TURKISTON XALQ TA'LIMI UCHUN O'QITUVCHILAR TAYYORLASH JARAYONINI BOSHQARISH YO'NALISHLARI
Abstract
TURKISTON XALQ TA'LIMI UCHUN O'QITUVCHILAR TAYYORLASH JARAYONINI BOSHQARISH YO'NALISHLARI
Full text
13 TURKISTON XALQ TA’LIMI UCHUN O‘QITUVCHILAR TAYYORLASH JARAYONINI BOSHQARISH YO‘NALISHLARI Djurayev D. U. O‘zDJTU professori, DSc Annotatsiya: Maqolada XIX asrning 70 – yillaridan boshlab Turkiston xalq ta’limini tashkil etish va boshqarishda o‘qituvchining muhim o‘rin tutishidan kelib chiqib Toshkent o‘qituvchilar seminariyasi tashkil etilishi jarayoni yoritiladi. Kalit so‘zlar: Turkiston, o‘qituvchi, seminariya, mahalliy, maktab, xalq ta`limi, seminariya, boshqaruv, yo`nalish, jarayon. XIX asrning 70 – yillaridan boshlab Turkiston xalq ta’limini tashkil etish va boshqarishda o‘qituvchining muhim o‘rin tutishi hisobga olinib, boshlang‘ich va o‘rta ta’lim maktablari uchun o‘qituvchilar tayyorlashga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Turkiston general-gubernatori Kaufman K.P. (14.07.1867-04.05.1882 y.) rahbarligida, Brodavskiy M.I. boshchilik qilgan qo‘mita tomonidan ishlab chiqilgan “Turkiston o‘lkasida xalq ta’limini va o‘quv qismini tashkil etishning asosiy dasturi”da (1870 y.), Turkistonda xalq maktablari uchun o‘qituvchilar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor berildi. Unda g‘azna hisobidan o‘qituvchilar tayyorlanadigan o‘quv seminariyasining talabalar yotoqxonasidan foydalanadigan bo‘lajak o‘qituvchilar tarkibi avvalo rus farzandlaridan iborat bo‘lishi zarurligi, Imperiya fuqarolari ta’limini milliy kadrlarga topshirib bo‘lmasligi uqtirilgan edi. “O‘qituvchilar seminariyasida g‘azna hisobidan yotib o‘qish uchun ayrim joylar mavjud bo‘lib, unga namunali maktablarni tamomlagan iqtidorli, istisno tariqasida faqat rus ota-onalarining farzandlari qabul qilinadi. Chunki ular keyinchalik joylarda xalq maktablarini tashkil etib, dars berishlari ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ishni “tuzem”larga (mahalliy aholiga) ishonib bo‘lmaydi” [1]. Ammo chor amaldorlarining barcha harakatlariga qaramasdan seminariyaga kirish uchun rus millatiga mansub talabgorlar ko‘p emasligini e’tiborga olib, 1879 yilda nihoyat o‘z ishini boshlagan o‘qituvchilar seminariyasi tinglovchilarining uchdan bir qismiga (albatta, bu miqdor Turkiston maktablariga milliy o‘qituvchi kadrlar yetishtirib berish uchun mutlaqo kamlik qilar edi) mahalliy aholi farzandlaridan qabul qilish mumkinligi e’tirof etildi va shu yo‘nalishda rejali ishlar amalga oshirildi [2]. Ta’limni chor ma’muriyati istagan yo‘nalishda tashkil etish va boshqarish uchun ularga mafkuraviy qurollangan, metodik tayyorgarlik ko‘rgan va yetarli bilimga ega o‘qituvchi kadrlar zarur edi. Bunda avvalo o‘lkada istiqomat qiluvchi rus millatiga mansub aholi farzandlari savodini oshirish, keyinchalik mahalliy aholi farzandlarini “kerakli yo‘nalishda” o‘qitishni ta’minlash nazarda tutildi. Unga ko‘ra, avvalo rus maktablari uchun o‘qituvchilar tayyorlashga zo‘r berish zarur edi. Shu sababli
14 Toshkentda namunaviy o‘quv muassasasiga ega bo‘lgan “Turkiston o‘qituvchilar seminariyasi”ni tashkil etish rejalashtirildi. General-gubernatorlik o‘lka xalq ta’limini tashkil etishda asosiy e’tiborini Turkiston o‘lkasida 3 million aholining uchdan ikki qismi dashtlarda yashashiga, ular Turkiston xonliklari ta’siridan nisbatan chetda qolganligiga, chor Rossiyasi xalqlari bilan birlashishga moyil ekanligiga qaratdi. Xususan, K.P.Kaufman: “Biz asosiy vazifamizni kelajakka qoldirmay, rus davlatchiligini keng tarqatish orqali, birinchidan, zimmamizdagi odamiylik burchini bajarib, dasht ahlini madaniyatli xalqlar qatoriga qo‘shamiz, ikkinchidan, ularni musulmon dinidan uzoqlashtirib, o‘zimizga yaqinlashtiramiz”, - deb ta’kidlagan edi [3]. Uning rejasiga ko‘ra, dasht aholisi uchun uyezd maktablari negizida boshlang‘ich maktablar tashkil etish, uning qoshida 20 kishilik internat qurish lozim edi. Bu maktablarda uyezd maktablari bitiruvchilari dars berishi rejalashtirildi. Unda N.I.Ilminskiyning pedagogik tizimi asosida rus transkripsiyasi (kirill alifbosi)ni qo‘llagan holda, fanlar asosan mahalliy xalqning ona tilida o‘qitilishi lozim bo‘lib, rus bolalari uchun esa mahalliy aholi tilini o‘qib – o‘rganish majburiy emas edi. Turkiston xalq ta’limi uchun o‘qituvchilar tayyorlash jarayonini boshqarishning mafkuraviy va didaktik yo‘nalishlarini aniq tasavvur etish uchun Ilminskiyning pedagogik tizimi mohiyatini bilish zarur. Ilminskiy Nikolay Ivanovich (1822-1892) Rossiyaning Penza guberniyasida ruhoniy oilasida tug‘ilgan. 1842 yilda Qozon diniy akademiyasida tahsil olgan. Akademiyada u slavyan va grek tillaridan tashqari, fransuz, nemis, arab, tatar va turk tilini o‘rgangan. Universitetni tugatgach, shu joyda arab va tatar tillaridan dars bergan. 1951 yilda pravoslav cherkovi bosh idorasi tomonidan arab va turk tillarni chuqurroq o‘rganish maqsadida Suriya, Turkiya va Falastin kabi islom davlatlariga uzoq muddatga safarga yuborilgan. 3 yildan ortiq ilmiy safarda bo‘lgan Ilminskiy “Alazxar” universitetida islom asoslarini va arab tilini o‘rgangan. Falastindagi pravoslav cherkovida yashab, arablar va xristianlarning hayoti bilan tanishgan. Safardan qaytgach, Qozon akademiyasining missionerlik bo‘limida ishlab, islom haqida atroflicha bilimga ega o‘qituvchi hamda qaram hudud aholisi ta’limi tashkilotchisi sifatida katta obro‘ qozondi. Orenburgda qirg‘izlar, qozoqlar faoliyat yuritgan muassasada ishlagan vaqtida u qirg‘iz tilini o‘zlashtirib, turkiy xalqlar maorif ishlariga aralasha boshlagan va rus grafikasiga asoslangan turkiy alifbe tuzib, o‘quv adabiyotlari chop ettirgan. 1859 yilda u qirg‘iz dashtlarida tashkil etilgan nazorat komissiyasida mas’ul lavozimda xizmat qilgan. Kaspiy dengizining sharqiy qirg‘og‘ida imperiyaning turkmanlar bilan olib borgan siyosiy manfaatli muloqotlarida tarjimonlik qilgan. Ilminskiy N.I. Turkistonga o‘lka xalq ta’limi tizimini tashkil etishga ko‘maklashish uchun o‘z shogirdlarini jo‘natdi. Ularning aksariyati Toshkent
15 o‘qituvchilar seminariyasida faoliyat yuritib, o‘lka bo‘ylab xristian dinini targ‘ib etishni asosiy maqsad deb bilishdi. Jumladan, uning shogirdi Voskresenskiy N.A. Moskva ruhoniylaridan biriga yozgan xatida o‘zining o‘lkadagi vazifasi va o‘qituvchilar seminariyasi yo‘nalishini quyidagicha belgilaydi: “Toshkent o‘qituvchilar seminariyasi mahalliy aholini ruslar bilan qo‘shilib ketishini maqsad qilgan ekan, ularni xristian diniga targ‘ib etish, hech bo‘lmaganda yaqinlashtirish seminariya o‘qituvchilarining asosiy maqsadi hisoblanadi” [4]. Mahalliy aholini rus maktablariga kengroq jalb etish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirildi. Masalan, mazkur o‘quv muassasalarida dehqonchilik va duradgorlik ishlarini o‘rgatishga alohida e’tibor qaratdi. Bu bilan mahalliy aholi farzandlaridan ziyoli va boshqaruvchi kadrlar tayyorlash emas, dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadigan, qora mehnati hisobiga kun ko‘radigan, zodagonlar sinfini boqadigan xizmatkorlarni shakllantirish rejalashtirildi. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. O‘z.R. MDA, 47 f. 1/1–ish, Ob ustroystve uchebnoy chasti po vedomstvu Ministerstva narodnogo prosvesheniya v Turkestanskom kraye, 1875. 2. Bendrikov K.Ye. “Ocherki po istorii narodnogo obrazovaniya v Turkestane (1865-1924gg.)” // M.: APN, 1961. – B. 110. 3. O‘z.R. MDA, 47-f. 1-r. 57-ish.4. Ilminskiy N.I. Iz perepiski po voprosu o primenenii russkogo alfavita k inorodcheskim yazikam // Kazan, 1883. – S.34.