scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

SHE'RIY ASARLARDA MAQOLLARNING QO'LLANISHI (ERKIN VOHIDOV, MUHAMMAD YUSUF SHE'RLARI MISOLIDA)

Saida Maksumova Sunnatovna

Full text

98 SHE’RIY ASARLARDA MAQOLLARNING QO‘LLANISHI (ERKIN VOHIDOV, MUHAMMAD YUSUF SHE’RLARI MISOLIDA) Saida Maksumova Sunnatovna O‘zDJTU O‘zbеk tili va adabiyoti kаfеdrаsi dоtsеnti, filologiya fanlari nomzodi [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450490 Annotatsiya: Ushbu maqolada E.Vohidov va M.Yusuf she’rlarida qo‘llangan maqollar guruhlangan, misollar asosida tahlil qilingan. Kalit so‘zlar: lingvopoetik, maqol, aforizm, badiiy asar tili, sinonim, antonim,ekspressivlik, ellipsis. Badiiy adabiyot tilining muhim uslubiy, lingvopoetik komponentlaridan birini maqollar tashkil qiladi. Maqollar xalq tilida paydo bo‘lib, asrlar davomida sayqallanib, ma’lum shaklga kelgan nutqiy quyma asarlardir. Har qanday maqol ma’lum falsafiy, estetik mazmunga ega bo‘ladi. Maqollar kishilarning asrlar davomida o‘z hayotiy tajribalari natijasida orttirgan foydali maslahatlarining falsafiy xulosasi, mag‘zidir. Maqollar badiiy adabiyot tilida yozuvchi aytmoqchi, isbotlamoqchi bo‘lgan fikrni ixcham, sodda, xalq uchun tushunarli, mantiqan siqiq hamda ta’sirchan ifodalashga imkon beradi. Shu sababli o‘z asarlarida xalq maqol va hikmatli so‘zlariga murojaat qilmagan yozuvchi deyarli uchramaydi.Boshidan oxirigacha maqol bilan yozilgan asarlar ham bor. Gulxaniyning “Zarbulmasal” asarida Yapaloqqush va Boyo‘g‘lining quda-andachilik mojarolari tasvirlangan bo‘lib, ularning o‘zaro muloqotida 400dan ortiq maqol keltirilgan.[4:4] Badiiy adabiyot tilidagi maqollarning ma’noviy-uslubiy vazifalari o‘rganilgan ba’zi ishlar mavjud. Bular orasida Muqimiy [2:52], Abdulla Qahhor [1:82], Maqsud Shayxzoda [7:75], Erkin Vohidov [3:100], Muhammad Yusuf [10:12] asarlari tilida uchraydigan maqollarni tahlil qilishga bag‘ishlangan izlanishlar diqqatga molikdir. Biz ushbu maqolamizda she’riyatda qo‘llangan maqollarning xususiyatlari haqida to‘xtalamiz. Erkin Vohidov va Muhammad Yusuf she’rlarida uchragan maqollarning qo‘llanishini uch turga ajratish mumkin. 1) maqollarda so‘z tartibini o‘zgarishi; 2) maqollardagi so‘zlarni o‘zgartirish; 3) shoir tomonidan o‘zgartirilgan va yangi ijod qilingan maqollar. Taniqli shoir E.Vohidov asarlarini o‘qir ekanmiz, unda qo‘llangan ba’zi maqollarga alohida e’tibor qaratdik.Badiiy asarlarda maqollardan o‘rinli foydalanish hayotning turli tomonlarini badiiy va haqqoniy aks ettirishda katta ahamiyat kasb 99 etadi. E.Vohidov nafaqat she’r matnida, balki she’rlar sarlavhasida ham maqollardan keng foydalangan.Masalan, Eski hammom, eski tos maqolini she’rga sarlavha sifatida kiritgan. Sarlavhani o‘qigan kitobxon she’r nima haqda ekanligini darrov anglaydi. Shoir mustaqillik davridan oldingi sobiq Ittifoq davrini tasvirlab, ko‘zbo‘yamachilik, befarqlik, va’dabozlik, majlisbozlik, yaltoqilik kabi illatlarni ochib tashlaydi. O‘sha davrda yashagan befarq, loqayd odamlar ustidan kuladi. Bu she’rning har bandi o‘n misradan iborat bo‘lib, har o‘ninchi misrasida Eski hammom, eski tos maqoli takrorlanadi. Shoirning o‘sha tuzumga bo‘lgan nafrati, g‘azabi kuchayib, ekspressivlikni yuzaga chiqargan: Bizga ishdan hech gapirmang, // Gap sotishga ustamiz, Yuk tortishmas, birovlarga // Yuk ortishga ustamiz. O‘lganlarning orqasidan // Tosh otishga ustamiz, Tirigida deymiz faqat // Payg‘ambarlik sizga xos. Yaltoqilik o‘sha-o‘sha: // Eski hammom, eski tos. “Sen menga tegma” sarlavhali she’r aslida Men senga tegmay, sen menga tegma maqolining qisqargan shaklidir. Bu she’rda ham befarqlik, loqaydlik, yalqovlik haqida fikr yuritiladi. Shoir jamiyatdagi yomon illatlarni ko‘rib ko‘rmaslikka, eshitib eshitmaslikka oladigan odamlarga bo‘lgan nafrati shu maqol orqali yuzaga chiqqan. Bilaman, bugun // Kechqurun majlis. Meni shu uchun // Chaqirar rais. Borsam, gapirsam, // So‘zlarim nordon. Men haqda u ham // Gap aytar yomon. Bor menda ayblar, // Bilaman o‘zim. Eng sozimen kar, // Ko‘rmaydi ko‘zim. Dedim: har qalay // Ters to‘nni kiyma. “Men senga tegmay, // Sen menga tegma”. “Oyning o‘n beshi qorong‘u” she’ri esa Oyning o‘n beshi qorong‘i, o‘n beshi yorug‘ maqolining qisqargan shakli bo‘lib, sarlavha qilib olingan. “Umrini oshiq hamisha // O‘tkazur orzu bilan”. Oyning o‘n beshi qorong‘u // O‘n beshi yog‘du bilan. E.Vohidovning “Masal borkim…” she’rining har bir bandi oxirida maqol beriladi: Ajab, vaslingga men endi // Yetishganda ko‘rindi moh, Masal borkim, og ‘iz oshga, // Burun toshga tegibdir, voh! Kulib yurgay edim bir vaqt // O‘qib Majnun jununidan, Degaylar, o‘zgadin kulma // O‘zingdan bo‘lmayin ogoh. 100 Seving, deb she’r bitib avval, // O‘zim bo‘ldim asiri ishq, O‘zi tushgay emish oxir // Birovga kimki qazgay choh. Parivash zulmidanbo ‘ldi // Ko ‘ngil Mulki parishonhol. Demishlar mulk vayrondir // Agar zolimlik etsa shoh. Bo‘libsan oshiq, Erkin, // Uz umid jondin, o‘kinch qilmay, O ‘zingga deydilar, dushman // Keyin chekkan pushaymon , oh. Bu she’da og‘iz oshga, burun toshga tegibdir; o‘zgadin kulma, o‘zingdan bo‘lmayin ogoh; o‘zi tushgay emish oxir birovga kimki qazgay choh;demishlar mulk vayrondir, agar zolimlik etsa shoh; o‘zingga deydilar, dushman keyin chekkan pushaymon,oh. Keltirilgan misollarda E.Vohidov qofiyani ta’minlash uchun quyidagi ba’zi maqollarni o‘zgartirib qo‘llaganini ko‘ramiz: og‘iz oshga yetganda… avval o‘zingga boq, keyin nog‘ora qoq; birovga choh qazisang o‘zing tushasan; podsho zolim bo‘lsa yurt to‘zar, podsho odil bo‘lsa yutr o‘zar; keyingi pushaymono‘zingga dushman. Muhammad Yusuf ham o‘zbek maqollaridan unumli foydalangan va bu hol misralarning ta’sirchan va barqaror mazmunli bo‘lishiga ma’lum hissa qo‘shgan. Ammo kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, shoir maqolning asosan shaklini saqlagan holda, uni she’r matnida misra talabiga moslagan, ya’ni qayta ishlagan va ularni o‘z nutqining tarkibiy qismiga aylantirgan. Demak, shoir tomonidan maqollarni qisqartirilgan, o‘zgartirilgan yoki kengaytirilgan variantlarini ko‘rishimiz mumkin. Bo‘lingan bo‘lisning o‘chgay chirog‘i, Ortga bir qayriling, mingta qiyos-ku. (“Mish-mish”) Bo‘linganni bo‘ri yer maqoliga variantdosh sifatida bo‘lingan bo‘lisning o‘chgay chirog‘i deb berilgan. Bo‘lis-tarixiy termin bo‘lib, o‘tmishda Rossiya va unga tobe hududlarda uyezd tarkibidagi bir qancha qishloqlarni o‘z ichiga olgan ma’muriy bo‘linma. [8:410] Demak, bo‘lis so‘zi joy nomini anglatadi. Sen tebratgan beshigini Sohibqiron, Sening bolang yulduzlarga qo‘ygan narvon. Bir mayizni qirqqa bo‘lgan bir tanu jon Kunlaringga qaytay desang—xalq bo‘l elim. (“Xalq bo‘l elim”) She’rning birinchi misrasida ikkita maqol bo‘lib, birinchisi bir mayizni qirqqa bo‘lib yemoq, ikkinchisi bir jon, bir tan bo‘lmoqdir. Ikkala maqol bir-biriga sinonim bo‘lib, ahil bo‘lmoq, bahamjihat bo‘lmoq ma’nolarini anglatadi. Bir jon, bir tan maqolini Sohibqiron, narvon so‘zlariga qofiyalashtirish uchun bir tan-u jon deb o‘zgartirgan. Bo‘lar elning bolalari bir-birin der, 101 Bo‘lmas elning bolalari bir-birin yer. (“Xalq bo‘l elim”) Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum maqolining variantdoshi sifatida o‘zgartirib yangi maqol hosil qilgan. Amir Temirning “Yaxshi odam yurt tuzar, yomon odam yurt buzar” aforizmiga ma’nodosh sifatida qarash mumkin. Keyingi misraga e’tibor beramiz. Derlar: jon sog‘ bo‘lsa jahon topilgay, Bir parcha yer, parcha osmon topilgay (“Ketar bo‘ldim”) Bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topiladi maqolining variantdoshi sifatida o‘zgartirib yangi maqol hosil qilingan. Maqolni davom ettirib, bir parcha yer, parcha osmon topilgay deb kuchaytirilgan. Taqdir emas, ayirgan, // Yorning qalam qoshidir. Qolaversa, qiz bola // Palaxmonning toshidir. M.Yusuf qiz bola palaxmonning toshi degan maqolni she’rga o‘zgartirmay kiritgan. Palaxmon forscha so‘z bo‘lib, tosh otish uchun ishlatilgan juda qadimiy ibtidoiy quroldir. Toshni qayerga otsa, shu yerga borib tushadi. (9208) Endi osmon yiroq, // Endi yer yumshoqLola, lolajonim, //Lolaqizg‘aldoq. (“Lolaqizg‘aldoq”) Osmon uzoq, yer qattiq maqolining komponentlari so‘zlarni qofiyalashtirish uchun, ta’sirchanlikni oshirish uchun o‘zgartirilgan. Bunda uzoq so‘zining sinonimi yiroq so‘zi, qattiq so‘zining antonimi yumshoq so‘zi berilib, maqolning ma’nosi ham o‘zgartirilgan. Maqolning nafaqat so‘zi, balki ma’nosi ham o‘zgartirilgan varianti Muhammad Yusuf she’ridagi qahramonning ruhiy holatini tasvirlashga yordam bergan. Kundayin yillarim o‘tar tizilib, // Bir boshga bir o‘lim turar suzilib, Bo‘ynim egilguncha ketsin uzilib, // Oriyat yo‘lida ko‘ksi qalqonman. Yuqoridagi misrada Bir boshga bir o‘lim maqoli undan oldingi misraga qofiyadosh sifatida kengaytirib berilgan. Tuzing totib, unutganlar xor bo‘ladi, Ko‘zlariga ikki dunyo tor bo‘ladi. (“Tavallo”) Bu misrada tuzini yeb, tuzlug‘iga tuplamoq maqoli qisqartirib qo‘llangan. Bu maqol nonko‘rlik qilmoq, nontepkilik qilmoq, yaxshilikka yomonlik qaytarmoq ma’nolarini ifodalaydi. Maqoldagi yeb so‘zi totib so‘ziga o‘zgartirilgan, qolgan qismi keyingi misraga qofiyadosh qilib ma’nosi saqlangan. Shu topda ko‘nglingdan kechgan // O‘yingdan aylanayin: Arpa ekkan –arpa o‘rar // Bug‘doy ekkan bug‘doyin!.. (“Bobodehqonim”) 102 Shoir nima eksang, shuni o‘rasan maqolini butunlay o‘zgartirib qo‘llagan. Aylanayin so‘ziga ohangdosh bo‘lishi uchun bug‘doyin deb obrazli tasvirlagan. O‘rar so‘zi ellipsisga uchragan. So‘z ko‘rki bo‘lgan maqollardan foydalanish har bir shoir yoki yozuvchining so‘z boyligini va mahoratini ko‘rsatadi. Uning nutqini o‘tkir va ta’sirli qiladi, unga badiiy jihatdan sayqal beradi.Shoirlar o‘z asarlarida xalq tilining ajoyib betakror durdonasidan asar ta’sirchanligi va badiiyligini oshirishda maqollardan keng foydalanib kelishmoqda. Maqollar xalq ijodi va mulki bo‘lgani uchun ham uning ma’no va mazmuni xalqchildir. Ularda xalq hayotida ko‘p sinalgan tajribalarning ijtimoiy-falsafiy xulosalarning hosilasi mujassamlashgan. Maqollarning xalqchilligi bir tomondan, ularning xalqning ijodiy mahsuli ekanligi bilan izohlansa, ikkinchi tomondan, maqolda ifoda qilingan mazmun jamiyat a’zolarining barchasi uchun birdek tegishli ekanidadir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Абдуллаева А. Употребление народных пословиц в романе Абдуллы Каххара «Огни Кошчинара // Ўзбек тилшунослиги масалалари. – Самарқанд: СамДУ, 1971. –№ 188. – Б. 82-85. 2. Jo‘raxonov A. Muqimiyning xalq maqollaridan foydalanishdagi mahorati // O‘zbek tili va adabiyoti. – Toshkent, 1974. –№ 4. –B. 52-55. 3. Maksumova S. Erkin Vohidov asarlaridagi maqollarning uslubiy xususiyatlari O‘zbek tili va adabiyoti Toshkent 2017 №3 B.100-102 4. Mirzayev T. va b.O‘zbek xalq maqollari. T.-“Sharq”.2003 5. Muhammad Yusuf Saylanma: She’rlar, dostonlar, xotiralar. –T.”Sharq”, 2005.-288b. 6. Vohidov E. Saylanma 1-jild T.- 2000 .”Sharq”, -410 b. 7. Yoriyev B. Shayxzoda poemasida maqol va aforizmlar // O‘zbek tilshunosligi masalalari. – Samarqand: SamDU, 1977. –№ 325. –B. 75-87. 8. O‘zbek tilining izohli lug‘ati 1-jild, 410-bet Davlat ilmiy nashriyoti, 2006. 9. O‘zbek tilining izohli lug‘ati 3-jild 208-bet Davlat ilmiy nashriyoti, 2007. 10. Shadiyeva D.Muhammad Yusuf she’riyati lingvopoetikasi Filol. Fanlari nomzodi diss. Avtoreferati Toshkent-2007, B.12-13