AKSIOLINGVISTIKADA "O'ZINIKI – O'ZGA" OPPOZITSIYASI
Full text
112 AKSIOLINGVISTIKADA “O‘ZINIKI – O‘ZGA” OPPOZITSIYASI Muxlisaxon SAYDALIYEVA, Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti kichik ilmiy xodimi ORCID: 0009-0002-2296-8509 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488752 Annotatsiya. Ushbu maqolada baho kategoriyasining “o‘ziniki – o‘zga” oppozitsiyasi bilan munosabati tahlil qilinadi. Shuningdek, til va madaniyat kontekstida “o‘ziniki” va “o‘zga” tushunchalarining qaramaqarshiligi, ular orqali yuzaga keladigan baholash mexanizmlari tahlil qilinadi. Umumiy natijalarga tayanib, til tushunchalari ichida “o‘zga” kategoriyasi aksariyat hollarda baholovchi (aksiologik) xususiyatga ega bo‘lib, “o‘zga”ga nisbatan ijobiy yoki salbiy qarashlar “o‘ziniki” konsepsiyasini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi. Kalit so‘zlar: o‘ziniki (o‘z), o‘zga , baho, til, qadriyat. Atrofimizdagi voqea va hodisalarni tasniflanish, ularni turli kategoriyalarga ajratish orqali borliqni idrok etish kishilik jamiyati yaralganidan to bugunga qadar davom etib kelayotgan muhim mental, ijtimoiy, psixologik amaliyot sanaladi. Shu singari o‘ziga taalluqlilik yoki begonalashtirish, “do‘st” va “dushman”, “ular” va “biz” singari alomatlar bilan farqlash yoki ajratish bilan bog‘liq jarayonlar hamma davrlarda ham dolzarb bo‘lib kelgan. Dunyo tilshunosligida til va madaniyat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar sonining ortishi “o‘ziniki – o‘zga” binar oppozitsiyasining ong kategoriyasi va til tushunchasi sifatidagi ahamiyatini aniqlash imkonini beradi. Ushbu oppozitsiya turli tilshunoslar, xususan, R.Vodak, L.I.Grishayeva, T.A.van Deyk, Y.S.Stepanov, Y.I.Sheygal, R.Fovler, N.D.arutyunova, A.A.Matveyeva, V.V.Jdanova [Матвеева, 2007: 74] va boshqalar tomonidan u yoki bu darajada ko‘rib chiqilgan. Ularning asarlarida, eng avvalo, ushbu oppozitsiyaning kelib chiqishi, uning tilda ifodalanish vosita va usullari, madaniy va ijtimoiy hayotda aks etishi singari turli masalalar haqida so‘z boradi. “O‘ziniki – o‘zga” oppozitsiyasi tafakkurning asosiy binar paradigmalaridan biri sifatida qaraladi. Ushbu qaramaqarshilik inson faoliyatining barcha turlarida qo‘llanadi va turlicha namoyon bo‘ladi: 1) o‘zini atrofdagi dunyoga qarama-qarshi qo‘yish (“Men – Boshqa” / “Men – U” qaramaqarshiligi); 2) o‘z shaxsiyatini boshqa individuallikka (“Men – Sen”); 3) o‘z shaxsiyatini birlamchi ijtimoiy guruhga (“Men – Biz” / “Men – Siz”) va 4) shaxs a’zosi bo‘lgan guruhni boshqa ijtimoiy guruhga (“Biz – Ular” / “Biz – Siz”) qarama-qarshi qo‘yish (Зырянов, 2021: 47). XXI asrda kognitiv fanlar diqqat markazida tafakkurning tabiati, kategoriyalashtirishning mohiyati va uning tafakkur bilan aloqasi, bilim turlari va ularni lisoniy ifodalash usullari kabi masalalar turadi. “O‘ziniki” va o‘zga” oppozitsiyasining reprezentatsiyasi obyektiv borliqni “o‘ziniki” va “begona”ga
113 ajratish, shuningdek, “o‘zini” “begona”ga qarama-qarshi qo‘yish imkonini beruvchi kategoriyalashtirishda ifodalanadi. Rus tilshunosi Y.Y.Arekeyevaning maqolasida keltirilishicha, “bilvosita nominatsiya orqali verballashtirilayotgan dunyo fragmentini kategoriyalashtirish nomlanayotgan obyektning belgilarini tegishli kategoriyaning fokusi bo‘lgan prototip bilan taqqoslash orqali amalga oshiriladi” [Арекева, 2023: 183]. “O‘ziniki – o‘zganiki” oppozitsiyasini ifodalovchi til birliklarini tahlil qilish millat mentalitetini anglashga, kognitiv faoliyat jarayonida insonning o‘zini va dunyoni idrok etishiga yordam beradi. Dastlab “o‘ziniki” va “o‘zga” tushunchalari inson yashaydigan muhit bilan bir butunlikni tashkil etgan. Biroq hayotiy makonni toifalashtirish, shaxs tafakkurining rivojlanishi natijasida dunyoning binar modeli murakkablashadi va insonning jamiyat bilan ko‘p darajali aloqalariga qadar kengayib boradi: qarindoshlik, til, kasbiy, qabila, etnik va hokao. Zamonaviy madaniy muloqotda “o‘ziniki” kategoriyasi subyektning “o‘ziniki” sifatida tushuniladigan ma’lum bir ijtimoiy guruhga o‘zini bog‘lashi va subyekt tomonidan “begonalar” sifatida belgilanadigan umumiylikdan o‘zini ajratishi sifatida ifodalanadi [Арекева, 2023: 183]. O‘ziniki – begona” qaramaqarshiligi madaniyatni butunlay qamrab oladi, chunki olamni idrok etishning asosida borliqdagi har bir hodisadan “o‘ziniki”ni topish va “o‘zga”ni ajratish, farqlash operatsiyalari yotadi. Bu oppozitsiya ko‘plab fanlar, jumladan, tilshunoslik, falsafa, psixologiya, sotsiologiya va h.k. uchun universal tushuncha bo‘lib, ma’lum bir lingvomadaniy hamjamiyatda qabul qilingan me’yorlar va qadriyatlar haqida fikr yuritish imkonini beruvchi asosiy mo‘ljal hisoblanadi. Obyektni “o‘ziniki” deb hisoblash uning xususiyatlari va qadriyatlarini ushbu jamoada keng tarqalganlari bilan taqqoslashni nazarda tutadi. Oppozitsiya dunyoning milliy manzarasiga kiruvchi eng qadimiy madaniy, lingvistik konstantalardan biridir. U barcha hodisalarni tanish yoki notanish, qadrdon, yaqin, do‘st yoki o‘rganilmagan, uzoq, dushmanlarga ajratish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. “O‘ziniki – o‘zga” ijtimoiy idrok doirasi madaniy hamjamiyatning barcha vakillarida mavjud. O‘ziniki va begonalarni aniq qarama-qarshi qo‘yish turli xalqlarda paydo bo‘lgan va tildagi farqlar, e’tiqodlar, turmush tarzi va axloqiy me’yorlar bilan mustahkamlangan. “O‘ziniki – o‘zga” oppozitsiyasi, avvalo, inson ongi kategoriyalarini belgilovchi universal binar oppozitsiya sifatida qaraladi. Bunday tushunchalar o‘zaro bog‘liq bo‘lib, odamlar atrofdagi voqelikni idrok etadigan o‘ziga xos dunyo modelini hosil qiladi. Ushbu oppozitsion tushunchalarning tasnifi T.V.Sivyan ishida quyidagicha keltiriladi: makon tuzilishidagi binar oppozitsiyalar (yuqoriga/pastga, osmon/yer, sharq/g‘arb va boshqalar); vaqt tuzilishidagi (kun/tun, yoz/qish va boshqalar); rang bilan (oq/qora, qizil/qora, yashil/qizil, pushti/moviy va boshqalar); tabiiy/madaniy oppozitsiyasi bilan
114 (ho‘l/quruq, yovvoyi/xonaki va boshqalar); ijtimoiy toifalar bilan (erkak/ayol, katta/kichik, o‘z/begona, ichki/tashqi va boshqalar). Ushbu ikki qutblilik belgi to‘plamlari asosida universal belgilar majmualari tuziladi hamda ular yordamida olam o‘zlashtiriladi. Ushbu binar oppozitsiyaning qadriyatlar tizimidagi o‘rni borasida tadqiqotlar olib borgan rus tilshunosi A.A.Matveyevaga ko‘ra, “O‘ziniki – o‘zga” kategoriyasini amalga oshirishda ishtirok etadigan baholash ikki xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin: yuzaki (zamonaviy umuminsoniy madaniy me’yorlarga asoslangan) – bu “o‘ziniki”da salbiy xususiyatlar va “o‘zga”da ijobiy xususiyatlar mavjudligiga yo‘l qo‘yadi hamda chuqur (bazaviy arxetipga ko‘tarilgan) – bunda “o‘ziniki” har doim yaxshi, begona, ya’ni “o‘zga” esa yomon” [Матвеева, 2011: 5]. Shuningdek, olima chuqur baholash “o‘ziniki – o‘zga” kategoriyasini ifodalashda ustuvor ekanligini ta’kidlaydi. A.A.Matveyeva kontekstual tahlillarga tayanib, “o‘ziniki”ning salbiy xususiyatlari kompensatsiyaga, “begona”ning ijobiy xususiyatlari esa devalvatsiyaga uchraydi, deb hisoblaydi: “So‘zlovchi tomonidan “begona”ning muayyan ijobiy xususiyatlari va “o‘ziniki”ning salbiy xususiyatlariga yo‘l qo‘yilishi (yuzaki baho) obyektivlik ko‘rinishini yaratishga imkon beradi, kompensator-devalvatsion mexanizmlarning ishga tushirilishi (chuqur baho) esa tinglovchi ongida “o‘ziniki” baribir yaxshi, “begona” baribir yomon” aksiologik xulosasini yaratishga imkon beradi” [Матвеева, 2011: 5]. Umuman olganda, “o‘ziniki – o‘zga” oppozitsiyasi inson tafakkurining, idrokining eng asosiy ikki qutbli paradigmalaridan bo‘lib, u inson hayoti, faoliyati, madaniyati, qadriyatlarining har bir jabhasida ishtirok etadi va namoyon bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida kishilarga, avvalo, o‘zini boshqa insonlar va butun borliq bilan qarama-qarshi qo‘yish, ikkilamchi, o‘ziga taalluqli bo‘lgan hodisalarni shu qaramaqarshiliklar orqali ajratib olishga imkon beradi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Матвеева А.А. Взаимодейтвие категории «свой–чужой» и категории оценки // Вестник Башкирского университета. – Уфа, 2007. – №3. – С.74-77. 2. Матвеева А.А. Оценочная параметризация лингвокультурологическои категории «свойчужой»: Автореф. дисс. … канд. филол. наук. – Уфа, 2011. – 22 с. 3. Арекеева Ю.Е. Особенности фразеологической категоризации оппозиции «свой – чужой» в китайской лингвокультуре // https://journals.udsu.ru/multilingualism/article/view/8505/7279 4. Зырянов М.С., Кашпур В.В., Андреева Т.Л. «Свой»: Анализ языковой репрезентации и моделирование категории (на материале существительных, функционирующих в текстах российских и американских СМИ о вооруженном конфликте в Сирии) // Теоретическая и прикладная лингвистика. 2021. Вып. 7, No 1. С. 46–62.