XORAZM SHEVASIDAGI ANTROPONIM VA LAQABLARNING O'RGANILISHI
Full text
201 XORAZM SHEVASIDAGI ANTROPONIM VA LAQABLARNING O‘RGANILISHI Manzura Karimboyeva O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tayanch doktoranti E-mail: [email protected] UDK: 811.512.133'282(575.171) https://orcid.org/0009-0002-2931-1788 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488941 Annototsiya: Maqolada Xorazm shevasidagi dialektal antroponimlarning o‘rganilishi bilan bog‘liq ma’lumotlar keltirilgan. Mintaqaviy ism va laqablarga aloqador ilmiy izlanishlar tahlilga tortilgan. Kalit so‘zlar: antroponim, ism, laqab, mintaqaviy, lahja, dialekt, Xorazm. Til – mukammal hodisa. U o‘z tabiatiga va qonunlariga ega. Milliy ruhni shakllantiradigan, muntazam mustahkamlaydigan, uning ardoq bilan avaylabasralishiga imkon beradigan eng odil omil ona tilidir. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev: “Har qaysi xalqning ona tili va adabiyoti uning milliy ruhi va o‘zligining madaniyma’rifiy olami, milliy g‘oyasining asosi hisoblanadi”,[https://nrm.uz/content] – deya ta’kidlaydi. Tilimizdagi birliklarning barchasi lug‘aviy boyligimizdir. O‘zbek tili lug‘aviy boyligining tarkibiy qismlaridan biri – atoqli nomlar. Nomshunoslik ilmi bo‘lgan onomastika sohasi jahon tilshunosligining rivojlangan yo‘nalishlaridan biri. Tilga yangicha yondashuv turli xil tilshunoslik yo‘nalishlarining vujudga kelishiga yo‘l ochadi. Bu kabi yondashuvlar esa til rivojiga katta hissa qo‘shadi. Tilshunoslar butun dunyoda tilni tadqiq etishning eng maqbul yo‘llarini hamisha izlab kelgan. Bu jarayonlarda jiddiy muvaffaqiyatlarga ham erishilgan [Mahmudov, 2012: 16]. Shunday muvaffaqiyatlar mevasidan biri – onomastika. Onomastika til onomastikasi birliklarini tashkil qiladi har qanday atoqli otni o‘z tarkibiga qamrab oladi va lisoniy jihatdan o‘rganadi. Onomastikon - biror tildagi atoqli otlarning umumiy mazmunini ifoda qiladigan lug‘atdir va u muayyan davrdagi etnik guruhning tiliga tegishli bo‘lgan atoqli otlar repertuaridir.[ Подольская Н.Б, 1988: 128]. Onomastika yunoncha so‘zdan olingan bo‘lib, “nom berish san’ati” [Подольская Н.Б, 1988: 96] degan ma’noni ifodalaydi. Onomastika barcha turdagi atoqli nomlarni o‘rganuvchi tilshunoslik bo‘limi. Insonlarni nom bilan atash masalasi qachon paydo bo‘lganligini aniqlash qiyin masala, ammo atalgan nomlarning ma’nosini aniqlash doim dolzarb muammolardan bo‘lgan. Tilimizdagi atoqli nomlarning turfa xil xususiyatlari mavjud bo‘lib, ularga nafaqat tilshunoslar, balki boshqa soha olimlari ham katta qiziqish bildirib kelgan. Misol tariqasida, qadimgi yunon olimlaridan Aristotel, Demokrit va Geraklitning asarlaridagi atoqli nomlarning xususiyatlari haqidagi fikrlarni keltirishimiz mumkin. Otni nutq bo‘laklaridan biri
202 deb hisoblagan Aristotel “Poetika” asarida unga quyidagicha ta’rif beradi: “Ot murakkab, ma’no anglatuvchi, zamonni bildirmaydigan, qismlari o‘z-o‘zidan ma’no anglatmaydigan so‘zdir” [Аристотeль, 1980: 41]. Miloddan avvalgi I asrda atoqli nomlarni izohlovchi “Onomastik” nomli lug‘at yozilgan bo‘lib, uning muallifi Yuliy Polluks edi. Turkiy tillar onomastikasi rivojida XI asrda yashab ijod qilgan olim Mahmud Qoshg‘ariy katta hissa qo‘shgan. Olim “Devonu lug‘ati-t-turk” asarida 110 ta shaxs nomlari keltirilgan bo‘lib, ulardan 43 tasi shaxslarning turli xususiyatlariga asoslangan laqablar edi. Asarda antroponimlardan foydalanish shunchaki nomlash maqsadida emas edi. Asardagi antroponimlar shu davrdagi til xususiyatlarini, xalqning turmush tarzini, kasb-korini, davlatning siyosiy mavqeini, tarixni va millatning madaniyatini namoyon qilgan. O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov ta’kidlaganidek, “Ismlar tarixi uzoq, ismlarda asrlik qismat”. XX asrning 60-yillarida o‘zbek onomastikasi sohasini yangi bosqichga E.Begmatov, Y.Menajiyev va X.Azamatovlar olib chiqishdi. Shevalardagi antroponimlarni tadqiq qilish dolzarb masalalardan biridir. Xalq shevalari – milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizning tarkibiy qismi, milliy madaniyatning ko‘zgusidir. Xorazm shevasi bo‘yicha katta izlanishlar olib borgan tilshunos Fattoh Abdullayevdir. Xorazm shevasiga bag‘ishlangan ishini “O‘zbek tilining Xorazm shevalari” nomi ostida nashr qildiradi. Monografiya ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismida sheva vakillaridan yig‘ib olingan leksemalardan iborat lug‘at, ikkinchi qismida esa “Xorazm shevalarining tasnifi” o‘rin olgan. Muallif Xorazm shevalarining fonetikasi, morfologiyasi va sintaksisi haqida qimmatli ma’lumotlarni keltirgan. F.Abdullayev ismlarning qisqarish shakllari va ularning usullari bo‘yicha o‘z qarashlarini bildirgan [Abdullayev, 1960: 34-39]. Kishi ismlarining qisqargan shakliga oid to‘plagan materiallar ismlarning lahjaviy va adabiy tildagi shakllarini aks ettiradi. “Xorazm shevalari” monografiyasida “Ba’zi bir kishi otlari va ularning qisqargan formalari”ga doir 163 ta ismni keltiradi. Ismlarning qisqarish qonuniyatlariga tegishli fikrlarini “Kishi otlarining qisqarish usullari” maqolasida keltirib o‘tgan. Maqolada kishi ismlarining Xorazm shevalaridagi qisqarish usullari, bundagi fonetik jarayonlar, ismlarning qisqargan shakllari, qisqargan tiplari xususida asosli mulohazalar aytilgan [Abdullayev, 1960: 35]. Xorazm shevalarida nafaqat antroponimik birliklarni, balki boshqa turkum leksemalarini ham qisqartirib qo‘llashadi. Ismlarning qisqarishi va variantdorligi masalasi R.Xudoyberganovning tadqiqotida atroflicha o‘rganilgan [Xudoyberganov, 2023: 17]. Bundan tashqari Fattoh Abdullayevning ishi Xorazm madaniyati va xalq og‘zaki ijodi bo‘yicha foydali manba hisoblanadi.
203 Xorazm vohasida ikki lahja, o‘g‘uz va qipchoq lahjasi vakillari istiqomat qiladi. Shu boisdan ism va laqablarning fonetik tarkibi va talaffuzi farqli. Xalq orasida shaxslarni laqab bilan chaqirish boshqa viloyatlarga nisbatan keng tarqalgan, hatto, ba’zi laqablar insonlarning ismidan ko‘ra faol qo‘llaniladi. Vohada ismlarga aylangan laqablar ham mavjud. O.Madrahimov “O‘zbek tili o‘g‘uz lahjasining qisqacha qiyosiy lug‘ati” deb nomlangan ishida asosiy rakursni Xiva tumani shevasiga qaratgan. Chunki muallif Xorazm shevasining ildizlari ayni shu hududda yuzaga kelgan deb hisoblagan. Bunga asosiy sabab Xiva – xonlik markazi ekanligi va asl xorazmliklar shu hududda istiqomat qilishgani, keyinchalik boshqa xalqlar tarkibiga singishib ketganligida edi. Tilshunos Xiva shevasida qadimgi turkiy va eski o‘zbek tili xususiyatlari ko‘p saqlanib qolganligini alohida ta’kidlaydi. Akademik V.V.Bartold “O‘rxun turklari va o‘g‘uzlar o‘sha bir xalqning o‘zi ekanligini aytadi. O.Madrahimov lug‘atida Xorazm hududidagi antroponimlarga qisqacha to‘xtalib ketgan. Muallif ism va laqablarga bir qancha namunalar keltirgan. Masalan,Vavaq (vovoq) lug‘atda bu so‘z 2 xil ma’noni ifodalagan: 1) vavaq (vovoq) – bedananing tovushiga taqlid; 2) vavaq (vovoq) – Vavax (vovox) – Xudoybergan ismli xivalik mashhur raqqosning laqabi [Madrahimov, 1999: 57-58]. Vaq-vaqezma. Gurlan tumani Shang‘i aholi yashash manzilidagi oila laqabi. Quddi vaq-vaq [Madrahimov, 1999: 57-58]. S.Rahimov 1998-yilda “Xorazm mintaqaviy antroponimiyasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Tadqiqotda ba’zi tarixiy va mifologik ismlarning ma’no va motivatsiyasiga oid fikrlar mavjud.[Rahimov S, 1998]. Muallif Xorazm vohasi aholisi ismlari uchun xos bo‘lgan ism komponentlari va mintaqaviy ismlarni belgilashga erishgan. Tilshunosning yozishicha, xorazmcha ismlar tarkibida juma, niyoz, anna, odina, poshsha, shoh, rajab, ro‘zi, qurvon, quron, hayit, ota, bobo, esh, meng komponentlarining kelishi xarakterlidir [Rahimov S, 1998: 63-97]. Janubiy Xorazm o‘zbek shevalaridagi antroponimlarni E.Y.O‘razov tadqiq qilgan [O‘razov, 1978]. Tilshunos shevadagi ismlarning qisqargan shakllarini yig‘ib adabiy tildagi shakllari bilan taqqoslagan. Ismlarning mintaqaviy, lahjaviy shakllarini adabiy shaklga nisbatan qiyos qilib qayd etish shevashunoslarning ishlarida epizodik xarakterda uchrab turadi [Xudoyberganov, 2023: 17]. Shevalardagi ismlarni o‘rganish jarayonida uning adabiy yoki dialektal variant, to‘liq yoki qisqargan shakl ekanligini aniqlash qiyin jarayondir. Xorazm shevalaridagi laqablarni struktur-semantik va vazifaviy jihatdan o‘rgangan tadqiqotchi X.Qodirova laqablarning shakllanish xususiyatlari, ism bilan munosabati, struktur modeli, semantik turlari va funksional-diskursiv xususiyatlari haqida mulohazalarini keltirib o‘tgan. Bundan tashqari laqablarning tarixiy va badiiy asarlardagi ahamiyatiga ham to‘xtalgan. Muallifning bu izlanishlari Xorazm
204 shevasidagi antroponimlarni o‘rganishda yangi bosqich bo‘ldi. Laqablarning imloviy xususiyatlariga aloqador ilmiy qarashlarini ham bayon qilgan, mulohazalarini esa ozarbayjon tilshunosi A.Qurbonovning quyidagi fikri bilan isbotlagan: “laqablar onomastik bazaning bir qismi bo‘lgani bois ularning mazmuni va shaklidan qat’iy nazar, u o‘ziga xos ism bo‘lgani uchun, qoida tariqasida, bosh harf bilan yozilishi kerak. Nashriyot muharrirlari bu jihatga alohida e’tibor qaratishlari kerak” [Qurbanov, 2019: 85]. X.Qodirova laqablarning yozilishida bir xillikni taminlab bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Tadqiqotchi mazkur ishida laqablardagi motiv masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tadi. E.Begmatovning motiv asosidagi tasnifiga tayangan holda Xorazm shevasidagi laqablarni guruhlaydi. Ishning muvaffaqiyatli tomoni shundaki, laqab sifatidagi leksemalarni tanlashda faqat Xorazm shevasiga xos leksemalar tanlangan. Xulosa sifatida shuni ta’kidlashimiz mumkinki, yer yuzida bir inson bo‘lsa ham nomga ehtiyoj sezadi. Antroponimik birliklar esa xoh adabiy, xoh dialektal qatlamga mansub bo‘lsin, ilmiy tadqiqotga muhtojdir. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Абдуллаев Ф. Киши отларининг қисқариш усуллари //Ўзбек тили ва адабиёти масалалари. – Тошкент, 1960. 3-сон. – Б. 34-39. 2. Аристотель. Поэтика (поэзия санъати ҳақида). Русчадан М.Махмудов, У Гўйчнсвдар гаржимаси. – Tошкент: Адабиёт ва санъат нашрнёти, 1980. - Б . 41. 3. Мадраҳимов О. Ўзбек тили ўғуз лаҳжасининг Хива шеваси. – Урганч: Хоразм, 1999. – Б. 57-58. 4. Маҳмудов Н. Тилнинг мукаммал тадқиқи йўлларини излаб... // Ўзбек тили ва адабиёти.– Тошкент, 2012. – № 5. – Б. 16. 5. Подольская Н. В. Словарь русской ономастической тсрминологии. –М.: Наука, 1988. С. 128. 6. Qurbanov A. Azərbaycan onomalogiyasının əsasları. II cild. – Bakı: Azərbaycan Milli Elmlər Akademiyası, 2019. – S. 85. 7. Худойберганов P. Ўзбек антропонимияси тизимининг вариантдорлиги. – Хоразм, Огаҳий нашриёти. 2023. – Б.17. 8. https://nrm.uz/content