INTERNET MEDIAMATNIDA IJTIMOIY DEYKSISGA ISHORA QILUVCHI LINGVISTIK VOSITALAR
Full text
83 INTERNET MEDIAMATNIDA IJTIMOIY DEYKSISGA ISHORA QILUVCHI LINGVISTIK VOSITALAR Muxlisa SABIROVA, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa (PhD) doktori [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488706 Annotatsiya. Maqolada tilda ishoraviy birliklarning sotsiolingvistik jihatlari tahlil qilingan. Insonning ijtimoiy mavqeyini belgilab beruvchi omillarga jinsi, yoshi, millati, madaniylik darajasi, ijtimoiy kelib chiqishi, ma’lumoti, jamiyatdagi mavqeyi bilan bog‘liq sotsial jihatlari internet matnlari misolida tadqiq qilinadi. Kalit so‘zlar: sotsiolingvistika, ijtimoiy omillar, deyksis, ishoraviy birliklar. So‘nggi yillarda tilga inson omilining ta’siri masalasini o‘rganish natijasida tilshunoslikda til va jamiyatning bir-biriga ta’siri, tilda ijtimoiy holatlarning aks etishi, tilda inson ruhiyati, tasavvurlari, milliy-madaniy qarashlarining namoyon bo‘lishi kabi masalalarni o‘rganishga qiziqish yanada kuchaydi. Ayniqsa tilda ishoraviy birliklarning o‘rganilishi, deyktik birliklarning sotsiolingvistik xususiyatlarining o‘rganilishi til tizimi va uning birliklarida o‘ziga xos ko‘z ilg‘amas jihatlarini aniqlash imkonini tug‘diradi. Ma’lumki, deyksis grekcha «δεῖξις» (deixis) so‘zidan olingan bo‘lib, ko‘rsatish, ishora ma’nosini anglatadi. Hozirgi kunda tilshunoslikda kommunikativ muloqot ishtirokchilari hamda ularning ijtimoiy mavqeyi, emotsional holati; nutq kechayotgan zamon va makon; nutq qaratilgan narsa-predmet, belgi, miqdor, harakat-holat, voqea-hodisa kabilarga til birliklari yoki boshqa belgilar orqali ishora qilish deyksis hodisasi sifatida talqin etiladi. [1; 6] Deyksis tilda muloqotning zaruriy vositasi bo‘lib, uni “til universaliyasi” [2; 16] deb hisoblash mumkin. Deyksisning universalligi shundaki, nutq jarayonini so‘zlovchi va tinglovchiga yo‘naltirilgan deyktik birliklarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, nutqni makon va zamonni ko‘rsatmasdan talaffuz qilib bo‘lmaydi. Bu ontologik kategoriyalarning (“shaxs”, “makon”, “zamon”) mohiyati har doim shaxs haqidagi tasavvurga borib taqaladi. Deyksis muammosi ko‘plab fanlar va tilshunoslik yo‘nalishlari kesimida, xususan, falsafa, mantiq, psixologiya, psixolingvistika, sotsiolingvistika, pragmalingvistika doirasida o‘rganilishiga qaramay, ayrim o‘rinlarda hatto yagona xulosaga kelinmagani, mazkur muammoning tadqiq doirasi kengligini ko‘rsatadi. Ma’lumki, deyktik birliklar tadqiqi xorij tilshunosligida atroflicha o‘rganilgan. Antik davr faylasuflari va grammatistlari birinchilardan bo‘lib deyksis hodisasiga e’tibor qaratishgan. Antik davr olimlari deyktik birliklar sifatida predmetlar
84 o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikni ta’minlovchi ko‘rsatish olmoshlarini nazarda tutishgan. [3; 7] Deyksisning nutqda voqelanishi va idrok etilishida muloqot ishtirokchilarining yosh xususiyati, jinsi, mansabi, lavozimi, kasb-kori, ijtimoiy mavqeyi, oiladagi roli kabi ijtimoiy jihatlari bilan bog‘liq holda voqelik haqidagi umumiy bilimlari, til malakalari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Professor N.Mahmudov qayd etganidek, “Tilda bir qator birliklar, ifodalar mavjudki, ularni sotsiolingvistik yondashuvsiz o‘rganishning aslo imkoni yo‘q. Xususan, xilma xil deyksis birliklar, undovlar, modal so‘zlar, murojaat so‘zlari, undalmalar va boshqa birliklarning mohiyati va qo‘llanish qoidalari – qonuniyatlarini ochish uchun, albatta, birinchi navbatda, sotsiolingvistik omillarga murojaat qilmaslikning iloji yo‘q”. [4; 13] Ta’kidlash lozimki, ijtimoiy deyksis nutqiy muloqot ishtirokchilarining ijtimoiy mavqeyi, yoshi, mansabi, jinsi, jamiyatdagi o‘rniga ishora qilishi bilan deyksis obyektini kengaytiradi. Biz ushbu maqolamizda ijtimoiy deyksisning mana shu jihatlarini tahlil qilamiz. Insonning ijtimoiy mavqeyini belgilab beruvchi omillarga jinsi, yoshi, millati, madaniylik darajasi, ijtimoiy kelib chiqishi, ma’lumoti, jamiyatdagi mavqeyi kabi ijtimoiy omillar nazarda tutiladi. Ikkinchi holatda esa ijtimoiy munosabatlarda nisbiy mavqe’ ko‘rib chiqiladi. Bu ijtimoiy va vaziyatga bog‘liq o‘zaro tenglik asosidagi munosabat bilan bog‘liq bo‘lib, yuqori va quyi mavqedagi shaxslar o‘rtasidagi nutqiy muloqotlarni aks ettiradi. Tilshunos olim M.Hakimov nutqiy muloqot ishtirokchilarining tenglik munosabatiga ko‘ra muloqotini simmetrik nutq va assimetrik nutq turlarini ajratadi. Olimning fikricha, “simmetrik nutqiy munosabatga kirishuvchi shaxslar simmetriya termini nazariyasiga ko‘ra tenglik asosidagi “samimiylik”, munosabatida bo‘ladilar. Bu holatga ko‘ra, ularning nutqida “tenghuquqlilik”, “samimiylik” ottenkasi o‘z ifodasini topadi. Assimetrik nutqiy munosabat tushunchasida esa o‘zaro nutqiy muloqot jarayonida nutq ishtirokchilaridan birining sotsial jihatdan “tobeligi” yoki “ustunligi” sezilib turadi”.[5; 67] Internet matnlarida ham yurtboshimizning rasmiy tashrifi bilan bog‘liq xabarlarda simmetrik nutqiy munosabat aks etgan matnlarni ko‘plab uchratish mumkin. Olim Sh.Safarov “parlament muloqoti, diplomatik muloqot, davlat rahbarlarining maktub almashinuvlarini rituallashgan nutqning murakkab ko‘rinishlaridan biri” sifatida tasniflaydi.[6; 195] Rituallashgan nutqiy muloqotda nutqiy etiket qoidalariga qat’iy amal qilinadi va adresant va adresatning ijtimoiy mavqeyida tenglik munosabatiga amal qilingan holda muloqotga kirishiladi. Masalan, kun.uz sayti(31.08.2020)da O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi bayrami bilan Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga turli davlat rahbarlari va vakolatli
85 shaxslari tomonidan tabrik xatlari yo‘llangan matn xabar ko‘rinishida e’lon qilingan. Matnda davlat rahbariga nisbatan Janobi oliylari, hurmatli prezident janoblari, muhtaram prezident janobi oliylari kabi murojaat shakllarining qo‘llanishida eng yuqori tabaqa vakili ekanligi va Prezidentning ijtimoiy mavqeyiga ishorasi ijtimoiy deyksisni hosil qiladi. Ta’kidlash lozimki, yuqori ijtimoiy maqomga ega shaxslar nutqida rasmiy uslub ustunligi va adabiy tildan foydalanishi bilan ajralib turadi. Misolga e’tibor qaratsak: O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga Janobi oliylari! Mustaqillik kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi xalqiga samimiy tabriklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz. Birlashgan Millatlar Tashkilotining har bir a'zosi o‘zining betakror madaniyati va tarixiga ega, ularning xilma-xilligi BMT va dunyoni boyitmoqda. Mamlakatingiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatida xalqaro kun tartibidagi barcha masalalar borasida ishtirok etishi juda ham muhim. Joriy yilda, Barqaror taraqqiyot sohasidagi maqsadlarga erishish bo‘yicha harakatlarning birinchi o‘n yilligida, barchaning manfaatiga xizmat qiladigan adolatli globallashuvni barpo etishda umumiy maqsadlarimizni kuchaytirishimiz lozim. Dunyoni barcha uchun yanada tinch, adolatli va barqaror qilishga intilar ekanmiz, bu boradagi barcha sa'y-harakatlarda O‘zbekiston Respublikasining hissasi va ko‘magidan umidvorman. Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan eng yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz. Antoniu Guterrish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Nutq, muloqot insonning ijtimoiy mavqeyini ko‘rsatuvchi eng muhim xususiyatdir. Bu fikrni V.B. Kashkin juda aniq ifodalagan: “Bizning nutqimiz, muloqotimiz, qanday gapirishimiz, suhbatdoshimizga kim ekanligimiz haqida ma’lumot beradi”.[7; 119] Darhaqiqat, insonning nutqi orqali uning qanday shaxs ekanligi, yashash tarzi, madaniylik darajasi, dunyoqarashi, kognitiv bilimlari, lisoniy imkoniyatlari, qaysi sheva vakili ekanligi haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin. R.Davlatova “Nutq muloqot ishtirokchilarining ijtimoiy holati haqida ma’lumot beruvchi muhim vosita” ekanligini o‘rinli ta’kidlaydi. [1; 80] X.Yo‘ldosheva esa badiiy matnlar tadqiqida “ijtimoiy xoslangan birliklarning qo‘llanilishi personajlarning individual nutqini ko‘rsatishga, ularning kasbiy faoliyati, yoshi, jinsi, qiziqishlari, qaysi sheva vakili ekanligi, umuman, qanday ijtimoiy guruhlarga mansubligi haqida tasavvur hosil qilishga yordam beradi” degan fikrga keladi.[8; 148] Ijtimoiy deyksisning yuzaga kelishida ham adresant nutqida qo‘llangan leksik birliklar: dialektal so‘zlar, qon-qarindoshlikni ifodalovchi birliklar, kasb-hunar, soha bilan bog‘liq so‘zlar ajralib turadi. Muloqot ishtirokchilarining nutqida bunday so‘zlarning qo‘llanishi ularning qanday soha vakili, qaysi dialekt egasi ekanligi kabi ijtimoiy holatiga ishora qiladi.[9; 104] Quyidagi matnda ham adresant nutqidan uning qaysi
86 soha vakili ekanligiga ishora mavjud: Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Fatvo markazi “ChatGPT (sunʻiy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak boʻladimi va shu javoblarga amal qilsak boʻladimi?” degan savolga oʻz javobini eʻlon qildi. “Yoʻq, bu joiz emas. Toʻgʻri, ChatGPT platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga toʻgʻri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, baʻzan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois sharʻiy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor”, deyiladi diniy idora mutaxassislarining javobida. Diniy idora masʻullarining bildirishicha, musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni oʻsha sohaning “zikr ahli”dan oʻrganishi lozim. «Alloh taolo oyati karimada “Agar bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahlidan soʻrangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat) deya marhamat qilgan. Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, oʻsha sohaning “zikr ahli”dan oʻrganishi lozim boʻladi. Shunday ekan, eʻtiqod va din-u diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan soʻrash talab etiladi», deyiladi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bayonotida. (oyina.uz 15.06.2025) Yuqoridagi matnda jamiyat a’zolari tomonidan yo‘llangan savolga Fatvo markazi mutaxassislarining javobi keltirilgan. Adresant nutqida Qur’on kitobidan olingan suraning berilishi, din vakiliga xos leksik va sintaktik birliklarning qo‘llanishi uning din vakili ekanligiga ishora qilib ijtimoiy deyksisni hosil qilgan. Ijtimoiy deyksis muloqot ishtirokchilari orasidagi ijtimoiy farqlarni, ayniqsa, so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi munosabatlarni ifodalashda kishilik olmoshlari va murojaat shakllari muhim ijtimoiy-deyktik vazifani bajaradi. Tilshunos olima R.Davlatova kishilik olmoshlarining deyktik vazifa bajarishini alohida ta’kidlaydi. Jumladan, olimaning fikricha, “ijtimoiy holat deyksisiga ishora qiluvchi faol lingvistik vositalar ichida kishilik olmoshlari asosiy o‘rin tutadi. Olmoshlar nutqiy vaziyatga bog‘liq holda yoshidan, jinsidan qat’iy nazar, katta, kichik, ayol, erkak, umuman, har qanday shaxsga nisbatan qo‘llana olish imkoniyati bilan universallik kasb etadi”.[1; 82] Olima murojaat birliklarini ham kishilarning ijtimoiy holatiga aniqlik kirituvchi muhim vosita ekanligini ta’kidlaydi.[1; 90] Internetda tahliliy, badiiy-publitsistik janrda yozilgan matnlarni boshqa saytlarga qaraganda oyina.uz saytida ko‘plab uchratish mumkin. Bu turdagi matnlarda publitsistik uslub ustunligi yaqqol seziladi. Shuningdek, til birliklarining
87 tanlanishida ham o‘ziga xos jihat aks etadi. Masalan, quyidagi matnga e’tibor qaratsak: − Baloginangni olay, Ashur, o‘n kungina keyin chaqirsang, Girmon uyingga kep qo‘yadimi? − Girmon Maskovga kep qo‘ydi, momo, Maskovga kep qo‘ygani – uyimga kep qo‘ygani. − Hech bo‘lmasa, chillasi chiqsin, Ashurjon, keyin nima desang, mayli. − Gitlir o‘g‘lingizning chillasi chiqishini kutib turadimi, momo? Istalin bova chillangizni tushunadimi? Hozir o‘g‘lingizni chiqarmasangiz, melisa kelib opketadi. − Urush mening bittagina bolamga qarab qoptimi, Ashur, insofing bormi? − Adolat momoning bolasi ikkitamidi? Yo boshida eri bormidi? Rais boboning bolasi ikkitamidi, momo? Avval chiqardi-ku, o‘g‘lini. Ko‘pga kelgan to‘y-da, momo, chidaymiz. − Hah, to‘yginang boshingdan qolsin! Sahobiddin! Chiq, bolam, narsalaringni xaltaga solib qo‘yganman. E, qirg‘in kelsin, shu urushni boshlaganlarga! (Oyina.uz 05.05.2025) “Ellik yil erini kutishiga bu yerdagilar ishonishmaydi – Humayro momo xotirasi” sarlavhali matnda o‘zbek ayolining chidami, bardoshi, 50 yil davomida urushga ketgan erini kutgan momo xotiralari aks etgan. Yuqoridagi matnda turmush qurganiga 20 kungina bo‘lgan yangi kelin oldidan kuyovini olib ketishga kelgan rais va kuyov onasining muloqoti keltirilgan. Yuqoridagi matnda “baloginangni olay”, “qirg‘in kelsin, shu urushni boshlaganlarga”, “to‘yginang boshingdan qolsin!” qarg‘ishi ayol nutqiga, yoshi ulug‘ligiga ishora qilishi bilan ijtimoiy deyksisni hosil qilgan. Momo nutqida qo‘llangan “Girmon, Maskov, Istalin, Gitlir” nomlari deyktik birlik sifatida momoning ijtimoiy holatiga, madaniylik darajasi va yoshiga ishora qiladi. Shuningdek, yuqoridagi matn urush bilan bog‘liq xatti-harakatlarni aks ettirganini inobatga olsak, voqelik yuz berayotgan zamonga ishora qilib zamon deyksisini ham yuzaga chiqaradi va deyksisning mundarijasini murakkablashtiradi. Xulosa sifatida aytish mumkinki, internet matnlarida qo‘llangan ijtimoiy deyksis adresant va adresatning jamiyatda tutgan o‘rniga, maqomiga, lavozimiga, jinsiga, kasb-koriga, oiladagi roliga, madaniylik darajasiga ishora qilishi bilan sotsiolingvistikaning o‘rganish obyektini kengaytiradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Davlatova R.H. O‘zbek tilida deyksis va uning turlari. – Toshkent, 2020. 2. Дрига С.С. Социальный дейксис дискурса массовой коммуникации (на материале токшоу): Дисс. … канд. филол. наук. – Сургут, 2008. 3. Талески А. Модели дейктического и коммуникативного поведения говорящего в виртуальной реальности (на материале русского языка): Автореф.дисс. канд. филол. наук. – Пермь, 2021.
88 4. Маҳмудов Н. Ўзбек тили социолингвистикасининг долзарб муаммолари. Ўзбек тилшунослигини ривожлантиришнинг долзарб муаммолари // Республика илмий-амалий конференцияси материаллари тўплами . – Тошкент, 2020. 5. Ҳакимов М. Ўзбек прагмалингвистикаси асослари. – Тошкент, 2013. 6. Safarov Sh. Pragmalingvistika. – Toshkent, 2008. 7. Кашкин В.Б. Введение в теорию коммуникации. – Воронеж: Изд-во Воронеж.гос.техн. ун-та, 2000. 8. Yo‘ldasheva X.Q. Badiiy matnning sotsiopragmatik tadqiqi. Filol.fan.d-ri… diss. – Qarshi, 2023. 9. Давлатова Р. Ўзбек тилининг дейктик бирликлари: Филол. фан. док. (DSc) ...дисс. – Тошкент, 2020.