scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BADIIY DISKURSDA EKSPRESSIVLIKNING KO'P QIRRALI TABIATI

G.S.Saydalieva

Full text

128 BADIIY DISKURSDA EKSPRESSIVLIKNING KO‘P QIRRALI TABIATI G.S.Saydalieva Namangan davlat chet tillari instituti (O‘zbekiston Namangan) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450526 Annotatsiya: Ushbu maqolada badiiy diskursda ekspressivlikning ifodalanishi va uning kommunikativ hamda pragmatik ahamiyati o‘rganilgan. Ekspressivlik badiiy matnning ta’sirchanligini ta’minlovchi asosiy omil sifatida talqin qilinib, uning leksik, morfologik va sintaktik vositalar orqali namoyon bo‘lishi tahlil etilgan. Shu bilan birga, paralingvistik omillarning ekspressivlikni kuchaytirishdagi ahamiyati ham yoritilgan. Muallif ekspressivlikning nutqiy jarayonda ma’no, uslub va kommunikativ samaradorlikni shakllantirishdagi roliga alohida e’tibor qaratgan. Olingan natijalar badiiy diskursning ta’sirchanligi va pragmatik qimmatini anglashda muhim nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Kalit so‘zlar: ekspressivlik, badiiy diskurs, kommunikativ-pragmatik xususiyat, leksik vositalar, morfologik vositalar, sintaktik qurilmalar, paralingvistika, ta’sirchanlik. Badiiy matn reallikni “qayta yaratish” va aks ettirish jarayonida o‘ziga xos leksik-strukturaviy tizimni shakllantiradi, u turli mazmun va shakl elementlari o‘rtasida murakkab korrelyatsion munosabatlarni vujudga keltiradi. Badiiy asarning tuzilishida faqat real voqelikning mexanik tarzda aks ettirilishi emas, balki muallif ongi orqali qayta ishlangan va talqin qilingan manzara paydo bo‘ladi. So‘z badiiy matnning asosiy quroli bo‘lib, badiiy matnda so‘zlarning, tarkibiy qismlarning va umumiy tuzilmaning o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro ta’siri muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, har bir mashhur yozuvchi o‘zi mansub bo‘lgan lingvomadaniy jamoaning namoyondasi sifatida o‘z asarida milliy mentalitetning o‘ziga xos xususiyatlari va milliy muloqot uslubining maxsus belgilarini san’at vositasida aks ettiradi. Yozuvchi shaxsiyati nafaqat individual xususiyatlarni, balki uning madaniy va ijtimoiy muhitining umumiy etnomadaniy xususiyatlarini ham badiiy matn orqali ifodalaydi.[2:3] Badiiy matn - bu muallifning individual estetik tafakkuri asosida yaratilgan umumlashgan obrazlar orqali voqelikni badiiy va obrazli shaklda ifoda etuvchi kommunikatsiyaviy, madaniy betakror vositadir. U nafaqat muallifning shaxsiy munosabati va nafis qarashlarini aks ettiradi, balki xalqaro madaniy muloqotni amalga oshirishda muhim vosita sifatida ham xizmat qiladi. Bu borada M.M. Baxtin badiiy matnga estetik ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan beqiyos ob’ekt sifatida qarasa, G.V. Stepanov uni o‘ziga xos ma’noga ega matn sifatida tavsiflaydi. Bunday matnning asosiy xususiyatlari sifatida epitet, metafora, taqqoslash, personifikatsiya kabi ifodali vositalarning faol qo‘llanilishi, obrazlilik, 129 umumlashtirish, allegoriya hamda muallifning sub’ektiv bahosining mavjudligi qayd etiladi. Ta’kidlash lozimki, mazkur xususiyatlar badiiy matnni boshqa uslubdagi matnlardan ajratib turuvchi asosiy belgilar bo‘lib, u orqali muallif o‘zining dunyoqarashini obrazli shaklda aks ettirib, o‘quvchida kuchli hissiy va intellektual ta’sir uyg‘otadi.[3:89] Shu nuqtada ta’kidlash joizki, badiiy matnning estetik va obrazli xususiyatlari uning ekspressivlik darajasi bilan bevosita bog‘liqdir. Chunki badiiy asarda qo‘llaniladigan leksik-stilistik vositalar, ya’ni epitet, metafora, taqqoslash, allegoriya va boshqalar nafaqat tasviriylikni ta’minlaydi, balki o‘quvchida muayyan hissiyot, ta’sir va emotsional munosabatni uyg‘otadi. Shu sasabli yuqorida ta’kidlangan vositalar badiiy matnda so‘zning asl va ko‘chma ma’nosi, uning ta’sirchanligi - ya’ni ekspressiv quvvatini oshirishga xizmat qilib, o‘quvchiga estetik ta’sir ko‘rsatish vositasi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Quyida aynan shu ekspressivlik xususiyatini kengroq yoritishga harakat qilamiz. Tilning turli uslublarida, ayniqsa, badiiy, publitsistik va og‘zaki nutqda ekspressiv va emotsional vositalar nutqning ta’sirchanligini oshirish maqsadida keng qo‘llaniladi. Badiiy matnda ekspressivlik badiiy obraz va his-tuyg‘ularni ifoda etish vositasi bo‘lib, emotsional holat va shaxslararo munosabatlarni yorituvchi emotiv matn shaklida namoyon bo‘ladi. Badiiy matn alohida bir kommunikatsiya shakli bo‘lib, inson nutqidan farqli ravishda, belgili bir maqsadga qaratilgan, ya’ni mimika va harakatlar inson nutqida tabiiy ravishda yuzaga chiqsa, badiiy adabiyotda ular oldindan rejalashtirilgan uslubiy usul sifatida qo‘llaniladi. Ekspressivlik, ilmiy nuqtai nazardan, matn mazmunining kuchaytirilishi, ma’lum axborotning maxsus ajratib ko‘rsatilishi va unga resipient diqqatining yo‘naltirilishi sifatida talqin qilinadi. Ekspressiv funksiyaning amaliy tadbiq etilishi faqat xabarning kommunikativ jarayonga, ya’ni to‘liq muloqot tizimiga kiritilishi orqali amalga oshiriladi. Dunyodagi barcha tillarning ekspressiv zaxirasi nihoyatda boy. Til strukturasining barcha darajalarida ekspressiv birliklar mavjud. Ular histuyg‘ularni, emotsiyalarni, baholashni hamda gapiruvchining nutqida tilga olinayotgan voqelikka bo‘lgan shaxsiy munosabatini ifodalash uchun xizmat qiladi. [4: 170] Ko‘pchilik tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, ekspressivlik kompleks xususiyatga ega bo‘lib, uning asosiy tarkibiy komponentlari emotsionallik, intensivlik, obrazlilik va baholovchilik hisoblanadi. Bu komponentlar bir-birini o‘zaro shartlaydi va til tizimi doirasida kompleks o‘zaro ta’sirda namoyon bo‘ladi. Ekspressivlik tushunchasini talqin qilishda turli xil yondashuvlar mavjud. I.V. Arnold, E.S. Aznaurova va Yu.M. Skrebnev kabi olimlar ekspressivlikni stilistik 130 kategoriyalar qatoriga kiritadilar. N.A. Lukyanova, A. Vejbiskaya va V.G. Gak esa ekspressivlikni semantik fenomen sifatida ta’riflaydilar. Qator tadqiqotchilar, jumladan R.O. Yakobson va A.A. Reformatskiy, ekspressivlikni tilning kommunikativ funksiyalaridan biri sifatida qarashadi. R.O. Piotrovskiy va A.A. Mesler ekspressivlikni pragmatik kategoriyalar doirasida ko‘rib chiqadilar. R.O. Yakobson va V. Matezius ekspressivlikni emotsiyalilik bilan tenglashtirib, uni yakka komponentli hodisa sifatida talqin qiladilar, boshqa olimlar esa ekspressivlikni baholash xususiyati bilan bog‘laydilar. Ekspressivlikni ko‘p komponentli hodisa deb hisoblaydigan olimlar V.V. Vinogradov va N.A. Lukyanova uning tarkibiy qismlari sifatida obrazlilik va emotsionallikni ajratib ko‘rsatadilar. [6:90] Ekspressivlik tilshunoslikning eng murakkab kategoriyalaridan biri sanaladi, chunki u tilda sub’ektiv omilning namoyon bo‘lishi va uning ob’ektiv voqelikni anglash jarayoni bilan uzviy bog‘liqligi xarakterlanadi. [7:10] Tilshunoslik ensiklopedik lug‘atida ekspressivlik - til birliklarining ma’nostilistik xususiyatlari majmuasi sifatida ko‘rsatilib, ular orqali gapiruvchi o‘z nutqida sub’ektiv munosabatini ifoda etashi aytiladi. Bu kategoriya lotincha “expressio” – “ifoda” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, insonning nutqiy faoliyatida his-tuyg‘ular, emotsional holatlar, baholash va munosabatni ifoda etishda markaziy o‘rin tutadi. Ekspressivlik tilning turli darajalardagi vositalari orqali mukammal namoyon bo‘ladi va gapiruvchi bilan tinglovchi o‘rtasida emotsional aloqa o‘rnatishda muhim ahamiyatga ega. Fonetik darajada ekspressivlik ovoz uzunligi, intonatsiya, urg‘u va talaffuz orqali namoyon bo‘lib, undosh tovushlarning qo‘shaloqlanishi, unli tovushlarning cho‘ziq aytilishi, urg‘uning standart o‘rnidan siljishi kabi xususiyatlar so‘zga kuchli ta’sirchanlik bag‘ishlaydi va so‘z yoki iboraning emotsional-ekspressiv tonalligini oshiradi, masalan, ovozni ko‘tarish g‘azab yoki hayrat kabi tuyg‘ularni yetkazishga xizmat qiladi. Morfologik darajada ekspressivlik turli grammatik qo‘shimchalar, xususan, so‘z yasashdagi erkalatuvchi (-chaq, -jon) va kamsituvchi (-gina, -kas) affikslar orqali amalga oshirilib, so‘zga sub’ektiv baho, muhabbat, mehr, ihtiyot va boshqa hissiy munosabatlarni qo‘shadi, masalan, “oyi-oyi-jon” yoki “uka-uka-ginam” kabi misollar buning yaqqol dalilidir. Leksik darajada ekspressivlik o‘zining eng keng va boy ko‘rinishida baholash xususiyatiga ega so‘zlar, his-tuyg‘uni bildiruvchi birliklar, kuchaytiruvchi so‘zlar, yuklamalar hamda obrazli ifoda vositalari orqali yuzaga chiqadi; bunday so‘zlar faqat voqelikni tasvirlabgina qolmay, balki gapiruvchining shaxsiy munosabatini ham aks ettiradi, masalan, “qiltiriq” so‘zi insonning 131 ozg‘inligini salbiy ma’noda baholash uchun ishlatilib, nafaqat tasvir, balki munosabatni ham ifoda etadi. Sintaktik darajada esa so‘z tartibining o‘zgartirilishi, ellipsis, takror, inversiya va parallelizm kabi usullar nutqning ekspressivligini oshiradi, uni jonli va ta’sirchan qiladi Sintaktik darajada ekspressivlik so‘z tartibining o‘zgartirilishi, elliptik konstruksiyalar (ya’ni, ayrim a’zolarni tashlab ketish), so‘z takrorlari kabi vositalar orqali amalga oshiriladi. Bu uslubiy harakatlar nutqning ta’sirchanligini kuchaytiradi va uning emotsiyaviy yuklamasini oshiradi. [8: Экспрессивность] Ekspressivlik lingvistikada tilning ta’sirchanlik salohiyatini belgilaydigan muhim kategoriyalardan biridir. U til birliklariga sub’ektiv munosabatni ifodalash imkonini beradi va ko‘p qirrali tabiati bilan tilshunoslik tadqiqotlari uchun muhim tahlil ob’ekti hisoblanadi. Uning turli sathlardagi namoyoni, shuningdek, paralingvistik vositalar bilan uzviy bog‘liqligi ekspressivlikni nafaqat lingvistik, balki pragmatik va kommunikativ nuqtai nazardan ham o‘rganishni taqozo etadi.[5: Экспрессивлик] Ekspressivlik nafaqat lingvistik vositalar (fonetik, leksik, morfologik va sintaktik), balki paralingvistik vositalar ya’ni ovozning balandligi, tempi, tembri, mimika, ishoralar va tananing holati orqali ham kuchaytiriladi. Bu omillar gapiruvchining ichki holati, emotsional reaksiyasi va ijtimoiy munosabatini ifoda qilishda muhim rol o‘ynaydi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, ekspressivlik inson nutq faoliyatining asosiy semiotik va psixologik mexanizmlaridan biri bo‘lib, u nutqning ta’sirchanligini, jozibadorligini va qabul qiluvchiga yetkazilishidagi samaradorligini belgilab beradi.[1:Экспрессивность] Ekspressivlik, shuningdek, emotsional baholash kategoriyasi bilan uzviy bog‘langan. U insonning his-tuyg‘ulari, taassurotlari, ruhiy holati va munosabatini belgilaydigan semantik kod sifatida xizmat qiladi. Ekspressiv vositalarning ko‘pchiligi tarixiy jihatdan inson nutqining affektiv shakllari (jazavali, hissiy) bilan bog‘liq bo‘lib, ular xalq tili va adabiy uslublarda to‘planib borgan. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. “Bolshoy psikhologicheskiy slovar.” Retrieved from [https://gufo.me/dict/psychologie\_dict] 2. Драйсави Хуссейн Катим Маджди «Специфика рассуждения экспрессии в художественном тексте» Багдад 2019. https://www.researchgate.net/publication/330350174 3. Fayzulloyeva, M. A. (2024). “Badiiy matn husussiyatlari.” Retrieved from [https://doi.org/10.5281/zenodo.11221025] 4. Науменко Н.П «Лексические средства выражения экспрессивности» Мир языков: ракурс и перспективы: сборник материалов IX Международной науч.-практ. конференции, 132 Минск, 26 апреля 2018 г.: в 6 ч. Ч. 1 / БГУ, Филологический фак., Каф. английского языкознания; редкол.: Н.Н. Нижнева (отв. ред.) [и др.].- Минск: БГУ, 2018. С.166-174 5. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi.” Retrieved from [https://qomus.info/encyclopedia/cate/ekspressivlik-uz-2] 6. Рамазанова Д. А., Хасбулатова Х. М., Курбанова З. Г. “Экспрессивность в художественном тексте и способы ее выражения.” Известия Дагестанского государственного педагогического университета. Общественные и гуманитарные науки. T. 11. № 3. С. 86-91 7. Шарова В.В “Средства выражения экспрессивности в сатирическом художественном тексте: На материале романов И. Ильфа и Е. Петрова “Двенадцать стульев” и “Золотой теленок” автореферат по ВАК РФ 10.02.01, кандидат филологических наук. СанктПетербург.2003 8. “Tilshunoslik entsiklopedik lugʻat.” Retrieved from [https://tapemark.narod.ru/les/591a.html]