SIYOSIY NUTQDA AGONAL JANR XUSUSIYATLARI
Full text
29 SIYOSIY NUTQDA AGONAL JANR XUSUSIYATLARI Shaxnoza ISMATOVA, Qarshi davlat universiteti tayanch doktorant DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488577 Annotatsiya. Ushbu maqolada siyosiy nutq janrlari tizimida alohida o‘rin tutuvchi agonal janrning lingvistik, stilistik va pragmatik xususiyatlari tahlil qilinadi. Tadqiqotda agonal nutqning leksik-semantik vositalari, stilistik belgilari (keskin intonatsiya, kinoya, ironik ifodalar, ritorik savollar, antitezalar) hamda pragmatik funksiyalari (“biz-ular” oppozitsiyasi, umumiy dushman obrazi) keng yoritiladi. Shuningdek Prezident Sh. Mirziyoyev nutqlaridan olingan misollar asosida agonal janrning milliy nutqiy ko‘rinishlari tahlil qilinadi. Kalit so‘zlar: agonal nutq, siyosiy nutq janrlari, bahs-munozara, oppozitsiya, “biz-ular” oppozitsiyasi, ritorik vositalar, stilistik xususiyatlar, pragmatika. Agonal janr – bu siyosiy nutq janrlari tizimida alohida o‘rin tutuvchi, bahsmunozara, qarama-qarshilik va raqobat ruhiga asoslangan nutqlar majmuasidir. Termin qadimgi yunoncha “agon” (kurash, bellashuv) so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, mazkur janrning asosiy mohiyatini ifodalaydi. Mazkur turdagi siyosiy nutqlar oppozitsion ruh, tanqidiy baholash va mantiqiy qarama-qarshiliklarni o‘z ichiga oladi. Ular odatda saylov kampaniyalari, siyosiy debatlar, muxolifat chiqishlari hamda hukumat faoliyatini tahlil va tanqid qilishga qaratilgan rasmiy nutqlarda namoyon bo‘ladi. Demokratik jamiyatlarda agonal janrning eng yaqqol ko‘rinishlari sifatida parlament muhokamalari, teledebatlar va muxolifatning ommaviy chiqishlari misol bo‘la oladi. Bir partiya ustuvorlik qilgan tizimlarda esa agonal unsurlar ko‘proq tanqidiy-tahliliy ruhdagi rasmiy ma’ruzalarda yoki saylovoldi kampaniyalarida kuzatiladi. Agonal janrdagi nutqlarning leksik qatlamini keskin bahs-munozara ohangini kuchaytiruvchi birliklar tashkil etadi. Bunda tanqidiy baho bildiruvchi so‘zlar, oppozitsion mazmunli birliklar hamda qarama-qarshi ma’noli juftliklar faol qo‘llanadi. Masalan, siyosiy raqiblarni baholashda “noto‘g‘ri yo‘l”, “nohaq siyosat”, “ojiz boshqaruv” kabi birikmalar ishlatilishi mumkin. Shuningdek, “biz – ular” tipidagi qarama-qarshilikni ifodalovchi dualistik leksika ko‘p uchraydi. Bunday nutqlarda “bizning maqsadimiz halol, ularning niyati buzuq” kabi konstruksiyalar notiqning o‘z tarafini ijobiy, raqib tomonini esa salbiy talqinda ko‘rsatishga xizmat qiladi. Agonal nutqlarda odatda salbiy emotsional bo‘yoqli so‘zlar keng qo‘llanadi. Masalan: “korrupsiya”, “adolatsizlik”, “xiyonat”, “dangasalik”, “qo‘rqoq” kabi birliklar yordamida tanqid obyekti bo‘lgan shaxs yoki hodisaning salbiy jihatlari kuchaytiriladi. Shu bilan birga, nutqning dalillilik darajasini oshiruvchi iboralar ham
30 tez-tez uchraydi: “faktlar shuni ko‘rsatadiki…”, “ochig‘ini aytganda…” kabi boshlovchilar notiqning qat’iy pozitsiyasini asoslashga xizmat qiladi. Bundan tashqari, agonal nutqlarda keskinlikni kuchaytiruvchi yuklamalar (“hatto”, “aslo”, “mutlaqo”, “ayniqsa”) faol ishlatiladi. Ular notiqning fikrini qizg‘in ohangda tinglovchiga yetkazishiga yordam beradi va bahs jarayonida auditoriya e’tiborini oshiruvchi vazifani bajaradi. Agonal janrning stilistik xususiyatlari boshqa siyosiy nutq janrlariga qaraganda keskinroq va bahs-munozaraga chorlovchi ohangda namoyon bo‘ladi. Notiq ko‘pincha raqibining fikrlarini rad etadi, uning xatolarini fosh qiladi yoki o‘zining pozitsiyasini qat’iy himoya qiladi. Bunday nutqlarda keskin intonatsiya, kinoya, istihola, ironik ifodalar keng qo‘llanadi. Masalan, saylovoldi nutqlarida nomzod o‘z raqibining bajarmagan ishlari haqida kinoyali tarzda “xalq buni juda yaxshi eslaydi, albatta” kabi iboralardan foydalanishi mumkin. Bu ironik uslub auditoriyada tanqid obyektiga nisbatan salbiy munosabatni kuchaytiradi. Pragmatik nuqtayi nazardan agonal nutqlar auditoriyani o‘z tarafga og‘dirish va raqibni yengishga qaratilgan. Notiq tinglovchilar oldida qarama-qarshilikni ochib tashlaydi: “bizning yo‘limiz to‘g‘ri, ular yomon yo‘ldan ketmoqda” kabi konstruksiyalar orqali pozitsiyasini mustahkamlaydi. Bunda asosiy maqsad – tinglovchilar ongida tanqid obyektiga nisbatan noxush munosabat uyg‘otish hamda auditoriyada notiq tarafida turish hissini shakllantirishdir. Shuningdek, “biz-ular” oppozitsiyasi orqali guruhiy birlik va jipslikni mustahkamlash ham agonal nutqlarning pragmatik vazifalaridan biridir. Siyosiy psixologiya nuqtayi nazaridan, bu jarayonda umumiy “dushman obrazi” shakllantiriladi. Mazkur “dushman” raqib siyosiy kuch, shaxs yoki muayyan ijtimoiy-siyosiy muammo (masalan, korruptsiya, terrorizm, byurokratiya) bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston siyosiy nutq amaliyotida ham agonal unsurlar uchraydi. Rasmiy muxolifat faol bo‘lmagan sharoitda agonal mazmun rahbarlarning o‘z mas’ullarini keskin tanqid qilishi yoki tizimdagi kamchiliklarni qoralashida namoyon bo‘ladi. Masalan, Prezident Sh. Mirziyoyevning 2020-yilgi Oliy Majlis qo‘shma majlisidagi nutqida: “Endi ish faoliyatini faqat ishxonasida o‘tkazgan va qog‘ozbozlikka berilib, amaliy natijani keyingi o‘ringa tushirib qo‘ygan rahbarlar bilan xayrlashamiz...” deya qat’iy ogohlantirishi agonal janrga xos nutqiy hodisa sifatida ko‘riladi. Bu misolda notiq sustkash rahbarlarni “jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan kuchlar” sifatida qoralab, ularni lavozimidan chetlatish niyatini ochiq e’lon qilgan. Agonal nutqlarning stilistik vositalari orasida ritorik savollar, tajohuli orifona (bilaturib so‘rash), antitezali taqqoslashlar (“Biz yaratamiz, ular esa buzyapti”), undov gaplar va keskin intonatsiya muhim o‘rin tutadi. Masalan, notiq raqibning samarasiz faoliyatini ko‘rsatishda: “Axir ular qaysi natijaga erishdi o‘zi?” deya
31 savol qo‘yib, darhol “Hech qanday!” deb javob beradi. Bu auditoriyada raqibga nisbatan ishonchsizlikni kuchaytiradi. Pragmatik jihatdan agonal janrdagi siyosiy nutqlar jamiyatda qarama-qarshilikni kuchaytirish va tarafdorlarni safarbar etish vositasidir. Ular “biz va ular” oppozitsiyasini ochib, muayyan muammo yoki dushman obraziga qarshi hamjihatlikda kurashga chorlaydi. Siyosatchi ana shu uslub orqali tarafdorlarini birlashtiradi, raqib obro‘sini pasaytiradi va bahs-munozara jarayonida g‘alabaga erishishni ko‘zlaydi. Demokratik jamiyatda agonal nutqlar sog‘lom siyosiy raqobat vositasi sifatida xizmat qilsa, avtoritar tuzumlarda ular ko‘proq “korrupsiya”, “ekstremizm” kabi xavflarga qarshi ogohlantiruvchi va safarbar qiluvchi ohangda qo‘llanadi. Har ikki holatda ham agonal janrning asosiy belgilari – keskinlik, qaramaqarshilik va polemik ruh ustuvorlik qiladi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi. 20.12.2022. 2. Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi 31.08.2024. 3. Чудинов, А.П. Политическая лингвистика. – М: Флинта, Наука, 2006. – 270 c. 4. Карасик В.И. О типах дискурса // Языковая личность: институциональный и персональный дискурс, 2000. – C. 35-42. 5. Habermas J. The theory of communicative action. – Beacon Press, 1987. – P. 250. 6. https://www.jstor.org/stable/2709433\