TIL QADRIYATLARNING KO'RSATKICHIDIR
Full text
62 TIL QADRIYATLARNING KO‘RSATKICHIDIR Muqimova Zohida Rasulovna, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti filologiya fanlari doktori (DSc) DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488671 Annotatsiya. Maqolada tilning madaniyatni anglashda, bilishda, to‘plashda tayanch qadriyat ekanligi, til va madaniyatning uzviy bog‘liqligi, o‘zbek maqollari va topishmoqlarida tilga berilgan baho va uning obrazli ifodasi haqida so‘z yuritilgan. Kalit so‘zlar: qadriyat, til, madaniyat, barqaror birlik, maqol, topishmoq, lingvomadaniy kod, aksiologiya, lingvomadaniyatshunoslik, lingvomadaniy birlik. Bugungi kunda o‘zbek tili imkoniyatlarini ochib berish, uni keng targ‘ib qilish, uning jahon miqyosidagi o‘rnini mustahkamlashga bo‘lgan e’tibor har qachongiga nisbatan yana ortdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy sohadagi islohotlar samarasini oshirish zarurati tilshunoslik sohasidagi ishlarni ham sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishni talab qilmoqda. Zero, “Bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat o‘z milliy manfaatlarini ta’minlash, bu borada, avvalo, o‘z madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir” [1]. Dunyo xalqlari bilan ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy hamkorlikda tilning ham o‘rni va ahamiyati kattadir. Ma’lumki, til o‘z egasi tafakkurining, qadriyatlarining ko‘rsatkichidir; o‘zi mansub millatning ma’naviyati, ma’rifati, madaniyatidir. Bu tortiq qilingan tengsiz tilsim o‘z qudrati va bahosiga ega bo‘lib, ko‘p ta’riflar olgan. Shulardan biri: “Til – madaniyat mahsuli, uning muhim tarkibiy qismi, yashashining sharti, madaniy kodlarning shakllanish omilidir” [Sh.Usmonova, 2019:5]. Lingvomadaniyatshunoslik fanining asoschilaridan biri, Moskva frazeologik maktabining asoschisi V.N.Teliya madaniyatning til bilan bog‘liqligini alohida ta’kidlaydi. Uning fikricha, til butun bir madaniyatni o‘zida ifodalaydi. Ha, til bor – madaniyat bor, uning shakllanishiga va rivojlanishiga ishonch bor. O‘zbek xalqining o‘ziga xos shunday qadriyatlari mavjudki, ular xalqimiz hayotining barcha jabhalarida chuqur o‘rin olgan. Shunday qadriyatlardan biri madaniy-ma’naviy qadriyatlardir. Bunga til, adabiyot, ta’lim-tarbiya va shu kabilar kiradi. “Maʼnaviy qadriyatlar insoniyat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan g‘oyalar va tamoyillar. Ma‘naviy qadriyatlar tarixan shakllanadi, avloddan avlodga o‘tadi va vaqt o‘tishi bilan to‘ldirib boriladi [F.Usmonov,2024:55]. Ma’lumki, inson hayotida tilning o‘rni nihoyatda ahamiyatlidir. Olamning yakka-yu yolg‘iz ongli erka sarvari odamzod bilim va aql-zakovat bilan yanada ongli, yanada zukko, yanada komil bo‘ladi. Bilamizki, insoniyat tarixida ilk bor “Komil inson” konsepsiyasi “Avesto”da o‘z ifodasini topgan. Avesto” shioriga aylanib ketgan
63 “Ezgu o‘y (fikr), ezgu so‘z, ezgu amal” birligi insonni komillikka yetaklovchi ezgu g‘oyadir. Bu kabi noyob ezgu g‘oyalar durdona kitoblarda mujassam. Bebaho kitoblar esa kishini komillikka chorlaydi. Bundan ayonki, til va u vositasida yuzaga keladigan adabiyot tengsiz tayanch qadriyatdir. Nizomiddin Mir Alisher Navoiy jahonni o‘zi yozganidek, qalam bilan olgani rostdir: “Olibmen taxti farmonimg‘a oson, Cherik chekmay Xitodin to Xuroson Xuroson demakim, Sheroz-u Tabriz, Ki qilmishdur nayi kilkim shakarrez” [A.Navoiy,1991:485]. Ha, O‘zbekiston Qahramoni A.Oripov aytganidek, “Temur tig‘i yetmagan joyni Qalam bilan oldi Alisher”. Shu boisdan tilning kuchli qudrat, tayanch qadriyat ekanligini to‘la anglab, uni qadrlash zarur. O‘zbek tili – o‘zbek xalqining madaniyati mahsuli, o‘zbek millatining o‘zbekona tafakkuri va tasavvurlari, milliy xarakteri jamlanmasi; o‘zbek millatiga xos bo‘lgan butun qadriyatlar yig‘indisi. Bilamizki, qadriyatlarni to‘plashda, saqlashda va yetkazishda tilning o‘rni muhimdir. Boisi “Til uning egasiga baho berish vositasi hamdir. Tilning egasi yakka shaxs emas, millatdir. …til millatning idrok intizomi (olamni idrok qilishning o‘ziga xos yo‘sini), uning qadriyatlari tarkibi va tuzilishini anglash vositasi” [F.Usmonov,2024:80] hamdir. “Har bir xalqning ona tili uning milliy o‘zligi, “aqliy va ruhiy dunyosining oynasi, dunyolarga bermaydigan bebaho boyligi” [N.Mahmudov, 2007:24]dir. Shunday bebaho boylikni qadrlash, asrab-avaylash zarur. Uning bir bo‘lagi bo‘lgan maqol-u topishmoqlar xalqimizning necha ming yilliklar mobaynida to‘plagan hayotiy kuzatishlari asosida yuzaga keladigan, yеtti o‘lchab, bir kesilgan xulosalardir. Barqaror birliklar – umuminsoniy va milliy qadriyatlarni ifodalash vositasi. Muayyan xalq tarixi, xarakteri, mehnat faoliyati va turmushining o‘ziga xosliklari barqaror birlik sanaluvchi maqol-u topishmoqlarda ham muhrlanadi. Ular milliy, ijtimoiy, madaniy xarakterda bo‘lib, o‘zi tegishli til egalarining lisoniy ongini aks ettiradi. O‘zbek xalq maqollari o‘zbekcha olamning lisoniy manzarasini yuzaga keltiradi. Ma’lumki, baho va qadriyat uzviy bog‘liq. Ular bir-birini taqozo etuvchi birliklardir. G.Komilova to‘g‘ri ta’kidlaganidek, “Baho orqali tanlangan narsapredmet, voqelik ijobiy yoki salbiy baholangach, qadriyatga aylanadi. Chunki qadriyat shaxsning voqelik, jamiyatga bergan bahosi asosida shakllanadi. Mazkur jarayon nutq egasining til bilish imkoniyatlari doirasida nutqda voqelanadi” [G.Komilova,2022:13]. “Hikmatli so‘zlar, maqollar biz uchun asrlarning sadosi, uzoq o‘tmish bilan hamnafaslik hissini uyg‘otuvchi mangu chaqiriq, zamonlararo ko‘prik” [Sh.Shomaqsudov, Sh.Shorahmedov, 2001:7]dir. Modomiki, xalqimiz hayotiy tajribasi ajdodlardan avlodlarga til birliklari vositasida o‘tar ekan, ularni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etaveradi. Aksiologiyada maqol-u topishmoqlar milliy
64 qadriyatlarning obrazli maydoni hisoblanadi. Ushbu birliklar eng faol vositalardan biri sifatida bugungi kunda tilshunoslikda lingvomadaniy, aksiologik izlanishlar jarayonining muhim mavzularidan biriga aylanmoqda. Har bir maqol-u topishmoq xalqning turmush tarzini qisqa va lo‘nda, umuman olganda, to‘laligicha ifodalay oladigan ko‘zgudir. Tilshunos va folklorshunos olim V.N.Teliya ta’kidlaganidek, “Maqollar xalqning kundalik hayoti bilan bog‘liq madaniy qadriyatlarining asrlar davomida an’anaviy tarzda ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan ulkan manbayidir” [V.N.Teliya,1996:241]. Millatning milliy-mental xususiyatlari, milliy mentalitetga xos turg‘unlashgan axloq qoidalari, qadriyatlari, xalqning milliy tafakkuri bilan bog‘liq jihatlari til egasi mansub tilning lingvomadaniy birliklarida – maqol-u topishmoqlarida yanada yaqqol ifodalanadi. Qudratli kuch, til boyligi bo‘lgan so‘z haqidagi o‘zbek xalq maqollarining bir qismini tahlilga tortsak, unda o‘zbek millatiga xos bo‘lgan aqliy va ruhiy dunyo mujassamlashganining guvohi bo‘lamiz. Jumladan, “Issiq kiyim tanni ilitar, Issiq so‘z jonni ilitar”, “Bug‘doy noning bo‘lmasin, Bug‘doy so‘zing bo‘lsin”, “Tilingda bo‘lsa boling, Kulib turar iqboling”, “Taom lazzati o‘zida. Odam lazzati – so‘zida”. Bilamizki, maqollarda fikr aniq, ifoda lo‘nda, xulosa tugal bo‘ladi. Mazkur maqollar ham nutqimizni ixcham, ravon, teran va mazmunli bo‘lishiga yordam beradi. Shuning uchun ham xalqimiz “So‘z ko‘rki – maqol” deb bejiz aytmagan. Dono xalqimiz aytganidek, “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, “Tilni bog‘la dil bilan, Dilni bog‘la til bilan”, “Elni sevsang, elcha gapir”. Ona tilimizning jozibasi bo‘lgan maqol-u topishmoqlarni o‘qisak, ularda milliy qadriyatlarimizning go‘zal ifodasi kuzatiladi. Bunday obrazli ifodalar orqali har bir kishi tarixini, o‘tmishini, ajdodlarini yanada batafsil biladi va taniydi. Ma’lumki, tarix, asosan, tilda muhrlanadi; tarixini, o‘zligini tanigan inson esa mukammallikka intilaveradi. O‘zbek xalq topishmoqlarida so‘z – til o‘zining bebaho bahosini olgan. Masalan, so‘z, gap “Asaldan Shirin, Zahardan achchiq” deb jumboqlangan. Bunda yaxshi so‘z asalga, yomon so‘z zaharga o‘xshatilgan. Yolg‘on so‘zning “kuchi” o‘t (olov)dan ham, pichoqdan ham o‘tkirligi “O‘t emas, kuydirar, Pichoq emas, so‘ydirar (Yolg‘on so‘z)” topishmog‘ida yaqqol ifodalangan. Shirin so‘z suydirish, yomon so‘z esa kuydirish xususiyatiga egaligi “Birovni suydirar, Birovni kuydirar (So‘z, gap)” topishmog‘ida, “Ochiq til osh yedirar, Achchiq til tosh yedirar”, “Suydirgan ham til, Kuydirgan ham til”, “Til yaxshisi bor etar, Til yomoni xor etar”, “Yaxshi so‘z bo‘ldiradi, Yomon so‘z kuydiradi”, “Yaxshi so‘z to‘rga eltar, Yomon so‘z – go‘rga”, “Yaxshi so‘z qand yedirar, Yomon so‘z pand yedirar”, “Yaxshi so‘zdan moy eriydi, Yomon so‘zdan soy quriydi” maqollarida aniq-tiniq aks etgan. “Yaxshi so‘zdan moy eriydi, Yomon so‘zdan soy quriydi” maqolida moy lingvomadaniy kodi jahldor;
65 manman, gerdaygan kishilar, soy lingvomadaniy kodi esa saxiy, ochiq qo‘l insonlar ramzidir. Yuqorida keltirilgan barqaror birliklardagi osh, tosh; to‘r, go‘r; qand, pand; moy va soy lingvomadaniy kodlarida o‘zbekona tafakkur o‘z ifodasini topgan. O‘zbek xalq maqollarida yaxshi so‘z jon ozig‘iga, qaymoqli ayronga, oltinga; yomon so‘z nayzaga, to‘qmoqqa, arqonga, vaboga, boltaga tashbeh qilingan. Masalan, “Yomon gap – bosh qozig‘i, Yaxshi gap – jon ozig‘i”, “Shirin so‘z – qaymoqli ayron, Achchiq so‘z – bo‘yinga arqon”, “Yaxshining so‘zi – qaymoq, Yomonning so‘zi – to‘qmoq”, “So‘z nayzadan o‘tkir”, “ Uzun til – boshga to‘qmoq, Bo‘yinga – sirtmoq”, “Yaxshi so‘zdan – vafo, Yomon so‘zdan – vabo”. Bu kabi maqollar orqali xalqimiz barchani yaxshi – shirin so‘zlashga chaqiradi. Yaxshi so‘z jonga malham bo‘lishi, u orqali mol-u dunyo orttirish mumkinligi “Yomon til boshga balo keltirar, Yaxshi til davlat, dunyo keltirar” kabi maqolida yanada yorqin ifodalangan. Fikr – so‘zning qudrati “Bir nafasda Olamni kezar (Fikr)”, “Yugurgandan o‘tadi, Bir vaqtda yetadi, O‘q emas, otiladi, Qush emas, uchadi (Fikr)”, O‘g‘iz ochdim, uchdi-ketdi, Samarqandga borib yetdi (Fikr)” [O‘zbek xalq topishmoqlari, 2022:28] topishmoqlarida yorqin bahosini olgan. Ushbu topishmoqlarda fikr – tilning kuch-qudrati nihoyatda o‘tkirligi, ezgu fikr bilan, shirin so‘z bilan olamni egallash mumkinligi o‘z isbotini topgan. Daho donishmandlarimiz har gapni o‘ylab gapirishni, gapirganda ham mazmunli, mantiqli gapirishni uqtirishgan. Aytilgan fikr tez tarqalishini “Og‘izdan chiqquncha meniki, Og‘izdan chiqqani elniki” (So‘z, gap)” topishmog‘ida yorqin ifodalagan. Bunday mazmunli pand-nasihat “Aytar so‘zni ayt, Aytmas so‘zdan qayt”, “Og‘izdan chiqqan so‘z qaytmas”, “Aytilgan so‘z – otilgan o‘q” [O‘zbek xalq maqollari, 2016:99] maqollarida ham yaqqol aks etadi. “Butun dunyoda yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash ketayotgan bugungi kunda biz Markaziy Osiyoning kelajagi bo‘lmish yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashimiz lozim” [Sh.Mirziyoyev, 2021:369]. Shu nuqtayi nazardan, inson tafakkurining mahsuli bo‘lgan maqol-u topishmoqlarning aksiolingvistik tahlili muhim ahamiyat kasb etadi. Yuqoridagi tahlillardan ham ayonki, barqaror birliklar o‘zi mansub millatning qadriyatlarini yaqqol ifodalaydi. Masalan, o‘zbek tili barqaror birliklari o‘zbek millatining madaniyatini o‘zida aks ettiradi. Shu sababli ham barqaror birliklarning aksiologik tadqiqini amalga oshirish tilshunosligimizning dolzarb muammolaridan hisoblanadi.
66 O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov ta’kidlaganidek, “Til oldidagi mas’uliyat ham umummilliy. Men o‘zbekman degan har bir inson o‘zbek tili uchun qayg‘urmog‘i kerak. Unutilgan so‘zlarni tiklash, borini boyitib borish, xorijiy atamalarga munosib istilohlar topish yolg‘iz tilshunoslarning emas, millatning ishidir” [E.Vohidov, 2025:5]. Manaviy qadriyatlar sanaluvchi ma’naviy mezonlar, bunyodkor g‘oyalar dunyo tamaddunining o‘ziga xos o‘lchovi, insoniyat bardavomligi timsolidir. Xullas, ma’naviy qadriyatlarni, jumladan, tilni asrash, uni kelajakka bezavol yetkazish burchimizdir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni. 2. Мирзиёев Ш. Янги Ўзбекистон стратегияси. –Тошкент, 2021. – Б.369. 3. Алишер Навоий. Фарҳод ва Ширин. МАТ. 20 жилдлик. – Тошкент: Фан. 1991. 4. Komilova G. O‘zbek tilidagi maqollarning aksiolingvistik tahlili:filol.fan. b-cha falsafa doktori avtoref. – Toshkent, 2022. 5. Маҳмудов Н. Тилимизнинг кеча ва кундузи / Тил тилсими тадқиқи. – Tошкент: Мумтоз, 2007. 6. Usmonov F. O‘zbek milliy qadriyatlarining lingvomadaniy aspekti: Filol.fan.doktori diss. – Toshkent, 2024. 7. Usmonova Sh. Lingvomadaniyatshunoslik. – Toshkent, 2019. 8. Телия В.Н. Русская фразеология. Семантический, прагматический и лингвокультурологический аспекты. - М.: Школы “Языки русской культуры”, 1996. 9. Воҳидов Э. Сўзи ўлмаганнинг ўзи ҳам ўлмас. Янги Ўзбекистон. 2025 йил 3 апрель, 68сон. 10. O‘zbek xalq maqollari. – Toshkent: Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi Bosh tahririyati, 2016. 11. O‘zbek xalq topishmoqlari. – Toshkent:G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2022. 12. Шомақсудов Ш., Шораҳмедов Ш. Маънолар махзани. – Тошкент: “Ўзбекистон миллий энциклопедияси” Давлат илмий нашриёти, 2001.