YOZMA MANBALARDA SO'FIY AYOLLAR TIMSOLI
Abstract
Mumtoz adabiyotda tazkiralar, oʻz mohiyatiga koʻra, tarixiy, adabiy manba sifatida qadrlanadi. Ayniqsa, tasavvufiy tazkiralarda nafaqat erkak, balki so‘fiy ayollar hayoti, tarjimayi holi va ma'naviy maqomlari ham oʻziga xos tarzda aks etgan. Ushbu maqolada yozma manbalarda orifa ayollar tasviri haqida faqatgina ayol so‘fiylar ismi zikr qilingan tazkira muallifi Abu Abdurahmon Sulamiy asariga tayanilgan holda ma’lumot beriladi.
Full text
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 10 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 534 YOZMA MANBALARDA SO‘FIY AYOLLAR TIMSOLI G‘ofurjonova Mohlaroy Nodirjon qizi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti. https://doi.org/10.5281/zenodo.17458613 Annotatsiya. Mumtoz adabiyotda tazkiralar, oʻz mohiyatiga koʻra, tarixiy, adabiy manba sifatida qadrlanadi. Ayniqsa, tasavvufiy tazkiralarda nafaqat erkak, balki so‘fiy ayollar hayoti, tarjimayi holi va maʼnaviy maqomlari ham oʻziga xos tarzda aks etgan. Ushbu maqolada yozma manbalarda orifa ayollar tasviri haqida faqatgina ayol so‘fiylar ismi zikr qilingan tazkira muallifi Abu Abdurahmon Sulamiy asariga tayanilgan holda ma’lumot beriladi. Kalit so‘zlar: so‘fiy ayollar, tazkira, Sulamiy, manoqib. Annotation. In classical literature, tazkiras are valued as historical and literary sources by their very nature. In particular, Sufi tazkiras uniquely portray not only male but also female mystics (sufi women), reflecting their lives, spiritual experiences, and mystical ranks. This article provides information about the representation of arifa women in written sources, based on the work of Abu Abd al-Rahman al-Sulami – the only tazkira author who mentioned female Sufis by name. Keywords: Sufi women, tazkira, al-Sulami, manaqib. Аннотация. В классической литературе тaзкиры по своей сути ценятся как исторические и литературные источники. Особенно в суфийских тaзкирах своеобразно отражены не только жизнь мужчин, но и жизнь суфийских женщин, их духовный опыт и мистические степени. В данной статье представлена информация об образе ариф женщин в письменных источниках на основе произведения Абу Абдуррахмана Сулами единственного автора тaзкиры, упомянувшего имена суфийских женщин. Ключевые слова: суфийские женщины, тaзкира, Суламий, манакыб. Mumtoz adabiyotimizda tazkira janri chuqur ildizlarga ega boʻlib, oʻzbek adabiyotshunosligining shakllanishida muhim oʻrin egallaydi. Ayniqsa, tasavvufiy tazkiralar diniy-maʼnaviy tafakkur va ruhiy-madaniy hayotning tarixiy manzarasini aks ettiruvchi muhim manbalardandir. Darsliklarda adabiyotshunoslik tarkibiy qismlarga ajratilar ekan, uning avvalgisi adabiyot tarixi ekanligi koʻrsatiladi hamda tazkiralarga quyidagicha ta’rif beriladi: “Oʻzbek adabiyotshunosligida adabiyot tarixi sohasining dastlabki kurtaklari sifatida tazkiralarni koʻrsatish mumkin” 1 . “O‘rta asrlarda nasrdan asosan ilmiy asarlar, manoqib va risolalar yozishda istifoda etilgan bo‘lsa-da, ularning tarkibida ham nazmiy parchalardan foydalanish an’ana tusiga kirgan edi. Ushbu turning o‘ziga xos adabiy janrlaridan shoir-u nosirlar o‘z mahoratlarini namoyish qilish, poetik qarashlarini ifodalashda foydalanar edilar. Xususan, shunday adabiy janrlardan biri tazkira bo‘lib, tazkira (ar. – xotira, esga olmoq) asosan, shoir va olimlarning tarjimayi holi va ijodiyoti haqida ma’lumot beruvchi tarixiy-adabiy majmua hisoblangan. Unda u yoki bu shaxs haqidagi muhim ma’lumotlar va uning mashhur asarlaridan diqqatga sazovor misollar ilova qilingan. 1 Quronov D. Adabiyotshunoslikka kirish. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi “Xalq merosi” nashriyoti, 2004. – B. 13.
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 10 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 535 Tazkiralar asosan tarixiy-irfoniy mavzuda, shoirlarga doir va ba’zan badiiy janrlar bo‘yicha tuzilgan. Birinchi guruh tazkiralar atoqli mutasavvif va olimlar shaxsiyati, dunyoqarashi va ijodiy merosini yoritishga bag‘ishlangan bo‘lib, ularga “Tabaqot us-so‘fiya” (Abdurahmon Sulamiy, X–XI asrlar), “Tabaqot us-so‘fiya” (Abdulloh Ansoriy, X asr), “Tazkirat ul-avliyo” (Farididdin Attor, XII asr), “Nafahot ul-uns” (Abdurahmon Jomiy, XV asr), “Nasoyim ul-muhabbat” (Alisher Navoiy, XV asr) kabi tazkiralarni kiritish mumkin. Ikkinchi guruh tazkiralar nisbatan ko‘proq bo‘lib, ularga Abu Tohir Xotuniyning (XI) “Manoqib ush-shuaro”, as-Saolibiyning “Yatimat ud-dahr”, Muhammad Avfiyning “Lubob ul-albob”, Davlatshoh Samarqandiyning Navoiyga bag‘ishlangan “Tazkirat ush-shuaro” (1486), Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkiralari va boshqalar misol bo‘la oladi. Bu turdagi tazkiralarda shoirlar va ularning she’rlariga munosabat bildirish asnosida tazkira mualliflari o‘zlarining adabiy qarashlarini ham bayon qilib o‘tganlar” 2 . Tazkiralarning katta qismi tasavvufiy mazmunda boʻlib, ulardan tariqat yoʻlida maʼlum darajaga yetgan, uning maqomlaridan birma-bir oʻtgan, fanofilloh darajasiga yetgan soʻfiylar zikri oʻrin olgan. Ammo soʻfiylar haqida soʻz borganda diqqat asosan erkak siymolarga qaratiladi, ayol soʻfiylar esa yo umuman tilga olinmaydi, yo cheklangan doiradagina yodga olinadi. Ibn Arabiy maʼrifat, muhabbat darajalariga yetishish uchun ayollik qandaydir toʻsiq boʻlmasligini, hatto abdollar 3 ichida ayollar ham boʻlganini taʼkidlaydi. Ammo shunga qaramasdan, bu holatga tanqidiy qaragan olimlar ham bor. Masalan, tarixchi, professor Rut Roded 845–1987-yillar orasida arab tilida tasnif etilgan 37 ta tazkiraga asoslanib, ularning asosiy qismida ayollar tarjimayi holi juda oz miqdorni tashkil etishi, hayratlanarli jihati, raqamlar borgan sari kamayib, 2% gacha tushganini koʻrsatib oʻtadi. Nufusning 50% ini tashkil etgan ayollarning erkaklar hukmron jamiyatda tazkiralarning yarmida boʻlsa ham ayollarga oid maʼlumot yoʻqligi tabiiy boʻlgani holda raqamlarning bunchalik oz boʻlishi izohga muhtojligini taʼkidlaydi 4 . Abu Abdurahmon Sulamiy soʻfiy ayollar siymosiga mustaqil yondashgan ilk mualliflardan biri boʻlib, uning “Zikr-u nisvatil mutaʼabidatis soʻfiyyat” asari oʻz jabhasida birinchilardan hisoblanadi. Sulamiy bundan avval soʻfiy erkaklar tarjimayi holiga alohida asar yozgan boʻlsa-da, ushbu tazkira undan mustaqil hamda tematik jihatdan mutlaqo noyob sanaladi. Ular tafsir, hadis, zuhd-u taqvo yoʻlida komillikka yetishgan ayollar sifatida tasvirlanadi. “Zikr-u nisvatil mutaʼabidatis soʻfiyyat” 84 tarjimayi holni oʻz ichiga oladi. Shulardan uchtasi takrorlanib keladi, yaʼni 2, 12, 13 raqamlari ostidagi tarjimayi hollarni 22, 39, 40raqamlarda ham uchratamiz. Ular muallif qoʻlyozmasida aynan mana shu ketma-ketlikda bo‘lib, bunga sabab qilib naql qilingan soʻzlarning turlichaligi aytiladi. Risolaning Mahmud Tanohiy tomonidan tayyorlangan tanqidiy nashrida qoʻlyozmadagi baʼzi grammatik xatolar toʻgʻrilab ketilgan. Asarning Rkia Kornell tomonidan tayyorlangan inglizcha tarjimasi uning hozircha mavjud nashrlari orasida eng mukammali deyish mumkin. 2 Sirojiddinov Sh., Yusupova D., Davlatov O. Navoiyshunoslik. – Toshkent: Tamaddun, 2018. – B. 281. 3 Valiylikning belgili bir darajasiga erishgan guruh; avliyolar, Xudoga yaqinlar – https://izoh.uz/uz/word/abdol 4 https://t24.com.tr/k24/yazi/min-nevadiri-l-kutub-23-islami-tezkirelerde-kadinlar-ve-mesahiru-n-nisa,3701
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 10 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 536 Kitobda asarning asl arabcha matni va inglizcha tarjimasi bilan birga mufassal izohlar, muqaddima hamda Kornellga tegishli soʻzboshi berilgan. Undan Abu Abdurahmon Sulamiyning hayoti va ijodi, boshqa asarlari va “Zikr-u nisvatil mutaʼabidatis soʻfiyyat” asarining qoʻlyozma nusxasi haqidagi maʼlumotlar ham oʻrin olgan. Ana shu muqaddima qismidan mavzuga mos qismini to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjima qilib keltiramiz: “Bunday asarlar (ayollar ismi zikr qilingan tazkiralar) qatoriga quyidagilar kiradi: Bagʻdodlik Abul Faraj ibn al-Javziy (vaf. 597/1201) tomonidan yozilgan “Sifat us-safva” (“Saralarning tabiati”); afgʻon soʻfiysi Jomiy tomonidan yozilgan “Nafahot ul-uns”. U Sulamiyning “Tabaqot us-soʻfiya” asarining hirotlik Abdulloh Ansoriy (vaf. 482/1089) tomonidan qilingan forscha tarjimasiga tayangan; misrlik soʻfiy Abdurrauf Munaviy (vaf. 1031/1622) tomonidan yozilgan “Al-Kavokib ad-Durriyya” (“Yaltirovchi yulduzlar”). Qizigʻi shundaki, bu mualliflarning hech biri Sulamiyning soʻfiy ayollar haqidagi kitobining asl nomini bilmaganga oʻxshaydi. Hozirgi kunga kelib fanga aniq maʼlumki, Ibn Javziy Sulamiyning asaridagi ayollar haqidagi baʼzi qismlarni soʻzma-soʻz koʻchirgan, lekin uni faqatgina “manbalarimdan biri” deb eslab oʻtadi. Jomiy esa nomga yaqinroq keladi – ammo u Sulamiy asarlari haqida Abdulloh Ansoriyning tarjimalari orqali xabardor boʻlgani sababli faqat taxminiy taʼrif bera oladi: “Sulamiy ibodat qiluvchi va maʼrifatga erishgan ayollar holatlarini zikr etuvchi bir kitob yozgan”, deydi. Bosma matnlar davridan oldin, yaʼni kitoblar faqat qoʻlda koʻchirilgan zamonlarda, bunday nodir asarlarning ogʻzaki eshitish, esdan chiqarish yoki notoʻgʻri talqin qilinish holatiga uchrashi odatiy hol edi. Kitobning toʻliq nomi unutilib ketishi, qoʻlyozma boʻlaklari yoʻqolib qolishi, muallifi boshqa kishi bilan adashtirilishi yoki turli asarlar birlashtirib yuborilishi mumkin edi. Biroq maʼlum va mashhur asarning nomi butunlay yoʻqolib ketishi juda kam uchraydigan hodisa. Islomiy ilmlar doirasidagi ushbu “unutish” holati, ehtimol, Sulamiyning boshqa asarlaridan farqli o‘laroq, bu asar so‘fiy erkaklarni emas, faqat ayollarni tasvirlashga bag‘ishlanganida bo‘lishi mumkinmi? Xuddi shu taxmin 1992-yilda Nelli va Larussi Amri tomonidan yozilgan fransuzcha tadqiqotda ham takrorlanadi. Ular shunday yozadilar: “Biz faqatgina Sulamiy tomonidan ayollar uchun bag‘ishlangan asarning yo‘qolganidan afsuslanishimiz mumkin... Ehtimol, bu uning “Tabaqot us-so‘fiya” asarining ayollarga oid bo‘limi bo‘lgan.Taassufki, bu bo‘lim bizgacha faqat Jomiy keltirgan parchalar orqali yetib kelgan” 5 . Oʻzbek tilida ushbu tazkira haqida maʼlumotlar sanoqli, hatto bir manbada shunday fikrlarga duch keldik: “Er kishilarning zuhd-u taqvosi va tasavvufiy hayotiga doir batafsil maʼlumot beruvchi manbalarda, afsuski, zohidona, obidona va soʻfiyona hayot kechirgan ayollar hayoti haqida juda kam maʼlumot berilgan. Masalan, ilk avliyo tazkiranomasi hisoblangan “Tabaqot us-soʻfiya” nomli asarda bir yuz uch er soʻfiy haqida soʻz yuritiladi, ammo bitta ham ayol soʻfiy haqida gapirilmaydi. Imom Qushayriy, Hujviriy, Gulobodiy va hatto bir ayol soʻfiy zikrini mustasno qilganimizda, Fariduddin Attor ham “Tabaqot us-soʻfiya” asari muallifi Abu Abdurahmon Sulamiy kabi ayol avliyolar haqida soʻz yuritmaydi. 5 Cornell E. Rkia. Early Sufi Women: Dhikr an-Niswa al-Muta’bbidat as-Sufiyyat. – USA: Fons Vitae Edition, 1999. – p. 44 .
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 10 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 537 Tasavvufiy mavzular tadqiq qilingan asarlarni oʻrganar ekanmiz, deyarli faqat mutasavvif soʻfiy (er kishi)larning soʻzlari, hollari, fikr-mulohazalari naql qilinadi. Bundan goʻyo ayol kishini zuhd va tasavvuf hayotiga kiritmaslik zuhd va tasavvufning taqozosidir, degan oʻyxayolga borish ham mumkin. Maʼlum va mashhur Robiya Adaviyadan bir majburiyat va zarurat holidagina soʻz ochiladi va u haqda ham koʻp soʻz yuritilmaydi” 6 . Ushbu iqtibosdan quyidagicha xulosa chiqarishimiz mumkin: iqtibos keltirilgan asar muallifi ilk mutasavvif tazkiranomasi “Tabaqot us-soʻfiya”da faqat erkaklar tarjimayi holi oʻrin olgan degan fikrida haq boʻlishiga qaramay, “Imom Qushayriy, Hujviriy, Gulobodiy va hatto bir ayol soʻfiy zikrini mustasno qilganimizda, Fariduddin Attor ham “Tabaqot us-soʻfiya” asari muallifi Abu Abdurahmon Sulamiy kabi ayol soʻfiylar haqida soʻz yuritmaydi” deganda uning yuqorida so‘z ketgan asaridan bexabar deyishimiz mumkin. Sulamiyning soʻfiy ayollar tarjimayi holini oʻz ichiga olgan tazkirasi oʻz vaqtida koʻplab olim, tarixnavislar uchun asosiy manba boʻlib xizmat qilgan desak, xato boʻlmaydi. Ammo shunga qaramasdan, iqtibos keltirilgan asar muallifining fikrini qaysidir tomondan ratsional, yaʼni voqelikka nisbatan toʻgʻri deyishimiz ham mumkin. Chunki Abu Abdurahmon Sulamiyning “Zikr-u nisvatil mutaʼabidatis soʻfiyyat” asari XX asrdagina keng jamoatchilikka tanitildi, tanqidiy nashrlari tayyorlandi. Shu oʻrinda qiziq savol paydo boʻladi, nega endi bir muallifning erkak soʻfiylar tarjimayi holidan iborat asari barchaga maʼlum-u mashur, lekin aynan ayollarga xos ushbu tazkira eʼtibordan chetda qolib, hatto yoʻq sanalib kelmoqda? Ushbu holat faqatgina matnshunoslik, adabiy manbashunoslik yoki tarix fanlari doirasidagi masala emas, bu uning doirasini cheklaydi. Uning boshqa jihatlariga eʼtibor qaratar ekanmiz, iqtibos muallifining fikrini nega voqelikka nisbatan to‘g‘ri deganimiz oydinlashadi. Asar matnining tanqidiy nashri Mahmud Tanohiy tomonidan ilk bor XX asrning oxirlarida tayyorlanib, ilmiy doiralarga yoyilgan. Tazkira nomi klassik asarlar manbalarida ham ochiq koʻrsatilmagani sababli qoʻlyozma dengiz qaʼridagi chigʻanoqdek oʻz gʻavvosini kutgan. Umuman olganda, Islom tarixida soʻfiy ayollarning ismi erkak soʻfiylar manoqiblari ichida kelgan, aynan mana shu narsa ham ayol shaxsiyatlarning ismi mustaqil oʻlaroq oldinga chiqishini biroz qiyinlashtirgan. Akademik adabiyotlarda ham bu mavzu modern davrga qadar yetarlicha tadqiq etilmagan. Bundan kelib chiqadiki, Sulamiy faqat soʻfiy erkaklarning emas, balki soʻfiy ayollarning ham tarjimayi holini yozgan ilk tazkiranavisdir. Soʻfiy erkaklar tarjimayi holi oʻrin olgan tazkirasi keng yoyilgani uchun ham keyingi asari uning soyasida uzoq vaqt qolib ketgan. Taniqli olmon islomshunos olimasi Annemarie Shimmel ayollar haqida: “Islomiy donishmandlikda xotin-qizlarning oʻrnini tasvirlab berish ham kishining eʼtiborini oʻziga jalb etadi. Xususan, islomiy asarlardagi muslima ayollar obrazlarini sinchiklab oʻrganib chiqish orqali ideal ayollarga yaqinroq borish mumkin”, degan edi. Sulamiyning ushbu asarini tadqiq qilish orqali biz Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy tazkiralarining asosiy manbalaridan biriga yaqinlashishimiz va tasavvufda ayollarning o‘rni to‘g‘risida yangi xulosalarga kelishimiz mumkin. 6 Umrzoq B. Soliha ayollar. – Toshkent: Movarounnahr, 2007. – B. 3.
ISSN: 2181-3906 2025 International scientific journal «MODERN SCIENCE АND RESEARCH» VOLUME 4 / ISSUE 10 / UIF:8.2 / MODERNSCIENCE.UZ 538 Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Cornell E. Rkia. Early Sufi Women: Dhikr an-Niswa al-Muta’bbidat as-Sufiyyat. – USA: Fons Vitae Edition, 1999. – 334 p. 2. https://t24.com.tr/k24/yazi/min-nevadiri-l-kutub-23-islami-tezkirelerde-kadinlar-vemesahiru-n-nisa,3701 3. Quronov D. Adabiyotshunoslikka kirish. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi “Xalq merosi” nashriyoti, 2004. – 223 b. 4. Sirojiddinov Sh., Yusupova D., Davlatov O. Navoiyshunoslik. – Toshkent: Tamaddun, 2018. – 519 B. 5. Umrzoq B. Soliha ayollar. – Toshkent: Movarounnahr, 2007. – 33 b. 6. https://izoh.uz