MILLIY TUSHUNCHALARNI TARJIMA QILISH MUAMMOLARI ("O'ZBEKCHA-RUSCHA LUG'AT" MISOLIDA)
Full text
218 MILLIY TUSHUNCHALARNI TARJIMA QILISH MUAMMOLARI (“O‘ZBEKCHA-RUSCHA LUG‘AT” MISOLIDA) Dilnoza MEXLIYEVA, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti filol. fan. b-cha falsafa d-ri, katta ilmiy xodim dilnozamekhli@gmаil.com DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17488959 Annotatsiya: Ushbu maqolada o‘zbek tilidagi milliy tushunchalar va ularni rus tiliga tarjima qilishda uchraydigan semantik, madaniy hamda mental jihatdan to‘liq ekvivalent topish muammolari tahlil etiladi. “O‘zbekcha-ruscha lug‘at”ga olingan illustrativ misollar asosida har bir xalqning mentaliteti, turmush tarzi va dunyoqarashi tarjimada qanday namoyon bo‘lishi, tarjima tiliga moslash, muqobil topish muammolari xususida fikr yuritiladi. Kalit so‘zlar: lug‘at, milliy tushuncha, mentalitet, ekvivalent, leksika. Har bir millatning o‘z tarixiy, madaniy va ma’naviy qiyofasi uning tili va mentalitetida namoyon bo‘ladi. Til xalqning ruhiy dunyosi, dunyoqarashi va fikrlash usulini ifoda etuvchi eng muhim ijtimoiy hodisadir. Milliy til orqali millat o‘z qadriyatlarini, urf-odatlarini va ma’naviy merosini saqlab qoladi. Shu jihatdan til va mentalitet tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Mentalitet – millatning fikrlash uslubi, qadriyatlarga munosabati, xulq-atvori va ruhiyatining yig‘indisidir. [Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2003: 595] U tildagi iboralar, maqollar, matal va naqllar, metaforalar orqali namoyon bo‘ladi. Masalan, o‘zbek xalqining bag‘rikenglik, tantilik, mehmondo‘stlik, kattalarga hurmat, sabr-toqat, sadoqat kabi sifatlari tilda aks etgan. Ba’zi xalqlarning lingvistik lug‘atlarida “hayo”, “uzr” so‘zlarining yo‘qligi kishini hayratga soladi lekin ular uchun bu – oddiy hol. Shu sabab, tilga faqat muloqot vositasi emas, millatning fikrlash modeli sifatida qaraladi. Milliy til va mentalitet – millat ongining ikki tomoni hisoblanadi. Til – mentalitetning tashqi ifodasi bo‘lsa, mentalitet – til orqali shakllanadigan ichki dunyodir. Til va mentaletit ikki xil yo‘sinda: “mentaletitdan tilga” hamda “tildan mentaletitga” tarzida ta’sirlashadi. Shu tarzda biri ikkinchisining ta’siriga beriladi”. [Одилов, 2022: 129] Milliy tilni asrab-avaylash, uning boy imkoniyatlaridan foydalanish – millatning ma’naviy barqarorligi va kelajak avlodning ruhiy sog‘lomligi uchun asosiy omildir. Har bir xalqning tili – uning ma’naviy dunyosi, tarixiy xotirasi va ruhiy olamining ifodasidir. Xalqning nechog‘li qadimiyligi uning tili bilan ham o‘lchanishi bejiz emas. Inson o‘zi mansub xalqni, yurtini yaxshi ko‘rishining asosiy sabablaridan biri ham bir tilda so‘zlashib, bir til ostida birlashganlaridir. Shu bilan birga boshqa millat tilini bilish inson kamoloti uchun muhimdir. Bu borada ikki tilli lug‘atlar eng muhim vositachi.
219 Hozirgi globallashuv davrida ikki tilli lug‘atlar nafaqat so‘zma-so‘z tarjima vositasi, balki xalqlar madaniyati va tafakkurini bog‘lovchi muhim ko‘prik hisoblanadi. Shu bois tildan tilga tarjima faqat grammatik va semantik tenglikni ta’minlash emas, balki madaniy va ma’naviy moslikni ham talab qiladi. Tarjima jarayonida milliy kolorit, mentalitet va xalq ruhiyatini saqlab qolish juda muhim vazifa hisoblanadi. Ayniqsa, boy leksik qatlam, bir necha lahja va shevalarga ega o‘zbek tilidan boshqa tillarga tarjima qilishda milliy tushunchalarni bera olish murakkab jarayon bo‘lib tarjimondan yuksak mahorat talab qiladi. Milliy tushunchalarni o‘girishda so‘z va jumlada semantik qatlam butkul yo‘qolmasa-da, buzilish, ta’sirchanlik yo‘qolishi holatlari kuzatiladi. Shu bois, milliy koloritga ega tushunchalarni boshqa tilda ifoda etish tarjimonlar oldida jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi. Milliy tushunchalar – ma’lum xalqning tarixiy tajribasi, dini, urfodatlari va turmush tarzidan kelib chiqqan ma’no qatlamlariga ega birliklardir. Masalan, o‘zbek tilidagi “to‘y”, “sarpo”, “quda” kabi so‘zlar faqat til emas, balki madaniy voqelikni, ijtimoiy turmush, urf-odatlarni ham anglatadi. Ikki tilli lug‘atlarda bu kabi so‘zlarga to‘g‘ri ekvivalent topish qiyin bo‘ladi. Ba’zan lug‘at tuzuvchilar transliteratsiya, tushuntirma tarjima yoki qisqacha izoh usulidan foydalanadilar. Masalan, “to‘y” so‘zi rus tilida “свадьба” deb berilsa-da, o‘zbek madaniyatiga xos keng miqyosli ma’noni to‘liq qamrab ololmaydi. Shu sababli lug‘atlar faqat leksik ekvivalentni emas, balki madaniy kontekstni ham berishi kerak. Buning uchun ikki tilli lug‘atlar madaniy izohlar, illustrativ misollar va sharhlar bilan boyitilishi maqsadga muvofiq. Milliy mentalitet bilan bog‘liq so‘z va iboralarni tarjima qilishda faqat leksik emas, madaniy ekvivalent ham talab qilinadi. Turli tillarda muloqotga kirishadigan so‘zlovchilar har xil madaniyatga mansub bo‘lib, turli bilim, ijtimoiy va tarixiy o‘tmishga ega bo‘lishadi. Bu esa tarjimonning asosiy maqsadiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Chunki manba matndagi ayrim so‘z va tushunchalar tarjima matni o‘quvchilariga qisman yoki umuman tushunarsiz bo‘lishi mumkin [Қосимова, Зокирова, 2021: 96]. Yuqoridagi muammolar “O‘zbekcha-ruscha lug‘at” tarkibidagi quyidagi so‘z va iboralarda – illustrativ misollarda ham o‘z aksini topgan: O‘zbek tilidagi “zavj” so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, “jufti halol”, “umr yo‘ldosh”, “turmush o‘rtoq” ma’nolarini ifoda etadi. “O‘zbekcha-ruscha lug‘at”da “Kumushbibi binti Mirzakarimboyga – zavji toshkentlik Otabek Yusufbek hoji o‘g‘lidan” jumlasi “Кумушбиби, дочери Мирзакаримбая, от мужа ташкентца Атабека сы на Юсуфбека хаджи” деб таржима қилинган. Formal jihatdan bu tarjima to‘g‘ri, ammo“zavj” faqat nikohiy munosabatni emas, balki ma’naviy birlikni ham anglatadi. Shu bois,“zavj” so‘zi ifodalayotgan diniy va axloqiy mazmun – halol nikoh, sof muhabbat, taqvodorlik kabi ma’nolarni “муж” so‘zi to‘liq
220 ifodalay olmaydi. Lekin tarjima qilish uchun rus tilida boshqa muqobil mavjud emas. Shuningdek, lug‘atda “yon” so‘zini izohlovchi “U bugun chap yoni bilan turibdi” iborasi lug‘aviy jihatdan “сегодня он встал лвой ноги” deb tarjima qilinadi. Ammo bu tarjima real ma’noni bergani bilan milliy mazmunni aks ettirmaydi. O‘zbek mentalitetida “chap tomon” tushunchasi islomiy e’tiqod va xalqona ishonch bilan bog‘liq bo‘lib, u insonning kayfiyati yomonligi, omadi yurishmayotganini bildiradi. Bu ibora tarjimasida denotativ ma’no saqlangani bilan, konnotativ mazmun ifodasi yo‘qolgan. Shuningdek, O‘zbekcha-ruscha lug‘atdagi “yostiq” so‘ziga berilgan “umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan -тот, кто положил голову на одну подушку (с кем-л. в надежде жить совместно, быть верным мужем или вернош женой); birovning yostig‘ini quritmoq -сжить со света; убить, уничтожить кого-либо” kabi illustrativ misollari ham keng ma’noda milliy tushinchalarni aks ettiradi. Shu yostiq so‘zidan yasalgan yostiqdosh so‘ziga berilgan misol “Mamaniyozning yostiqdoshi o‘lib ketib, bir o‘g‘ilcha qolgan ekan - псле смрти жены Маманияза остался мальчик” [Ўзбекча-русча луғат, 1988: 141] tarzida berilgan bo‘lib, bu tarjimada “yostiqdosh”ning ruhiy-ma’naviy ifodasi yo‘qolgan. Chunki “yostiqdosh” – faqat xotin emas, balki insonning umr yo‘ldoshi, hayot ma’nosi bilan bog‘liq shaxsdir. Bu iboralar xalqning milliy ruhiyati va hayotiy falsafasini ifoda etadi. Tarjimada milliy taomlar, urf-odatlar va milliy atamalar ham jiddiy qiyinchilik tug‘diradi. Masalan, “O‘zbekcha-ruscha lug‘at”dagi “yovg‘on” so‘zi “постный рисовый суп” [Ўзбекча-русча луғат, 1988: 140] deb berilsa-da, u o‘zbek xalqigagina xos taom sifatida ma’lum. Shu sabab uning tayyorlanishi, iste’mol qilinishi, ramziy ma’nosi haqida tushunchasiz kishi uchun bu so‘zning mazmuni yopiq bo‘lib qoladi. Bunday hollarda tarjimon izohli ifodadan foydalanishi maqsadga muvofiq. O‘zbek xalqi madaniyatida muhim o‘rin tutuvchi “palov” so‘zi ham shunday milliy-mental tushunchalardan biri bo‘lib, u nafaqat ovqat turini, balki muayyan madaniy muhitni, marosimiy holatni va ijtimoiy muloqot an’analarini ham ifoda etadi. Formal jihatdan “palov” so‘zi rus tilida “плов” deb tarjima qilinadi. Chunki rus tilida “palov”ni ifodalovchi muqobil mavjud emas. “Palov” so‘zi o‘zbek tilida nafaqat taom, balki milliy an’ana, mehmondo‘stlik, bayrammarosim ramzi sifatida ham qo‘llaniladi. “O‘zbekcha-ruscha lug‘at”dagi palov so‘ziga berilgan izohmisol “kuningdan bir kuning qolsa – palov ye, pulingdan bir puling qolsa – palov ye –даже если тебе осталось жить один день ешь плов, если из твоих денег у тебя остался всего грош” [Ўзбекча-русча луғат, 1988: 328] tarzida tarjima qilingan. Bu frazeologik birikmada “palov” so‘zi inson hayotidagi lazzat, halovat va mehmondo‘stlik ramzi sifatida keladi. Rus tilidagi tarjima “ешь плов” tarzida grammatik jihatdan to‘g‘ri, ammo bu o‘rinda iboraning milliy ruhi – hayotdan
221 zavq olish, mehmondo‘stlik va ziyofat ma’nolari yetishmaydi. Rus xalqi uchun “palov” bilan bog‘liq an’analar tushunarsiz va begona. O‘zbek madaniyatida esa “palov” atamasi faqat ovqat emas, muayyan ijtimoiy voqelikni ham anglatadi. Masalan, palovxo‘rlik so‘zi “palov yemoq” emas, balki “palov atrofida jamlanib, suhbat qurish, muloqot qilish” ma’nosini ham o‘z ichiga oladi: “kecha palovxo‘rlik qildik – “мы вчера ели плов (в компании)”. Bu yerda “в компании” qo‘shimchasi orqali tarjimon ma’noni kengaytirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, “palov” so‘zining milliy ijtimoiy vazifasi to‘liq ifodalanmaydi. Shuningdek, “palovning qamchisi – choy” iborasi ham faqat o‘zbekcha madaniy muhitda anglanadigan hajviy ma’noni aks ettiradi. Bu yerda “palov” va “choy” o‘rtasidagi bog‘lanish – milliy taomlanish an’analari, ovqatdan keyin choy ichilishi haqidagi umumiy odatni ifoda etadi. Rus tilidagi tarjima – “для плова плеть – это чай” mazmunni chala anglatadi, chunki bu o‘rinda hajviylik va madaniy assotsiatsiyani yo‘qolgan. Tarjimada bunday holatlarda ekvivalentsiz leksikaga nisbatan qo‘llanadigan usullar – izohli tarjima, transliteratsiya yoki adaptatsiya kerak bo‘ladi. Masalan, “palov” so‘zini “plov” deb olish bilan birga, ilmiy yoki badiiy matnda uning milliy xususiyati izoh bilan berilsa, ma’no boyligi saqlanadi. Tarjima jarayonida har bir so‘zning faqat leksik ma’nosi emas, balki uning ortidagi milliy-ma’naviy qatlamni ham hisobga olish zarur. Milliy tushunchalarni, realiyalar va iboralarni xalqning mentaliteti, ruhiyati va turmush tarzining ifodasi sifatida boshqa tilda to‘liq aks ettirish imkonsiz. Shu bois lug‘atlarda bunday so‘z va iboralarni tarjima qilishda tushuntiruvchi yoki izohli usullar, zarur holda illustrativ misollardan foydalaniladi. Tarjima nafaqat tillar o‘rtasidagi, balki madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotdir. Milliy tushunchalarni tarjima qilishdagi muammolarni bartaraf etish uchun lug‘atshunos va tarjimonlar nafaqat til bilimi, balki madaniyatshunoslik kompetensiyasiga ham ega bo‘lishi lozim. Shu sabab ikki tilli lug‘atlar milliy-ma’naviy merosni saqlash va boshqa xalqlarga yetkazishda muhim ilmiy vosita bo‘lib qolmoqda. Foydalanilgan adabiyotlar: 1. Одилов Ё. Тил ва менталитет таъсирлашуви. – Тошкент: ТУБО НАШР, 2022. 129-бет. 2. Қосимова Н., Зокирова Н. Таржима назарияси ва амалиёти: ўқув қўлланма. Бухоро, 2021. –Б 96. 3. Ўзбекистон миллий энциклопедияси. 5-жилд. –Тошкент: ЎМЭ, 2003. 595-бет. 4. Ўзбекча-русча луғат / С.Ф.Акобирова ва Г.Н.Михайловлар таҳрири остида. – Тошкент: ЎзСЭ Бош редакцияси, 1988.