scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BADIIY MATNNI TUSHUNISHDA LEKSIK VOSITALARNING O'RNI

Gavhar ANDANIYAZOVA

Full text

93 BADIIY MATNNI TUSHUNISHDA LEKSIK VOSITALARNING O‘RNI Gavhar ANDANIYAZOVA, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori [email protected]. DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488718 Annotatsiya. Ushbu maqolada sinonimlar nutqning ifoda imkonini ta’minlovchi, ijodkorning muayyan maqsadini amalga oshirishga xizmat qiluvchi vosita sifatida muhim o‘rin tutishi mohir dramaturg Sharof Boshbekov asarlari misolida yoritib berilgan. Shuningdek, ijodkor asarlaridagi bu kabi maqsadli qo‘llangan sinonimlar aniqlanib, asar tilining badiiy jihatdan mukammalligini ta’minlagani asoslangan. Kalit soʻzlar: Badiiy matn, leksik vositalar, sinonimlar, sinonimlar qatori, badiiy ta’sirchanlik, badiiy mahorat. Badiiy matn tahlilida boshqa birliklar qatori so‘zlarning shakliy va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari ham muhim o‘rin tutadi. Ijodkorlar badiiy maqsadini estetik jihatdan jozibador tarzda ochib berish uchun so‘zlarning doimiy iste’moldagisini emas, balki estetik salmog‘i yuqori shaklini qo‘llashga harakat qiladi. “Badiiy matnni lisoniy tahlil qilish jarayonida yozuvchining tildan foydalanish mahoratini namoyon etadigan, emotsional-ekspressiv ifoda semalari qabariq holda reallashgan leksik birliklarni aniqlash va ular adibning badiiy-estetik maqsadiga qay darajada xizmat qilganiga e’tiborni qaratish kerakligi haqida mulohaza yuritish talab qilinadi. Chunki badiiy matnda so‘zdagi konnotativ ma’no muhim va bu ma’noni harakatga keltirish, unga asoslangan holda yaxlit badiiy mazmunga xizmat qiladigan original badiiy ma’nolarni yuzaga keltirish yozuvchi mahoratiga bog‘liq”. [Юлдашев, 2009: 12]. Muayyan bir ijodkor tomonidan badiiy matnda qo‘llangan poetik aktuallashgan leksik vositalarning lingvopoetik qimmatini belgilashda sinonim, omonim, antonim, ko‘chimlar, shevaga xos so‘zlar, dag‘al va chet so‘zlarga alohida diqqatni qaratish maqsadga muvofiqdir. O‘zbek tilshunosligida keyingi yillarda lingvopoetika bo‘yicha qilingan bir qancha ishlar misolida bu borada ilgari surilgan xulosalar soha rivojiga hissa qo‘shayotganining guvohi bo‘lishimiz mumkin. [Bu haqda qarang: Тошхўжаева, 2017; Муқимова, 2020; Yuldashev, 2023]. Ayniqsa, sinonimlar poetik nutq uchun bir ma’noni xilma-xil so‘zlar orqali turli nozik qirralari bilan ifodalashda, so‘z jilosini namoyish etishda, nutqni bezashda, ta’sirchanlikni oshirishda alohida lingvopoetik imkoniyatga ega bo‘lgan birlikdir. Sababi aslida muayyan tushunchani bildiradigan so‘zlar ifoda darajalariga ko‘ra o‘zaro farqlanishi, bir tushunchani ifodalovchi so‘zlar orasidan emotsionalekspressivligiga ko‘ra biri ikkinchisidan farqlanib, ulardan birining badiiy maqsad bilan qo‘llanishidir. 94 Atoqli tilshunos N.Mahmudov sinonimlar haqidagi maqolasida quyidagi fikrni ilgari surgan: “...tilning rivojlanganlik darajasining yuksakligini, demakki, uning zanginligi va ranginligini ta’min etadigan muntazam va betimsol omillardan biri unda lisoniy birliklararo ma’nodoshlik – sinonimiya munosabati imkoniyatlarining ko‘lamdorligidir. O‘zbek tili ana shunday qadimiy va rivojlangan boy tillardan biri sifatida salmoqli miqdordagi sinonimik munosabatlar asosida birlashgan yoki birlashadigan so‘z gavharlari zaxirasiga sohib tildir”. [Маҳмудов, 2021: 3]. Dramaturg Sharof Boshbekovning ham sinonimlardan foydalanish mahoratini tadqiq qilishda ikki muhim jihatni, ma’nodosh so‘z(lar)dan ifodalayotgan ma’no-mazmun uchun eng maqbulini tanlashni; ayni bir matn tarkibida ikki yoki undan ortiq ma’nodosh so‘zlarni badiiy tasvir maqsadiga hamohang holda qo‘llashni e’tiborga olish lozim bo‘ladi. Har ikki jihat Sharof Boshbekov ijodida birdek kuzatilishini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, o‘zbek tilining izohli lug‘atida g‘ingshimoq so‘zi – ma’nosiz yoki ma’nosini ilg‘ab bo‘lmaydigan tovushlar chiqarib yig‘lash mazmunini ifodalaydi. [O‘TIL, 2022: 459]. Muallif qahramonning yig‘isi holatini bu so‘zning sinonimi ingramoq so‘zi bilan ham ifodalashi mumkin edi. Ammo “yig‘lamayman” deb turgan qahramon gipnozning – asli haqiqat bo‘lgan “yolg‘on”laridan keyin yosh boladay g‘ingshib yig‘lashida ham so‘zning mazmuni bilan bog‘liq quyidagi o‘ziga xos lingvopoetik ma’no mavjud: birinchidan, qahramonning yosh bolaga o‘xshatilishi – uning chorasizligi, hech narsa qo‘lidan kelmasligiga ishora; ikkinchidan, qahramon ruhiyatida ma’nosini ilg‘ab bo‘lmaydigan tovushlar kabi fojiasini o‘zi ham uncha anglab yetmayotgan, hali yuzaga chiqmagan, gipnoz orqali lahzalik portlab chiqqan og‘riq bor. Masalan: Alomat. Yig‘lagansiz. Faqat ko‘zlaringizning narigi tomoni bilan yig‘lagansiz. Ko‘zyoshlaringiz tashqariga emas, ichingizga oqqan. Mana mening ichim to‘la temir-tersak, sizning vujudingiz esa faqat va faqat ko‘zyoshidan iborat. Lim-lim yosh... Qo‘chqor. (baralla yig‘lab yuboradi, sapchib turib oyog‘i ostidagi qutini zarb bilan tepadi). E, padariga la’nat hammasining!!! Alomat. Nega unaqa qilyapsiz, Qo‘chqor aka, axir bu shunchaki gipnoz-ku. Qo‘chqor. E, gipnozingizning ham padariga ming la’nat! (Yosh boladay g‘ingshib yig‘laydi). (“Temir xotin”, 182-bet) Quyidagi matnda muallif badiiy ta’sirchanlikni oshirish maqsadida eti qochgan, vazni me’yordan kam mazmunini ifodalovchi ozg‘in so‘zining sinonimlar qatoridagi oriq, qiltiriq, dirdov, ipiltiriq, ramaqijon, qoqsuyak, log‘ar kabi so‘zlaridan boshqalariga qaraganda belgi darajasi yuqori bo‘lgan ramaqijon so‘zini tanlaydi. Bu so‘zda mazkur ma’no obrazli tarzda ifodalanib, holdan toyganlik ma’nosi kuchli ta’kid oladi hamda so‘zlovchining kamsitishdan iborat shaxsiy munosabati ham anglashiladi. [O‘TIL, 2022: 459]. Shuningdek, ramaqijon so‘ziga 95 qo‘shilgan ozaytirma daraja hosil qiluvchi -gina qo‘shimchasi belgining yanada kuchsizlanishiga urg‘u berish bilan birga achinish mazmunini qo‘shgan. Bu esa qahramon(erkak)ni atay so‘z orqali kamsitib o‘z maqsadiga yetish uchun ayyorlik qilayotgan ayol nutqining ishonarli va ta’sirchan chiqishini ta’minlagan.Masalan: Erkak. ...Nimani o‘ylayapsiz, deyapman? Ayol. Ha... Menmi? Ko‘rib turibsiz, o‘zim bu yerdan tusholmayapman. Shu meni ko‘tarib tushirolarmikinsiz – shuni o‘ylayapman. Yo‘q, ko‘tarolmasangiz kerak, ramaqijongina ekansiz. Hay, bilmadimov... Buning ustiga qoningiz kam. (“Taqdir eshigi”, 28-bet) Ijodkorning ikkinchi turdagi sinonimlardan foydalanishi bir so‘zning ayni takrori natijasida yuzaga keladigan nutq kambag‘alligi va rangsizligining oldini olishga xizmat qilgan. Quyidagi matnda haqorat qilmoq, tahqirlamoq fe’llari kimnidir juda ayovsiz kamsitish hissini uyg‘otish kabi salbiy bo‘yoqdorlikka ega ekanligi va ma’noning o‘sish darajasi bilan o‘zaro farqlanadi. Kishining or-nomusini, qadr-qimmatini pastga uradigan, tahqirlovchi xatti-harakat yoki gap-so‘zga nisbatan ham “…rahbar bo‘lgandan keyin koyiydi-da” qabilidagi kamsitishlarni yengil koyishga yo‘yishi orqali qahramonning qadr-qimmatidan mahrum qilib, mutelikka allaqachon ko‘niktirilganiga ishora bor. Yonma-yon qo‘llangan salbiy bo‘yoqdorlikka ega bo‘lgan sinonimlar esa badiiy tasvir va tasavvurning mukammalligini ta’minlagan. Masalan: Alomat. Biron tirik jon siz bilan hisoblashadimi? Birovga gapingiz o‘tadimi? ...To‘y-ma’rakalarda poygakda o‘tirasiz! Ulug‘larga tayyorlangan dasturxonga yaqinlasha olmaysiz! Joyingizni bilib o‘tirishga majbursiz, chunki “mehnatkash” degan mansab bilan to‘rga chiqolmasligingizni yaxshi bilasiz! Shlyapa kiyib, galstuk taqqan ketmondasta ham sizni haqoratlashi, tahqirlashi mumkin! Alam qilmaydimi? Qo‘chqor. Ha endi, rahbar bo‘lgandan keyin koyiydi-da... (“Temir xotin”, 181-bet) Ma’lumki, to‘la, lim, limmo-lim, labolab, lab-balab, to‘liq so‘zlari o‘zaro ma’nodosh so‘zlar bo‘lib, butun hajmi, sig‘imi egallangan, band bo‘lgan, oxirigacha to‘lgan kabi mazmunni ifodalashga xizmat qiladi. Lim, limmo-lim, labolab, lab-balab so‘zlarida belgining nihoyatda ortiq ekanligi ifodalanadi, bu so‘zlar ko‘proq kitobiy uslubga xoslangan [O‘TIL, 2022: 192] bo‘lib, to‘laga nisbatan toshib turish holati bilan ajralib turadi va asosan, suyuqlikning me’yordan oshiqligini ifodalash maqsadida qo‘llanadi. Masalan: Alomat. Yig‘lagansiz. Faqat ko‘zlaringizning narigi tomoni bilan yig‘lagansiz. Ko‘zyoshlaringiz tashqariga emas, ichingizga oqqan. Mana mening ichim to‘la temir-tersak, sizning vujudingiz esa faqat va faqat ko‘zyoshidan iborat. Lim-lim yosh... (“Temir xotin”, 182-bet) 96 Ijodkor yuqoridagi matn tarkibidagi ushbu so‘zdagi belgining shunday ham ortiq ekanligiga qanoatlanmay yanada ekspressivlikni oshirish maqsadida so‘zni takror holda lim-lim tarzida qo‘llaydi. Natijada millatga xos ruhiy belgilardan biri bo‘lgan “Erkakning yo‘rig‘i boshqa – uyat bo‘ladi” deb hisoblaydigan qahramonning hadsiz ezilganligini anglash, uning g‘amining, iztirobining bosqichini bemalol ko‘z oldimizga keltirishimiz uchun lingvopoetik imkon yaratadi. Quyidagi ayni bir matn tarkibida ikkita sinonimik birlik ma’noni kuchaytirish maqsadida uyg‘un holda qo‘llangan, ammo bu ikki sinonim belgi va daraja jihatidan bir-biridan farqlanadi. Chuqurlik so‘zida o‘rin-joy oti bilan bog‘liq mazmun bo‘lsa, tubanlik so‘zida esa bu mazmundan tashqari salbiy munosabat ham ufurib turadi. Ijodkor bu so‘zning inja ma’nolarini sezgani uchun ham ushbu sinonimlarga murojaat etgan. Masalan: Misriyo. Rahmat, hammalaringni yaxshi ko‘rib ketyapman... Soli. Meniyammi? Misriyo. Haa... Soli. Kech, azizam, kech! Men bu qadar chuqurlikdagi, ya’ni tubanlikdagi muhabbatni tan olmayman! (“Tikansiz tipratikanlar”, 66-bet) Mohir ijodkor sinonimlarning yuqorida sanab o‘tilgan har ikki usulidan ham foydalangan. Bu kabi maqsadli qo‘llangan sinonimlar yordamida esa badiiy matndagi so‘zning estetik jilosi, ijodkor asarlari tilining badiiy jihatdan mukammal bo‘lishi ta’minlangan. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Юлдашев М. Бадиий матннинг лингвопоэтик тадқиқи: Филол. фанл. д-ри ... дисс. автореф. – Тошкент, 2009. 2. Тошхўжаева Ш. Эркин Аъзам асарлари лингвопоэтикаси: Филол. фан. бўйича фалс. д-ри (PhD) .. дисс..авторереф. – Фарғона, 2017; 3. Муқимова З. Ўткир Ҳошимов асарлари тилининг лингвопоэтик ва лингвомаданий хусусиятлари: Филол. фан. бўйича фалс. д-ри (PhD) ... дисс. автореф. – Тошкент, 2020; 4. Yuldashev J. Usmon Nosir she’riyati lingvopoetikasi: Filol. fan. bo‘yicha fals. d-ri (PhD) ... diss. avtoref. – Toshkent, 2023. 5. Маҳмудов Н. Синонимлар – тил зангинлиги ва рангинлиги кўзгуси // Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 2021. – № 4. – Б. 3. 6. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2022. I jild. – B. 459. 7. O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotmatbaa uyi, 2022. I jild. – B. 459. 8. Йўлдошев М. Бадиий матн ва унинг лингвопоэтик таҳлили асослари. – Тошкент: Фан, 2006. – Б. 32. 9. O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotmatbaa uyi, 2022. I jild. – B. 192.