ABDULLA QODIRIY IJODIDA O'ZBEK ADABIY TILINING MILLIY YANGILANISHI
Full text
25 ABDULLA QODIRIY IJODIDA O‘ZBEK ADABIY TILINING MILLIY YANGILANISHI Oysha SHUKUROVA, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tayanch doktorant [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488569 Annotatsiya. Maqolada XX asr boshlarida o‘zbek adabiy tilining shakllanish jarayoni jadidlar til islohoti g‘oyalari, “Chig‘atoy gurungi” jamiyati faoliyati va Abdulla Qodiriy ijodi misolida tahlil etiladi. Fitrat, Cho‘lpon va Vadud Mahmud tomonidan ilgari surilgan xalqchillik tamoyillari Qodiriy badiiy tajribasida real ifodasini topgani ko‘rsatiladi. “O‘tkan kunlar” romanida xalq og‘zaki nutqi, mumtoz nasr unsurlari va yangi adabiy til me’yorlarining uyg‘unlashuvi asosida milliy tilning badiiy-estetik imkoniyatlari ochib beriladi. Tadqiqot natijalari Qodiriy ijodining o‘zbek adabiy tili rivojida burilish nuqtasi bo‘lganini ilmiy asosda tasdiqlaydi. Kalit so‘zlar: Abdulla Qodiriy, o‘zbek adabiy tili, jadidchilik, “Chig‘atoy gurungi”, “O‘tkan kunlar”, xalqchillik, badiiy til. O‘z tilining nufuzi va ahamiyatini boshqa xalqlarning o‘z ona tiliga bo‘lgan munosabati orqali ham baholash mumkin. Tilga hurmat – xalqparvarlikning eng muhim belgisi, millatning ma’naviy yetukligi va madaniy darajasini ko‘rsatuvchi asosiy mezonlardan biridir. Zero, millatning mavjudligi, boyligi hamda birligi, avvalo, davlat tiliga bo‘lgan munosabatda o‘z ifodasini topadi. Davlat tiliga ehtirom bilan munosabatda bo‘lish ilm-ma’rifatga, milliy qadriyatlarga sadoqatli, ongli insonlarga xos fazilatdir. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon o‘zbek tilining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish yo‘lida muhim bosqichni boshlab berdi. Endilikda asosiy vazifa – mazkur farmonning samarali ijrosini ta’minlashdir. Farmonda belgilangan vazifalar doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Atamalar komissiyasi tomonidan qator amaliy va natijador ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bilan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘rgatish va malaka oshirish markazi o‘rtasidagi hamkorlik faoliyati ham o‘zbek tilining ijtimoiy hayotdagi mavqeyini mustahkamlashda muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etmoqda. O‘z tiliga bepisandlik bilan munosabatda bo‘ladigan shaxsda vatanparvarlik tuyg‘usi va el dardi bilan yashash hissining shakllanishi mushkul. Insonning milliy o‘zligini ifodalovchi eng muhim mezonlardan biri, uning so‘z boyligi va nutq madaniyatidir. Zero, insonning fikrlash darajasi, ma’naviy olami va qiziqish doirasi,
26 avvalo, uning so‘zi orqali namoyon bo‘ladi. Nutq inson shaxsiyatining ko‘zgusi bo‘lib, “kishini yuziga qarab kutishadi, so‘ziga qarab kuzatishadi” degan hikmat ana shu haqiqatni tasdiqlaydi. O‘zbek tilining tarixi uzoq va boy bo‘lsa-da, zamonaviy o‘zbek adabiy tilining shakllanishi, ayniqsa, XX asr boshlarida jadidchilik harakati, matbuot taraqqiyoti va ma’rifiy tashkilotlar faoliyati bilan chambarchas bog‘liq holda kechdi. 1920-yillar adabiy-madaniy muhitida gazeta va jurnallar milliy til istiqboli masalasini o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ydilar. Shu bois bu nashrlarning har biri adabiy tilni tajribaviy yo‘sinda qo‘llash orqali til me’yorlarini izlab topish, uni xalqchil shaklga keltirish yo‘lida muhim sinov maydoniga aylandi. Ziyo Said jadid matbuoti tarixini yoritarkan, ularning til va uslubiy xususiyatlariga alohida e’tibor qaratadi. Uning kuzatishicha, o‘sha davr jurnallarining “tili o‘zbekcha deyilgan bo‘lsa-da, arabcha va forscha unsurlar ko‘pligi, jumlalar o‘sha usulda tuzilishi”, hatto “sarfiy-nahviy xatolarning mavjudligi” holatni murakkablashtirgan. U til namunalarini tahlil etar ekan, bu jarayonda adabiy til me’yorlari hali shakllanib ulgurmaganini qayd etadi. Jadid munaqqidi Vadud Mahmud esa o‘z davri tilining muhim qirralarini ochib bergan. U Cho‘lpon tilini “sof”, Fitratning uslubini esa “o‘ziga xos, o‘zbekchani ikkinchi qatla tirg‘izgan” tarzda baholab, yangilanayotgan adabiy tilning mohiyatini quyidagicha ifodalaydi: “Bu kunigi til bo‘lsa, u eski islomiy ruhdan ayrilg‘ondan bittobe’ uning istiloh va ta’birlarini, fikr qoliblarini tashlab, oz bo‘lsa ham asriy fikrlar, ba’zi bir qoliblar – so‘zlar olmoqda va shu yo‘l bilan bormoqdalar. Bu yangi tilning bir xususiyati muhovara (so‘zlashuv) tiliga yaqinlashish tamoyulidir” [Mahmud, 1925]. Adabiy til taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan “Chig‘atoy gurungi” jamiyati (Fitrat rahbarligida) bu masalaga jiddiy yondashgan. Jamiyat a’zolari o‘z qarash va takliflarini “Tong” jurnalida muntazam e’lon qilib borganlar. Mazkur nashr til va imlo masalalariga alohida e’tibor qaratib, arabcha-forscha unsurlarga qarshi “til jihodi” olib brogan [Said, 1974: 82]. L.Azizzoda xotiralariga ko‘ra, “Chig‘atoy gurungi” yig‘ilishlarida a’zolarga eski chig‘atoy-o‘zbek so‘zlarini topish, bu borada keksa avlod vakillari, ayniqsa, qishloq aholisi bilan suhbatlashish topshirilgan. Natijada “boshqarma”, “bildirish”, “atama” kabi so‘zlar o‘zbek adabiy tiliga kiritilib, hozirgacha faol ishlatilmoqda [Qodirov, 1973:61]. Adabiy til masalasiga befarq bo‘lmagan, tili xalq so‘zlashuviga yaqin yozuvchi Julqunboy (Abdulla Qodiriy) ham ushbu jamiyat a’zosi edi. U “o‘rta imlo” tamoyiliga amal qilgan “Inqilob” jurnalida o‘zining “O‘tkan kunlar” romanining ayrim fasllarini 1923–1924-yillarda e’lon qildi. Jurnal tahririyati mualliflardan “maqola va she’rlar o‘rta imlo bilan yozilishi”ni so‘ragan va Qodiriy bu talabga amal qilgan. Shu bois roman tili shakllanib kelayotgan yangi adabiy til bilan mumtoz nasr
27 unsurlarining uyg‘unlashuvidan tashkil topgan bo‘lib, bu uyg‘unlik asarga badiiy go‘zallik bag‘ishlagan. Qodiriy ijodining ilk bosqichlarida “Juvonboz” kabi asarlarda tildagi sun’iylik sezilsa, keyingi davrda yozilgan “Uloqda” hikoyasida yozuvchining til ustidagi mahorati, xalqona so‘z boyligidan unumli foydalanishi yaqqol namoyon bo‘ladi. Oybek bu o‘zgarishni alohida e’tirof etib, “O‘tkan kunlar” romanining tili “boy, bo‘yoqli, sodda, ifoda kuchi zo‘r, massaga anglashilarli” ekanini ta’kidlaydi va “bu asar o‘zbek adabiy tilining shakllanishida beqiyos ahamiyat kasb etganini” yozadi. Abdulla Qodiriy o‘z tiliga yuksak ehtirom bilan qaragan adib sifatida o‘zbek tilining har qanday holatni, narsa va hodisani ifodalashga yetarli imkoniyatga ega ekanini alohida ta’kidlaydi. Uning fikricha, o‘z tilini “kambag‘al” deb biluvchilar, aslida, o‘z tafakkur doirasining torligidan dalolat beradilar. Shuning uchun yozuvchi bunday fikr egalari “o‘z nuqsonlarini tilga to‘nkamasinlar” deya haqli ravishda tanqid qiladi. Qodiriyshunoslar, jumladan Sotti Husayn, S. Abdulla, M. Muhamedovlar ham yozuvchining badiiy til ustidagi mahoratini e’tirof etganlar. Sotti Husayn “O‘tkan kunlar”ni “…asosan hozirgi adabiy til bilan yozilgan, xalq orasidagi so‘zlarni diqqat bilan tanlab, o‘z o‘rnida ishlatgan” asar sifatida baholab, yozuvchining “…adabiy tilning takomiliga katta hissa qo‘shganini” qayd etadi. 1960-yillarda, Qodiriy nomi oqlanayotgan davrda ham, adib til ustidagi mahorat “boy, sodda va badiiy jihatdan yuksak” deb e’tirof etildi. Shunday qilib, XX asr boshlarida jadid adabiyotining vujudga kelishi, “Chig‘atoy gurungi” faoliyati va Abdulla Qodiriy ijodi o‘zbek adabiy tilining milliy negizda yangilanishi va me’yorlashuv jarayonida hal qiluvchi omil bo‘ldi. Ayniqsa, “O‘tkan kunlar” romani tildagi xalqchillik, tabiiylik va badiiy ifoda uyg‘unligini ta’minlagan holda, yangi o‘zbek adabiy tilining shakllanishida burilish nuqtasini tashkil etdi. Oradan qariyb bir asr o‘tgan bo‘lishiga qaramay, bugun ham adibning o‘zbek adabiy tiliga qo‘shgan hissasi chuqur ehtirom bilan e’tirof etiladi. Qodiriy o‘zining badiiy mahorati, so‘z tanlashdagi didi va til ustida olib borgan izlanishlari bilan o‘zbek milliy adabiy tilining me’yorlashuv jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan ijodkor sifatida baholanadi. Adibning ijodiy faoliyati ikki tarixiy tuzum – xonliklar davri yakuni va sovet davrining boshlanishi oralig‘iga to‘g‘ri keladi. Shu bois uning asarlarida jamiyat hayotining o‘tish davri, eski va yangi qadriyatlar to‘qnashuvi, yangilanayotgan Turkiston xalqining ruhiy holati badiiy aks etgan. Qodiriy o‘z asarlarida o‘tayotgan davr manzarasini ifodalashda til vositalaridan mahorat bilan foydalangan; bu esa uning poetik tilida mumtoz nasr unsurlari bilan yangi o‘zbek adabiy tilining xalqchilligi uyg‘unlashuviga sabab bo‘lgan. Qodiriyning badiiy tili tabiiyligi, hayotiyligi va xalq og‘zaki nutqiga yaqinligi bilan ajralib turadi. Adib tilni mahorat bilan individuallashtirgan, ya’ni
28 personajlarning ijtimoiy kelib chiqishi, saviya va dunyoqarashini ularning nutqi orqali yoritgan. Ayniqsa, yuqori tabaqaga mansub shaxslar tili, rasmiy farmonlar yoki diniy nutq ohanglari asar matnida o‘ziga xos uslubiy qatlam hosil qiladi. Bu jihatdan Qodiriyning badiiy tili realistik ifoda prinsiplariga to‘la mos keladi. Abdulla Qodiriy til mahorati, avvalo, uning poetik tafakkuri bilan uzviy bog‘liqdir. Adib milliy til imkoniyatlarini chuqur his qilgan, xalq so‘z boyligidan, maqol, ibora, frazeologizmlardan unumli foydalangan. Bu xususiyatlar uning “O‘tkan kunlar” romanida ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Asarda xalqona so‘zlashuv ohangi, jonli nutq unsurlari va mumtoz nasr an’analarining uyg‘unligi badiiy go‘zallikni ta’minlagan. Shu sababli mazkur roman o‘zbek adabiy tilining rivojida muhim bosqich bo‘lib, tilning milliy asosda yangilanishi va badiiylik mezonlarining shakllanishida katta ahamiyat kasb etadi. Yuqoridagi tahlillardan ko‘rinadiki, o‘zbek adabiy tilining XX asr boshlaridagi shakllanish jarayoni bir-biriga uzviy bog‘langan uch asosiy omil – jadidlar til islohoti g‘oyalari, “Chig‘atoy gurungi” jamiyati faoliyati va Abdulla Qodiriy ijodiy tajribasi orqali amalga oshgan. Fitrat, Cho‘lpon, Vadud Mahmud kabi ziyolilar tomonidan ilgari surilgan “tilni xalq ruhiga yaqinlashtirish” tamoyili Qodiriy ijodida badiiy ifodasini topdi. Ayniqsa, yozuvchining “O‘tkan kunlar” romanida xalq tili, og‘zaki nutq unsurlari va mumtoz nasr poetikasining uyg‘unlashuvi natijasida tabiiy, ifodaviy jihatdan boy, realistik badiiy til vujudga keldi. Mazkur jarayon Qodiriy ijodining mohiyatini belgilab bergan muhim omillardan biridir. Chunki badiiy tafakkur, tabiatan, nutq hodisasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, yozuvchi o‘z milliy tilining lug‘aviy boyligi, semantik imkoniyatlari va grammatik tuzilishiga tayanmasdan turib, badiiy mukammallikka erisha olmaydi. Shu nuqtayi nazardan, Abdulla Qodiriy ijodi o‘zbek tili imkoniyatlarini kengaytirgan, xalq tilining tabiiy ohangini yozma adabiyot darajasiga ko‘targan va milliy adabiy tilda yangi badiiyestetik andazalarni shakllantirgan ijodiy hodisa sifatida baholanishi lozim. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Mahmud V. Bu kungi she’rlarimiz va san’atkorlarimiz // Maorif va o‘qituvchi. – Toshkent: 1925. – № 5–6. 2. Said Z. Tanlangan asarlar. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1974. – 82 b. 3. Qodirov P. Xalq tili va realistik proza. – Toshkent: Fan, 1973. – 61 b. 4. Karim B. Jadid munaqqidi Vadud Mahmud. – Toshkent: Universitet, 2000. – 105 b.