PAREMIYALARNING FUNKSIONAL VA LINGVOMADANIY XUSUSIYATLARI
Full text
161 PAREMIYALARNING FUNKSIONAL VA LINGVOMADANIY XUSUSIYATLARI Shoxida SHODIYEVA Jizzax davlat pedagogika universiteti mustaqil tadqiqotchi DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488835 Annotatsiya: Mazkur maqolada paremiologik olam manzarasi, paremiologiya fanning ko‘plab sohalari, xususan, frazeologiya bilan chambarchas bog‘liqligi xususida so‘z yuritiladi. Kalit so‘zlar: paremiologik birlik, antropotsentrik paradigma, parema, maqol, matal, aforizm, frazeologiya, emotsional-ekspressivlik, poetik tasvir. Zamonaviy lingvistik tadqiqotlarda tilda yuzaga keluvchi hodisalar mazmunmohiyatiga yangicha, milliy-madaniy jihatdan yondashuvlar, antropotsentrik nuqtayi nazaridan tavsiflashlar bir qator yutuqlarga sabab bo‘ldi. Shuningdek, tildagi mavjud birliklar, vositalarga konseptning voqelanishida ishtirok etish uchun xoslanishiga e’tibor qaratilmoqda. Vaholanki, tilshunoslikda konseptual olam manzarasida paremiologik birliklarning tutgan o‘rni, nutq ko‘rinishlarida qo‘llanilishi bilan bog‘liq ko‘plab masalalar o‘z yechimini kutmoqda. Zamonaviy tilshunoslikning eng katta yutuqlaridan biri tilning ijtimoiy vazifasi, unda sodir bo‘ladigan hodisalar mohiyatini yoritishga inson omilini hisobga olgan holda yondashuv hisoblanadi. Tilni bu yondashuv asosida tadqiq etishda u mansub bo‘lgan xalqning mentalitetini aniqlash, tahlil qilish asosida uning o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatib berish maqsad qilinadi. Zamonaviy tilshunoslik masalalarini yoritib berishda insonning tutgan o‘rni, hodisalar unga bog‘liq holda yuzaga kelishi tilshunoslikda e’tirof etib kelinmoqda hamda bu borada erishilgan yutuqlar bugungi kunda ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etmoqda. Antropotsentrik jihatdan til birliklarining mavqeyini belgilashda paremiologiya doirasida qaraluvchi birliklarning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Chunki paremiologik birlik hisoblangan maqol va matallar, ibora va aforizmlar bugun yoki kecha paydo bo‘lgani yo‘q. Ularning paydo bo‘lishi va shakllanishi olis davrlarga, Urxun-Enasoy yozma yodgorliklariga borib taqaladi. Ularning tarxiy taraqqiyoti xalq tarixi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, asrlar davomida shakllangan, xalq tilida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirgan. Shuning uchun zamonaviy tilshunoslikka doir tadqiqotlarda paremiologik birliklar, xususan, maqollar tadqiqida xalqimizning asrlar davomida shakllangan, sayqal topgan milliy-ma’naviy, madaniy xususiyatlarini, qadriyatlari, urf-odatlariga xos xususiyatlar ko‘rsatib beriladi. Aytish mumkinki, paremiologik birliklarning paydo bo‘lishi, tarixi, og‘zaki va yozma nutqda qo‘llanishi, funksional-semantik imkoniyatlarini aniqlash, bugungi kun talablari asosida izohlash bevosita milliy qadriyatlarimizni o‘rganishga, uning rivojiga xizmat qilishi tabiiy. “O‘zbek
162 tilshunosligida antroposentrik paradigma asosiy mezoni bo‘lgan bir qator tadqiqot ishlari olib borilgan. Mazkur yondashuvda til inson uchun, uning hayotiy faoliyatida rivojlanishi uchun ahamiyati nuqtayi nazardan o‘rganiladi. Millatning milliy-mental xususiyatlari, milliy mentalitetga xos turg‘unlashgan axloq qoidalari, qadriyatlari, xalqning milliy tafakkuri bilan bog‘liq jihatlari til sohibi mansub tilning lingvomadaniy birliklarida yorqin aks etadi, kelgusi avlodga millatning ana shu milliy-madaniy bilimlari lingvomadaniy birliklar hisoblangan maqol va matallar, hikmatli so‘zlar vositasida yetkaziladi”.[6] Lisoniy olam manzarasiga bag‘ishlangan tadqiqotlarda paremiologik olam manzarasi ham alohida qayd qilinadi. Manbalarda qayd qilinishicha, “Paremiologiya (yun. paroimia – hikmatli so‘z, zarbulmasal va… logiya) 1) ma’lum bir tildagi avloddan avlodga og‘zaki shaklda ko‘chib yuruvchi, ixcham va sodda, qisqa va mazmundor, mantiqiy umumlashma sifatida paydo bo‘lgan maqol, matal, aforizm kabi hikmatli iboralarni – paremalarni o‘rganadigan fan sohasi; 2) muayyan tilda mavjud bo‘lgan maqol, matal, aforizm kabi hikmatli iboralar-paremalar tizimi”[5]. Agar ushbu ta’rifga asoslanadigan bo‘lsak, paremalar, avvalo, xalq og‘zaki ijodi mahsuli bo‘lib, badiiy ifoda tasvir vositalariga boyligiga ko‘ra adabiyotshunoslikning, tuzilish materiali, ya’ni til birliklari – so‘zlar, gaplar vositasida ifodalanishiga ko‘ra tilshunoslikning o‘rganish obyekti hisoblanadi. Aytish mumkinki, mazkur jihatlar ularni o‘rganishdagi yondashuvlarni o‘zaro tutashtirib turadi. Darhaqiqat, “O‘zbek tilining paremiologik lug‘ati”da paremalarni ikki sohaning o‘rganish obyekti bo‘la olishi mumkinligi ko‘rsatilgan: 1. Paremalar avloddan avlodga faqat og‘zaki holdagina o‘tib kelganligi, xalq og‘zaki ijodining mahsuli bo‘lganligi uchun adabiyotshunoslik fanining obyektidir, chunki, bu hikmatli iboralarning ko‘pchiligi she’riy formaga o‘xshaydi va ularda o‘xshatish (istiora, tashbeh, metafora), taqqoslash, parallelizm, anafora, qofiyalash, evfonik vositalar (alliteratsiya, assonans), kinoya, piching, kesatiq kabi badiiy tasvir vositalari qo‘llangan bo‘ladi. 2. “Paremalar so‘zlardan tuzilib, ma’lum bir fikrni ifodalovchi gaplardan iborat bo‘lgani uchun tilshunoslikning ham o‘rganish obyektidir, chunki ular so‘zlardan hosil bo‘lishiga ko‘ra oddiy gaplarga o‘xshasa ham, mazmuni, strukturasi, intonatsiyasi va boshqa grammatik xususiyatlari jihatidan o‘ziga xosliklarga ega [2]. “O‘zbek tilshunosligida paremiologiyani o‘rganishga bag‘ishlangan qator ishlar amalga oshirilgan” [4]. “Bu tadqiqotlarda paremiologiyada maqollarning asosiy o‘rin tutishi ta’kidlanadi, shuningdek, maqol, matal, masal, naql, hikmat, tanbeh, zarbulmasal, hikmatli maqol, xalq iborasi, xalq so‘zi, donishmandlar so‘zi, donolar so‘zi, yaxshilar so‘zi, burungilar so‘zi, ulusning so‘zi, avomunnos masali, hikmatli so‘z kabi atamalar uni nomlash uchun qo‘llanadi” [2].
163 “Paremiologik birliklar asrlar davomida shakllanib kelgan kundalik madaniyatning an’anasi bo‘yicha avloddan avlodga o‘tib keladi. Ularda til egasi xalqning hayotiy falsafasiga oid barcha toifalar va qarashlar aks etadi” [3]. Olamning lisoniy manzarasi bo‘yicha kuzatish olib borgan R.Abdullayeva quyidagicha yozadi: “Xalqning paremiologik fondi namunalarida ham olamning lisoniy manzarasi asosida hosil qilingan so‘zlar aks etadi. Ushbu so‘zlarning ma’nosida esa o‘zgarish yuzaga keladi. Masalan, tarvuzning qo‘ltiqdan tushishi jarayoni real voqelikda bir marotaba sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Tarvuzning qo‘ltiqdan tushganida yuzaga keladigan jismoniy hamda ruhiy holat barcha noqulay holatga tushgan kishilarning qiyofasini gavdalantiruvchi, qiyosiy zaxira so‘z bo‘lib qolgan. Demak, tarvuzning qo‘ldan tushishi va chiziq so‘zini birlashtirib turuvchi umumiy bir jihat paydo bo‘ladi. Bu jihat – olamning lisoniy manzarasida mavjud bo‘lgan so‘z mazmunining va vazifasining o‘zgarishi. Biroq, atama va ko‘chma ma’noli so‘zni farqlab turuvchi bir jihat mavjud. Ko‘chma ma’noli so‘zlarda kishining obrazli tafakkur natijasi aks etadi. So‘z ilmiy atama sifatida qo‘llana boshlaganida, u konkret ma’no bilan bog‘lanadi. Albatta, atamalar o‘rtasida ham so‘zning shakl va ma’no munosabatlariga ko‘ra farqlanishi kuzatilishi mumkin, biroq uning fan doirasida ma’no doirasi chegaralanadi” [1]. Xulosa qilish mumkinki, ma’lum sabablarga ko‘ra, nutq jarayonida qo‘llanilgan so‘zlar o‘z semantik va funksional tabiatini o‘zgartirishi, ma’no ko‘lami kengaytirishi mumkin ekan. Qayd etilgan bu holatlar paremiologiya doirasida qaraluvchi birliklarga xos xususiyatlar hisoblanadi. Shu bois tilshunoslikda paremiologiya tarkibiga kiruvchi birliklar masalasida tugal fikr yo‘qligi ko‘zga tashlanadi. Adabiyotlar ro‘yxati: 1. Абдуллаева Р. Оламнинг лисоний манзараси.Фарғона университети илмий ахборотномаси. https://uzjournals.edu.uz/fdu/vol1/iss5/24/ 2. Бердиёров Ҳ., Расулов Р. Ўзбек тилининг паремиологик луғати. –Тошкент: Ўқитувчи, 1984. – Б. 6. 3. Телия В.Н. Русская фразеология. Семантический прагматический и лингвокультурологический аспекты / В.Н.Телия. – М.: Школа «Языки русской культуры», 1996. – С.201. 4. Шораҳмедов Ш. Мақолларнинг пайдо бўлишига доир// Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 1971. 4-сон. 31-34-бетлар.; Абдурахмонов Х. Синтаксические особенности узбекских народных пословиц. АКД. –Ташкент: Изд-во АН УзССР, 1964.; Садриддинова М. Лексика узбекских пословиц и поговорок. АКД. – Ташкент, 1985. –20 стр.; Абдурахманов Х. Особенности синтаксиса узбекского устного народного творчества. АДД. – Ташкент, 1977.; Раҳматуллаев Ш. Нутқимиз кўрки. – Тошкент, 1970.; Рустамов А. Сўз хусусида сўз. – Тошкент, 1987; Ш.Шоабдураҳмонов, Ш.Шораҳмедов. Ҳикматнома. – Тошкент, 1990; Абдураҳимов М. Ўзбекча – русча афоризмлар луғати. – Тошкент: Ўқитувчи, 1976; Жўраева Б. Ўзбек халқ мақолларининг қисқача синонимик луғати. – Тошкент: Фан, 2006.; Ўзбек халқ мақоллари. –Тошкент, 1981.; Бердиёров Ҳ., Расулов Р. Ўзбек тилининг паремиологик луғати. –Тошкент: Ўқитувчи, 1984. – 232 б.
164 5. https://qomus.info/encyclopedia/cat-p/paremiologiya-uz/ 6. https://scienceweb.uz/publication/12066