EPITET VA O'XSHATISH QURILMALAR BADIIYATI
Full text
138 EPITET VA O‘XSHATISH QURILMALAR BADIIYATI Soxiba GAZIBEKOVA, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti mustaqil izlanuvchi [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488794 Annotatsiya. Maqolada Xayriddin Sultonov asarlarida sifatdosh qurilmalar bilan ifodalangan epitetlarning asar badiiyatidagi estetik vazifasi ochib berilgan. Shuningdek, yozuvchi asarlarida an’anaviy o‘xshatishlar va individual o‘xshatish qurilmalardan ham foydalangani, ular matnning ekspressivligini ta’minlovchi vositalardan biri ekanligi tahlillar orqali yoritib berilgan. Kalit soʻzlar. Epitetlar, badiiy tasvir vositasi, poetik aniqlovchi, o‘xshatishli qurilmalar, badiiy matn, sifatdoshli qurilmalar. Dunyo tilshunosligida epitеtlar o‘ziga xos baholovchi mazmunni ifoda etadigan birlik sifatida ko‘plab tadqiqotlar sirasida o‘rganilgan bo‘lsa-da, epitetlarning ta’rifi borasida turli fikrlar mavjud. Ko‘p tilshunoslar tomonidan epitetlar otli birikma yoki aniqlovchili birikmadan iborat bo‘lib, u aniqlovchi bilan birga kelishi aytilgan. Yana epitetlar ifodaviy xarakterga ega bo‘lib, baholovchi xususiyatga egaligini va ijobiy yoki salbiy mazmun ifodalaydigan ta’riflovchi so‘z tarzida qabul qilinishi ham qayd etilgan. [Pritty Patel-Grosz, 2015: 150]. L.Guseva esa epitetning tasviriy vositalar ichida muhim ma’no va emotsional vazifa bajaradi hamda “epitet metafora, qiyoslash, antiteza va boshqa usullarni amalga oshirishga yordam beradi [Гусева, 1976: 3-4]”, – deydi. M.Ivanovaning ta’rifiga ko‘ra esa, “…epitetni tanlash va qo‘llash yozuvchining tafakkur xususiyatlarini, atrofidagi olamni anglashini, uning shaxsiy g‘oyaviy qarashlarini aks ettiradi. [Иванова, 1970: 4]. Muayyan ijodkor asarlaridagi til birliklari batafsil, to‘liq tahlil qilinsagina, ijodkorning individual mahorati namoyon bo‘ladi. Tabiiyki, bitta tadqiqot doirasida bunday qamrovdagi tahlillarni amalga oshirish imkonsiz. Shu bois filologik tadqiqotlarda eng muhim tasviriy vositalarni o‘rganish orqali yozuvchi mahoratini belgilash an’anaga aylangan. Struktur-semantik jihatdan ham epitetlar she’riy nutqda va nasriy nutqda farqlanadi. Xususan, Xayriddin Sultonov asarlarida sifatdosh qurilmalar bilan ifodalangan epitetlar faol qo‘llangan. Ijodkor asarlarida tabiat tasviriga nihoyatda katta ahamiyat berilgan bo‘lib, unda epitetlar yetakchilik qilishini kuzatishimiz mumkin. Masalan: Kunbotarda bir muddat cho‘g‘day yallig‘langan shafaq astasekin so‘ndi. Olovning yugurik qizg‘ish tillari atrofga sapchib, lip-lip soya tashlay boshlandi. (X.Sultonov, “Chayladagi to‘rt erkak”). E’tibor bеrilsa, cho‘g‘day yallig‘langan, yugurik qizg‘ish, lip-lip sifatlovchilari o‘zi birikkan so‘z bilan epitеtli birikma hosil qilyapti. Mana shu birikmalarda yozuvchining so‘zni his qilish mahorati aniq sеziladi. Shafaq so‘zini cho‘g‘ so‘zi
139 bilan bog‘lash tilimizda kuzatiladi. Bu o‘rinda yallig‘langan so‘zini birikma tarkibiga kiritish orqali holat yanada tеran, ta’sirchan ifodalanganligi anglashiladi. Ya’ni cho‘g‘ misoli qizarib turgan shafaq tasvirini yanada aniqlashtirish maqsadida mazkur so‘zning qo‘llanishi tasvirga o‘ziga хos ohor bag‘ishlagan. Olovning tili qizg‘ish ekanligi ma’lum, adib uning yugurik ekanligini ta’kidlash orqali esa tasvir quyuqlashtirilgan. Bu o‘rinda sapchimoq fе’lining qo‘llanishi olovning yugurik harakatini bir qadar to‘ldirib turadi. Olovning soyasi ham shunchaki emas, balki harakatlanib turishi lip-lip soya tashlamoq birikmasida aniqroq ifodalangan. Badiiy matnda sifatdoshlar epitеtni yuzaga kеltirishda faol ishtirok etadi. Misol: Qirrasi qovun so‘yadigan shimiga hardamхayol razm solib, u to‘shagan ko‘rpachaga omonatgina tiz cho‘kdi. (X.Sultonov, “Tomosha”) Ko‘rinadiki, yuqoridagi matnda yozuvchi dazmollangan shim dеyishi mumkin edi, lеkin obrazli qilib qirrasi qovun so‘yadigan epitеtini qo‘llash orqali tasvirni nihoyatda ta’sirchan holga kеltirgan. Mana shu birikmalarda yozuvchining so‘zni his qilish mahorati aniq seziladi. Ijodkorning “Ajoyib kunlarning birida” qissasining nomidan boshlab, asar davomida ham an’anaviy, ham individual epitetlarni ko‘plab uchratish mumkin. “Bu voqea ajoyib kunlarning birida ro‘y berdi. Ochig‘ini aytganda, bu kunni bu qadar ajoyib kun deb ham bo‘lmasdi (havo sovuq, yer balchiq, yo‘l-yo‘lkalar shiltashalabbo, samalyotga bilet yo‘q, paxtakor birinchi ligaga tushib ketgan... Lekin, ajoyib bir kun edi. (odamlar shoshib ishga borar, maydonlarda gala-gala kaptar o‘ynar, do‘konlarda savdo chaqqon, radiodan Munojot “Munojot”ni qarsillatib aytib turar, namchil xiyobonlarda shamsiya tutgan oshiqlar ohista kezar edi. Xullas, bu voqea ana shunday kunlarning birida ro‘y berdi”. (X.Sultonov, “Ajoyib kunlarning birida”). Yuqoridagi matn parchasida e’tiborni tortadigan yana bir jihat shamsiya tutgan sifatdosh qurilmali epitet tarkibidagi shamsiya so‘zidir. Ma’lumki, ushbu so‘z lug‘atda eski kitobiy tilda quyosh nuridan, yog‘in-sochindan saqlanish uchun tutiladigan soyabon; zont mazmunini ifodalashi qayd etilgan. [O‘TIL, 2022: 585]. Ijodkor bu o‘rinda soyabon yoki zont so‘zini qo‘llasa ham bo‘lardi, ammo ushbu so‘zning eski kitobiy tildagi varianti badiiy matn tasvirining estetik quvvatini yanada oshirishga xizmat qilganini ko‘rish mumkin. Xayriddin Sultonov quyidagi badiiy matn parchasida o‘rkach-o‘rkach lopillagan sifatdosh birikmali epitetni qo‘llash orqali o‘zining betakror mahoratini namoyon qilgan. Bilamizki, o‘rkach o‘zbek adabiy tilida tuya leksemasiga oid so‘z hisoblanadi. Ijodkor esa uni lopillagan so‘zi bilan birga ifodalab, to‘lqinlarining shiddati manzarasini yanada qabariq ifodalagan. Masalan: Tog‘lardan sel keldi. O‘rkach-o‘rkach lopillagan to‘lqinlar azamat daraxtlarni, haybatli qoyatoshlarni, temir-tersaklarni xasdek o‘ynatib, chirpirak qiladi. Osmon qop-qora, zamin ustiga
140 qovoq uyib enkayib olgan. Bunday kezlarda “Xudo-yo, o‘zing asra”, deya uyga tiqilib o‘tirishdan o‘zga chora yo‘q. (X.Sultonov, “Boburiynoma”, 15-bet). Ijodkorning ba’zi bir orinlarda sifatdosh qurilmali epitetlardan ayni bir matnda bir necha o‘rinlarda foydalangani asar badiiyatini yanada oshirishga xizmat qilganining guvohi bo‘lish mumkin: Nahotki, o‘zi ham shu tosh singari benom-u nishon yo‘q bo‘lib ketsa? Yuragida qaynab toshgan intiqom, hali yuzdan biri ro‘yob ko‘rmagan niyatlari, nahot, shu gadoy topmas xilvatda butkul bitsa? (X.Sultonov, “Boburiynoma”, 27-bet). Ma’lumki, o‘xshatishlar tashqi dunyoni bilishning eng qadimiy usullaridan biri hisoblanadi. O‘xshatishlar muayyan xalqning ilk tafakkur tarzini va tasavvurlarini tamsil etadi. Ularda ma’lum bir davrda yashagan ajdodlarimizning kechinmalari, tasavvurlari muhrlangan bo‘ladi. [Usmonova, 2019: 102]. Tilshunos olim N.Mahmudov “…o‘xshatishlar o‘ziga xos obrazli tafakkur tarzining mahsuli sifatida yuzaga keladi. Shuning uchun ham ular nutqda hamisha badiiy estetik qimmatga molik bo‘ladi, nutqning emotsional-ekspressivligi, ifodaliligi, ta’sirchanligini ta’minlashga xizmat qiladi”, – deydi. Hamda o‘xshatishlarning individual muallif yoki erkin o‘xshatishlar hamda umumxalq yoki turg‘un (doimiy) o‘xshatishlar [Маҳмудов, Худойберганова, 2013: 5]. kabi turlarini farqlaydi. Oʻxshatishlar haqida maxsus tadqiqot olib borgan professor D.Xudoyberganova inson ruhiy holatini ifodalashda o‘xshatishlar ham muhim o‘rin tutishini “O‘zbek tili o‘xshatishlarining izohli lug‘ati”da ma’nosi izohlangan turg‘un o‘xshatishlar ichida holat bildiruvchi o‘xshatishlar o‘zining ta’sirchanligi, obrazliligi va lingvopoetik jihati bilan ajralib turishini koʻrsatadi. [Худойберганова, 2015: 97]. Xayriddin Sultonov аn’anaviy ya’ni turg‘un doimiy o‘xshatishlardan ham unumli foydalangan. Masalan, adib o‘zining “Navoiy-30” asarida Toshkentdagi hayoti tasvirida ijarada ko‘rgan qiyinchiliklarini ta’sirli ifodalagan: Hisobsiz ko‘ch-ko‘chlar, fe’li tor kampirlarning qosh-qovog‘i, zulukday so‘radigan ijara haqi bularning barchasiga u matonat bilan dosh berar va shu matonati Rahmatullaga tog‘dek yurak bo‘lar edi. Ma’lumki, o‘xshatish qurilmaning asosida o‘xshatish etaloni nihoyatda muhim hisoblanadi. Mazkur gapda ikkita o‘xshatish ishlatilgan bo‘lib, birisi zuluk, ikkinchisi tog‘. Ijaraning mashaqqatini o‘z hayotidan ham yaxshi bilgan adib qahramonning boshidan o‘tgan qiyinchiliklar tasvirida qo‘l kelgan. Zulukday so‘rmoq o‘xshatishi xalq tilida faol qo‘llangan bo‘lib, “niyatiga yetmaguncha qo‘ymaydi” ma’nosida o‘ta salbiy ma’no qirrasi bilan ishlatiladi. Ijara haqi to‘lash bilan bog‘liq mashaqqat zulukning qon so‘rishidagi yoqimsizlik bilan qiyoslangan. Nozimaxonning Rahmatilla yonida turib barcha qiyinchiliklarga dosh berishi tog‘dek o‘xshatish qurilmasi bilan ifodalanadi. Aslida tog‘dek yurak o‘xshatishi individual uslubga xos bo‘lib, odatda yurak tog‘ bilan qiyoslanmaydi. Tog‘dek kuch-quvvat,
141 tog‘dek matonat kabi birikmalar mavjud, ammo yurakning tog‘ga o‘xshatilishi uchramaydi. Bunda yozuvchining badiiy niyati shundaki, ayol kishining matonati erkak kishini yanada viqorli va jasur qilishga qodir bo‘lishini shu tarzda ta’kidlaydi. Nozimaxonning qiyinchiliklar qarshisidagi matonati Rahmatillaga kuch bag‘ishlaydi. Uncha-muncha kuch emas, tog‘dek yurak bag‘ishlaydi. Ko‘rinadiki, matonat abstrakt so‘z sifatida shakl-u shamoyili noaniq, adib uni moddiylashtirish uchun yurak metaforasini qo‘llaydi. Va tog‘dek o‘xshatishi orqali juda katta, viqorli va qimmatli bir voqelik ekanligini ta’kidlamoqchi bo‘ladi. Xalq tilidagi tom ma’nodagi xazina hisoblanmish maqol, matal qolipli so‘zlarni badiiy asarlarga muayyan maqsad bilan olib kirish ijodkorning eng buyuk a’moli, vijdoniy burchi bo‘lishi kerak. Adib asarlaridagi oila motivi nihoyatda go‘zal tarzda ishlanadi. Bu esa uning oilaning muqaddasligi haqidagi konsepsiyasi bilan bog‘liqdir. Masalan, “Onamning yurti” hikoyasida sarlavhaning o‘ziyoq kitobxonni beg‘ubor tuyg‘ular olamiga tortib ketadi. “To‘qchilik va yo‘qchilik” hikoyasida oila qisqa, biroq go‘zal chizgilarda tasvirlangan. Masalan, katalakdek hujra, qaldirg‘och uyasidek xonadon, o‘z uyi o‘lan to‘shagi kabi tasvirlanar ekan u yerda qaynayotgan hayot shu tarzda poetik ifodalarda tasvirlangan: Rahmatulla ba’zan kechqurun ishdan qaytib, uyini taniyolmay qolardi: divan u yoqqa surilgan, stol bu yoqqa, guldonlarda anvoyi gullar… Xonalar yorug‘, har tomon orasta, bolalar ozoda, biri-biridan o‘zib salom bergan… Bosh chayqab, miyig‘ida kulimsirab qo‘yardi-da, yuvingani kirib ketardi. Ostonada sochiq uzatib turgan Nozimaxonga shuning o‘zi kifoya, yashnabyasharib, oyog‘i olti bo‘lib oshxonaga yugurar edi. So‘ng, qutichadek televizorni vag‘illatib qo‘ygancha, ovqatlangani o‘tirishardi. Rahmatulla to‘rda, chug‘urchuqdek chug‘urlashgan ikki o‘g‘ilchasi ikki yonida, dasturxonda hil-hil pishgan taom, poygakda — allaqanday bahoriy libosda o‘n sakkiz yashar paytidagidek ochilib ketgan Nozimaxon… Shunda bu xonadonning havosi baxt bilan to‘lar, eshik-derazalardan saodat yog‘dulari kirib kelayotgandek tuyular edi. Behzod bilan Elzod o‘yinchoq talashib, urishib-kulishib, nihoyat, horib-charchab, tappa tashlagancha uxlab qolar, Rahmatulla ularning paxmoq sochlaridan, peshonasidan suyib, joy-joyiga yotqizar, so‘ng divanga yonboshlab, har xil oldi-qochdilar bitilgan yostiqday-yostiqday kitoblarni o‘qishga tutinar va ularda zikr etilmish voqealarga ishonar edi. (X.Sultonov, “To‘qchilik va yo‘qchilik”). Keltirilgan parchadagi o‘xshatish qurilmalarga e’tibor qilamiz: qutichadek televizor, chug‘urchuqdek chug‘urlashgan ikki o‘g‘ilcha, bahoriy libosda o‘n sakkiz yashar paytidagidek ochilib ketgan Nozimaxon, eshik-derazalardan saodat yog‘dulari kirib kelayotgandek, yostiqday-yostiqday kitoblar kabi o‘xshatish qurilmalar qo‘llangan.
142 Bu xonadon egalarining har bir xatti-harakatida ham poetik tasvirga mos holatlar sezilib turadi. Masalan, “Nozimaxon qushdek yengil qadamlar bilan yuradi”; “Rahmatulla unga mo‘jizaga tikilgandek tikiladi”; “Rahmatulla quvonchdan, baxtdan, muhabbatdan ko‘ksi tog‘dek yuksaladi”kabi. Asardagi chaqmoqdek kiyintirib qo‘ymoq, boriga bozor, oz bo‘lsayam barakasini bersin, qo‘l qovushtirib o‘tirmoq kabi an’anaviy o‘xshatishlar xalqona ifodalar sifatida asarning o‘qishliligini yanada orttirgan. Rahmatulla serfarzand oilada, tuyg‘ular ko‘z-ko‘z qilinavermaydigan, munosabatlar bir qadar vazmin-sipo xonadonda o‘sgan, mehrga zor edi va shu buloqdan simirgan sari tashnaligi tobora ortib borardi. Bunda oila uchun buloq metaforasi qo‘llangan. O‘zbek adabiyotida oila tushunchasi juda ko‘p metaforalar bilan ifodalangan. Ammo buloq metaforasi Xayriddin Sultonov tomonidan birinchi marta qo‘llangani e’tiborga loyiq. Shahar odamining oilaga nisbatan bu metaforani qo‘llashi imkonsiz. Aynan tog‘lar bag‘rida unib-o‘sgan ijodkorgina buloqning hayot uchun qanday ahamiyat kasb etishini badiiy idrok qila oladi. Tog‘ bag‘rida buloq nabotot va odamzod uchun hayot manbayi. Hayotning boshlanishi va davomiyligi buloq metaforasi orqali konseptuallashadi. Oila ham misoli bir buloq. Hayot oiladan boshlanadi. Uning bardavom bo‘lishi uchun esa buloqning ko‘zi yopilmasligi kerak. Inson oilasiga qanchalik ko‘p bog‘lansa, hayotning mazmuni shunchalik teranlashtib boraveradi. Shaxs va jamiyat oldidagi burchi ortib boraveradi. Shu ma’noda Rahmatullaning oilaparvarligi, “buloqdan simirgan sari tashnaligi tobora ortib boraverishi” jumlasida aniq va ta’sirchan tasvirlangan. Ko‘rinadiki, mohir ijodkor Xayriddin Sultonov asarlarida epitetli va o‘xshatishli qurilmalar ruhiy holatni ta’sirchan ifodalash, emotsional-ekspressivlikni singdirish, asarning badiiy jozibasini oshirish maqsadida keng qo‘llanilgan. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Epithets at the Syntax-Semantics Interface, Cambridge Scholars Publishing, 2015 by Pritty Patel-Grosz. ISBN (10): 1-4438-7619-4. – P. 150. 2. Гусева Л. В. Эпитеты в сонетах в Шекспира. – Смоленск, 1976. 3. Иванова M. Эпитет в сатирической публицистике XIX века (на материале литературных и политических памфлетов П.—Л. Курье), автореферат канд... дисс. – М., 1970. 4. Jamoliddinova D. She’riy matnda terminlarning epitet sifatida qo‘llanishi. Araştırma Makalesi / Research Article (Makale Geliş Tarihi: 27.10.2022 / Kabul Tarihi: 23.11.2022) 5. Usmonova Sh. Lingvokultrologiya. – Toshkent, 2019. 102-bet. 6. Маҳмудов Н., Худойберганова Д. Ўзбек тили ўхшатишларининг изоҳли луғати. – Тошкент: Маънавият, 2013. 7. Худойберганова Д. Ўзбек тилидаги бадиий матнларнинг антропоцентрик талқини: Филол. фан. д-ри ...дисс. – Тошкент, 2015. 8. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. VI jild, – Toshkent: G‘.G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2022. 585-bet.