KONVERGENTLASHUV JARAYONIDA TAHRIRIYATLARDAGI MUAMMOLAR VA ULARNI BARTARAF ETISH
Full text
269 KONVERGENTLASHUV JARAYONIDA TAHRIRIYATLARDAGI MUAMMOLAR VA ULARNI BARTARAF ETISH Yusupova E’tibor Samariddin qizi O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti 2-bosqich magistranti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17450707 Internetning yaratilishi media sohasida yangi tendensiyalarning paydo bo‘lishini tezlashtirib yubordi. Bu jarayonda soha bir qancha yangi tushunchalar bilan boyidi. Konvergensiya atamasi ana shu jarayon natijasida yuzaga kelgan jurnalistik faoliyatning yangicha ko‘rinishi sifatida kashf qilindi. Xo‘sh, konvergensiya nima? Konvergensiya turli sohada turlicha talqin qilinadi. Masalan, biologiyada “konvergensiya” (lotincha “convergo” – yaqinlashaman, o‘xshayman) turli ajdodlardan kelib chiqqan organizmlarda bir xil tashqi muhit ta’sirida o‘xshash belgilarning paydo bo‘lishidir. 1 Jurnalistikada bu atama raqamli inqilob bilan birga paydo bo‘ldi. Media sohasida konvergensiya so‘zining ma’nosi 1970-yilda amerikalik sotsiolog, postindustrial jamiyatni shakllantirish nazariyasi muallifi Daniel Bell tomonidan qo‘llanilgan. O‘sha paytda bu atama kompyuterlar, telefonlar va televizorlarni yagona texnologik qurilmalarga birlashtirishni anglatar edi. 2 1990-yillardan boshlab internetning keng tarqalishi, ijtimoiy tarmoqlar platformalari va mobil qurilmalarning ommalashuvi axborotni olish va ulashish usulini tubdan o‘zgartirdi. An’anaviy OAV bu o‘zgarishlarga moslashishga majbur bo‘ldi, aks holda eskirib qolish xavfi mavjud edi. Bu esa texnologiyalar, ish jarayonlari va hikoya qilish uslublarining konvergensiyasiga olib keldi. Umumiy qoida sifatida konvergent jurnalistika – bu axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining yagona axborot resursiga qo‘shilishi va integratsiyalashuvi jarayoni deyish mumkin. Bunday yondashuv jurnalistlarga hikoyalarni matn, tasvir, video, audio va interaktiv elementlarni uyg‘unlashtirish orqali yanada samaraliroq tarzda yetkazish imkonini beradi [Вартанова Е. Л. К “Чему ведет конвергенция в СМИ”. М.: Аспект-Пресс, 1999. С 12]. Tadqiqot davomida konvergent tahririyat qanday bo‘ladi, uning ijobiy va salbiy jihatlari nimalarda aks etadi degan savolga ham javob izlab ko‘ramiz. 1 https://qomus.info 2 https://uz.fashionrebelsbook.com/17275984-convergent-journalism-concept-types-new-technologies-in-journalism
270 Konvergensiyalashuv jarayonida tahririyatlar turli formatlarga mos media mahsulot tayyorlashi va uzatishi talab etiladi. Ya’ni tahririyat kontenti turli media platformalari uchun xoslangan bo‘lishi, har xil yosh qatlami uchun axborotni qanday shaklda qabul qilishi bilan bog‘liq tanlov imkoniyatini berishi lozim. Jurnalistik amaliyotda konvergensiya bir necha yo‘nalishda namoyon bo‘ladi: jurnalistik materiallar konvergensiyasi – jurnalist tayyorlagan har bir material matn, video, audio va barcha media kanallarida uzatiladigan shakllardan iborat bo‘ladi; jurnalistlar konvergensiyasi – jurnalistlar multimedia vositalaridan foydalangan holda material tayyorlaydi. Bu esa barcha turdagi OAV uchun dolzarb va sezgir ma’lumotlarni ishlab chiqish uchun zarur ko‘nikmalar va bilimlarni talab qiladi; axborot bozori konvergensiyasi – ommaviy axborot vositalarining telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari bilan birlashuvi orqali sun’iy yo‘ldosh kanallari, internet TV, kompyuter kompaniyalari, internet provayderlari kabi yangi ishtirokchilar paydo bo‘ldi [Dadaxonov A. “Uzbek national journalism training model in the condition of media convergence and internet era”]. Yuqorida sanab o‘tilgan konvergent jurnalistikaning 3ta turiga qo‘yiladigan talablardan ko‘rinib turibdiki, media sohasi vakillari uchun konvergentlashuv jarayoniga moslashish biroz qiyinchilik va muammolarni tug‘diradi. Ana shunday muammolarga duch kelgan amaliyotchi jurnalist Sardor Abdug‘aniyev (Casia.uz internet nashri bosh muharriri) o‘zining rahbarlik faoliyati davomida tahriryat uchun bu jarayonga moslashish qanchalik qiyin kechgani bilan bog‘liq fikrlarini bayon etdi. “Biz konvergensiyalashuvni tahririyat uchun ham, jurnalist uchun ham o‘ziga xos davr desak bo‘ladi. Bu davrda har ikkala tomonga tushadigan mas’uliyat aniq belgilab qo‘yilgan. Ana shu mas’uliyatni ado etishda esa tahriryatda ham, jurnalistda ham ayrim muammolar kelib chiqadi. Masalan, tahririyat matn tayyorlashdan tortib, uni uzatishgacha bo‘lgan bosqichdagi barcha tayyorgarlik ishlarini jurnalistga yuklashi oqibatida, unda o’z kasbiga nisbatan profissional yoki emotsional charchash, stressga olib keladi va ishdan ketish holati kuzatiladi, tahririyat uning o‘rniga yaxshi jurnalistni topgungacha resursi, mablagʻi ketadi. Jurnalistga tahriryat tomonidan ko‘p funksionalli xodim bo‘lishi, texnik ko‘nikmalarga egaligi kabi talablarning qo‘yilishi soha mutaxassislarining ishga kirish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi. Ya’ni endi jurnalist montajchi, SMMchiga xos koʻnikmalarni jamlashi, o‘zi tahrirlab, hatto matni uchun fotojurnalistlik qilishi ham talab etilishi aks holda ishdan ayrilishini taqozo qilib qo‘ydi”. Ana shunday muammolarni tadqiqotchi A.O Dadaxonov o‘zining “Media konvergensiya va internet davrida o‘zbek milliy jurnalistika ta’limi modeli” nomli ilmiy izlanishida ham keltirib o‘tadi. Konvergensiya sharoitida multimedia, tarmoq
271 xizmatlari, kompyuter texnologiyalari va qo‘shma foydalanish texnologiyalari yagona kommunikatsiya kanaliga birlashtirilmoqda. Bu holat nafaqat OAV tizimini, balki u haqidagi xabarlarning shaklini ham tubdan o‘zgartirishi mumkin. Bunday vaziyatda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida axborot to‘plash va uni qayta ishlay oladigan, ijodiy yondashuvga ega jurnalistik kadrlar talab etiladi [Dadaxonov A., 2016]. Ya’ni bu jarayonda jurnalistdan zamonaviy texnik ko‘nikmalarning bo‘lishi talab etiladi va bu uning faoliyati va daromadining birlamchi omili bo‘lib qoladi. Kichik ilmiy izlanish shuni ko‘rsatadiki, konvergent tahririyatlar faoliyatini rivojlantirish yetishib chiqayotgan jurnalist kadrlarning yangi texnik bilimga ega bo‘lishi bilan bog‘lanadi. Quyida yuqorida keltirib o‘tilgan ma’lumotlardan umumiy xulosa sifatida konvergensiyalashuv jarayonida media sanoatida faoliyat yurutuvchi tahririyat va uning xodimida mavjud bo‘lishi talab etiladigan o‘ziga xos xususiyatlarni sanab o‘tamiz. 1. Media mahsulot yaratuvchi muxbirga xos xususiyatlar: jurnalistika sohasida tahsil olayotgan kadrlar universallik xususiyatiga ega bo‘lishi - matn, audio, video, infografik elementlar bilan ishlay olishi, yangi texnologiya, dasturlar, sun’iy intellekt yaratayotgan qulayliklardan erkin foydalanishni bilishi talab etiladi. Bu albatta kadrning qayerda va qanday bilim olganiga ham bog‘liq jarayon. Ya’ni jurnalistika sohasida ta’lim shakli asosan amaliyotga qaratilgan bo‘lishi, bo‘lajak jurnalist o‘quv jarayonida yuqorida sanab o‘tilgan barcha bosqichlarni boshidan o‘tkazishi lozim. Shundagina u ish faoliyati davomida yaxshi natija ko‘rsatishi o‘z ishining mutaxassisi sifatida e’tirof etilishi mumkin. 2. Tahririyatlarga xos xususiyatlar: eng so‘nggi texnik bazaga ega bo‘lishi, jurnalistga ijodiy muhit yaratib berishi, saralab olingan mutaxassislar uchun ruhiy va moddiy rag‘batlantirishning tizimlashtirilganligi muhim ahamiyatga ega. Agar tahririyat ana shu talablarga javob bersa, xodimning o‘z ishini mas’uliyat bilan bajarishi va tahririyat rivojlanishi yo‘lida imkoniyati darajasida hissa qo‘shishiga zamin yaratiladi. Xulosa o‘rnida o‘zbekistonlik taniqli olim A. Nurmatov quyidagi so‘zlarini keltiramiz: "Bugungi kunda yangilik yozadigan, intervyu oladigan, surat va video tushira oladigan, materialni nashr yoki efirga uzatishga tayyorlay oladigan universal jurnalistlarni yetishtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda." [Nurmatov A., 2013].
272 Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Dadaxonov, A.Dadaxonov, A. Uzbek National Journalism Training Model in the Condition of Media Convergence and Internet Era. 2. Vartanova, Ye. L. Вартанова, Е. Л. К чему ведет конвергенция в СМИ. Moscow: АспектПресс, 1999, p. 12. 3. Qomus.info "Qomus.info – Ozod ensiklopediya." Qomus.info, https://qomus.info. 4. Convergent Journalism maqolasi "Konsvergent jurnalistika: tushunchasi, turlari, jurnalistikadagi yangi texnologiyalar." FashionRebelsBook, https://uz.fashionrebelsbook.com/17275984-convergent-journalism-concept-types-newtechnologies-in-journalism.