POETIK KORPUSNING ZAMONAVIY TIL TA'LIMIDAGI AHAMIYATI
Full text
133 POETIK KORPUSNING ZAMONAVIY TIL TA’LIMIDAGI AHAMIYATI Diyora MAXAMMADIYEVA, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti [email protected] ORCID: 0009-0004-1491-1443 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488790 Annotatsiya. Ushbu maqolada poetik korpusning zamonaviy til ta’limidagi o‘rni va ahamiyati tahlil qilingan. Korpus lingvistikasi asosida ta’lim jarayonida poetik matnlar bilan ishlash o‘quvchilarda til kompetensiyasini rivojlantirish, lug‘at boyligini kengaytirish, estetik didni shakllantirish va madaniyatlararo kompetensiyani mustahkamlashga xizmat qilishi ko‘rsatib berilgan. Shuningdek, poetik korpusning ta’limiy samaralari, uni yaratish va tatbiq etish bosqichlari, hamda chastotali lug‘atlar, konkordanslar va kollokatsiyalar yordamida til sezgirligini rivojlantirish metodlari ilmiy jihatdan asoslangan. Kalit so‘zlar: poetik korpus, korpus lingvistikasi, chastotali lug‘at, konkordans, kollokatsiya, til sezgirligi, zamonaviy til ta’limi, estetik idrok, madaniyatlararo kompetensiya. XXI asrda til ta’limi nafaqat grammatik bilimlarni shakllantirish, balki kommunikativ kompetensiyani rivojlantirish, til foydalanuvchilarini global axborot makonida erkin muloqot qila olish darajasiga yetkazish bilan belgilanadi. Shuningdek, globallashuv, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlarining kengayishi til ta’limida yangicha metod va yondashuvlarni joriy etishni taqozo qilmoqda. An’anaviy grammatikani o’qitishga yo‘naltirilgan ta’lim usullari zamonaviy ehtiyojlarga to‘la javob bera olmay qoldi. Shu bois til o‘rgatishda innovatsion yondashuvlar – korpus lingvistikasi, raqamli ta’lim platformalari va madaniyatlararo kommunikativ kompetensiyani rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbek tilshunosligida keyingi yillarda til birliklarini lingvostatiktik tadqiq etishga qaratilgan ishlar[1,2,3,4], til korpuslarini tuzish metodikasi va texnikasi tadqiqiga bag‘ishlangan tadqiqotlar ko‘paydi[5,6,7,8,9,10,11,12]. S.Karimov, A.Qarshiyev va G.Isroilova tomonidan yaratilgan “Abdulla Qahhor asarlari tilining lug‘ati” [1.2007] asarida alifbo tartibidagi, chastotali va ters lug‘atlar tuzilib, badiiy matnlarning lingvostatistik tahlili uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Ushbu tadqiqotga badiiy matnlar tilining lingvostatistik tadqiqi uchun muhim amaliy tajriba sifatida qarash mumkin. O‘zbek tilining mualliflik va milliy korpuslari sohasida ham izchil izlanishlar olib borildi. Sh.Xamroyeva [5.2018] o‘zbek tilida mualliflik korpusini tuzishning nazariy asoslarini ishlab chiqib, badiiy matnlar bilan ishlashda muhim metodologiyani taklif etdi. G.Toirova [6.2021] esa milliy korpusning nazariy va amaliy masalalarini keng qamrab olib, o‘zbek tilining zamonaviy elektron resurslarini yaratishda konseptual yondashuvni shakllantirdi. Shuningdek, so‘nggi yillarda o‘zbek tilshunosligida korpus lingvistikasi yo‘nalishiga bo‘lgan qiziqish va
134 e’tibor kuchaydi. Til korpuslari tuzishning nazariy asoslari tadqiq qilinib, ularning natijalari amaliyotga joriy qilib kelinmoqda. Xususan, o‘zbek tilining milliy korpusi (https://uznatcorpara.uz/), o‘zbek tilining ta’limiy korpusi (https://uzschoolcorpara.uz/), Alisher Navoiy mualliflik korpusi (http://alishernavoicorpus.uz/en), O‘zbek tili korpusi (https://uzbekcorpus.uz/) kabi bir qancha lingvistik korpuslar yaratildi. She’riy korpuslar yaratish ham korpus lingvistikasining muhim muammolaridan biri hisoblanib, foydalanuvchiga tilshunoslik va adabiyotshunoslik chegarasida joylashgan muammolarni hal qilish imkonini beradi. Poetik korpus o‘quvchilarda nafaqat lingvistik bilim, balki estetik idrok va madaniyatlararo kompetensiyani rivojlantiruvchi vositalardan biri bo’la oladi. Zamonaviy pedagogika va lingvistika sohalarida innovatsion yondashuvlar til o‘rganish jarayonini yanada samarali, interaktiv va shaxsga yo‘naltirilgan shaklda tashkil etishga xizmat qiladi. Quyida zamonaviy til ta’limida til korpusiga oid yondashuvlar tahlil qilinadi. Korpus lingvistikasi asosida ta’lim. Korpus lingvistikasi matnlar bazasidan foydalanib, til hodisalarini statistik, lingvostatistik va kompyuter vositalari yordamida tadqiq etuvchi ilmiy yo‘nalishdir. Korpus lingvistikasi an’anaviy lingvistikadan farqli ravishda tilni alohida gap yoki so‘z darajasida emas, balki katta hajmdagi real matnlarda kuzatiladigan qonuniyatlar asosida o‘rganadi. Shuning uchun ham u tilning tabiiy qo‘llanishiga asoslangan empirik fan sifatida e’tirof etiladi. Korpus lingvistikasi asosida til o‘rgatish usuli bugungi kunda ilmiy hamda amaliy ta’limda keng qo‘llaniladi. O‘quvchilar poetik, badiiy yoki publitsistik matnlardan tuzilgan korpus bilan ishlash orqali real til muhitini o‘zlashtiradi. Konkordanslar va chastotali lug‘atlar yordamida lug‘at boyligi kengayadi, shuningdek, til birliklarini jonli kontekstda o‘rganish imkoniyati yuzaga keladi. Bu usul tilni o‘zlashtirishda statistik va lingvostatistik tahlilning ham samarali ekanini ko‘rsatadi. Korpus lingvistikasining asosiy vazifalari. 1. Til birliklarining chastotasini aniqlash – so‘z va grammatik konstruktsiyalarning qo‘llanish darajasini hisoblash. 2. Konkordanslar tuzish – ma’lum birliklarning turli kontekstlarda qanday ishlatilishini ko‘rsatish. 3. Leksik-semantik tahlil – sinonimiya, antonimiya, polisemiyaga oid ma’lumotlarni statistik jihatdan o‘rganish. 4. Til me’yorlarini belgilash – adabiy til va og‘zaki nutqda qo‘llaniladigan standart va chetga chiqish holatlarini ko‘rsatish.
135 5. Til o‘qitish va tarjima jarayonida qo‘llash – real til materiallariga asoslangan darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari yaratish. Poetik korpusning o‘ziga xosligi. Poetik matnlar umumadabiy tilga nisbatan ko‘proq emotsional va obrazli xususiyatlarga ega bo‘lib, ularni korpus shaklida tadqiq qilish alohida yondashuvni talab qiladi. She’riy korpus o‘quvchilarda nafaqat til kompetensiyasini rivojlantirish, balki estetik didni shakllantirish, milliy qadriyatlarni anglash va madaniyatlararo tafakkurni kengaytirishga xizmat qiladi. Masalan, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf va Shavkat Rahmon kabi shoirlar poetik korpusini ta’lim jarayoniga jalb etish orqali talabalar til birliklarini real ijodiy kontekstdan o‘rganadi. Shu orqali ular nafaqat lingvistik bilimga ega bo‘ladi, balki milliy o‘zlikni anglash va madaniy merosni chuqurroq his etadi. a. Poetik korpusni ta’limga tatbiq etish bosqichlari. b) Tanishuv bosqichi – o‘quvchilar she’riy matnlarni elektron korpus orqali o‘rganadi, konkordans va chastotali lug‘atlar bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘ladi. b) Tahlil bosqichi – poetik birliklarning semantik, stilistik va obrazli xususiyatlari o‘rganiladi, o‘quvchilar matnni lingvistik jihatdan tahlil qiladi. c) Qo‘llash bosqichi – o‘rgangan bilimlari asosida yangi nutqiy vaziyatlarda foydalanadi: she’r yaratish, kollokatsiyalar asosida matn tuzish, muloqotga tatbiq etish. d) Integratsiya bosqichi – poetik korpus materiallari boshqa fanlar (adabiyot, tarix, madaniyatshunoslik) bilan uyg‘unlashtirilib, CLIL (Content and Language Integrated Learning) metodikasi asosida kompleks ta’limni amalga oshiradi. a. Poetik korpusning ta’limiy xususiyatlari. 1. Emotsionallik va obrazlilik – poetik matnlar o‘quvchilarning histuyg‘ulariga ta’sir etib, tilni jonli idrok etishga yordam beradi. 2. Madaniy merosni o‘zlashtirish – she’riy korpus orqali milliy qadriyatlar, urf-odatlar va badiiy an’analar bilan tanishish imkoniyati yaratiladi. 3. Kreativlikni rivojlantirish – kollokatsiyalar asosida yangi she’riy parchalar yaratish, ijodiy topshiriqlar bajarish orqali talabalarda ijodiy tafakkur shakllanadi. 6. Til kompetensiyasini mustahkamlash – real poetik kontekstda lug‘at boyligini kengaytirish, grammatik konstruktsiyalarni jonli qo‘llash imkoniyati tug‘iladi. Madaniyatlararo muloqotga tayyorlash – poetik korpus boshqa xalqlar adabiyoti bilan qiyosiy tahlil qilish orqali global madaniy tafakkurni kengaytiradi. Poetik korpus asosida o‘quvchilarda til sezgirligini rivojlantirish metodlari. Zamonaviy til ta’limida poetik korpusdan foydalanish nafaqat adabiy matnlarni tizimli tahlil qilish, balki o‘quvchilarda til sezgirligini shakllantirishda ham samarali
136 vosita hisoblanadi. Til sezgirligi – bu o‘quvchining so‘z, birikma va uslubiy vositalarning nozik ma’no farqlarini idrok etish hamda ularni nutqiy faoliyatda ongli ravishda qo‘llash qobiliyatidir. Ushbu qobiliyatni rivojlantirishda poetik korpusning uch asosiy komponenti – chastotali lug‘atlar, konkordanslar va kollokatsiyalar alohida ahamiyat kasb etadi. 1. Chastotali lug‘atlar asosida metodlar • So‘z boyligini kengaytirish: yuqori chastotali birliklarni o‘rganish orqali o‘quvchi she’riy matnlarning asosiy leksik qatlamini o‘zlashtiradi. • Uslubiy qiyoslash: turli shoirlar ijodida uchraydigan tez-tez ishlatiladigan birliklarni solishtirish orqali o‘quvchi muallifning leksik portretini farqlashni o‘rganadi. • Kognitiv tafakkurni rivojlantirish: ko‘p uchraydigan so‘zlar orqali milliy va madaniy qadriyatlarning badiiy talqinini anglashga imkon yaratadi. 2. Konkordanslardan foydalanish metodlari • Kontekstual o‘rganish: bitta so‘zning turli kontekstlarda qanday ma’no kasb etishini kuzatish orqali o‘quvchi semantik sezgirlikni rivojlantiradi. • Majoziy va obrazli qo‘llanishni anglash: konkordans tahlili so‘zning metaforik, ramziy va emotsional ranglarini ochib beradi. • Adabiy tahlilni chuqurlashtirish: o‘quvchilar matnni qabul qilish jarayonida shoirning obrazli dunyoqarashi bilan tanishadi. 3. Kollokatsiyalar asosida metodlar • So‘z birikmalarini tabiiy qabul qilish: poetik kollokatsiyalar (yorug‘ kun, ona yurt, so‘nmas muhabbat) o‘quvchiga tilning tabiiy uyg‘unligini anglash imkonini beradi. • Ijodiy yozuvni rivojlantirish: tayyor kollokatsiyalarni o‘z nutqida qo‘llash orqali o‘quvchi asta-sekin yangi birikmalar yaratishga o‘tadi. • Estetik didni shakllantirish: shoirlarga xos betakror so‘z birikmalari o‘quvchining poetik sezgirligini kuchaytiradi. 4. Natijaviy jihatlar Poetik korpus vositalaridan foydalanish o‘quvchilarda: • so‘z va ma’no sezgirligini rivojlantiradi; • uslubiy tafovutlarni sezishga yordam beradi; • nutqiy boylikni kengaytirishga ko’maklashadi; • matnni chuqurroq anglash va talqin qilishda foydalaniladi; • ijodiy yozuv ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Xulosa qilib aytganda, poetik korpus zamonaviy ta’lim jarayonida o‘quvchilarni nafaqat til birliklarini o‘zlashtirishga, balki ularni estetik va ma’naviy jihatdan boyitishga xizmat qila oladi. Chastotali lug‘atlar orqali asosiy leksik
137 qatlamni o‘zlashtirish, konkordanslar yordamida kontekstual tahlilni chuqurlashtirish va kollokatsiyalar orqali ijodiy tafakkurni rivojlantirish o‘quvchilarda til sezgirligini samarali shakllantiradi. Shuningdek, poetik korpus milliy qadriyatlarni anglash, madaniyatlararo tafakkurni kengaytirish va adabiy merosni chuqurroq idrok etishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Shu sababli, poetik korpusdan foydalanish zamonaviy til ta’limida innovatsion va samarali metod sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Karimov S., Qarshiyev A., Isroilova G. Abdulla Qahhor asarlari tilining lug‘ati. Alifavitli lug‘at. Chastotali lug‘at. Ters lug‘at. – Toshkent, 2007. – 420 b. 2. Rizayev S. O‘zbek tilining lingvostatistik tadqiqi: Fil. fan. dok. diss. avtoref. – Toshkent, 2008. 3. O‘rinboeva D.B. O‘zbek folklori matnlarining lingvostatistik tadqiqi. – Toshkent: Fan, 2010. 4. Muhammadova S. Harakat fe’llari asosida kompyuter dasturlari uchun lingvistik ta’min yaratish. Metodik qo‘llanma. – Toshkent, 2006. – 45 b. 5. Xamroeva Sh.M. O‘zbek tili mualliflik korpusini tuzishning lingvistik asoslari: Fil. fan. bo‘yicha falsafa doktori (PhD) diss. – Buxoro, 2018. – 250 b. 6. Toirova G.I. O‘zbek tili milliy korpusini yaratishning nazariy va amaliy masalalari. Filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi avtoreferati. – Buxoro, 2021. 7. Axmedova D. Atov birliklarini o‘zbek tili korpuslari uchun leksik-semantik teglashning lingvistik asos va modellari: Fil. fan. bo‘yicha falsafa doktori (PhD) diss. – Buxoro, 2020. – 40 b. 8. Eshmuminov A.A. O‘zbek tili milliy korpusi sinonim so‘zlar bazasini yaratish asoslari: Fil. fan. bo‘yicha falsafa doktori (PhD) diss. – Termiz, 2019. – 140 b. 9. Ataboyev N. Ingliz tili korpusining funksional xususiyatlari (COCA misolida). Dis. Avtoreferat. – 15-bet. 10. Begmatova G. O‘zbek milliy korpusida idiomalar bazasini yaratish: Fil. fan. bo‘yicha falsafa doktori (PhD) diss. – Termiz, 2021. 11. Xidirov O. Milliy korpus uchun parsing dasturi yaratishning lingvistik asoslari: Fil. fan. bo‘yicha falsafa doktori (PhD) diss. – Jizzax, 2021. 12. Abduraxmonova N.Z. Inglizcha matnlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish dasturining lingvistik ta’minoti (Sodda gaplar misolida): Filol.fan. bo‘yicha falsafa doktori (PhD) diss. avtoref. – Toshkent, 2018.