OLAMNING FRAZEOLOGIK MANZARASIDA "HURMAT" KONSEPTINING REPREZENTATSIYASI
Full text
153 OLAMNING FRAZEOLOGIK MANZARASIDA “HURMAT” KONSEPTINING REPREZENTATSIYASI Aziza MURODOVA, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti mustaqil tadqiqotchi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488829 Annotatsiya. Ushbu maqolada lingvomadaniyatshunoslikning obyekti bo‘lmish iboralar lingvokonseptual tahlil qilinib, olamning frazeologik manzarasida “hurmat” konseptining ifodalanishi haqida ma’lumot berildi. Iboralarning konseptual maydoni hosil qilinib, yadro va periferiya qismlarga ajratildi. Iboralarda “hurmat” konseptining aks etishi qaysi tushunchalar orqali ifodalanishi izohlandi. Kalit so‘zlar: lingvomadaniyatshunoslik, konsept,yadro, periferiya, olamning frazeologik manzarasi, ibora, hurmat, qadr, e’zoz. Antropotsentrik paradigma tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlaridan bo‘lib, unda inson omili birinchi o‘ringa qo‘yiladi, til insonning asosiy va ajralmas tarkibiy qismi ekanligi inobatga olinadi. Til murakkab hodisa bo‘lib, E. Benveneit bir necha yillar oldin tilning xususiyati shunchalar o‘ziga xoski, u bitta emas, balki bir nechta tuzilmalardan tashkil topishi, ularning har biri yaxlit tilshunoslikning paydo bo‘lishida asos vazifasini bajarishini aytib o‘tgan. Inson va uning madaniyati, urfodatlarining diqqat markazida lingvistik shaxs turadi va bu masalalar antropotsentrik paradigmaning shakllanishiga olib keladi. Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lug‘atida antropotsentrik paradigma terminiga quyidagicha ta’rif berilgan: “tilni nafaqat struktura, balki kommunikatsiyaga asoslangan ochiq tizim sifatida o‘rganuvchi, uni jamiyat, inson, madaniyat, ruhiyat kabi boshqa tizimlar bilan aloqadorlikda tadqiq etuvchi, insonni til ichida yoki tilni inson ichida tahlil etishga yo‘naltirilgan ta’limotlar va usullar majmuyi” [9,12]. Hozirgi paytda konsept muammosi barchaning diqqatini jalb qilmoqda. Ushbu atamaning kognitologiya, semasiologiya, lingvokulturologiya, psixolongvistika, pragmalingvistika kabi sohalarda keng qo‘llanishining sababi tilshunoslikning psixologiya, falsafa, sotsiologiya fanlari bilan yaqinlashuvi va shu asnoda fanlararo munosabatlarning faollashuvi bilan bog‘liqdir [6,259]. Konsept haqida turlicha mulohazalar mavjud: S.A.Askoldov konseptni umumiy tasavvur sifatida ko‘rsa, S.D.Lixachev konseptni ma’no, ma’noning algebraik ifodasi deb tushunadi. Tilshunos olimlar konseptning tuzilishini yana shunday talqin qiladilar: obrazli tarkibiy qism (ongda konseptni qo‘llab-quvvatlovchi kognitiv metaforalar) va muhim tarkibiy qismga [8,7], majoziy-pertseptiv, axborot-faktural, baholash va xulqatvor normalari [1,118], asosiy zona – intrazona va ekstrazona; qo‘shimcha zona – kvazizona va kvaziekstrazona kabi qismlarga bo‘lishgan [7,17-18].
154 O‘zbek tilshunoslaridan prof. N.Mahmudov konsept haqida rus olimasi V.A.Maslova tomonidan ilgari surilgan ta’rifga shunday munosabat bildiradi: “Konseptga rus tilshunosligida berilgan ko‘pdan-ko‘p ta’riflar orasida V.A.Maslova tomonidan ilgari surilgan ta’rif, mening nazarimda, haqiqatni aniqroq aks ettiradi. Uningcha, konsept, “bu lingvomadaniy o‘ziga xoslik qayd etilgan va muayyan etnomadaniyat egalarini u yoki bu tarzda tasvirlovchi semantik tuzilmadir” [2,9]. Y.A.Ognevaning ta’kidlashicha, konsept o‘zining aniq chek-chegarasiga ega emas, shu sababli ham yadrodan periferiyaga tomon siljish ortgani sari assotsiatsiya kamayib boraveradi [4,47]. Konseptning quyidagi maydon iyerarxiyasi mavjud: yadro: asosiy kognitiv-propozitsional tuzilma bo‘lib, konsept to‘g‘risidagi eng muhim axborotni beradi va konseptni ifodalovchi kalit so‘zning semantik belgilari, ya’ni izohli lug‘atlarda aks etuvchi dominant reprezentlardan iborat bo‘ladi; yadro osti zonasi: konsept ifodalagan vaziyatning denotativ tuzilishidan iborat bo‘lgan muntazam va tipik xarakterdagi leksik-semantik reprezentlar, izosemik leksik-semantik tuzilmalar bo‘lib, asosan birlamchi sinonimlar guruhini tashkil etadi; yaqin periferiya: maydonning yorqin differinsiyal semasini ifodalovchi semalardan iborat; uzoq periferiya: konseptning turli subyektiv va modallik ma’nolarini o‘zida jamlaydi va maydonning beqaror differensial semasini ifodalovchi leksema va sememalardan iborat bo‘ladi; tashqi periferiya: semantik maydonga muayyan darajada aloqador bo‘lgan yashirin semalarga ega leksemalardan iborat bo‘ladi. Iboralarni bejizga “millat hayotining ko‘zgusi” deb atashmaydi. Frazeologik iboralar xalq madaniyatining rivojlanish jarayonini avloddan-avlodga yetkazish bilan birgalikda, xalqning tajribasi, madaniy va tarixiy an’analari bilan bog‘langan holda, olam manzarasini o‘zida mujassam etadi. Frazeologik birliklar olamning lisoniy manzarasining bir qismi hisoblanib, ular dunyoni tasvirlash uchun emas, balki uni sharhlash, baholash va unga subyektiv munosabat bildirish uchun paydo bo‘lgan. Frazeologik birliklar va metaforani boshqa nominativ birliklardan ajratib turadigan jihat ham shu hisoblanadi [3,63]. Prof. D.Xudoyberganovaning “Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati”da olamning frazeologik manzarasi terminiga quyidagicha ta’rif keltirgan: “olam lisoniy manzarasining frazeologik birliklar vositasida in’ikos etuvchi bir qismi. Olamning frazeologik manzarasi xalqning ruhiyati, milliy mentaliteti, uning olamni idrok qilishiga doir egallagan ijtimoiy-madaniy tajribasini emotsional-ekspressiv tarzda aniq va yorqin aks ettirib, nisbatan turg‘un, shuningdek, muayyan xalqning o‘zigagina xos bo‘lgan, maxsus manzara hisoblanadi [9,65].
155 Til faqatgina aloqa vositasi emas, balki millatning milliy-madaniy xususiyatlarining o‘ziga xos shaklidir. Har bir millatning o‘ziga xos qadriyatlar tizimi mavjud. Bu insonlar bilan bo‘ladigan kommunikatsiyada namoyon bo‘ladi. Shu qadriyatlardan biri bir shaxsning ikkinchi bir shaxsga bo‘lgan hurmati hisoblanadi. O‘zbek xalqida hurmat tushunchasi alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ota-onaga hurmat, Vatanga hurmat, milliy tilga hurmat, ustozga hurmat, oila a’zolariga hurmat, kichiklar kattalarga hurmat, rahbarning jamoaga nisbatan hurmati va h.k. larda o‘z ifodasini ko‘rsatadi. Hurmat so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “ehtirom” ma’nosini anglatadi [5,597]. O‘zbek lingvomadaniyatida hurmat quyidagicha izohlanadi: 1) kimsa yoki narsaga bo‘lgan qadrlash, ulug‘lash tuyg‘usi; 2) qozonilgan, orttirilgan hurmat, obro‘, e’tibor [10,447]. Bir insonning boshqa insonga nisbatan qadrlash, ulug‘lash munosabati va shunday munosabatning o‘zi [15,143]. Izzat, ehtirom leksemalari hurmat leksemasi bilan sinonimik qatorni hosil qiladi. Izzat so‘zi hurmat so‘ziga nisbatan kuchliroq, ehtirom so‘zida belgi daraja ortiqroq. Demak, hurmat “qadrlash”, “ulug‘lash”, “ehtirom” semalari bilan bog‘lanadi. Tadqiq qilingan materiallar asosida hurmatni bildiruvchi frazemalarning konseptual maydoni tashkil qilinib, konseptual maydonining yadrosidan “hurmat – nihoyatda qadrlamoq” kategoriyasiga mansub iboralar o‘rin oldi: boshiga ko‘tarmoq, kaftda ko‘tarmoq, ko‘zga surtmoq,ko‘zga to‘tiyo, o‘tqizgani joy topolmaslik, soyasiga salom bermoq. Konseptual maydonning yadro osti og‘zidan bol qismidan “hurmat – chiroyli muomala” kategoriyasiga mansub iboralar (og‘zidan bol tommoq, tilidan bol tommoq), yaqin periferiyadan “hurmat – diqqat bilan tinglamoq” kategoriyasiga mansub ibora (og‘ziga qaramoq), uzoq periferiyasidan esa “hurmat –o‘z obro‘sini saqlamoq” kategoriyasiga mansub ibora (etiga suv yuqtirmaslik) o‘rin oldi. Hurmat konseptual maydonining yadrosidan “hurmat – nihoyatda qadrlamoq” kategoriyasiga mansub iboralar o‘rin olgan: boshiga ko‘tarmoq, kaftda ko‘tarmoq, ko‘zga surtmoq,ko‘zga to‘tiyo, o‘tqizgani joy topolmaslik. Boshiga ko‘tarmoq iborasi 2 xil ma’noda: 1) qattiq shovqin solmoq; 2) yuksak darajada izzat-hurmat qilmoq ma’nolarini bildiradi. Ushbu ibora avvaliga erkin birikma tarzida ifodalangan. Ya’ni, oilada otalar kichik yoshli farzandlarni erkalab, e’zozlagan holda yelkalariga ko‘tarib yurish holatlari kuzatilgan. Bu erkin birikmadagi yelka komponenti bosh so‘ziga leksik-semantik transformatsiyaga uchrab boshiga ko‘tardi iborasi hosil bo‘lgan. Loaqal, borganingda boshiga ko‘taradigan mehribon ammangni yuz-xotir qil edi, nokas! Hay, ana, bir kechalik vaqting ketsa ketardi. Bir kechada osmon uzilib boshingga tushmas edi (E.A’zam “Jiyan”). Kennayim borlar-a? – Albatta, – dedim. – Ikkita farzandim ham bor... Xudoga shukr, meni tushunishadi, o‘z holimga qo‘yib qo‘yishgan... Men ularni har qancha boshimga ko‘tarsam, arziydi (Sh.Xolmirzayev. “Bulut to‘sgan oy”).
156 Kaftda ko‘tarmoq iborasi ham erkin birikmaning semantik transformatsiyasi natijasida hosil bo‘lgan. Dinimizda insonlar kaftlarini birlashtirgan holda duoga qo‘l ochib, Allohga bo‘lgan iltijo-yu, niyatlarini kaftlarida “asrab-avaylagan” holda, yuzlariga surtishadi. Bundan anglanadiki, kaftlarni birlashtirib duoga qo‘l ochilishi “e’zoz-ikrom, qadrlash” kabi semalari bilan bog‘lanib, kaftda ko‘tarmoq iborasi hosil qilingan. Ko‘zidan tizilib yosh chiqib ketdi. – Vey, mani qanaqa ardoqlashardi. Hammasi kaftida ko‘tarardi, desam, ishonovuring, do‘stim (Sh.Xolmirzayev. “Bulut to‘sgan oy”). Ushbu matnda ardoqlamoq fe’li orqali insonga izzat-hurmat, ardoq bilan munosabatda bo‘lishlikni anglatib, kaftida ko‘tarmoq iborasi orqali bu leksemaning ma’nosi yanada konkretlashgan. Quyidagi kontekstda esa kaft so‘zi qo‘l so‘ziga leksik transformatsiya qilinganiga qaramasdan, ibora ma’nosining o‘zgarmaganiga guvoh bo‘lish mumkin. Lekin erim meni yaxshi ko‘rar edi: qo‘lida ko‘tarib yurar edi, ko‘chaga chiqsa, albatta bir nima olib kelardi... (A.Qahhor. “Nurli cho‘qqilar”). Kontekstda ikkita ibora: yaxshi ko‘rmoq, qo‘lida ko‘tarmoq iboralari qatnashib, matnda ilgari surilgan mehr-muhabbat, hurmat kabi tuyg‘ularning ifodalanishiga xizmat qilgan. O‘tqizgani joy topolmay qolmoq juda katta hurmat bilan kutib olmoq, o‘ta darajada ardoqlamoq, parvona bo‘lmoq ma’nolarini anglatadi [14,606]. Xullas, shunday qo‘shimcha saboqlar ola-ola huquqshunoslik kollejini bitirib qo‘yibman. Uch yil degani hash-pash deguncha o‘tib ketibdi. Shu uch yil ichida otamning yuzidan mamnunlik arimadi. Har gal qishloqqa borganimda meni o‘tqazgani joy topolmasdi (L.Bo‘rixon. “Xizr ko‘rgan yigit”). Matnda qatnashgan mamnunlik leksemasi ko‘ngli to‘lmoq, xursandlik ma’nolarini anglatib, bu mamnunlik oqibatida ota farzandini ardoqlab, atrofida parvona bo‘lishi o‘tqizgani joy topolmay qolmoq iborasi orqali ifodalangan. Ushbu iboraning topolmay qolmoq komponeneti qidirmoq so‘ziga o‘zgargan holda qo‘llanganiga ham guvoh bo‘lish mumkin: Jiyanim-jiyanim, deb og‘zingdan qo‘ymaysan. Kelganida o‘tqazgani joy qidirasan. O‘tgan yili mehmonga chaqirib, chori qo‘yimni so‘ydirding (E.A’zam. “Jiyan”). Bu matnda 2 ibora ishtirok etgan. Birinchi ibora og‘zidan qo‘ymaslik “doimiy ravishda gapirmoq, eslamoq” ma’nolarini bildirsa, o‘tqazgani joy topolmaslik iborasidan esa hurmat-izzatning yuqori darajada ekanligini anglash mumkin. Kontekst mazmunidan o‘zbek mentalitetiga xos bo‘lgan mehmondo‘stlik qadriyatini ko‘rish mumkin. Ya’ni, kelgan mehmonning hurmatini joyiga qo‘yish maqsadida uning sharofatiga qo‘y so‘yib, ziyofat berish qadimdan shakllanib, odat tusiga kirgan qadriyat hisoblanadi. O‘zbek oilalarida farzandlarning yoshlik davrlaridan boshlab nonni e’zozlash, uni isrof qilmaslik ruhida tarbiyalashadi. Nonning oyoq ostiga tashlanmasligi, uni bosish gunoh ekanligi, yerga tushgan nonni olib ko‘ziga surtib, olib qo‘yishlik
157 bolalikdan o‘rgatiladi. Nonni ko‘zga surtish orqali nonga nisbatan hurmat, e’zoz ifodalangan va vaqtlar o‘tishi bilan bu erkin birikmaning ortiq darajada qadrlamoq, e’zozlamoq frazeologik ma’nosi hosil qilingan. Kursining etagini ko‘ziga surtadigan odam hech qanday pastkashlikdan qaytmaydi. (X.Do‘stmuhammad. “Oromkursi”). Matnda ishtirok etgan kursining etagi ko‘chma ma’noda qo‘llanilib, metaforik ma’noni hosil qilgan. Ya’ni, kursi so‘zi bu matnda o‘z ma’nosida emas, mansab, lavozim ma’nolarida qo‘llanilib, uni aziz qilib, qadrlash orqali havoyi nafsning quliga aylanib qolishiga ishora qilingan. Ko‘zga to‘tiyo iborasi juda aziz va muqaddas, yoki noyob narsa haqida qo‘llaniladi. Qani endi Suyun burgutning qorasi ko‘rinsa, mashinasining changi chiqsa, Marjonoy bu changni ko‘zlariga to‘tiyo qilardi! (O.Yoqubov. “Adolat manzili”). O‘TILda keltirilishicha, to‘tiyo qadimda ko‘z og‘rig‘iga qarshi yoki ko‘zni ravshan qilish uchun ko‘zga surtiladigan dori sifatda qo‘llanilgan [13,532]. To‘tiyo malham sifatida qo‘llanilgan ekan, uning tanqis va kamyob bo‘lishi tabiiy hol. Demak, tanqis va noyob narsa doimo aziz qilinib, e’zozlangan. To‘tiyodek ko‘zga surtmoq, e’zozlamoq ma’nosidan ko‘zga to‘tiyo qilmoq iborasi shakllangan. Soyasiga salom bermoq iborasi O‘TILda 2 xil: 1) juda ham hurmat qilmoq, hurmatini joyiga keltirmoq; 2) xushomadgo‘ylik, laganbardorlik qilmoq.izohlari keltirilgan [12,725]. Ma’lumki, har bir millatda kishilar bir-biri bilan uchrashganlarida birinchi aytadigan kalomlari salom bo‘ladi. Hattoki, kelinchak ham kuyovning ota-onasiga, qarindosh urug‘lariga ta’zim qilishi uning salomi hisoblanib, bu salom orqali u hurmatini namoyon qiladi. Bundan ko‘rinadiki, salom berish orqali hurmat-izzat, e’tibor kabi qadriyatlar shakllangan. Soya – ko‘lanka bo‘lib, insonning o‘zi tugul, hatto soyasiga ta’zim qilgan holda, yetti bukilib salom berish hurmatni yoki laganbardorlikni bildiradi. Albatta, iboraning qaysi ma’noda reprezentatsiya qilinganini kontekstning mazmunidan anglanadi. “O‘tkan kunlar” asarining qahramoni O‘zbek oyimning xarakteri aytgani aytgan degani degan , o‘tkir so‘zliligi bilan dovruq qozongan bo‘lib, barcha ayollar uning hurmatini joyiga qo‘yar edilar. Quyidagi matnda ayollarning O‘zbek oyimga bo‘lgan hurmat namunasi soyasiga salom bermoq iborasi orqali ifodalangan. O‘zbek oyim elli besh yoshlar chamaliq, chala-dumbul tabiatlik bir xotin bo‘lsa ham, ammo eriga o‘tkirligi bilan mashhur edi... O‘zga xotinlar uning soyasiga salom berib, to‘ylarida, azalarida, qisqasi, tiq etkan yig‘inlaridag‘i uylarining to‘rini O‘zbek oyimg‘a atagan edilar. (A.Qodiriy. “O‘tkan kunlar”). Quyidagi matnda soyasiga salom bermoq iborasining frazeologik kontaminatsiyaga uchragan holatini ko‘rish mumkin. Ya’ni ikki yaqin ma’noli, ammo turli leksik tarkibli iboralar yoki ularning qismlari birlashtirish asosida yangi strukturali iboralar hosil qilinadi. Rahmatov, Davlatov, Aminvoydek kazo-kazolar
158 soyasiga qulluq qiladigan zoti oliy Paxtaqaynarga xufiya kelib qolmasa kerak hoynahoy?.. (X.Do‘stmuhammad. “So‘roq”). Ushbu kontekstda ikki iboraning birlashishi natijasida yangi ibora paydo bo‘lgan. Qulluq qilmoq iborasi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib minnatdorchilik izhor qilmoq, ta’zim qilmoq ma’nolarini bildiradi. Soyasiga salom bermoq iborasi ham hurmat ma’nosini bildirib, qulluq qilmoq komponenti bilan birlashishi natijasida soyasiga qulluq qilmoq iborasi hosil bo‘lgan. Bu ibora yangi strukturali ibora hisoblangani bilan yangi ma’no hosil qilmagan, biroq frazemaning ma’no ottenkasining kuchayishiga sabab bo‘lgan. Hurmat konseptual maydonining yadro osti zonasidan “hurmat – chiroyli muomala” kategoriyasiga mansub ibora o‘rin olgan: og‘zidan bol tommoq, tilingdan bol tommoq. Og‘zidan (yoki labidan, so‘zidan) bol tommoq, tilingdan bol tommoq iboralarida bol so‘zi gastronomik kod sifatida namoyon bo‘lib, boldagi shirin ta’m yaxshi so‘zga, yoqimli muomalaga o‘xshatilgan. Inson yaxshi so‘z, yoqimli muomalani o‘zi hurmatga loyiq ko‘rgan kimsaga nisbatan ishlatadi. O‘zi azaldan shunday: kelgan mehmonning izzatini joyiga qo‘yadi-yu, ammo boshqalar singari og‘zidan bol tomib shirin-shirin mulozamat ko‘rsatishni bilmaydi – so‘zga xasis, ortiqcha iltifot-u havoyi muomalaga tobi yo‘q. (E. A’zam. “Sen uchun eng zo‘r odam”) Matnda shirinsuxan bo‘lmagan kishi tasvirlanib, “mulozamat ko‘rsatmaslik”, “so‘zga xasis”, “havoyi muomalaga tobi yo‘q” kabi birliklar orqali yanada aniqroq ifoda etilgan. Ushbu kontekstda tilidan bol tommoq iborasidagi bol komponenti gradatsiyaga uchrab metaforik ma’noning yanada kuchaytirib tasvirlanishiga sabab bo‘lgan. Assalomu alaykum, – dedi Qurbon... Tilidan bol tomdi, bol! Mehr boli, sog‘inch boli, intiqlik boli!.. Qiz tushundi (Sh.Xolmirzayev. “Qilko‘prik”). Hurmat konseptual maydonining yaqin periferiyadan “hurmat – diqqat bilan tinglamoq” kategoriyasiga mansub ibora o‘rin olgan: og‘ziga qaramoq. Og‘ziga qaramoq iborasiga O‘TILda quyidagicha izoh keltirilgan: 1) so‘zini diqqat bilan tinglamoq; 2) birovdan biror gap kutmoq; birovning biror narsa deyishini poylamoq; 3) birovning gapiga qarab ish tutmoq izohlari keltirilgan [11,590]. Kontekstda keltirilgan ibora 1-izohning ma’nosi bilan qatnashgan bo‘lib, kimningdir gapini diqqat bilan tinglab, uning gapirishiga mushtoq bo‘lib turganlikda hurmat semasi namoyon bo‘ladi. Rasmi shuki, uch-to‘rt kishini uyga chaqirasiz, tog‘ani esa shaxsan borib taklif etasiz. Qarindosh-urug‘ neki bir maslahatga jam bo‘lsa, jumlai davra G‘azanfarboyning og‘ziga qaramog‘i, u kishi hali qadamranjida etmagan bo‘lsa, istiqboliga ko‘z tutmog‘i shart (E. A’zam. “Bizning tog‘a”). Matnda tasvirlangan qahramoni hurmatli shaxs bo‘lib, unga nisbatan “shaxsan borib taklif etmoq” birligi qo‘llangan. “Ko‘z tutmoq” iborasi “kelib qolar degan umidda kutish”
159 ma’nosini anglatib, bunda mushtoqlik, intizorlik semasi mavjud. “Og‘ziga qaramoq” iborasi kishining nima deyishini diqqat bilan kutmoq, ma’nosida qo‘llangan. Bu birlik va iboralarning ma’nosidan qahramonga nisbatan kuchli hurmatni ifodalanganini bilish mumkin. Hurmat konseptual maydonining uzoq periferiyasidan “hurmat –o‘z obro‘sini saqlamoq” kategoriyasiga mansub ibora o‘rin olgan: etiga suv yuqtirmaslik. Etiga (yoki badaniga) suv yuqtirmaslik O‘TIL da “o‘ziga gap tegizmaslikka, o‘z izzat-hurmati, obro‘-e’tiborini saqlab qolishga harakat qilmoq” ma’nolari izohlangan [10,71]. Suv poklik ramzi hisoblanadi. Iborada inson shu darajada obro‘sini, hurmatini saqlashga harakat qiladiki, hatto, barcha g ‘uborlarni tozalovchi suvni ham o‘ziga yo‘latmaydi ma’nosida shakllanib, bu yerda suv birligi kishining o‘zi haqidagi ortiqcha gap yoki fikrni ifodalaydi. Ushbu kontekstda bu iboraning ellipsisga uchragan holatiga guvoh bo‘lish mumkin. Koshonalariga “Amirtepa” deb nom qo‘yib olganlar. Bir-ikki nordonroq gap bilan izza qilmoqchi bo‘lsam – qayoqda! “Afg‘onga o‘tayotib amir Olimxon shu joyda to‘xtab nafas rostlagan ekan, o‘shaning nomiga qo‘ydik-da, tog‘a”, deydi kasofat suv yuqtirmay. (E.A’zam. “Bizning tog‘a”). Matnda keltirilgan nutq G‘azanfarboy ismli shaxsga tegishli bo‘lib, u Amir ismli jiyani bilan ziddiyatli munosabatda bo‘ladi, kontekstda qatnashgan “kasofat” so‘zi ham bu fikrning dalilidir. Amir ko‘rkam manzarali shiypon barpo qilib, unga “Amirtepa” deb nom berishini mashhur tarixiy shaxs Amir Olimxon bilan bog‘lashini tog‘a jiyanning obro‘-e’tiborini, hurmatini saqlash ma’nosida deb tushunadi va etiga suv yuqtirmaslik iborasini qo‘llaydi. Xulosa qilib aytganda, hurmatni ifodalaydigan frazemalarning konseptual maydoni qadrlamoq, shirinso‘z bo‘lmoq, so‘zini diqqat bilan tinglamoq, o‘z obro‘sini saqlamoq kabi tushunchalarni ifodalagan iboralardan tashkil topgan. Hurmatni ifodalovchi frazemalarning aksariyati somatik iboralar bo‘lib, bu iboralarda bosh, ko‘z, kaft, qo‘l, og‘iz, til komponentlari ishtirok etgan. Bosh, ko‘z, kaft – inson tanasining yuqori qismiga joylashgan. Qaysidir o‘rinlarda bu ulug‘lanish, qadrlanish semalarini ifodalab, hurmat leksemasidagi ehtirom, izzat semalari bilan bir nuqtada kesishadi. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Карасик В.И. Языковой круг: личность, концепты, дискурс. – Волгоград: Перемена, 2002. – 477 с. 2. Маҳмудов Н. «Тилнинг мукаммал тадқиқи йўлларини излаб...» // Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 2012. – №5. 3. Маслова В.А. Когнитивная лингвистика: Учебное пособие – Мн: Тетра Системс, 2004. – 256 с. 4. Огнева E. A. Когнитивное моделирование концептосферы художественного текста. – Москва: Эдитус, 2013. – 282 c.
160 5. Раҳматуллаев Ш. Ўзбек тилининг этимологик луғати II жилд. (араб сўзлари ва улар билан ҳослалар) – Тошкент: Университет, 2003. – 600 б. 6. Сафаров Ш. Семантика. – T: Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2013. – 344 б. 7. Слышкин Г. Г. Лингвокультурные концепты и метаконцепты. – Волгоград: Перемена, 2004. – 260 с. 8. Воркачев С. Счастье как лингвокультурный концепт. Монография. – Москва: Гнозис, 2004. – 195 с. 9. Xudoyberganova D. Zamonaviy tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati. – Toshkent: Bookmany print, 2024. – 112 б. 10. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Ikkinchi jild. – Toshkent: T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotmatbaa ijodiy uyi, 2022. – 1036 b. 11. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Uchinchi jild. – Toshkent: T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2022. – 844 b. 12. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. To‘rtinchi jild. – Toshkent: T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2022. – 824 b. 13. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Beshinchi jild. – Toshkent: T.: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2022. – 720 b. 14. O‘zbek tilining frazeologik lug‘ati. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2022. – 636 b. 15. O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotmatbaa ijodiy uyi, 2023. – 512 b.