scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

TOPONIM TARKIBLI MAQOLLARNING SEMANTIK-USLUBIY XUSUSIYATLARI

Nosirjon ULUQOV

Full text

42 TOPONIM TARKIBLI MAQOLLARNING SEMANTIK-USLUBIY XUSUSIYATLARI Nosirjon ULUQOV, Namangan davlat universiteti filologiya fanlari doktori, professor DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488647 Annotatsiya. Maqolada tarkibida joy nomlari qo‘llangan maqollarning semantik-uslubiy xususiyatlari tahlil qilingan. Kalit so‘zlar: maqol, toponim, oykonim, oronim, semantik, uslubiy, variantdorlik, variant, tashbeh, sifatlash. Oykonim (grekcha oykos – «turarjoy» + onoma – «nom») shahar, shaharcha, ovul, qishloq kabi aholi manzillarining atoqli otlari. (3:198) Tilshunoslikning oykonimlarni tadqiq etuvchi sohasi oykonimika, oykonimlar majmui oykonimiya deb ataladi: O‘zbekiston oykonimikasi, O‘zbekiston oykonimiyasi kabi. Xalq maqollarida oykonimlar, xususan, qishloq va shahar nomlari faol qo‘llanadi. Biz tarkibida oykonimlar qo‘llangan 30 dan ziyod maqollarni to‘pladik. Ahmoqqa Koson bir tosh (5:36), Ahmoqqa To‘ytepa nima yo‘l (5:36), Ahmoqqa Quva bir tosh (5:36), So‘ragan Makkani topar. (5:192) // Qidirib-qidirib Makkani topsa bo‘lar (5:266), Tokni qirqmasang, Qashqarga yetadi (5:200), Toshkentning tarig‘ini yegan chumchuq Makkadan qaytib uchib keladi.(5:200), Turkistonda qo‘y bir so‘m, kela-kela o‘n bir so‘m. (5:206), Tuyani minib, Turonni ko‘zla! (5:207), Xitoy xonining ipak moli ko‘p moli ko‘p, lekin o‘lchamay kesilmas (5:221), Beva xotinga Buxorodan it hurar (4:252), Gap desang qop-qop, Ish desang, Ashtarxondan top (4:22), Bir ko‘ngil imorati – Ming Makka ziyorati (4:53), Ahmoqqa To‘ytepa bir tosh (4:129), Ahmoqqa Quva bir tosh (4:129), Yonida bir puli yo‘q, G‘irvonga hokim (4:188), Nasib etsa, kelar Shom-u Iroqdin, Nasib etsa, ketar qosh-u qaboqdin (4:365), Ming Makka ziyoratidan Bir ko‘ngil imorat yaxshi (4:376), Tokni qirqmasang, Qashqarga yetar (4:468), Eshak Makkaga borib hoji bo‘lmas (4:508) kabi. Har bir maqol ma’lum mazmunga ega: Toshkentning tarig‘ini yegan chumchuq Makkadan qaytib uchib keladi (5:200) maqolida vatan, non shahri deya e’tiriof etilgan Toshkent ulug‘lanadi. Yonida bir puli yo‘q, G‘irvonga hokim. (4:165) G‘irvon – Namangan shahri yaqinidagi qishloqning nomi. Abdulla Qodiriy “G‘irvonlik Mallaboy aka” asarida shunday yozadi: “G‘irvon qishlog‘ini ehtimolki, O‘zbekistonda bilmagan va eshitmagan kishi yo‘qdir. Ayniqsa, “G‘irvon” yoki “g‘irvonlik” so‘zi har kim uchun birmuncha qiziqroq eshitiladi. Bu qiziqlik 43 g‘irvonliklarning soddaliklaridan, ularning ba’zilarining emas, aksariyatining qiliq va harakatlarining o‘zbeklar orasida zarbulmasal bo‘lib yurishidandir”. Darhaqiqat, xalq orasida g‘irvonliklar haqida juda ko‘p loflar, latifalar mavjud. Yuqoridagi maqolning kelib chiqishi ham ana shunday latifa yoxud loflarning birortasiga borib taqalsa ehtimol. Men Ashtdan kelsam, u dashtdan keladi. (4:212) Bu maqol majozan: “Bir odam bir odamga dard-hasratini aytsa, undan maslahat yo madad kutsa, u odam unga yordam bergisi kelmay, o‘zini go‘llikka solib, go‘yo uning aslida nima demoqchi bo‘lganini fahmlamagan bo‘lib, gapni boshqa yoqqa buradi, fikrini chalg‘itadi”, demoqchi bo‘ladilar. Asht – bir qishloqning nomi. Bu maqolda Asht oykonimi dasht so‘ziga qofiya qilish uchun ham qo‘llangan. Minnatli Qobulning qovunida Beminnat Tolibning tarragi yaxshi. (4:218) Minnat – qilingan yaxshilikni yuzga solish yoki boshqalarga gapirib yurish. Qobil – kishi ismi; tarrak – palak otib o‘sadigan poliz ekinining bodiringdan ko‘ra yirikroq bo‘ladigan bemaza hosili. Demak, maqolda minnatli qovundan tarrak ham yaxshiroq degan mazmun Qobul va Tolib nomlari, ya’ni oykonim va antroponimlar vositasida ta’sirchan ifodalangan. Mirzaning cho‘liga shoti eksang, arava unib chiqadi. (5:218) Bunda Mirzacho‘l nazarda tutilgan bo‘lib, “uning yeri shunday kuchliki, agar quruq yog‘ochni suqib qo‘ysang ham ko‘karib, barakali hosil beradi”, demoqchi bo‘lingan. Bu fikrni “Mirzai azimda ming Xorunning xazinasi-yu, tuman Jamshidining davlati bor” degan maqol ham tasdiqlaydi. Turkistonda qo‘y bir so‘m, kela-kela o‘n bir so‘m. (4:339) maqolini “birini ikkiga” pullovchi noinsof savdogarlarga, chayqovchi va olibsotarlarga nisbatan kinoya tarzida qo‘llaganlar. Muayyan ma’noga ega bo‘lgan til birligining shakllan turlicha yuritilishi, ya’ni tovushlar tizimi (yoki fonetik), leksik, mofemik jihatdan birmuncha farq qilgan holda bir necha shaklda qo‘llanishi shu til birligining variantlari hisoblanadi. Jumladan, maqol va matallar ham semantik jihatdan bir xil, ammo fonetik hamda morfologik jihatidan ikki va undan ortiq variantlarga ega bo‘ladi. Masalan, Ahmoqqa Koson bir tosh. (5:36), Ahmoqqa To‘ytepa nima yo‘l. (5:36-b.), Ahmoqqa Quva – bir tosh. (5:36) kabi maqollar variantdosh maqollardir. O‘zbek xalq maqollarida ahmoq so‘zi “aql-farosatsiz, badfe’l, bezbet, dilozor, quruq maqtonchoq, daydi, noshud, nodon, xudbin” kabi keng ma’nolarda qo‘llanadi. Yuqoridagi variantli maqollar mazmunan umumiylikka ega bo‘lsa-da, Koson, Quva, To‘ytepa oykonimlari vositasida farqlanadi. Mazkur maqollar ahmoq, aqlsiz odam uchun uzoq joy ham yaqinday ko‘rinadi, boraveradi, degan mazmunga ega. 44 Intilgan, izlangan odam, albatta, o‘z orzusiga, niyatiga erishuvi quyidagi variantli maqollarda obrazli ifodalangan: So‘ragan Makkani topar. (5:192) // Qidirib-qidirib Makkani topsa bo‘lar. (5:266) Boshqa maqolda insonlar hamisha uzoqni, ezgulikni ko‘zlab yashashga undaladi: Tuyani minib, Turonni ko‘zla! (5:207). Xitoy xonining ipak moli ko‘p, lekin o‘lchamay kesilmas (5:221) maqolida ba’zi odamlar boy-badavlat bo‘lsa-da, hamma narsa hisob-kitobli ekanligi ta’sirchan bayon etilgan. Maqollarning salmoqli qismi hayotiy voqea-hodisalar asosiga qurilgan. Buxoro polisonimi qo‘llangan xalq maqolida himoyasiz, yolg‘iz qolgan beva ayolga hayotning og‘irligi ifodalangan: Beva xotinga Buxorodan it hurar (4:252). Ko‘p maqollar qatori ayrim oykonim tarkibli maqollarda insonlar boshqalarga yaxshilik qilib yashashga chorlanadi. Buning haj ziyoratidan-da ulug‘ligi uqtiriladi: Bir ko‘ngil imorati – Ming Makka ziyorati (4:53) Xuddi shu maqol quyidagi variantda ham kuzatiladi: Ming Makka ziyoratidan Bir ko‘ngil imorati yaxshi.(4:376) Biror ishni vaqtida bajarmaslik salbiy oqibatlarga olib kelishi Tokni qirqmasang, Qashqarga yetar (4:468) maqolida majoz bilan uqtiriladi. Aqlsiz, odobsiz, hayosiz odamning o‘nglanmasligi eshak majoziy timsoli hamda ulug‘ va muqaddas Makka oykonimi vositasida ta’kidlanadi: Eshak Makkaga borib hoji bo‘lmas (4:508) kabi. Oronim termini E.Begmatov, N.Uluqovlarning terminologik lug‘atida mukammalroq izohlangan: “Oronim ( yun.orog – tog‘ + onoma – atoqli ot) – yer yuzasi relyefidan bo‘rtib, ko‘tarilib chiqqan har qanday baland joylar (tog‘, qir, tepa, cho‘qqi, dovon va boshqalar) atoqli oti”. (2:63) Boshqacharoq aytganda, oronimlar orografik obyektlarning maxsus atoqli nomlaridir. (3:105) Oronimlar muayyan bir xil tipdagi oroobyektlarni yakkalab atash orqali uni boshqa shunday obyektlardan farqlash kabi nominatsion vazifalarni bajaradi hamda o‘zida qimmatli tarixiy, ijtimoiy-siyosiy, tabiiy-geografik ma’lumotlarni saqlashi bilan xarakterlanadi. Yotib yeganga – Turum tog‘i ham chidamaydi. (4:111) Turum so‘zi “abadiylik”, “doimiylik”, “barqarorlik” degan ma’nolarni bildiradi. “Turum tog‘i” deganda ba’zilar Arabistondagi “Turi sino” deb atalmish tog‘ni, ba’zilar esa, dengiz tubidan turtib, o‘sib chiqadigan, bag‘ridagi oltin, kumush, mis, qalay va h.k. boyliklari qazib olinavergani bilan vaqt sayin o‘rni to‘lib turaveradigan tog‘ni nazarda tutadilar. Har qalay, Turum tog‘i – abadiylik, bitmastuganmaslik timsolidir. Yuqoridagi maqol bilan: “Kishi ishlamay borini yeb yotaversa, qo‘r-qur, to‘plab qo‘ygan jamg‘armasi har qancha ko‘p bo‘lsa ham, 45 ma’lum vaqtgacha yetadi, keyin tugaydi. Shuning uchun ishlab, ketgan qo‘r-qutning o‘rnini to‘ldira borish kerak bo‘ladi”, degan ma’noda nasihat qiladilar. O‘zbek tilida oronim tarkibli maqollar ko‘p emas: Gap desang – qop-qop, Ish desang Olatog‘dan top (5:72), Do‘st tog‘i – Qof tog‘i (5:84), Pulliga – qop-qop, pulsizga – Olatovdan top. (5:178) kabi. Xalq maqollarida ayrim kishilarga xos salbiy illatlar qoralanadi, jumladan, oronim tarkibli maqollarda ham shu holat kuzatiladi. Chunonchi, Gap desang – qopqop, Ish desang Olatog‘dan top (5:72) maqolida mahmadona, sergap, biroq mehnatdan qochuvchi, dangasa kishilar qoralanadi. Xuddi shu holat “uzoq” semasi bilan qo‘llangan Olatog‘ oronimi vositasida ifodalangan. Pulliga – qop-qop, pulsizga – Olatovdan top (5:178) maqolida esa puldor odamning ishi, yumushini tez bitishi, pulsiz kishi izlagan narsasini topa olmasligi majoziy mazmunda ifodalangan. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Бегматов Э. Жой номлари – маънавият кўзгуси. – Тошкент: Маънавият, 1998. – 86 б. 2. Бегматов Э., Улуқов Н. Ўзбек ономастикаси терминларининг изоҳли луғати. – Наманган, 2006. – 104 б. 3. Подольская. Н.В. Словарь русской ономастический терминологии. – М: Наука, 1978. – 200 с. 4. Ўзбек халқ мақоллари (Тўплам) / (Редкол.: К.Имомов. Тўпловчилар: Т.Мирзаев, Б.Саримсоқов, А.Мусақулов) – Тошкент: Ғ.Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1989. – 512 б. 5. Шомақсудов Ш., Шораҳмедов Ш. Маънолар махзани. – Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2001.