scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

ONA TILI VA MILLAT HAMIYATI

Nizomiddin MAHMUDOV

Full text

4 ONA TILI VA MILLAT HAMIYATI Nizomiddin MAHMUDOV, O‘zbekiston FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488534 Bugun yer yuzida yetti mingga yaqin til borligi bir qator mutaxassislar tomonidan qayd etiladi. Alohida e’tirof etmoq joizki, bu tillarning har biri tegishli millat yoki qavmning borligi, birligi va butunligidan iborat boqiy baxtining bukilmas taxti, tamoman o‘ziga xos tafakkur va taxayyul intizomining tarhi, mutlaqo o‘ziga xos, o‘zgadan qarzga olmagan izchil idrok tarzidir. Millat yoki qavm o‘z ibtidosidagi yo‘rgakdan uning intihosidagi oppoq kafangacha bo‘lgan fursatda shu timsolsiz olam ichida yashaydi. Shubhasizki, bu olam odamzodning, insoniyatning uzun, teran va tuganmas tarixining muntazam va boqiy shohidlaridir. Shuning uchun ham til ilmining ovrupolik donishmandlaridan birining ta’rifi bilan aytganda, “insoniyat tarixini o‘rganishda turli moddiy ashyolar, buyumlar, odamning suyak qoldiqlariga qaraganda, til ko‘proq va aniqroq guvohlik berishi” haqiqatga uyqashdir. Odamni, olamni va ollohni tanimoqday mashaqqatli va sharafli yo‘lning avval-oxir charog‘boni ham shu tildir. Har bir xalqning milliy o‘zligi, eng avvalo, uning tilida zuhur etadi. Ona tilining inson aqliy va ma’naviy-ruhiy dunyosining tayanchi ekanligidan iborat haqiqatni hushi o‘zida bo‘lgan odamlarning deyarli barchasi raso anglaydi va rost e’tirof etadi. Dunyoda o‘zining kimligini anglash, qavmining hamiyati va hurligini qo‘rish tuyg‘usi ham, avvalo, til tufayli poydordir. Odam xilma-xil insoniy tuyg‘ular, fazilatlarning sohibi sifatida haqiqiy shaxs maqomini oladi, jamiyatning faol a’zosiga, jamiyatni rivojlantiruvchi kuchga aylanadi. Ayni shu tuyg‘ular orasida bir tuyg‘u borki, u shaxsiyatga mohiyat va shakliyat baxsh etadigan tengsiz vosita o‘laroq bosh o‘rinni egallaydi. Bu tuyg‘u hamiyatdir! Buyuk yunon matematigi va faylasufi Arximedning “Menga tayanch nuqtani topib bering, men Yer kurrasini joyidan siljitaman” degan gapi bor, ya’ni har qanday og‘irlikni ko‘tarish uchun muayyan tayanch nuqta lozim bo‘ladi. Mashhur rus adibi I.S.Turgenev inson tarbiyasida ayni shu hamiyatni, nafsoniyatni “yerni siljitishi mumkin bo‘lgan Arximed dastagidir” deya ta’rif etadi. Zotan, jamiyatning olg‘a harakatini shaxsiyat hamiyatisiz mutlaqo tasavvur etib bo‘lmaydi. Hamiyat so‘zi himoya, homiy kabi so‘zlar bilan o‘zakdosh, oriyat, nafsoniyat kabi so‘zlar bilan esa ma’nodoshdirki, ularning barchasi ham inson ichki olamining behad bikir ustunlari bo‘lgan tushunchalarni ifoda etadi. 5 “Hamiyat va hurlik” otlig‘ muhtasham va muhtaram tushunchalar biri ikkinchisini taqozo etadigan egiz mazmunli tuyg‘ulardir, ularning biri ikkinchisisiz mavjud bo‘lolmaydi. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ning dastlabki nashrida hamiyat so‘ziga quyidagicha izoh berilgan: “O‘zining va o‘ziga qarashli kishilarning ornomusini boshqalarning tajovuzidan himoya etishga bo‘lgan intilish; or-nomusni pok saqlash tuyg‘usi; oriyat”, hurlik so‘zi esa quyidagicha ta’riflangan: “Birovning izmidan xolilik, erki o‘zidalik; ozodlik, erkinlik”. Anglashilib turganiday, hamiyatsiz, ya’ni o‘zining va o‘ziga qarashli kishilarning or-nomusini boshqalarning tajovuzidan himoya etishga intilmasdan, or-nomusni pok saqlamasdan hurlikka, ya’ni erkinlikka erishmoqning imkoni yo‘q, erkin bo‘lmasdan turib esa or-nomusni, qadr-qimmatni saqlamoqning iloji yo‘q. Demakki, hamiyatning ham, hurlikning ham ustuvor ustuni va chin himoyachisi, eng avvalo, ona tilidir chunki millatning bosh belgisi til bo‘lib, unga har qanday nopisandlik bevosita jamiyatga nisbatan hurmatsizlik tarzida idrok etilmog‘i tabiiy. Chinakam hamiyatli odam o‘z ona tiliga aslo nopisandlik bilan qaramaydi, boshqalar tarafidan nafaqat o‘z tilining, balki o‘zga tillarning ham, zarracha bo‘lsin, kamsitilishiga befarq bo‘lmaydi. Ona tiliga har qanday daxlni u o‘z hamiyatiga daxl deb biladi. Hamiyatli odamgina ona tilining oxirsiz ohangidan faxr tuya biladi. O‘zbek tilining tabiati va mantig‘ida xalqimizning sajiyasi, saviyasi va tafakkur tarzi o‘z tajassumini topgan. Tilning, xususan, ona tilining inson ichki dunyosining tayanchi ekanligi tarzidagi e’tirof bugun juda keng tarqalgan. 2003-yilning 21-fevralida Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan YUNESKOning o‘sha paytdagi Bosh direktori Koichiro Matsuuro shunday degan edi: “Ona tiliga nima uchun bu qadar e’tibor berilmoqda? Shuning uchunki, tillar insoniyat ijodining butun rang-baranglikdagi betakror ifodasidir. Aloqa, idrok va tafakkur quroli sifatida til, shuningdek, biz dunyoni qanday ko‘rishimizni tavsiflaydi, o‘tmish, bugun va kelajak o‘rtasidagi aloqani aks ettiradi... Har bir insonda tug‘ilganidanoq tilning muayyan ta’sirlarni yuzaga keltirishiga, ya’ni hatto keyinchalik inson boshqa ko‘plab tillarga sohib bo‘lganida ham mutlaqo yo‘qolmaydigan, narsalarni o‘ziga xos tarzda ko‘rishni ato qilishiga ko‘ra ona tillari unikaldir. Xorijiy tilni o‘rganish – bu dunyoni boshqacha ko‘rish bilan, boshqacha yondashuvlar bilan tanishish usulidir.” Taniqli yapon diplomatining mazkur behad o‘rinli fikrlarining ildizlari olmon allomasi V.fon Gumboldtning mashhur g‘oyalariga borib taqaladi. Chindan ham, uning “Til xalqlar ruhining xuddi zohiriy namoyon bo‘lishidir: xalqning tili uning ruhidir va xalqning ruhi uning tilidir, bulardan-da bir-biriga aynan mos boshqa biror narsani tasavvur qilib bo‘lmaydi”; “Xarakter yaratish uchun eng qulay vosita tildir; butun milliy xarakter faqat tilda muhrlangan”; “Millatning xarakterini axloq, odat, 6 xatti-harakatidan ko‘ra, tiliga qarab osonlik bilan bilish mumkin” [Гумбольдт, 1984: 68] kabi fikrlarida allomaning, ta’bir joiz bo‘lsa, lingvoantropologik falsafasi o‘zining ochiq ifodasini topgan. Mustaqillikning tub mag‘z-u mohiyati, shubhasizki, birinchi navbatda milliy o‘zlikni tiklashdan iborat. Milliy o‘zlikning zamini esa, mutlaqo tabiiyki, ona tilidir. Xalqimizning ulkan shoiri Erkin Vohidov “So‘z latofati” kitobida quyidagi haq gaplarni aytgan: “Istiqlol bilan birga o‘zlikni tiklash zamoni keldi. Til o‘zlikning bosh belgisi. O‘z qadrini bilmagan o‘zganing qadrini bilmas, degan hikmat bor. Biz o‘z ona tilimiz qadriga yetsak, arab tilining boyligi va mukammal kurilishini qadrlaymiz, fors tilining nafosati va go‘zalligidan bahra olamiz, ingliz, rus tillarining qudratini his qilamiz. Ularni chuqur o‘rgansak raqobat to‘la bu olamda bamaylixotir qadam tashlaymiz” [Воҳидов, 2014: 100] O‘zbek tili davlat tili sifatida O‘zbekistondagi barcha fuqarolarning ehtiromli tiliga aylandi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz filligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlaganiday, bu tarixiy voqea “O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari qo‘yilgan birinchi dadil qadam edi”. Mamnuniyat bilan ta’kidlamoq joizki, bugun mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha elat va millatlarning tillariga munosib e’tibor ko‘rsatilmoqda, ularning rivojlanishi uchun yetarli sharoit yaratilmoqda. Yurtimizda qaror topgan xolis va odilona til siyosati ham davlatimiz mustaqilligini muntazam mustahamlashga xizmat qilmoqda. Yurtimizda ko‘plab yoshlarimizning ingliz, fransuz yoki yana boshqa tillarda bu til egalarining o‘zlariday emin-erkin notiqlikni dangal o‘rniga qo‘yayotgani tamoman tahsinga shoyon. Mamlakatimizda nafaqat ona tilining, davlat tilining, balki boshqa xorijiy tillarning o‘rganilishiga ham jiddiy e’tibor berilmoqda. Ammo ming bir taassuf bilan aytish kerakki, ba’zan ayrim yoshlarning hatto ona tili tovushlari talaffuzida turtinayotgani va buni shunchaki oddiy hol deb tushunayotgani (yoki buni o‘zga tilni mukammal bilishning belgisi deb bilayotgani) ulardagi hamiyat halokatining hosilasidir. Albatta, xorijiy tillarni o‘rganish oson ish emas, unga mashaqqatli mehnat bilan erishiladi. Bugun bu tillarni mukammal va muntazam o‘rganish mutlaqo zarur, bu kunday ravshan haqiqat, lekin ona tili unutildimi, o‘zga til tafakkuri va taomili har qanday zakiy shuurni o‘z izmiga oladi, ongni osonlik bilan tizginlaydi. Oddiy mantiq bilan ish ko‘rilsa, ona tili olamini tark etmasdan, ona tili orqali chet tillarini o‘rgansak, bila turib begona tushovga tushmaymiz. Ona tilidagi toza va teran tafakkursiz esa jamiyat hamiyatining himoyasiga hozir bo‘lmoq mushkul. Millatning bosh belgisi, millat zakovati, madaniyati, ma’naviyati va, demakki, hamiyatining tamal ustuni ona tili ekanligini tugal anglamoq uchun ko‘p 7 katta aqlning keragi yo‘q. Ona tilisiz bu muhtasham va muntazam tushunchalarning mohiyati muallaqlashishi shubhasiz. Yusuf Abdullayev va Anatoliy Bushuy “Til va jamiyat” kitobida haqli ravishda yozganlaridek, “ona tili tuyg‘usining mavjudligida tilning etnik tabiati yaqqol namoyon bo‘ladi, chunki barcha xalqlarda til milliy tuyg‘u va milliy o‘zlikni anglash bilan chambarchas bog‘liqdir” [Бушуй, 2002: 24]. Shu o‘rinda ular atoqli amerika tilshunos U.Vaynrayxning ushbu so‘zlarini ham esga oladilar: “Til o‘z sohiblariga millat g‘oyasi bilan uyg‘un bo‘lgan milliyvatanparvarlik tuyg‘usini singdira oladi. Til boshqa bir tildan farqli va daxlsiz bir mohiyat sifatida qadriyatlar orasida yuksak va ayni paytda himoya qilinadigan mavqeni egallaydi”. Yana takror aytmoq lozimki, millat or-nomusining, qadr-qimmatining boshida ona tili turadi, millat hamiyati muhofazasi, eng avvalo, ona tili muhofazasi demakdir yoki ona tiliga ehtirom millatga ehtiromning aynan o‘zidir. Ona tilida o‘ylay biladigan odamgina shu til egasi bo‘lgan xalqqa mansubligidan, bu xalqning tarixidan, ajdodlarining buyukligidan iftixor qila oladi, bu xalqning buguni va ertasiga sobit ishonch bilan qaraydi, bugun va ertaning tugal bo‘lishi uchun jonini jabborga bermoqni, o‘lib-tirilmoqni burch deb biladi. Ana shunday odamgina millat hamiyatini muntazam qo‘rimoqday muqaddas ishga hamisha hozir bo‘ladi. Shuni ham aytish joizki, har qanday shaxsning, irq-u e’tiqodi, zamin-u zamonidan qat’i nazar, milliy-ruhiy mag‘zini ona tili tayin va ta’min etadi. Ma’rifatparvar A.Avloniy bejiz “Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur” [Авлоний, 1998] demagan. Ayni shu milliy-ruhiy mag‘iz, milliy ruh mutlaqo o‘ziga xos bir mohiyat bo‘lib, millatning tafakkur tarzini, «idrok ko‘zi»ni qat’iy belgilab beradi. Dunyo faylasuflari tomonidan ming yillardan beri ta’kidlab kelinayotgan til va tafakkurning birligi to‘g‘risidagi qat’iy qoidaning asl ma’nosi ham shu. Rus tilining mashhur izohli lug‘atini yaratgan Vladimir Dalning otasi – daniyalik, onasi esa olmon ayoli, uning mana bunday e’tirofi diqqatga sazovor: “Na mayl-istak, na diniy ishonch, na ajdodlar qoni insonning u yoki bu xalqqa mansubligini tayin etadi... Kim qaysi tilda o‘ylasa, u o‘sha xalqqa mansubdir. Men rus tilida o‘ylayman”. Xalqlarning milliy obrazli tafakkur tarzida ham ularning tillariga mansub farqliliklar mavjud. Masalan, o‘xshatishlarni olib ko‘rsak, ularning ifodalanishida tillarga ko‘ra milliy o‘ziga xos jihatlar benihoya ko‘p, ular avloddan avlodga o‘tib kelayotgan obrazlar sifatida xalqning dunyoni o‘ziga xos ko‘rishining ifodachilaridir, til, milliy madaniyat va mentalitet munosabatlarini belgilash jihatidan ular favqulodda muhimdir. Aytaylik, o‘zbek tilidagi musichaday beozor (odam) o‘xshatishini boshqa tillarda uchratish qiyin. Musichaday o‘xshatish etalonida milliymadaniy ta’kid mavjud, unda “beozorlik” belgisining o‘zbekka xos ta’kidi qabariq 8 o‘z ifodasini topgan. Musichaga xos yumshoq tabiat va harakat o‘zbek idrokida ijobiy talqin topishidan tashqari bu mushfiq qush haqidagi islomiy rivoyat ham musichaday etalonining an’anaga kirishida asos bo‘lgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Ana shu tariqa musichaday beozor turg‘un o‘xshatishi beozorlikning o‘zbekcha o‘lchovi sifatida tamoman milliy obraz maqomini olgan. Yoki qo‘yday yuvosh (odam) turg‘un o‘xshatishini olib ko‘raylik. Ayni qo‘yday o‘xshatish etalonida ham o‘zbekcha milliy-madaniy nigoh o‘z aksini topgan. Ammo bunday o‘xshatish etaloni boshqa milliy madaniyatlarda, demakki, tillarda ham mavjud bo‘lsa-da, ularda bu etalon “yuvoshlik” emas, balki boshqa belgilar uchun o‘lchov o‘laroq qo‘llanadi. Masalan, rus tilida qo‘y (ovsa) etaloni quyon (zayas), kiyik, bug‘-u (lan) kabi hayvonlar qatorida, asosan, “qo‘rqoqlik” belgisi uchun o‘xshatish o‘lchovi sifatida turg‘unlashganki, bu ham o‘ziga xos milliy-madaniy nigoh mahsulidir. Haqiqat shuki, til millatning tamalini tayin etadigan, iligini sog‘lom saqlaydigan, asrlardan asrlarga to‘zg‘itmay olib o‘tadigan betakror qudratdir. O‘zbek tili ana shunday mutlaqo o‘ziga xos va betakror qudrat sifatida yurtimizda rost va raso, oqil va odil til siyosati bois muntazam rivoj-u takomil yo‘lidan bormoqda. Muhtaram Prezidentimizning dunyo millatlarining mo‘tabar minbaridan salmoqli global tashabbuslarni davlatimizning o‘ktam tilida bayon qilganlari hamiyatli yurtdoshlarimizga so‘ngsiz iftixor baxsh etganligi mutlaqo tabiiydir. Foydalangan adabiyotlar: 1. Гумбольдт В. Избранные труды по языкознанию. – М.: Прогресс, 1984. – С. 68, 167, 303, 317, 319, 324 2. Воҳидов Э. Сўз латофати. – Тошкент: O‘zbekiston, 2014. 3. Бушуй А. Язык и общество. –Ташкент: “Фан”, 2002. 4. Авлоний А. Танланган асарлар. 2-жилд. Тошкент: Маънавият, 1998