to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Kalit so‘zlar: Ahli tab’, she’ri turkiy, mushoiralar, estetik zavq, suhbat. Hukmdorlar shoiri Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) Farg‘ona adabiy muhitida ulg‘aydi va bolaligidanoq adabiyotsevar otasi Umarshayx Mirzoning she’riyat kechalarida qatnashdi. Temuriy Umarshayx Mirzoning “she’riy iste’dodi bo‘lsa-da, biroq she’r yozishga qunt qilmagan. Vaqt topib xushsuhbat temuriy mirzo biror bahona bilan mushoira majlislarida she’rlar o‘qib turgan [1, 32 b]. Kezi kelib, Bobur Mirzo ham taxtga chiqqach, temuriylar an’anasini davom ettirib, Axsikent, Samarqand, Kobul va Agra kabi qator shaharlarda hamda safarlarda atrofiga shoirlarni to‘plab, she’rxonlik kechalari va mushoiralar uyushtirgan: “Va bir necha ahli tab’kim – ular (Bobur atrofidagi yig‘in ahli): olim, hakim, ulamo, shuaro, tabib, muarrix, umarolarkim, alarni ushbu podshoh doimul avqot (vaqt) suhbat(majlis)din ayru qo‘ymas edi” [2, 266 b]. She’riyat kechalarida Boburning o‘zi ham shoirlik iste’dodi borligi uchun she’rlar o‘qigan. “Bobur podshoh andoq podshoh erdiki, nav’- nav’ fazllar birla orasta, shijoatda g‘olib erdi. Va she’ri turkiyda Amir Alisher (Navoiy) rahmatulloh alayhidan keyin hech kishi andoq she’r aytolmabdur [3, 240 b]”. Mirzo Bobur huzuridagi adabiy majlislarda mushoiralar qizg‘in va qiziqarli tus olgan. “Boburnoma”da yozilishicha, “Jolada she’r aytur el xeyli bor edilar. Misli, Shayx Abul Vohid va Shayx Zayn va Mullo Alixon va Turdibek Xoksor, yana ba’zilar ham bor edi. Suhbatta (adabiy kechada) Muhammad Solihning bu bayti mazkur bo‘ldikim: Mahbubii har ishvagarero chi kunad kas, Joe ki tu boshi digarero chi kunad kas. 247 (Mazmuni: Har bir noz-karashmachining muhabbatini nima qilsin kishi, sen bo‘lgay joyda boshqani nima qilsin kishi.) dedukkim, bu go‘shada aytsunlar. Tab’i nazmi bor el aytmoq maqomida bo‘ldilar. Chun Mullo Alixon bila xeyli mutoyaba qililur edi, hazl tariyqi bila bu bayt badihada xotirg‘a keldi: Monandi tu madxushi karero chi kunad kas, Har govkuni moda xarero chi kunad kas. (Mazmuni: Senga o‘xshash xushsiz, karni nima qilsin kishi. Har bir ho‘kizga chopuvchi urg‘ochi eshakni nima qilsin, kishi). Mundin burun yaxshi va yomon, jid va hazl harne xotirg‘a yetsa edi, mutoyaba tariyqi bila gohi manzum bo‘lur edi. Har nechuk qabih va zisht nazm bo‘lsa marqum bo‘lur edi [4, 232 b]”. Adabiy majlislarda turli qissalar, dostonlar va hikoyatlar ham o‘qilgan. Abulqosim Jaloyir bir majlisda “Gapiruvchi to‘tilar” haqidagi hikoyat aytib, Boburga zavq bag‘ishlagan: “Abulqosim Jaloyirkim, yaqin mulozimlarimdindur, ajab rivoyat qildi: (emishki) ushbu jins to‘tining qafasi yopuq ekandur, to‘ti aytibdurkim: “Ro‘yi maro vo kunki, damgir shudam ( mening yuzumni och, dimiqib ketdim”. Yana bir navbat kahorlar (hammollar) dam olg‘ali o‘lturg‘onda rahguzar el (yo‘lovchilar) o‘tib boradur ekandur, to‘ti debturkim: “Mardum raftand, shumoyon nameravand (odamlar ketdi, sizlar ketmaysizmi)?” Val-uhdatu alal-roviy (bu gaplarning to‘g‘riligi so‘zlab berganning zimmasida) [4, 187 b]”,-deb yoziladi “Boburnoma”da. Ma’lumotlarga qaraganda, Bobur Mirzo she’riy yig‘inlar tashkil etishni xush ko‘rgan va bu hol uning adabiy suhbat-majlislar tasvirlangan g‘azallarida ham o‘z aksini topgan. Yoz fasli, yor vasli, do‘stlarning suhbati, She’r bahsi, ishq dardi, bodaning kayfiyati. Yoz faslida chog‘ir ichmakning o‘zga holi bor, Kimga bu nash’a muyassar bo‘lsa, bordur davlati. Ishq dardini chekib har kimki topsa vasli yor, Ul zamon bo‘lg‘ay unut yuz yilgi hijron shiddati. Do‘stlarning suhbatida ne xush o‘lg‘ay bahsi she’r, To bilingay har kishining tab’i birla holati. Gar bu uch ishni muvofiq topsang, ul uch vaqt ila, Mundan ortiq bo‘lmag‘ay, Bobur, jahonning ishrati [5, 11 b]. 248 “Boburnoma”dagi ma’lumotlarga asoslansak, Boburshoh huzurida tez-tez mushoira kechalari o‘tkazilgan. Bu esa o‘z navbatida hukmdor shoirga estetik zavq va ilhom baxsh etgan, deyish mumkin. Soqi erur ishrat chog‘i, afsurda bo‘lma day bila, O‘ttek chog‘ir keltur, dag‘i suhbat tunotur may bila... Majlisda bordur sar-basar may nash’asidin sho‘ru shar’, Borini mastu bexabar qil jomi paydar-pay bila. Hamdard yore qonikim, bir g‘amgusore qonikim, Abre bahore qonikim, Bobur kibi yig‘lay bila [5, 4 b]. Bunday adabiy kechalarda ijod ahli, shoiru san’atkorlar, ziyolilar hoziru nozir bo‘lgan. “Boburnoma”ni ko‘chirgan “musavvidi avroq” (kotib) ko‘p vaqtini adabiyot ahli bilan mushoirada o‘tkazgan Bobur Mirzo va uning majlis ahli - adabiy yig‘inlar ishtirokchilari haqida ma’lumot berib o‘tgan: “Bular: Abulbaqokim, ilmi hikmat bobida bebadal edi. Va Shayx Zayn sadrkim, Zayniddin Xavofiyning nabirasi erdi: hiddati tab’i bor edi, nazm va inshodin saliqalig‘ va Humoyun podshoh zamonida umarolig‘ ham topib edi. Va Sulton Muhammad ko‘sakim, Mir Alisher (Navoiy)ning musohiblaridin erdikim, podshoh suhbati(adabiy yig‘in)da izzat topib, sarafroz bo‘lub erdi. Va Mavlono Shihob Muammoyikim, “Faqiriy” taxallus qilib edi, fazoyil va she’rdin nasibasi bor edi... Va Surx Vadoiykim, turkiy va forsiyda nazm aytur edi. Va Mullo Baqoiyni saliqasi ko‘p erdi va “Maxzanul asror” vaznida podshoh otig‘a masnaviy aytib edi... Va (G‘iyosiddin) Xondamir muarrixkim, turfa kishi edi. Tasoniflari borkim, xalq orasida mashhurdur: “Habib-us-siyar” va “Xulosat-ulaxbor” va “Dastur anvor” va o‘zga tasnif(kitob)lari ham bor [2, 267 b]”. Bundan tashqari, Abdulloh Asas Boburning bazmlarida faol ishtirok etgan a’yonlaridan biri bo‘lgan. Sulton kutubxonasi boshlig‘i, she’riyatni tushunadigan, zukko va shirinsuxan Abdulloh Kitobdor ham Boburga yaqin hamsuhbat bo‘lgan. Bobur qator she’rlarida dilkash suhbatdoshlar bilan majlis tuzganini aytib o‘tgan: Tuno kun birla bu tun majlisi asru xush edi, Majlis ahli bori dilhohu bori dilkash edi. Borining so‘zi edi xo‘bu latifu rangin, Ne parishonu ne bema’niyu ne chirmash edi... Bori ahbob edi hozir, bori asbob edi jam’, Sozu xonanda bila nuqlu may beg‘ash edi... Barcha ta’zim qilib bir-birini mastona, Goh boshta oyoq erdi, goh oyoqda bosh edi. 249 Tun yarmig‘acha bu nav’ ediyu ondin so‘ng, Majlis ahlining ishi har sorig‘a tarqash edi. Men ilikdin borib erdim, tutib ilgimni birov, Meni uyg‘otdi, ko‘z ochtim esa, ul mahvash edi... Bobur ar harza dedi, majlis eli, ayb etmang, Karam aylang, ani ma’zur tutung, sarxush edi [6, 66 b]. Turkman shoiri Muhammad Bayramxon (1501-1562)ga Bobur rasmiy mushoiralarda qatnashishga ruxsat bergan. Qasidanavis shoir va olim Najmiddin Muhammad Abulqosim Kohiy (1463-1581) Bobur, Humoyun va Akbarshoh saroyidagi she’riy suhbatlarda qatnashgan. Mullo Shams – Boburning nadimlaridan biri bo‘lib, u hukmdorning bo‘sh vaqtini ko‘ngilli o‘tkazish, hamsuhbatlik qilish, jumladan, qiziq va ibratli hikoyalar aytish bilan shug‘ullangan. Shoir Mullo Hajriy esa 1502 yili Bobur xizmatiga kirib, uning majlislarida ishtirok etgan. Boburga bag‘ishlab, “Ortuqsen” radifli g‘azal yozgan. Boburning yaqinlaridan biri Muhammadiy Ko‘kaldosh uning doimiy hamsuhbatlaridan biri bo‘lgan. Podshohning mulozimlaridan Turdi Muhammad Qipchoq Bobur huzurida o‘tkazilgan ko‘ngilochar majlislarda qatnashgan [7, 506 b]. Ya’ni, “Boburnoma”da yozilishicha, “Chanor bog‘ining eshigida solg‘on suratxonaning sharqi-janub sari yonida kichikrak oqqina uy tikilib edi, anda majlis bo‘ldi. Turdi Muhammad Qipchoq bila Mullo Kitobdorni ham majlisqa tiladuk [4, 117 b]”. Majlislarda qiziqchilar va masxarabozlar ham qatnashib, yig‘inlarni qizitishgan. G‘iyos Masxara – Bobur saroyida masxaraboz vazifasida xizmat qilgan [7, 628 b]. G‘iyos Masxara haqida “Boburnoma”da shunday qayd etilgan: “So‘ngra G‘iyos masxara keldi. Necha qatla majlistin mutoyaba tariqi bila buyurildikim, ixroj qildilar. Oxir shaloyin bo‘lub, masxaraliq bila majlisda yo‘l topdi [4, 202 b]”. Sozandalardan Nurbek Boburshoh huzurida uyushtiriladigan ko‘ngilochar majlislarda ud chalgan. Mirzo Bobur saroyida xizmat qilgan mashshoqlardan biri Nurullo(h) Tanburchi bo‘lgan [7, 402 b]. Boburning Hindistondagi Agra saroyida Abulqosim Xonanda, Ruhdam, Bobojon, Qosim Ali, Tengriquli, Ibrohim Qonuniy, No‘mon Langarxon kabi musiqachilar, xonandalar xizmat qilgan va ular forscha va turkiy qo‘shiqlar kuylab majlislarga fayzu tarovat bag‘ishlashgan. “Boburnoma”da yozilishicha, “Shanba kuni rabiul-avval oyining o‘nida oftob hamalga taqvil qildi. Ushbu kun namozi peshin sayr qila otlanib, kemaga kirib araq ichildi. Ahli majlis: Xoja Do‘st Xovand, Do‘st, Bek, Mirim, Mirzo Quli, Muhammadiy, Ahmadiy, Yunus Ali, Muhammad Ali jang-jang, Gadoyi tag‘oyi, Mir Xurd asas, ahli nag‘ma Ruxdam, Bobojon, Qosim, Yusuf Ali, Tengriquli, Ramazon 250 [4, 209 b] bor edi”. Ushbu majlis ahli kemadagi adabiy yig‘inda mushoiraga kirishishgan. Ayniqsa, xonanda Ruxdam iste’dodi majlislarda yuqori baholangan: Gar Ruhdam etsa erdi ohangi nag‘am, Majlisda ne huzn qolur erdiyu, ne g‘am, To borg‘ali ruh, dam bering majlisdin, Majlis eliga ne ruh qoldiyu ne dam [5, 44 b]. Xulosa. Xulosa qilib aytganda, Bobur Mirzo huzuridagi adabiy majlislar mumtoz adabiyotimiz taraqqiyotiga xizmat qilgan. Adabiy yig‘inlarda shoirlar va san’atkorlar o‘z iste’dodini namoyon etib, tanilgan hamda ular tomonidan shoh asarlar yaratilgan. Albatta, kelgusida Zahiriddin Muhammad Bobur huzurida o‘tkazilgan she’riyat kechalarini tadqiq etish boburshunoslik fanini yangi-yangi ma’lumotlar bilan boyishiga xizmat qiladi, deb o‘ylaymiz. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. T.:O‘qituvchi, 2008. 2. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. T.: Sharq NMAK BT-2002. 3. Mirzo Muhammad Haydar Ayoziy. Tarixi Rashidiy. T.: O‘zbekiston, 2011. 4. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. T.: Yulduzcha, 1990. 5. Bobir. Tanlangan asarlar. T.: O‘qituvchi, 1983. 6. Zahiriddin Muhammad Bobur. Devon. T.: Fan, 1994. 7. Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi. T.: Sharq NMAK BT-2014. 8. Qorayev Sh. Navoiy adabiy majlislari.-Qarshi: “Qashqadaryo ko‘zgusi OAV”, 2019.-B.180. 9. Qorayev Sh. Navoiy majlislari. - Toshkent: Lesson – Press, 2020.-B.312. 10. Qorayev Sh. Temuriylar davri adabiy majlislari (Alisher Navoiy qarashlari asosida). –Toshkent: Donishmand ziyosi, 2021.-B.262. 11. Qorayev Sh. Temuriy shoirlar tazkirasi. –Qarshi: Intellekt, 2023.-B.262. 12. Qorayev Sh. Bobur va boburiy ijodkorlar tarixi. – Qarshi: Ilmu fan va ma’naviyat, 2025.-B.140. 13. Qorayev Sh. Bobur Mirzoning forsiy va turkiy adabiy majlislari/ “San’at va madaniyatning jamiyatda tutgan o‘rni va yosh avlod tarbiyasidagi ahamiyati” mavzusidagi 1-sonli Respublika ilmiy-onlayn konferensiya materiallari. Farg‘ona. 2021 yil 20 mart.-B.35-41. 14. Qorayev Sh. Nav’-nav’ fazllar birla orasta, shijoatda g‘olib erdi// “Qashqadaryo”, Qarshi. 2022 yil 10 fevral. №006 (15832)-son.-B.8. 15. Qorayev Sh. Bobur Mirzoning mushoira kechalari va majlis ahli. “Asrlar uzra porlagan siymo” to‘plami. Andijon, “Andijon nashriyot matbaa”, 2023.-B.211-216. 16. Qorayev Sh. Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzoning adabiy majlislari //“Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur merosi – mo‘tabar madaniy manba” mavzusidagi xalqaro ilmiy – amaliy anjuman materiallari. 1-qismi. –T.: Oriental Universiteti, 2024.-B.292-297. 17. Qorayev Sh. Mirzo Bobur huzuridagi mushoira kechalari (“Boburnoma” asari ma’lumotlari aslsida)./Zahiriddin Muhammad Bobur faoliyati va ijodining xalqaro miqyosda o‘rganilishi va uning ahamiyati mavzusidagi xalqaro ilmiy – amaliy konferensiya materiallar.-T.: O‘z. R. Jamoat xavfsizligi universiteti, 2024 yil 13 fevral.-B.257-262.