scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

O'ZBEK TILINI RESPUBLIKAMIZDA VA XORIJDA O'QITILISHINING DOLZARB MASALALARI

Muxitdinova Xadicha Sabirovna

Full text

71 O‘ZBEK TILINI RESPUBLIKAMIZDA VA XORIJDA O‘QITILISHINING DOLZARB MASALALARI Muxitdinova Xadicha Sabirovna, O‘zDJTU O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi professori, pedagogika fanlari doktori DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450464 Annotatsiya. Maqolada o‘zbek tilini respublikamizda yashovchi turli millatlar vakillariga davlat tili sifatida va xorijiy tillarda so‘zlashuvchilar hamda chet mamlakatlarda yashovchi vatandoshlarimizga o‘qitilishining dolzarb masalalari bayon etiladi. Tayanch so‘zlar: o‘zbek tili, davlat tili, ikkinchi til sifatida o‘qitish, xorijiy til sifatida o‘qitish, uzviylik va uzluksizlik, DTS talablari. Yangilanayotgan O‘zbekistonda ta’lim sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar Sharqda insonlarning erta uyg‘onishi, farzandlarimizda buyuk ajdodlarimizdagi zullisonaynlik, ko‘p tillilikni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5850sonli [1], 2020-yil 20-oktyabrdagi «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» PF-6084sonli Farmonlari va “2020 — 2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi” ona tilimizni asrab-avaylash va yanada rivojlantirish, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash, ta’lim muassasalarida davlat tilini o‘rgatish va uni bilish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilganligi bilan o‘zbek tilining taraqqiyotida yangi sahifalarni ochdi. Ushbu me’yoriy hujjatlarda: - o‘zbek tilining mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millatlar va elatlar tomonidan o‘rganilishi; - shuningdek, o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan xorijliklar va xorijiy malakatlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga o‘qitilishi uchun qulay shartsharoitlar yaratib berish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan [3]. Respublikamizning umumta’lim maktablarida ta’lim 7 tilda: o‘zbek, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida olib boriladi. O‘zbek tili respublikaning ta’lim o‘zbek tilidan boshqa tillarda olib boriladigan umumta’lim maktablarida, uzluksiz ta’lim tizimining keyingi bosqichlarida esa rus va qoraqalpoq tillarida olib boriladigan guruhlarda davlat tili sifatida o‘qitiladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda yashovchi turli millatlar farzandlarining erkin ijtimoiy-iqtisodiy faoliyat yurita olishlari uchun o‘zbek tilini davlat tili sifatida 72 yetarli darajada amaliy egallashlarini ta’minlashdan iborat. Ushbu Farmonlarda belgilangan maqsad-vazifalarni amalga oshirish va o‘zbek tilini respublikamizda o‘qitilishini takomillashtirish quyidagi dolzarb masalalarni o‘rtaga qo‘ymoqda: 1. O‘zbekistonda yashovchi boshqa millatlar vakillariga “O‘zbek tili” fanini o‘qitishni boshlang‘ich ta’limda amaldagidek 2-sinfdan emas, 1-sinfdan boshlash. Qayd etganimizdek, mamlakatimizda yashovchi o‘zga millatlarning anchagina qismi, hatto o‘zbeklar ham, ta’lim rus va boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda o‘qiydilar. Bugungi kunda maktabgacha ta’limning katta va tayyorlov guruhlarida “Ilk qadam” dasturi asosida bolalarning o‘zbek tilidagi nutqini o‘stirish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilishi yo‘lga qo‘yilgani holda [4], boshlang‘ich ta’limda o‘zbek tili darslarining 2-sinfdan o‘qitilishi belgilanganligi, o‘rtada bir yillik uzilish yuzaga kelishiga va uzluksizlik tamoyillarining buzilishiga olib kelmoqda. Shuni ham ta’kidlash kerakki, bu yana bir o‘ta muhim muammoli holatni ham yuzaga keltirmoqda: ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda 2-sinfda o‘zbek va ingliz lotin harflari tizimining va orfografik qoidalarining bir vaqtda o‘rgatilishi o‘quvchilar tomonidan me’yoriy ko‘nikmalarni puxta o‘zlashtirmaslikka, natijada o‘quvchilarning orfografik me’yoriy qoidalarni aralashtirib qo‘llashlariga, bu esa yozma savodxonlikning keskin pasayib ketishiga, husnixat ko‘nikmalarining egallanmay qolishiga olib kelmoqda. 2. O‘zbek tilini davlat tili sifatida o‘qitilishida bir guruhda o‘zbek tili bilimlari turlicha bo‘lgan rus, tojik va qardosh tillar vakillarining aralash o‘qishi beriladigan bilimlar mazmunini berishda va o‘quvchilarning o‘zlashtirishlarida qator murakkabliklar keltirib chiqarmoqda. “O‘zbek tili” darsliklarining turli til oilalariga mansub til vakillari uchun bir umumiy mazmunda yozilishi ta’lim jarayonida o‘qituvchiga ham, o‘quvchilarga ham qiyinchiliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Bu o‘zbek tilshunoslari, metodistlar, tadqiqotchilar oldiga o‘zbek tilini ikkinchi til sifatida o‘qitishning samarali metodikasini yaratish, o‘zbek tilining agglyutinativ xususiyatini o‘zlashtirishga yordam beruvchi mashqlar va topshiriqlar tizimini ishlab chiqish vazifalarini qo‘ymoqda. 3. O‘zbek tilidan yaratilayotgan darsliklar masalasi. Bugungi kunda umumta’lim maktablari uchun Milliy dastur asosida yaratilayotgan darsliklarda o‘zbek tilining agglyutinativ xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilarda to‘g‘ri nutq tuzish ko‘nikmalarini shakllantirishga e’tibor qaratilmayotgani, darsliklarning til darsligi emas, turli mavzulardagi matnlarni o‘rgatuvchi qo‘llanmaga aylanib borayotganligi o‘qituvchilar, ota-onalar tomonidan jiddiy e’tirozlarni yuzaga 73 keltirmoqda. Mazkur holat Milliy dasturni hoziroq isloh qilishni va shu yo‘nalishdagi darsliklarni ta’lim tizimiga tatbiq etmay turishni taqazo etadi. Shuningdek, “O‘zbek tili” darsliklarining hajmi va formatining nihoyatda kichikligi, ta’lim bosqichlari uchun o‘zbek ta’limi bo‘yicha o‘quv-metodik majmualar – darslik, mashq daftari, o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma, darsliklarning multimediali ilovasi kabi didaktik ta’minotlarning yangi avlodini yaratish, darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar mazmunini boyitish, xususan, ta’limning poydevori hisoblanadigan maktabgacha ta’lim muassasalari va boshlang‘ich sinflar uchun o‘zbek tili nutq tovushlari talaffuzini, yangi so‘zlarni o‘rgatishga qaratilgan bolalarbop she’rlar, hikoyalar, qo‘shiqlar yaratish; O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va bastakorlar bilan hamkorlikda ishlashni yo‘lga qo‘yish, bolalar shoirlari va yozuvchilar, bastakorlar, yosh ijodkorlarga ta’limiy maqsadlarda bolalarbop she’rlar, hikoyalar yozish, kichik hajmda qo‘shiqlar yaratish kabi vazifalarni yuklash, maxsus tanlovlar e’lon qilish orqali o‘zbek tilining o‘quv-metodik ta’minoti zahirasini to‘plashga jiddiy e’tibor qaratish zarur. 4. O‘zbek tili ta’limi sohasi bo‘yicha pedagog kadrlar salohiyati ham talab darajasida emas: respublikamizda umumta’lim maktablarining 7 tilda olib borilishi belgilab qo‘yilgani holda, ta’lim rus va boshqa qardosh tillarda olib boriladigan maktablarda o‘zbek tilini o‘qitadigan pedagoglarni tayyorlaydigan fakultetlarning yopilib ketgani – bu ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda ko‘p hollarda maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lmagan pedagoglar, qisqa malaka oshirish kurslarida o‘qigan boshqa tillar o‘qituvchilarining faoliyat yuritishiga, bu esa ta’lim sifatining pasayib ketishiga olib kelmoqda. 5. O‘zbek tilidan elektron o‘quv qo‘llanmalar, multimedia ishlanmalari, audiomatnlar to‘plamlari, electron platformalar kontentlarini [5], ta’limiy o‘quv filmlarini yaratish va ta’lim jarayoniga maqsadli tatbiq etish bo‘yicha innovasion loyihalarni amalga oshirish masalasi. Bu o‘rinda shuni qayd etish kerakki, o‘zbek tili mamlakatimizning davlat tili ekanligi va bu sohani rivojlantirish davlat ahamiyatiga ega ekanligidan kelib chiqib, innovasion maqsadli loyihalar tanlovini yo‘lga qo‘yish nihoyatda zarur. 6. O‘zbek tilini o‘qitish metodikasini takomillashtirish, intensiv ta’lim metodlarini ishlab chiqish, darsliklarni modernizatsiyalash, ta’lim bosqichlarida o‘zbek tilining nofaol leksikasini faollashtirish, kasbiy sohaviy muloqotga o‘rgatish yo‘nalishlarda ilmiy-metodik tadqiqot ishlari olib borish masalasi. 74 Ta’kidlash kerakki, aynan o‘zga tilli guruhlarda o‘zbek tilini o‘qitish metodikasi bo‘yicha ilmiy salohiyatli kadrlar yetishtirish masalalari hali ham talab darajasida emas. 2020-2030 yillarda davlat tilining rivojlanishi bo‘yicha Davlat dasturida belgilangan maqsadli vazifalardan kelib chiqib, uzluksiz ta’lim tizimida davlat tili ta’limini rivojlantirish quyidagi ustuvor yo‘nalishlar asosida amalga oshirilishi muhim deb hisoblaymiz: - ajdodlarimizning qonida bo‘lgan zullisonaynlikni rivojlantirish va maktabgacha yoshdagi bolalarda nutq o‘stirish, tillarni o‘rganish bo‘yicha ilk ko‘nikmalarni aynan kichik yoshdan boshlab shakllantirish maqsadida bog‘cha yoshidagi bolalar va maktabga tayyorlov guruhlari uchun maxsus dasturlar va uslubiy qo‘llanmalar yaratish va yurtimizda yashovchi turli millatlar farzandlarining davlat tilidan lug‘aviy ko‘nikmalarini mazkur bosqichdan boshlash va maktab ta’limida uzluksiz davom ettirilishini ta’minlash; - ta’lim boshqa tillarda olib boriladigan maktablarda 1-sinfdan o‘qitishni yo‘lga qo‘yish orqali maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim tizimlari o‘rtasida davlat tili ta’limining uzluksizligini ta’minlashga erishish; - davlat tili ta’limi bo‘yicha DTS talablarini takomillashtirish, ya’ni A1 daraja talablarini maktabgacha ta’lim va maktabga tayyorlov muassasalari uchun, A2 daraja bo‘yicha qayd etilgan ta’lim mazmuni va malakaviy ko‘rsatkichlarni boshlang‘ich ta’limning 2-4-sinflari uchun belgilash; V1 daraja talablarini 5-9-sinflarda, yuqori 1011sinflar va o‘rta maxsus ta’limda esa V2 daraja talablarini shakllantirish hamda oliy ta’lim bosqichi uchun S1 daraja me’yorlarini, S2 daraja talablarini esa magistratura va malaka oshirish bosqichi uchun belgilash va har bir ta’lim bosqichi uchun bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablarini ishlab chiqish; - o‘zbek tilining o‘qitilishida natijaviylikni ta’minlash, uni o‘rganishga ehtiyojni yuzaga keltirish uchun chet tillarda amal qiladigan sertifikatlashtirish tizimini o‘zbek tiliga ham joriy etish, unda har bir DTS darajasi uchun beriladigan sertifikatlarning qonuniy maqomini aniq ko‘rsatish va 11-sinflar, AL va KHK bitiruvchilari DTS V2 darajasi talablariga javob bersagina, OTMga kirish huquqini qo‘lga kiritishini, oliy ta’lim bosqichlari bitiruvchilari S1, S2 darajalarning qay biriga egaligiga ko‘ra kasbiy lavozimlarga ishga qabul qilinishining belgilab qo‘yilishi va shunga qat’iy amal qilinishi orqali barcha fuqarolarimiz tomonidan respublikamizning davlat tilini puxta o‘rganish ehtiyojini yuzaga keltirish; - jahonda tilni ona tili sifatida va chet tili yoki ikkinchi til sifatida o‘qitish metodlari bir-biridan farq qilishini e’tiborga olib, qayta tayyorlash va malaka 75 oshirish tizimida pedagoglarni aynan o‘zbek tilini o‘zga tilli guruhlarda o‘qitishning nazariy va metodik xususiyatlari bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish. Bularning barchasi respublikamizda istiqomat qiluvchi turli millatlar vakillariga davlat tilini mustahkam egallash va o‘zbek tilining nufuzini yanada oshirish uchun keng imkoniyatlar va qulay shart-sharoit yaratilishiga yordam beradi. Bugungi kunda yangilanayotgan O‘zbekiston, uning boy tarixi va madaniy merosi, o‘zbek xalqining betakror ma’naviy qadriyatlariga qiziqish o‘zbek tilining Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvesiya, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarning oltmishga yaqin universitetida o‘rganilishiga, qo‘shni Tojikiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi mamalakatlarda ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan yuzlab maktablarning faoliyat yuritishiga olib keldi. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan xorijlik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘paymoqda, o‘zbek tilining xalqaro nufuzining ortib borishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda yangilanayotgan O‘zbekiston, uning boy tarixi va madaniy merosi, o‘zbek xalqining betakror ma’naviy qadriyatlariga qiziqish o‘zbek tilining Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvesiya, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon kabi davlatlarning oltmishga yaqin universitetida o‘rganilishiga, qo‘shni Tojikiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston kabi mamalakatlarda ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan yuzlab maktablarning faoliyat yuritishiga olib keldi. O‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan xorijlik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin ko‘paymoqda, o‘zbek tilining xalqaro nufuzining ortib borishga xizmat qilmoqda. Biroq bu bizga o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitishning samarali metodikasini ishlab chiqish, xorijiy tillarda so‘zlashuvchilar uchun mos darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yaratish mas’uliyatini ham yuklaydi. Xorijiy mamlakatlaoda o‘zbek tilini o‘qitish tajribalarini o‘rganish bugungi kunda bu sohada quyidagi kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda: 1. Xorijiy mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan o‘zbek tili bo‘limlari va markazlarda ko‘p hollarda eski o‘quv qo‘llanmalari, pedagoglar o‘zlari ishlab chiqqan didaktik materiallardan foydalanilmoqda. 2. Xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning ko‘pchiligi o‘zbek tili mutaxassislari emas. 76 3. Xorijiy mamlakatlardagi vatandoshlarimizning farzandlari uchun maxsus darsliklar yaratilmagan. Bularning barchasi bizga o‘zbek tilini xorijiy til sifatida o‘qitish metodikasini ishlab chiqish yuzasidan ilmiy-metodik tadqiqot ishlari olib borish, xorijliklar uchun maxsus tizimli dasturiy ta’minot asosida tuzilgan va multimedia ishlanmalari kiritilgan zamonaviy o‘quv-metodik adabiyotlarni ishlab chiqish, tezkorlik bilan elektron platformalar kontentlarini yaratish va onlayn mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘yish kabi qator majburiyatlarni yuklaydi. Qayd etish kerakki, bu borada ayrim tajribalar boshlangan, biroq ular hali tizimli darajada emas. Xulosa qilib aytganda, ona tilimizni mamlakatimizda davlat tili sifatida va chet mamlakatlarda xorijiy til sifatida o‘qitishni rivojlantirish bugungi kunda til ta’limidagi eng muhim vazifalardan biridir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi PF-5850-sonli Farmon, 2019yil 21oktyabr. 2. «Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish choratadbirlari to‘g‘risida» PF-6084sonli Farmon, 2020-yil 20-oktyabr. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2020y., 06/20/6084/1398-son. 3. 2020 — 2030yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi. – Toshkent, 2020. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020yil 20oktabrdagi PF-6084-son Farmoniga 1-ilova, 5-band. Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2020-y., 06/20/6084/1398-son. 4. “Ilk qadam” davlat o’quv dasturi (takomillashtirilgan uchinchi nashri). –Toshkent, 2025. 5. Yuldasheva, Sh. Sh. The issues of digitalization of uzbek language teaching in the context of innovative education / Sh. Sh. Yuldasheva // Türk dİllərİnİn və ədəbİyyatinin tədqİqİ və tədrİsİnİn aktual problemlərİ: BEYNƏLXALQ ELMİ KONFRANS, Sumqayıt, 20–21 maya 2021 goda. Vol. 4. – Sumqayit: Sumgaitskiy gosudarstvennыy universitet, 2021. – P. 501-505. – EDN BBAHXL.