scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

XX ASR 50-80 YILLARIDA O'ZBEKISTONDA YUQUMLI KASALLIKLARGA QARSHI KURASH JARAYONLARI

Roziqova Hulkar Toshkentovna

Full text

260 XX ASR 50-80 YILLARIDA O‘ZBEKISTONDA YUQUMLI KASALLIKLARGA QARSHI KURASH JARAYONLARI Roziqova Hulkar Toshkentovna Axborot texnologiyalari va menejmenti universiteti tarix fakulteti 2-kurs magistranti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17445132 Annotatsiya: Mazkur maqolada XX asrning 1950–1980 yillarida O‘zbekistonda yuqumli kasalliklarga qarshi olib borilgan kurash jarayonlari tahlil etiladi. Unda sanitariya-epidemiologik xizmatning shakllanishi, virusli gepatit, ichak kasalliklari, bezgak, brusellyoz kabi kasalliklarning tarqalish sabablari va ularga qarshi amalga oshirilgan chora-tadbirlar yoritilgan. Shuningdek, aholini toza ichimlik suvi va sanitariya infratuzilmasi bilan ta’minlash, pestitsidlar va kimyoviy o‘g‘itlardan foydalanishning salbiy oqibatlari ham ko‘rib chiqilgan. Maqola O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining o‘sha davrdagi muammolari va ijobiy natijalarini ilmiy asosda ochib beradi. Kalit so‘zlar: Yuqumli kasalliklar, sanitariya-epidemiologik xizmat, gepatit, ich terlama, bezgak, pestitsidlar, ichimlik suvi, O‘zbekiston, sog‘liqni saqlash tarixi. Kirish. Ma’lumki, Sovet davlati davrida atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi muayyan darajada davlat siyosati darajasida ko‘tarilgan bo‘lsa-da, amaliyotda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelgan. 1946–1966 yillar davomida umumittifoq miqyosida ekologiya va tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha qariyb o‘nga yaqin me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Ushbu qarorlar, asosan, sanoat korxonalari chiqindilarini kamaytirish, suv havzalarini muhofaza qilish va shahar hamda qishloqlarda sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilashni ko‘zda tutgan edi. Asosiy qism. O‘zbekiston SSRda ham mamlakatning iqlimiy va tabiiy sharoitidan kelib chiqib bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, 1961 yil avgustida O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti 1962–1965 yillarga mo‘ljallangan maxsus dastur ishlab chiqdi. Bu dastur suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish, mavjud kanallar va suv havzalarini ifloslantiruvchi manbalarni bartaraf etish kabi vazifalarni o‘z ichiga olgan. Mazkur dastur natijasida ayrim yirik shaharlarda suv quvurlari yangilandi, qishloq joylarda esa kanalizatsiya infratuzilmasini joriy etish ishlari boshlangan. Shuningdek, O‘zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi va O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti 1979 yil fevralida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha yangi kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqdi. Ushbu qarorda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, qishloqlarda ichimlik suvini quvurlar orqali yetkazib berish, gazlashtirish va aholi punktlarida ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish 261 ustuvor masala qilib belgilandi. Biroq amaliyotda bu rejalar to‘liq bajarilmagan: belgilangan 198 ta topshiriqdan atigi 47 tasi ijro etildi. Natijada XX asrning 1980-yillariga kelib O‘zbekiston ekologik muammolar bo‘yicha SSSR hududida eng og‘ir vaziyatlardan biriga ega bo‘ldi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, respublika havosining ifloslanish darajasi Ittifoq bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga chiqdi. Ayniqsa, sanoat korxonalarining atigi 1,4 foizi ekologik-gigiyena talablariga javob bergani holatni yanada murakkablashtirdi. Shu bilan birga, ekologik nazorat tizimi zaifligi, atrof-muhit muhofazasiga ajratilgan mablag‘larning yetishmasligi va sanoatning keskin rivojlanishi ekologik muvozanatni buzilishiga olib keldi. 1960-yillardan boshlab O‘zbekiston SSRda qishloq xo‘jaligida keng miqyosda zaharli kimyoviy moddalar va mineral o‘g‘itlardan foydalanish davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlandi. Jumladan, 1963–1964 yillarda O‘zbekiston KP MK va Ministrlar Soveti tomonidan kimyoviy vositalardan foydalanish bo‘yicha bir qator qarorlar qabul qilindi. 1965 yil 15 yanvarda esa bu masala O‘zbekiston SSR Sog‘liqni saqlash vazirligi kollegiyasida muhokama etilib, kimyoviy vositalarning inson salomatligiga ta’siri masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Shundan so‘ng, 1967 yilning mart-aprel oylarida O‘zbekiston KP MK topshirig‘iga asosan Respublika Xalq nazorati qo‘mitasi tomonidan “Uzselxoztexnika” omborlarida zaharli kimyoviy moddalar saqlanishi va ularning jamoa xo‘jaliklari hamda davlat xo‘jaliklarida qo‘llanilish holati atroflicha tekshirildi. 1971 yilda O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash va ularni saqlash tizimini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqdi. Natijada, 1975 yilga kelib respublika paxta maydonlarining qariyb 67 foizi qishloq xo‘jaligi aviatsiyasi orqali kimyoviy ishlov berilgan bo‘lsa, 1980 yilga kelib bu ko‘rsatkich 30 foizgacha kamaydi. Biroq shu davrda qishloq xo‘jaligi maydonlariga sepiladigan kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlar miqdori ortib bordi. Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston xo‘jaliklarida har yili o‘rtacha 1,3–1,4 million tonna mineral o‘g‘itlar va 80–85 ming tonna pestitsidlar ishlatilgan. Bu esa har bir gektar yer maydoniga 300–350 kg mineral o‘g‘it va 20–25 kg pestitsid to‘g‘ri kelganligini anglatadi. Taqqoslash uchun aytganda, sobiq SSSR bo‘yicha bu ko‘rsatkich atigi 1,5 kg, iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlarda esa 0,5 kg ni tashkil etgan. 1963–1970 yillar oralig‘ida respublika qishloq xo‘jaligida kimyoviy vositalardan foydalanish 1,5 barobar oshdi. Agar 1950 yilda O‘zbekistonga 0,9 262 million tonna mineral o‘g‘it yetkazib berilgan bo‘lsa, 1980 yilga kelib ularning miqdori 5 million tonnadan oshib ketdi. Ushbu haddan tashqari ko‘lamli kimyoviy vositalar ishlab chiqarilishi ularni zararsizlantirish muammosini ham keltirib chiqardi. 1990 yilga kelib respublika hududida muddati o‘tib ketgan 12 ming tonnaga yaqin pestitsid va boshqa dorivor moddalar to‘planib qoldi. Bunday ekologik muvozanatning buzilishi inson salomatligiga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Masalan, 1980-yillarda O‘zbekiston SSR Sog‘liqni saqlash vazirligida pestitsidlar bilan og‘ir zaharlanishning 13 ta holati qayd etilib, ular orasida 245 kishi jabr ko‘rgan va 13 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Bundan tashqari, har yili surunkali kasbiy zaharlanish bilan bog‘liq 35–50 ta holat rasmiy statistikada qayd etilgan. Bu ma’lumotlar kimyoviy vositalardan haddan tashqari foydalanish nafaqat ekologik, balki ijtimoiy-psixologik muammolarni ham keltirib chiqarganini ko‘rsatadi. Shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda kimyoviy vositalardan foydalanishning bunday yuqori ko‘rsatkichlari, bir tomondan, paxtachilikni jadal rivojlantirish siyosatining natijasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ekologik xavfsizlik va aholi salomatligi hisobiga erishilgan iqtisodiy ko‘rsatkichlar sifatida baholanishi mumkin. Ushbu tajriba ekologik muvozanatni ta’minlashda faqat iqtisodiy manfaatlarga emas, balki ekologik va ijtimoiy oqibatlarga ham e’tibor qaratish zarurligini yaqqol ko‘rsatib berdi. Natija va muhokamalar. XX asrning 1980-yillariga kelib O‘zbekiston Respublikasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi tobora dolzarb muammolardan biriga aylandi. Bu davrda hukumat tomonidan turli hududlarda ichimlik suv ta’minotini yaxshilashga qaratilgan bir qator infratuzilma loyihalari amalga oshirildi. Jumladan, 1982 yilda Urganch–Xiva–Yangiariq, Zarafshon– Buxoro, Qо‘yimozor–Buxoro va Chim–Qarshi kabi magistral suv quvurlari ishga tushirilgan bo‘lib, ular minglab aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga xizmat qildi. Shu bilan birga, 1980-yillarning boshida kolxoz va sovxozlarda jami 316,4 km suv quvurlari tortildi, shahar va tuman markazlarida 46 km, qishloq joylarda esa 40 km kanalizatsiya tarmoqlari barpo etildi. Biroq ichimlik suvi masalasi tubdan hal etilmagan edi. 1988 yildan boshlab respublika hududlarida ichimlik suvi sifatiga doir laboratoriya tekshiruvlari o‘tkazilganda, mavjud suvlarning 14,1 foizi sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi aniqlangan. Xususan, yer osti suvlarining ifloslanishi Qoraqalpog‘iston va 263 Qashqadaryo viloyatlarida yuqori darajada bo‘lib, bu ekologik muammolarni yanada keskinlashtirdi. Ichimlik suvi sifatining yomonlashuvi aholining sog‘lig‘iga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 1971 yilda 1970 yilga nisbatan o‘tkir ichak infeksiyalari Toshkent viloyatida 25,8 foizga, Buxoro viloyatida 68,9 foizga, Namangan viloyatida esa 13 foizga ortgan. Virusli gepatit ko‘rsatkichlari ham keskin o‘sib, Toshkent shahrida 70,1 foizga, Qashqadaryo viloyatida esa 72,9 foizga ko‘paydi. Bu kabi yuqumli kasalliklarning keng tarqalishi respublikada sanitariyaepidemiologiya xizmatining yanada mustahkamlanishini taqozo etdi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda O‘zbekistonda sanitariyaepidemiologik xizmat mustaqil tarmoq sifatida emas, balki tibbiyot tizimining tarkibiy qismi sifatida faoliyat yuritgan. Faqatgina 1970–1980-yillarda ichimlik suvi, atrof-muhit va ekologik xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarning keskinlashuvi natijasida ushbu soha alohida tarmoq sifatida rivojlantirila boshlandi. Shu davrda sanitariya-epidemiologiya xizmatining asosiy vazifalari sifatida yuqumli kasalliklarning oldini olish, ichimlik suvlarini nazoratdan o‘tkazish va aholi salomatligini muhofaza qilish masalalari ilgari surildi. O‘zbekiston Respublikasi hududida sanitariya-epidemiologiya xizmatining shakllanishi va rivojlanishi XX asrning ikkinchi yarmida sezilarli darajada tezlashdi. Ayniqsa, 1960–1970-yillar mobaynida Respublika sanitariya-epidemiologiya stansiyalari (SES) tarmog‘i keskin kengaydi. Biroq tarmoqning kengayishi bilan bir qatorda, malakali kadrlar yetishmovchiligi muammosi ham dolzarb masalalardan biri bo‘lib qoldi. Masalan, Qashqadaryo viloyatida SES faoliyati yo‘lga qo‘yilgan dastlabki yillarda bor-yo‘g‘i 9 nafar sanitar vrach ishlagan bo‘lib, ularning barchasi markaziy hududlardan yuborilgan mutaxassislar edi. Urushdan keyingi davrda ham Ittifoq va O‘zbekiston SSR Sog‘liqni saqlash vazirliklari viloyatlardagi SES faoliyatiga yetarlicha e’tibor qaratmagan, natijada joylarda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash jarayoni sust kechgan. Sovet davrida keng tarqalgan yuqumli kasalliklardan biri — virusli gepatitga qarshi kurash tadbirlari alohida ahamiyat kasb etdi. Ushbu kasallikni rasmiy statistik kuzatuvlar XX asrning 1950-yillaridan boshlab yuritila boshlagan. Masalan, 1950 yilda butun Ittifoq bo‘yicha 133 170 kishi ushbu xastalikka chalingan bo‘lsa, 1989 yilga kelib bu ko‘rsatkich 910 ming nafardan oshdi. O‘zbekiston esa virusli gepatit eng ko‘p tarqalgan hududlardan biri sifatida qayd etildi. Buning asosiy sabablaridan biri — atrof-muhit havosining yuqori darajada ifloslanishi, qishloq xo‘jaligida zararli 264 kimyoviy moddalardan keng foydalanish va sanitariya-gigiyena qoidalariga yetarli amal qilinmasligi bilan bog‘liq edi. Masalan, Surxondaryo viloyatida 1962 yilda 3 885 nafar bemor virusli gepatit bilan rasmiy ro‘yxatga olingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan 20–25 foizga ko‘paygan. 1966 yilning dastlabki to‘qqiz oyida Sariosiyo tumanida kasallanish holatlari o‘tgan yilga qaraganda 74,2 foizga oshgani kuzatilgan. 1968 yilga kelib esa Sharg‘un qishlog‘ida ham kasallanish keskin ko‘paygani haqida xabar qilingan. Shu sababli respublikaning turli viloyatlarida maxsus virusli gepatitga qarshi kurash shtablari va epidemiologik vaziyatni nazorat qilish bo‘yicha favqulodda komissiyalar tashkil etildi. Shuningdek, kasallik ko‘proq tibbiy muassasalarda asbob-uskunalarning noto‘g‘ri ishlatilishi orqali yuqayotgani aniqlangan bo‘lsa-da, ushbu muammoni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar yetarli darajada ko‘rilmagan. Masalan, 1976 yilda Qashqadaryo viloyatidagi mavjud 10 ta shpritslarni zararsizlantirish punkti ichidan faqat 2 tasi faoliyat yuritgan, bu esa infeksiyaning tarqalish xavfini yanada kuchaytirgan. Xulosa. Umuman olganda, 1960–1980-yillar davomida Respublika sanitariyaepidemiologiya xizmatining faoliyati kengaygan bo‘lsa-da, uning moddiy-texnik bazasi va kadrlar bilan ta’minlanishi yetarli darajada rivojlanmagan. Natijada yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar ko‘pincha kutilgan samarani bermagan. Shu bilan birga, O‘zbekistonda sanitariyaepidemiologiya xizmatining rivojlanishi keyingi davrlarda aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish, yuqumli kasalliklarni nazorat qilish va ularga qarshi kurashish tizimining takomillashuvi uchun muhim tajriba bo‘lib xizmat qildi. Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati: 1. Бургасов Н.Н. Состояние и перспективы дальнейшего снижения инфекционной заболеваемости в СССР. – С. 112. 2. Здравоохранения Узбекской ССР в цифрах и документах (1924–1986 гг.). – 1987. – С. 216. 3. Rafikov A.A. Geoekologik muammolar. – T.: О‘qituvchi, 1997. 4. Социально-экономический проблемы Узбекистана в условиях перестройки. – Т.: Фан, 1990. – С. 124. 5. Xolmо‘minov J. Ekologiya va yerdan foydalanishning huquqiy masalalari. – Toshkent.: Mehnat, 1991. – B. 13. 6. Shodimetov Y. Ijtimoiy ekologiyaga kirish. – T.: О‘qituvchi, 1994. 7. Qarshiyev R.M. Navoiy shahrining ihtisodiy-ijtimoiy va madaniy taraqqiyoti: tajriba va muammolar (1958–1990 yy.). Tarix fanlari nomzodi dissertatsiyasi. Andijon, 1996. – B. 168.