MADANIY O'ZIGA XOSLIK VA TARJIMASHUNOSLIKDAGI MUAMMOLAR: REALIA TUSHUNCHASINING O'RNI
Full text
196 MADANIY O‘ZIGA XOSLIK VA TARJIMASHUNOSLIKDAGI MUAMMOLAR: REALIA TUSHUNCHASINING O‘RNI Ergasheva Nigora Erkin qizi O‘zDJTU tayanch doktoranti E-mail manzil: [email protected] O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Oʻzbekiston, Toshkent DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450625 Annotatsiya. Ushbu maqola madaniyatning ilmiy taʼrifi va uning tarkibiy qismi boʻlgan “realia” tushunchasini tilshunoslik va tarjimashunoslik nuqtai nazaridan oʻrganishga bagʻishlangan. Tadqiqotda madaniyatni “yuqori madaniyat” va “turmush tarzi” sifatida talqin qilishdagi metodologik farqlar tahlil qilinadi, shuningdek, maʼlum bir madaniyatga xos boʻlgan va boshqa tillarda toʻgʻridan-toʻgʻri ekvivalenti boʻlmagan lingvomadaniy birliklar – realialarning ahamiyati koʻrib chiqiladi. Rus tilshunosi L.V. Sherbaning realiani tizimli oʻrganishga qoʻshgan hissasi va uning keyingi tadqiqotchilar (V. Vinogradov, S. Ter-Minasova) tomonidan rivojlantirilishi tahlil qilinadi. Maqolada realianing madaniyatlararo muloqotdagi oʻrni, ularni tarjima qilishdagi qiyinchiliklar va zamonaviy globallashuv sharoitida ularning evolyutsiyasi masalalari yoritilgan. Kalit soʻzlar: madaniyat, realia, tarjimashunoslik, lingvomadaniyat, L.V. Sherba, madaniyatlararo muloqot, madaniy oʻziga xoslik, til va madaniyat. Kirish Madaniyat tushunchasining ilmiy nuqtai nazardan aniq va universial ta’rifini berish tilshunoslik, antropologiya va madaniyatlararo kommunikatsiya sohalaridagi eng dolzarb va qiyin masalalardan biridir. Ingliz antropologi Edvard Barnett Teylorning madaniyatni “bilim, e’tiqod, san’at, axloq, qonun, urf-odatlar va jamiyatning boshqa har qanday qobiliyatlari va odatlarini o‘z ichiga olgan murakkab butunlik” deb ta’riflagan klassik ta’rifi [4:35] hozirgi kunda ham keng qo‘llanilsa-da, 1980 va 1990-yillarga kelib olimlar bu tushunchaning tabiati bo‘yicha yagona kelishuvga erishilmaganligini ta’kidlashgan [1:598]. Madaniyatni idrok etish va ta’riflashdagi bu tafovut uning o‘qitilishi va tadqiq qilinishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ta’rifning o‘zi ikki asosiy yondashuvni ajratib ko‘rsatadi: birinchisi, madaniyatni “yuqori madaniyat” yani ma’lum bir davr yoki sivilizatsiyaning san’at, adabiyot va intellektual yutug‘i sifatida ko‘radi [3:37]; ikkinchisi esa uni “turmush tarzi”, jumladan, g‘oyalar, urf-odatlar, an’analar va kundalik amaliyotlar majmui deb talqin qiladi [2:47]. Ushbu tadqiqotning nazariy asosini ikkinchi yondashuv tashkil etadi, ya’ni madaniyatni umumiy aqliy model va dunyoqarash sifatida ko‘rib chiqishga asoslanadi.
197 Ana shu kontekstda, ma’lum bir madaniyatga xos bo‘lgan va boshqa madaniyatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekvivalenti bo‘lmagan obyekt, tushuncha, hodisa yoki amaliyotlarni ifodalovchi “realia” atamasi tilshunoslik, ayniqsa tarjimashunoslikda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolaning maqsadi madaniyatning nazariy jihatlarini qisqacha ko‘rib chiqib, realia tushunchasining rivojlanish tarixini, xususan, rus tilshunosi L.V. Sherbaning bu sohaga qo‘shgan hissasini tahlil qilishdan iborat. Metodologiya Nazariy tahlil: Madaniyat nafaqat san’at va adabiyotni, balki jamiyatning barcha bilim, e’tiqod, san’at, axloq, qonun, urf-odat va boshqa qobiliyat va odatlarini o‘z ichiga olgan murakkab butunlikdir [6:238]. Bu ta’rif keng qamrovli va inklyuziv bo‘lib, madaniyatni insoniyatning barcha jabhalarini qamrab oluvchi holat sifatida ko‘rib chiqadi. Sapir til va madaniyatning o‘zaro bog‘liqligini chuqur o‘rgangan amerikalik tilshunos va antropolog. U tilning nafaqat aloqa vositasi, balki har bir madaniyatning dunyoni qanday idrok etishi va tushunishining asosiy ramzlar tizimi ekanligini ta’kidladi [5]. Bu tushuncha "Sapir-Whorf gipotezasi" deb nomlanadi. Realia ham aynan shu til va dunyoqarash o‘rtasidagi bog‘liqlikning eng yaqqol namoyon bo‘ladigan misollaridir. Olimlar madaniyatni ta’riflashda haligacha kelishuvga erishganlaricha yo‘q. Ularning ishi madaniyatni qadriyatlar, e’tiqodlar va xulq-atvor me’yorlari tizimi sifatida ko‘radi, ular har bir jamiyatning muammolarni hal qilish va dunyoni tartibga solish usulini belgilaydi [7.198]. Tarixiy-tanqidiy tahlil: Tadqiqotning asosiy e’tibori realia tushunchasining shakllanish tarixiga, xususan, L.V. Sherbaning “О трояком аспекте языковых явлений и об эксперименте в языкознании” kabi asarlaridagi nazariy pozitsiyasiga qaratilgan. Sherbaning ishi uning davridagi va keyingi tilshunoslar (V. Vinogradov, S. Ter-Minasova) asarlari kontekstida o‘rganiladi, ularning realiani o‘rganish va tarjima qilish metodologiyasiga qo‘shgan hissasi baholanadi. Natijalar Tadqiqot natijasida quyidagi xulosalarga erishildi: 1. Madaniyatni ta’riflashdagi metodologik yondashuvdagi farqlar uning o‘qitilishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. “Yuqori madaniyat” yondashuvi tarixiy va elitistik bilimlar to‘plamiga, “turmush tarzi” yondashuvi esa milliy folklor, urfodatlar va kundalik hayotning barcha jabhalarini o‘rganishga olib keladi. 2. Realia – bu ma’lum bir madaniyatning o‘ziga xosligini ifodalovchi va boshqa tillarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekvivalenti bo‘lmagan lingvomadaniy birliklar hisoblanadi. Ular uchta asosiy toifaga bo‘linadi: obyektlar (masalan, chopon, sushi),
198 amaliyotlar (masalan, Navro‘z, kelin salom) va mavhum tushunchalar (masalan, siesta, farosat). 3. Realia tushunchasini tizimli o‘rganishga asos solgan eng nufuzli olimlardan biri rus tilshunosi L.V. Sherba bo‘lib, u realiani nafaqat lingvistik, balki madaniy fenomen sifatida ko‘rib chiqqan [8:24-39]. Sherba realianing til, madaniyat va tafakkur o‘rtasidagi bog‘liqlikdagi muhim rolini ta’kidlagan. 4. Sherbaning ishi keyingi avlod olimlari, jumladan, V. Vinogradov va S. Ter-Minasova tomonidan rivojlantirilib, madaniyatlararo muloqotda realiani tarjima qilishning nazariy asoslari va amaliy usullari ishlab chiqilgan. Muhokama Olingan natijalar shuni ko‘rsatadiki, realia tushunchasini o‘rganish madaniyatlararo tushunish va samarali kommunikatsiyaning kalitidir. Sherba va uning izdoshlarining ishlari realiani faqat so‘zlar sifatida emas, balki ularning ortidagi butun madaniy kontekstni hisobga olgan holda o‘rganish va tarjima qilish zarurligini anglatar ekan. Realia jamiyatning qadriyatlari, tarixi va dunyoqarashini aks ettirgani uchun ularni noto‘g‘ri talqin qilish yoki tarjima qilish madaniyatlararo tushunmovchiliklarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, realia atamasining o‘ziga xos xususiyati uning doimiy o‘zgarib turuvchi tabiatidir. Zamonaviy globallashuv jarayonida ba’zi realialar xalqaro atamalarga aylanib bormoqda (masalan, “sushi”), yangi realialar paydo bo‘lmoqda, ayrim eskilari esa yo‘qolib bormoqda. Demak, realiani o‘rganish dinamik va doimiy davom etadigan jarayon hisoblanadi. Xulosa Xulosa qilib aytganda, madaniyatning murakkab va ko‘p qirrali tabiati uning tarkibiy qismi bo‘lgan realiani chuqur o‘rganishni talab qiladi. L.V. Sherba tomonidan ishlab chiqilgan va keyingi olimlar tomonidan rivojlantirilgan realia nazariyasi tilshunoslik va tarjimashunoslikda madaniy o‘ziga xoslikni tushunish va uni boshqa madaniyatlar vakillariga etkazish uchun mustahkam nazariy asos yaratdi. Ushbu tadqiqot realianing mohiyati, tasnifi va tarjimadagi ahamiyati haqida tushuncha berdi, bu esa kelajakda madaniyatlararo kommunikatsiya samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Adabiyotlar: 1. Asher R.E. The Encyclopedia of Language and Linguistics.10 vols. - Oxford: Pergamon.: 1994.-826 p.; 2. Galloway V. “A Design for the Improvement of the teaching of Culture in Foreign Language Classrooms”, ACTFL Project Proposal. Yonkers, NY: USA.: 1985. Galloway V 1985 A design for the improvement of the teaching of culture in | Course Hero;
199 3. Katan D., Taibi M. Translating Cultures: An Introduction for Translators, Interpreters, and Mediators. - 3rd edition, by Routledge, New York, NY 10158.: 2021. – 418p.; 4. Sapir E. The Psychology of Culture: A Course of Lectures. - J.T. Irvine (ed.), Berlin: Mouton de Gruyter: 1994.- 266 p.; 5. Sapir, E. The status of linguistics as a science. Language, 5(4).: 1929. - 207-214.; 6. Tylor, E. B. Primitive Culture: Researches into the Development of Mythology, Philosophy, Religion, Art, and Custom. - Cambridge University Press.: 2010 – 468 p.; 7. Trompenaars F., Hampden-Turner Ch. Riding the Waves of Culture: Understanding Diversity in Global Business. - 3rd edition, New York: McGraw Hill.: 2012.- 432 p.; 8. Щерба Л.В. О трояком аспекте языковых явлений и об эксперименте в языкознании. - Л., 1974. - С. 24-39. Щерба - О трояком аспекте языковых явлений и об эксперименте в языкознании;