scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

YANGI DAVR ADABIYOTINI MODERNIZATSIYALASHNING DOLZARB MASALALARI

Khafiza Kuchkarova; Xidirov Xolmurod Norimovich

Full text

122 YANGI DAVR ADABIYOTINI MODERNIZATSIYALASHNING DOLZARB MASALALARI Khafiza Kuchkarova Shvetsariya Xalqaro tarjimonlar Assotsiyatsiyasi a‘zosi Xidirov Xolmurod Norimovich, OʻzDJTU, Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450522 Annotatsiya: Maqolada yangi davr adabiyotining modernizatsiyalash masalalari zamonaviy lingvistik, semiotik hamda madaniy-gumanitar yondashuvlar asosida tahlil qilinadi. Globallashuv sharoitida lingvokulturologik hodisalar, intertekstual o‘zaro ta’sir, milliy va transmilliy adabiyotning rivojlanish omillari, shuningdek, madaniyatlararo muloqot jarayonida tilning transformatsiyasi tadqiq etiladi. Zamonaviy adabiy jarayonlarda lingvosemiotik innovatsiyalar, kod almashtirish, leksik va stilistik o‘zgarishlar, shuningdek, madaniy identifikatsiya muammolariga e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, raqamli madaniyatning adabiyotga ta’siri, sun’iy intellekt asosida shakllangan lingvistik modellar va yangi ifoda vositalari ham ko‘rib chiqiladi. Mazkur maqola turli tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni lingvistik va adabiy jihatdan tadqiq etish orqali hozirgi davr tendensiyalarini aniqlashga qaratilgan. Kalit so‘zlar: yangi davr adabiyoti, тil va madaniyat integratsiyasi, lingvokulturologiya, semiotik hodisalar, intertekstual ta’sir, lingvosemiotik innovatsiyalar, kod almashtirish, madaniyatlararo muloqot, raqamli lingvistika, postmodernizm, globalizatsiya va til, sun’iy intellekt va adabiyot. Til, madaniyat va adabiyot insoniyat tafakkurining asosiy unsurlari bo‘lib, ular bir-biridan ajralmas holda rivojlanadi. Til insonning fikrlash vositasi bo‘lsa, madaniyat milliy xotira va qadriyatlar tizimini shakllantiradi, adabiyot esa bu jarayonning eng yorqin ifoda shakli hisoblanadi. Adabiyot orqali milliy o‘zlik namoyon bo‘ladi, madaniy kodlar saqlanadi va kelajak avlodlarga yetkaziladi. Shu sababli, adabiy jarayonni tahlil qilishda lingvistik va madaniy omillarni hisobga olish muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy dunyoda globallashuv, texnologik rivojlanish va madaniyatlararo muloqot tufayli til, madaniyat va adabiyot o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir tobora kuchayib bormoqda. Lingvistik kodlarning aralashuvi, intertekstual ta’sir, transmilliy adabiyotning rivojlanishi, shuningdek, raqamli madaniyatning adabiy jarayonga kirib kelishi bugungi kunning dolzarb muammolaridan biridir. Shu bois, ushbu maqolada til va madaniyatning zamonaviy adabiyotga ta’siri lingvokulturologik va semiotik yondashuvlar asosida o‘rganiladi. 1. Lingvokulturologiya va adabiyot: til va madaniyatning badiiy asarlardagi aks etishi: Ma’lumki, til va madaniyatning adabiyot bilan uzviy bog‘liqligi lingvokulturologiya fani doirasida tahlil qilinadi. Lingvokulturologiya til va madaniyat o‘rtasidagi aloqani o‘rganib, ularning adabiy matnlardagi aks etish 123 xususiyatlarini tadqiq qiladi. Bu borada tilshunos olim V. A. Maslova shunday ta’kidlaydi: “Badiiy asarlar milliy madaniyatning eng yorqin ifodalaridan biri bo‘lib, ular til vositasida madaniy qadriyatlarni avloddan-avlodga yetkazadi” [Maslova, 2007, 84-bet]. Badiiy asarlar xalqning madaniy kodlarini, urf-odatlarini, mentalitetini va tarixiy tajribalarini o‘zida aks ettiradi. Masalan, o‘zbek adabiyotida Alisher Navoiy asarlari orqali Sharq madaniy qadriyatlari, turkiy-forsiy lingvistik ta’sirlar va sufiyona tafakkur namoyon bo‘ladi. Uning “Xamsa” asaridagi dostonlari Sharq falsafasi, Sharq dunyoqarashi, axloqiy me’yorlari, muhabbat va tafakkur erkinligi singari mavzularni yoritib, adabiy tilda xalqning madaniy-estetik dunyoqarashini aks ettiradi. Shuningdek, A.Navoiy she’riyatida arabcha va forscha unsurlar bilan uyg‘unlashgan turkiy tilning ifoda imkoniyatlari keng qo‘llanilgan bo‘lib, bu tilning madaniy va poetik funksiyalarini kengaytirgan. Rus adabiyotida esa Fyodor Dostoyevskiy ijodi pravoslav madaniyati, rus xalq mentaliteti va axloqiy falsafa bilan bog‘liq bo‘lsa, Lev Tolstoy asarlarida Rossiya ijtimoiy qatlamlarining o‘zaro munosabatlari, din va axloq muammolari keng yoritilgan. Ayniqsa, “Jinoyat va jazo” romanida F.Dostoyevskiy rus xalqining diniy tasavvurlari, pravoslav axloqiy me’yorlari va insonning ma’naviy yuksalishi g‘oyalarini lingvistik jihatdan chuqur ifodalagan. Ingliz adabiyotida Uilyam Shekspir asarlari tildagi metaforik boylik va Renessans davri madaniy qadriyatlarini ifodalaydi. Uning dramalarida o‘sha davr ijtimoiy, axloqiy va siyosiy hodisalari aks etib, lingvistik jihatdan boy va murakkab tuzilmalarga ega bo‘lgan monolog va dialoglar orqali inson psixologiyasining chuqur tahlili berilgan. Xususan, “Hamlet” tragediyasida shubha, vijdon azobi, axloqiy qarama-qarshiliklar kabi mavzular lingvistik vositalar orqali juda ta’sirli ifodalangan. Bugungi kunda esa lingvokulturologik jarayonlar globallashuv tufayli yanada murakkablashmoqda. Milliy adabiyotlar bir-biriga ta’sir ko‘rsatmoqda va buning natijasida yangi uslubiy yo‘nalishlar paydo bo‘lyapti. Bunga transmilliy adabiyot misol bo‘la oladi. Masalan, XX asr oxiri va XXI asr boshlarida yozilgan ko‘plab asarlarda milliy identifikatsiya va transmilliy madaniyat hodisalari ko‘zga tashlanadi. Negeriya romanchiligining taniqli namoyondalaridan biri Chimamanda Ngozi Adichie, yaponiyalik Haruki Murakami, turkiyalik Orxan Pamuk kabi yozuvchilarning asarlari turli madaniyatlarning sintezini aks ettiruvchi lingvokulturologik jihatlarga ega. Shuningdek, zamonaviy ommaviy madaniyat va texnologiyalar adabiyotning lingvokulturologik yo‘nalishiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Virtual va raqamli 124 adabiyot rivojlanib, til va madaniyatni ifodalash shakllari o‘zgarib bormoqda. Ayniqsa, internet orqali madaniyatlararo muloqot kengayib, turli tillar va madaniyatlar orasidagi chegaralar tobora yo‘qolib bormoqda. 2. Intertekstual ta’sir va transmilliy adabiyot: XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab adabiyotda intertekstual aloqalar kuchaygan. Bu tushuncha fransuz olimi J.Kristeva tomonidan shakllantirilgan bo‘lib, u badiiy matnlarning boshqa matnlar bilan aloqasini anglatadi [Kristeva, 1986, 120-bet]. Intertekstualizm adabiyotda matnlarning o‘zaro muloqotini anglatib, u yangi ma’no qatlamlarini yaratadi va asarlarni ko‘p qavatli talqin qilish imkonini beradi. Bu tushuncha rus filosof va adabiyotshunos olimi M.Baxtin tomonidan ilgari surilgan polifonik matn nazariyasi bilan ham bog‘liq bo‘lib, unda matnlar orasidagi muloqotning chuqurlashuvi tahlil qilinadi. Transmilliy adabiyot esa turli madaniyatlarning o‘zaro ta’sirini aks ettiruvchi adabiy yo‘nalish bo‘lib, u globallashuv jarayonlari natijasida paydo bo‘lgan deyish mumkin. Masalan, turk yozuvchisi Orxan Pamuk romanlarida turk va g‘arb madaniyatining uyg‘unlashgan holatlari kuzatiladi. Uning “Mening nomim qizil” asarida sharq miniatyura san’ati bilan g‘arbiy realizm tushunchalari o‘zaro to‘qnash keladi. Bu esa san’at, estetika va tarixiy tafakkurning adabiyot orqali uyg‘unlashuvini ko‘rsatadi. Chingiz Aytmatov asarlarida esa qirg‘iz va rus madaniyatining integratsiyasi yaqqol namoyon bo‘ladi. Masalan, uning “Asrga tatigulik kun” romanida qirg‘iz xalqining an’anaviy madaniyati sovet mafkurasi bilan to‘qnashadi. Bu esa adabiy va lingvistik jihatdan murakkab qiyosiy tahlilni talab qiladi. Ch.Aytmatovning “Bo‘tako‘z” qissasi esa mifologik unsurlar orqali qadimiy madaniy an’analar va zamonaviy qarashlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ochib beradi. Shuningdek, yaponiyalik yozuvchi Haruki Murakami romanlarida yapon va g‘arb madaniy elementlari qo‘shilib ketadi. U o‘z asarlarida G‘arb musiqasi va falsafasini yapon an’anaviy estetikasi bilan uyg‘unlashtirib, universal muammolarni qamrab oladi. Masalan, “Kafka qirg‘oqda” asari yapon mifologiyasi, buddaviylik falsafasi hamda g‘arb postmodernizmi elementlarini o‘zida jamlagan. H.Murakami ijodi, ayniqsa, ekzistensial muammolarni yapon mentaliteti orqali ifodalashi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, zamonaviy transmilliy adabiyot vakillaridan Chimamanda Ngozi Adichie, bengaliya-amerikalik yozuvchi Jhumpa Lahiri va britaniyalik Kazuo Ishiguro kabi yozuvchilar ham turli madaniyatlarning adabiyotga ta’sirini aks ettirgan holda yangi uslub va mavzularni rivojlantirmoqdalar. Masalan, Kazuo Ishiguroning “Kunning qoldig‘i” asari britan aristokratik an’analari va yapon estetik qarashlarining o‘ziga xos sintezini taqdim etadi. Jhumpa Lahiri esa hind diasporasi tajribasini ingliz 125 tilida aks ettirib, madaniy ko‘chish va assimilyatsiya jarayonlarini yoritadi. Transmilliy adabiyot fenomeni nafaqat yozuvchilar, balki o‘quvchilar uchun ham muhimdir. O‘quvchilar o‘z madaniy chegaralaridan tashqariga chiqib, boshqa xalqlarning hayot tarzi, qadriyatlari va tarixiy tajribalarini anglash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ayni paytda, intertekstual aloqalar orqali adabiyotning boyligi oshib, matnlar yangi talqinlar bilan yangilanadi. Aytish mumkinki, hozirgi davr badiiy asarlarida adabiyotda intertekstual o‘zaro ta’sir global madaniy muhitni shakllantirib, milliy adabiyotlar chegaralarini kengaytirmoqda. Matnlar orasidagi o‘zaro aloqalar, madaniyatlarning birikishi va transmilliylik fenomeni zamonaviy adabiyotning ajralmas qismiga aylanib, uni yanada murakkab va boy qilib bormoqda. Bugungi kunda, ayniqsa, internet va raqamli madaniyat vositalari orqali bu jarayon yanada tezlashib, yangi avlod yozuvchilari va o‘quvchilari uchun cheksiz imkoniyatlar yaratmoqda. 3. Kod almashtirish va lingvosemiotik innovatsiyalar: Zamonaviy adabiyotda lingvistik kod almashtirish (code-switching) keng tarqalgan hodisadir. Bu ko‘p tilli yozuvchilarning asarlarida yaqqol seziladi. Masalan, nigeriyalik shoir va adabiy tanqidchi Chinua Achebe va britaniyalik taniqli yozuvchi Salman Rushdi asarlarida ingliz tili mahalliy tillar bilan aralash holda qo‘llaniladi. Chinua Achebening “Things Fall Apart” asarida ibo tili unsurlarining ingliz tili matniga singdirilishi mahalliy madaniyatning saqlanib qolishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Salman Rushdining “Midnight’s Children” romanida hind va urdu tillaridan olingan so‘zlar, frazalar ingliz tili kontekstida ishlatilishi lingvistik uyg‘unlikni yaratadi va asarning intertekstual xususiyatini oshiradi. Kod almashtirish faqat romanlarda emas, balki she’riyatda ham kuzatiladi. Masalan, amerikalik yozuvchi Junot Diaz asarlarida ingliz va ispan tillari aralashib ketgan bo‘lib, bu hodisa lotin amerikalik muhojirlarning ko‘p tilli hayot tarzini aks ettiradi. Kod almashtirish o‘z navbatida postkolonial adabiyotda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, keniyalik yozuvchi va dramaturg Ngugi ba Txiongo o‘zining dastlabki asarlarini ingliz tilida yozgan bo‘lsa-da, keyinchalik ona tili – gikuyu tiliga o‘tib, mahalliy tillarning adabiy jarayondagi rolini mustahkamlashga harakat qilgan. Kod almashtirish va lingvistik innovatsiyalar haqida rossiyalik lingvist S.G. Ter-Minasova shunday yozadi: “Zamonaviy adabiyotda millatlararo aloqalar kuchaygani sari tillarning o‘zaro ta’siri badiiy matnlar tizimida sezilarli darajada namoyon bo‘lyapti” [Ter-Minasova, 2015, 67-bet]. Bunga qo‘shimcha ravishda, adabiy matnlarda yangi leksik birliklar, stilistik innovatsiyalar va postmodernistik 126 uslublar ham tobora ommalashib borayotganligini ta’kidlash joiz. Postmodernistik adabiyotda kod almashtirish o‘ziga xos badiiy uslubga aylanib, matnga ko‘p qatlamlilik va intertekstual xususiyat qo‘shadi. Bundan tashqari, raqamli adabiyot va internet madaniyatining rivojlanishi natijasida yangi lingvosemiotik innovatsiyalar shakllanmoqda. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilar tomonidan yaratiladigan fanfiktsiyalar (fan fiction)da turli tillarning qo‘llanilishi, emoji va internetslanglarining badiiy matnlarga kirib kelishi yangi lingvistik tendensiyalarni yuzaga keltirmoqda. Yaponiyalik yozuvchi Sayaka Murata o‘zining “Convenience Store Woman” romanida zamonaviy texnologiyalar, reklama tilining badiiy matn tarkibida o‘ziga xos kod sifatida ishlatilishini ko‘rsatadi. Kod almashtirish, lingvosemiotik innovatsiyalar va yangi badiiy uslublarning paydo bo‘lishi zamonaviy adabiyotning globallashuv sharoitida rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Bunday o‘zgarishlar nafaqat yozuvchilarning ijodiy uslublariga, balki o‘quvchilarning matnlarni idrok etish jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Kelajakda lingvistik kod almashtirish va semiotik yondashuvlar adabiyotda yanada muhim rol o‘ynashi kutilmoqda, chunki tillarning o‘zaro ta’siri globallashuv jarayoni bilan yanada chuqurlashib bormoqda. Xulosa qilib aytganda, lingvokulturologiya va adabiyot o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik, ayniqsa, badiiy matnlar misolida yaqqol namoyon bo‘ladi. Har bir xalqning adabiyoti uning madaniy o‘ziga xosligini aks ettiruvchi asosiy manbalardan biri bo‘lib, lingvistik jihatdan ham, ma’naviy jihatdan ham ulkan ahamiyatga ega. Kelajakda lingvokulturologiyaning badiiy adabiyotga ta’siri yanada kengayib, yangi ilmiy yo‘nalishlar paydo bo‘lishi kutilmoqda. 4. Raqamli madaniyat va adabiyotga sun’iy intellektning ta’siri: Aytish mumkinki, hozirgi vaqtda raqamli texnologiyalar adabiy jarayonda inqilob yasamoqda. Elektron adabiyot, interaktiv romanlar va sun’iy intellekt tomonidan yozilgan hikoyalar bugungi adabiy maydonning ajralmas qismiga aylandi. Bunday jarayonlar haqida fransiyalik faylasuf va adabiy tanqidchi Rolan Bart shunday fikr bildirgan edi: “Matn o‘quvchi tomonidan qayta yaratiladigan ochiq tizimdir” [Bart, 1968, 146-bet]. Bugungi chatbotlar, GPT modellarining hikoyalar yaratish qobiliyati bu fikrning haqligini tasdiqlaydi. Elektron adabiyot (e-literature) bugungi kunda mustaqil yo‘nalish sifatida rivojlanmoqda. Bunda o‘quvchi matnni faqat o‘qimaydi, balki u bilan interaktiv tarzda muloqotda bo‘ladi. Masalan, “hypertext fiction” janridagi asarlar o‘quvchiga o‘ziga xos yo‘l tanlash imkonini beradi. Bu janrda o‘quvchi hikoyaning qaysi yo‘nalishda davom etishini o‘zi belgilashi mumkin. Mark Amerika, Shelley Jackson 127 kabi yozuvchilar elektron adabiyotning yetakchi vakillaridan sanaladi. Ularning asarlarida an’anaviy hikoya tuzilmasi buzilib, matn o‘quvchining ishtirokiga bog‘liq bo‘ladi. Bundan tashqari, sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan badiiy matnlar ham tobora kengayib bormoqda. Masalan, OpenAI tomonidan ishlab chiqilgan GPT-3 va GPT-4 modellarining adabiy eksperimentlarda qo‘llanilishi yangi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yaponiyada 2016-yilda yozilgan “The Day a Computer Writes a Novel” nomli roman sun’iy intellekt ishtirokida yozilib, adabiy tanlovlarda qatnashgan. Bu esa, sun’iy intellekt kelajakda yozuvchilar bilan bir qatorda adabiyotga o‘z hissasini qo‘shishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, raqamli adabiyotning yana bir muhim jihati virtual reallik (VR) va kengaytirilgan reallik (AR) texnologiyalarining kitob o‘qish jarayoniga integratsiya qilinayotganidir. VR adabiyotida o‘quvchi nafaqat matnni o‘qiydi, balki hikoya ichida jonli ishtirokchi sifatida harakat qiladi. Bu kabi eksperimental usullar, ayniqsa, fantastika va kiberpunk janridagi asarlarda qo‘llanilmoqda. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlar va platformalar (masalan, Wattpad, Medium) ham adabiyotga yangi qiyofa baxsh etmoqda. Yosh yozuvchilar endilikda nashriyotlarga bog‘liq bo‘lmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z auditoriyasiga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu esa adabiy jarayondagi demokratiyalashuvni kuchaytirmoqda. Shunday qilib, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar adabiy jarayonning shakllanishida tobora muhim rol o‘ynamoqda. Kelajakda bu texnologiyalar yozuvchilarning ijodiy jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqishi, o‘quvchilar bilan yanada interaktiv aloqalarni yaratishi va adabiy an’analarni o‘zgartirishi ehtimoli yuqori. Adabiyotning yangi texnologik bosqichi inson va sun’iy intellekt o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikka asoslanishi mumkin. Xulosa qilib aytganda XXI asr adabiyotning zamonaviylashuvi tendensiyalari globallashuv va texnologik taraqqiyot natijasida yanada kuchaymoqda. Lingvokulturologik jarayonlar, intertekstual aloqalar, transmilliy adabiyot va kod almashtirish kabi hodisalar zamonaviy adabiy jarayonda yetakchi o‘rin egallamoqda. Kelajakda sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va lingvistik innovatsiyalar adabiyotni butunlay yangi bosqichga olib chiqishi mumkin. Foydalanilgan adabiyotlar 1. Barthes R. La mort de l’auteur. -Paris: Éditions du Seuil, 1968. 2. Kristeva J. Intertextuality and Literary Discourse. -Oxford University Press, 1986. 3. Maslova V.A. Lingvokulturologiya. -Moskva: Akademiya nashriyoti, 2007. 4. Ter-Minasova S.G. Til va madaniyat: global yondashuvlar. -Moskva: Flinta, 2015.