TOG'AY MURODNING SO'Z QO'LLASH MAHORATI
Full text
118 TOG‘AY MURODNING SO‘Z QO‘LLASH MAHORATI (“Ot kishnagan oqshom”, “Oydinda yurgan odamlar” asarlari misolida) A.Shofqorov, O‘zDJTU dotsenti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450520 Annotatsiya. Ushbu maqolada o‘zbek adabiyotining yirik vakillaridan biri Tog‘ay Murodning badiiy uslubi va so‘z qo‘llash mahorati tahlil etilgan. Yozuvchi asarlarida xalqona so‘z boyligidan, milliy ruh va milliy mentalitetni ifodalovchi ibora hamda so‘z birikmalaridan mahorat bilan foydalanish holatlari o‘rganilgan. Shuningdek, yozuvchining tili orqali obraz yaratish, nutqning tabiiyligi va badiiy ifoda vositalarining o‘ziga xos jihatlari yoritilgan. Kalit so‘zlar: uslub, nasr, saj, til, badiiy mahorat, badiiy til, badiiy nutq, ijodkor uslubi, individuallik, obrazlilik, milliy ruh, xalqona uslub. Badiiy adabiyotning vazifasi inson ruhiyatiga ta’sir etish, tafakkurni rivojlantirish, tuyg‘ularni uyg‘otish, jamiyatdagi hodisalarga estetik baho berishni shakllantirishdan iborat bo‘lsa, badiiy til badiiy mahoratning uzviy bo‘lagidir. Til orqali yozuvchilar asar qahramonlarining murakkab, o‘ziga xos xarakterli xususiyatlarini, o‘y-mulohazalarini, his-tuyg‘ularini, shu jumladan, sharoit va muhitning inson ruhiyatiga ta’sirini tahlil qiladi. Badiiy adabiyot yozuvchining ijodiy individualligini namoyon etadi. Tog‘ay Murod ijodida xalqona leksika, badiiy obrazlilik hamda milliy ruhning uyg‘un ifodalanishi zamonaviy o‘zbek nasrining badiiy-estetik taraqqiyotini aks ettiruvchi muhim tadqiqot obyekti sifatida e’tirof etilishi lozim. Shu ma’noda maqolada yozuvchining so‘z qo‘llashdagi mahoratini, xalq tilidan foydalanishdagi o‘ziga xosliklarni yoritish maqsad qilib qo‘yilgan. Badiiy asar yaratish borliqni badiiy obrazlarda idrok etish va qayta yaratish jarayoni bo‘lib, ijodkor zimmasiga umumxalq tili imkoniyatlaridan oqilona va unumli foydalanish mas’ulyatini yuklaydi. Zero, umumxalq tili fikriy rang-barang bo‘yoq va shakllarda ifodalash imkoniyatini beruvchi bitmas-tuganmas xazinaki, uning javohirlaridan har bir yozuvchi o‘z kuzatuvchanlik qobiliyati, falsafiy mushohadasi va badiiy mahorati doirasi hamda darajasida foydalanadi. Tog‘ay Murod asarlarida xalqona so‘zlar, shevaga xos iboralar va milliy ruhni ifodalovchi badiiy vositalar keng qo‘llanadi. Yozuvchi badiiy so‘z qudratini chuqur his etgan holda, so‘zning ma’no ko‘chish imkoniyatlaridan unumli foydalangan. “Ot kishnagan oqshom” va “Oydinda yurgan odamlar” qissalarida qahramonlarning ruhiy holati, insoniy tuyg‘ular, personajlarning hissiy holati ta’sirli ifodalaydi.
119 Yozuvchi nutqining tabiiyligi va samimiyligi, xalqona iboralar bilan uyg‘unlashuvi uning uslubini o‘ziga xosligini ta’minlaydi. Ijodkorning til sohasidagi mahorati dastlab shunda namoyon bo‘ladiki, u keng iste’moldagi so‘z va iboralarni mohirona qo‘llash bilan bir qatorda, xalqning ilg‘or, peshqadam vakili sifatida umumxalq tili imkoniyatlarini mumtazam ravishda kengaytira boradi. O‘z tili materiallari asosida yangi so‘z va iboralar yaratadi, har xil dialoglarda va umuman og‘zaki nutqda mavjud bo‘lib, adabiy yozma nutq boyligi hisoblanmaydigan ayrim leksik va frazeologik birliklarni umumxalq sharoitlarida qo‘llash yo‘li bilan ularga yangi ma’no va vazifalar yuklaydi. Til va nutq nihoyatda murakkab, shaxs va jamiyat uchun almashtirib bo‘lmaydigan darajada ahamiyatli hodisalardir. Tilning uch vazifasidan biri – emotsional-ekspressivlikni ifodalash, ayniqsa, ijodiy tafakkur sohibi bo‘lgan inson uchun zarurdir. Shu o‘rinda N. Mahmudovning til haqidagi quyidagi fikrlari juda ham o‘rinli: “Til faqat aloqa vositasigina bo‘lganda edi, u juda oddiy, sodda va qashshoq bir narsaga aylangan bo‘lardi. Holbuki, til bemisl boy, sehr-u sinoatga, ruh-u ruhoniyatga, ko‘rk-u komillikka limmo-lim bir xilqatdir” [1: 44]. Badiiy nutqning kommunikativ va, shu bilan birga, estetik vazifa bajarishi ma’lum. Badiiy uslubning boshqa uslublardan ajralib turadigan asosiy belgisi uning estetik funksiyasi, obrazliligi va ekspressivligidir. Ma’lumki, badiiy adabiyotning asosiy quroli so‘z sanaladi. So‘z serqirra va murakkab lisoniy hodisa, fonetik-fonologik, leksik-semantik, ijtimoiy va ruhiy xususiyatlar majmuidir. Tog‘ay Murod asarlarining xalqimiz orasida katta shuhratga ega bo‘lishi va sevib o‘qilishida ham ular tilining har tomonlama ishlanganligi, xalqchilligi alohida ahamiyatga ega. Tog‘ay Murod inson qalbidagi his-tuyg‘u va kechinmalarni, qalamga olinayotgan voqelikni badiiy so‘z, umumxalq tiliga oid ta’sirchan iboralar, shevaga xos so‘zlar vositasida hayotiy tasvirlaydi. Masalan, quyidagi matnda qahramonlar ruhiy holati aniq va ta’sirli ifodalangan. Tarlon jiyanim-ov, yo yo‘lda yiqildik deymizmi? Ko‘zlaring bor edi-ku desalarchi? Ariq loy ekan toyib ketdik, deymiz. Binoyimi, Tarlon jiyanim? Bo‘lmasa elga ermak, xalqqa shaloq bo‘lamiz. Bo‘ldi men ularni birodarim demayman. Mening birodarim sensan, Tarlon… [3: 126]. Matndagi jiyanim-ov xalqona nutqiy odat birikmasi, mening birodarim sensan, Tarlon metaforasi, elga ermak, xalqqa shaloq antitezasidagi zid ma’noli so‘zlar qahramonlarning o‘zaro munosabati va his-tuyg‘ularini badiiy va ta’sirli yetkazishga xizmat qilgan.
120 Yozuvchi asarlarida ilgari surilgan g‘oyaning o‘quvchilar ommasiga to‘la yetib borishida ham asar tili muhim rol o‘ynaydi. Haqiqatan, til o‘sha g‘oyani talqin etishda ishoralarning siqiq, silliq bo‘lishi, so‘zlarning o‘z o‘rnida ishlatilishi bilan xarakterlanadi. Har bir yozuvchi asar tilining shirali, badiiy va ta’sirchan bo‘lishini ta’minlashda “so‘z azobi”ni boshidan kechiradi va kitobxonga manzur bo‘ladigan so‘zlar topishga harakat qiladi, ohori to‘kilmagan so‘zlar qo‘llash ustida bosh qotiradi. Umumxalq tili yozuvchi ixtiyoriga o‘z so‘z tarkibidagi hamma vositalarni berishdan tashqari, ulardan tanlab olish imkoniyatini ham beradi. Tog‘ay Murod asarlarida leksik birliklarning ifoda imkoniyatlaridan unumli foydalana olgan. Uning asarlarida qo‘llangan til birliklari jo‘yali qo‘llangani, serqirraligi, o‘zining xalqonaligi, bo‘yoqdorligi va jonliligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Yozuvchi so‘zning qudratini alohida inobatga olgan holda, asarlarida undan zargarona foydalanadi. Muayyan voqelikni tasvirlashda shunchaki bayondan qochadi, balki ko‘p ma’noli so‘zlar, so‘zning konnotativ ma’nosi, ma’no ko‘chishining turli usullari, xalqona ibora va birikmalarni samarali qo‘llaydi. – A-u-uf!... Foling ana eni kelyapti, aynam. Astag‘furillo, o‘zingga shukr-e! Aynam-ov, mendan o‘pkalab yurmagin tag‘in, bari ayb o‘zingda, ha o‘z ichingda!.. Taqdir-peshona ekan-da, aynam!.. Oymomo bosh irg‘adi. Folchiga atalmish pulini berdi. Qoplon nima gapligini fahmladi. Otini ohistalatdi. – E-e-e, momosi, – dedi. – Shunga-da piq-piqmi? Nima, Hojar ko‘ring ichingga kirib edimi? Hojar ko‘ring nimani biladi? Folchiga ishonma, suvga suyanma!.. [4: 45]. Matnda qahramon ruhiy holatini aniq va ta’sirli tasvirlashda aynam-ov, mendan o‘pkalab yurmagin tag‘in, Hojar ko’ring ichingga kirib edimi? kabi jumla va birikmalarining alohida ahamiyati bor. Folchiga ishonma, suvga suyanma!.. birikmalarida qahramon holatidagi tushkunlik va tasallini bo‘rttirib tasvirlashga xizmat qilmoqda. Adibning so‘z qo‘llash mahorati tabiat tasvirida yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi: Yo‘l yoqalarida adirlar bo‘ldi. Adirlar ot tuyoq tovushlari aks-sado berdi. Soyda tog‘ suvi toshdan toshga urila-urila oqdi. Osmono‘par tog‘ bag‘oyat ko‘rkam bo‘ldi, tarovatli bo‘ldi. Otliq shu tog‘ga tikilib bordi, xayollanib bordi [3: 16]. Mazkur matnda tasvirning kengligi adirga nisbatan ot tuyoq tovushlari akssado berdi tasvirida qo‘llangan tuyoq tovushlari, suvga nisabatan ishlatilgan toshdan toshga urila-urila oqdi sifatlashi, tog‘ga nisbatan holatni ifodalovchi tog‘ bag‘oyat
121 ko‘rkam bo‘ldi, tarovatli bo‘ldi va otliqning ana shu tog‘larga nisbatan tikilib bordi, xayollanib bordi birikmasining qo‘llanishi orqali amalga oshiriladi. Adabiyotning badiiyligi ijodkorning voqelikni obrazli idrok etishi va ana shu obrazli idrok etilgan voqealikni so‘zlar vositasida o‘zgalar hissiga, ruhiga va ongiga ta’sir ko‘rsatadigan tarzda qayta yaratishdan, shakllantirishdan iborat murakkab ruhiy, aqliy va shuuriy hodisadir. Bu hodisada insonning besh sezgisi va oltinchi sezgi hisoblanmish ichki sezish orqali qabul qilingan har qanday axborot inson qalbidagi mavjud barqaror va beqaror tuyg‘ularga ta’sir etib badiiy kechinma tug‘diradi. Badiiy kechinma esa ijodkor ruhiy, aqliy faoliyati bilan sintezlashib muayyan obrazlarni shakllantiradi. Ana shu obrazli hosilani estetik qimmatga ega bo‘lgan so‘zlar vositasida tasvirlash adabiyotning badiiyligini tashkil qiladi [2: 121]. Shunday qilib, Tog‘ay Murod ijodi o‘zbek adabiyotida so‘z san’atining yuksak namunalarini yaratgan adabiy hodisa sifatida alohida o‘rin egallaydi. Uning asarlarida xalqona iboralar, jonli so‘zlashuv uslubiga xos leksika va tildan foydalanish mahorati orqali milliy ruh, o‘zbek xalqining turmushi, mentaliteti va tafakkuri yorqin ifodalangan. Yozuvchi so‘zning qudratini chuqur his qilgan holda, har bir ifodani tabiiy, samimiy va hayotiy tarzda qo‘llaydi. Tog‘ay Murodning badiiy tili obrazlilik, ohangdorlikka boy bo‘lib, o‘quvchini o‘ylashga, his etishga va hayotga yangicha nigoh bilan qarashga undaydi. Demak, yozuvchining so‘z qo‘llash mahorati betakror bo‘lib, uning o‘ziga xos uslubini shakllantirgan. Shu ma’noda xulosa qilish mumkinki, Tog‘ay Murod xalqona so‘z boyligi va badiiy ifoda usullarini yangi bosqichga olib chiqqan ijodkordir. Asarlarida qo‘llangan xalqona so‘zlar, badiiy tasviriy vositalar ijodining individualligini ta’minlagan. Yozuvchi so‘zning ichki ohangini, ma’no ko‘chish imkoniyatini chuqur his etadi va uni obraz yaratish vositasiga aylantiradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mahmudov N. Ma’rifat manzillari. – Toshkent: Ma’naviyat, 1999. 2. Sarimsoqov B. Badiiylik asoslari va mezonlari. – Toshkent: Fan, 2004. 3. Tog‘ay Murod Ot kishnagan oqshom. – Toshkent: Ziyo nashr, 2020. 4. Tog‘ay Murod. Oydinda yurgan odamlar. – Toshkent: Ziyo nashr, 2020. 5. Yo‘ldoshev M. Badiiy matn va uning lingvopoetik tahlili asoslari. – Toshkent: “Fan”, 2007. 6. Yo‘ldoshev M., Yadgarov Q. Badiiy matnning lisoniy tahlili. – Toshkent: 2007.