O'ZBEKISTONNING ENG YANGI TARIXI FANINI O'QITISHDA IJTIMOIY KOMPETENSIYANI SHAKLLANTIRISHNING ASOSIY YO'NALISHLARI
Abstract
Ushbu maqolada “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanini o‘qitish orqali talabalarda ijtimoiy kompetensiyani shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari tahlil qilinadi. Jumladan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani doirasida ijtimoiy kompetensiyani shakllantirishga xizmat qiluvchi metodik yo‘nalishlar bir nechta asosiy tamoyillarga tayangan holda amalga oshirilshi ilmiy jihatdan asoslaniladi. Maqolada tarixiy ong va tanqidiy tafakkurni rivojlantirish, Muloqot madaniyati va ijtimoiy faollikni shakllantirish, Fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, Interfaol va amaliy metodlardan foydalanish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish xususiyatlari chuqur tahlil etiladi.
Full text
VOLUME-3, ISSUE-10 145 O‘ZBEKISTONNING ENG YANGI TARIXI FANINI O‘QITISHDA IJTIMOIY KOMPETENSIYANI SHAKLLANTIRISHNING ASOSIY YO‘NALISHLARI Turdiyev Jamshid Rashidovich Toshkent menejment va iqtisodiyot instituti, Ta’lim faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Annotatsiya. Ushbu maqolada “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanini o‘qitish orqali talabalarda ijtimoiy kompetensiyani shakllantirishning asosiy yo‘nalishlari tahlil qilinadi. Jumladan, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani doirasida ijtimoiy kompetensiyani shakllantirishga xizmat qiluvchi metodik yo‘nalishlar bir nechta asosiy tamoyillarga tayangan holda amalga oshirilshi ilmiy jihatdan asoslaniladi. Maqolada tarixiy ong va tanqidiy tafakkurni rivojlantirish, Muloqot madaniyati va ijtimoiy faollikni shakllantirish, Fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, Interfaol va amaliy metodlardan foydalanish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish xususiyatlari chuqur tahlil etiladi. Kalit so‘zlar: Individual yondashuv, ijtimoiy kompetensiya, globallashuv, fuqarolik tarbiyasi, O‘zbekistonning eng yangi tarixi, tarixiy ong, tarixiy tafakkur, interfaol metodlar, fuqarolik madaniyati, zamonaviy pedagogika, fan mazmuni, milliy qadriyatlar, inson huquqlari, madaniy meros obektlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, OAV, NNTlar. Kirish. Bugungi globallashuv, axborotlashuv va raqamli transformatsiya jarayonlari shiddat bilan kechayotgan davrda oliy taʼlim tizimi oldida jamiyat ehtiyojlariga mos, ko‘p qirrali va barqaror rivojlanishga qodir avlodni tayyorlash vazifasi turibdi. Oliy taʼlim endilikda faqat nazariy bilimlarni yetkazuvchi tizim emas, balki talabalarni ijtimoiy faoliyatga tayyorlovchi, mustaqil fikrlash, tahliliy yondashuv, fuqarolik masʼuliyati kabi muhim kompetensiyalarni shakllantiruvchi kuchli tarbiyaviy institut sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu jarayonda, eng avvalo, har tomonlama yetuk, tanqidiy fikrlovchi, analitik salohiyatga ega, jamiyatda sodir bo‘layotgan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga ongli munosabat bildiruvchi, o‘z qarashlari va pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash muhim strategik maqsad sifatida ilgari surilmoqda. Zamonaviy taʼlim siyosati shundan dalolat beradiki, har bir talaba o‘zining nafaqat professional, balki ijtimoiy funksiyalarini ham anglagan, demokratik qadriyatlarni tushungan va jamiyatda muhim ijtimoiy rollarni bajara oladigan fuqaroga aylanishi kerak. Bunday shaxsni shakllantirishda esa ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi fanlarning, xususan, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanining o‘rni beqiyosdir. Ushbu fan doirasida talabalar mustaqil O‘zbekiston tarixida yuz bergan siyosiy, ijtimoiy va madaniy islohotlar, ularning tarixiy zarurati va bugungi kundagi ahamiyatini tizimli o‘rganish orqali zamonaviy jamiyatning mazmun-mohiyatini anglab yetadilar. Talaba shaxsining fuqarolik ongini shakllantirishda tarixiy tafakkur, vatanparvarlik, ijtimoiy adolat va demokratik qadriyatlarni tushunish kabi elementlar aynan shu fan doirasida shakllanadi. Shu tariqa, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani ijtimoiy kompetensiyaning asosiy tarkibiy qismlari – muloqot madaniyati, jamoaviy faoliyatda ishtirok etish, ijtimoiy masʼuliyatni his etish, ijtimoiy haqiqatni anglash va baholash, tanqidiy fikrlash, tarixiy haqiqatga eʼtibor qaratish singari jihatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Ijtimoiy kompetensiya – bu shaxsning jamiyatda to‘laqonli faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy-psixologik, kommunikativ va madaniy tayyorgarligini ifodalovchi muhim tarkibiy
VOLUME-3, ISSUE-10 146 unsurdir. U nafaqat jamoada muloqotga kirishish, balki ijtimoiy munosabatlarni idrok etish, o‘z ijtimoiy rolini anglab yetish, nizolarni hal qilish, empatiya, ijtimoiy hamkorlik va masʼuliyatni o‘z zimmasiga olish kabi ko‘nikma va sifatlarni o‘z ichiga oladi. Aynan taʼlim muassasalari ushbu kompetensiyani tizimli ravishda rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lgan asosiy ijtimoiy institut sanaladi [1]. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani doirasida ijtimoiy kompetensiyani shakllantirishga xizmat qiluvchi metodik yo‘nalishlar bir nechta asosiy tamoyillarga tayangan holda amalga oshiriladi. Quyida ularning pedagogik mohiyati, shakllanish mexanizmlari va taʼlimiy natijalariga qisqacha to‘xtalamiz. Bulardan birinchisi, tarixiy ong va tanqidiy tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanining asosiy vazifalaridan biri bo‘lgan talabalarni mustaqil fikrlovchi, tarixiy tafakkurga ega, tanqidiy yondashuvni o‘zlashtirgan shaxslar etib tarbiyalashni ko‘zda tutadi. Bu fanning mazmuni asosan mustaqillik yillarida amalga oshirilgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy islohotlar, ularning tarixiy asoslari, shakllanish jarayoni va zamonaviy ahamiyatini o‘rganishga yo‘naltirilgan bo‘lib, talabalarni chuqur tarixiy tahlil olib borishga yo‘naltiradi. Mazkur jarayonda talabalar o‘rganilayotgan voqelik va jarayonlarni faqat fakt sifatida emas, balki ularning sabab-oqibat munosabatlari asosida idrok etish, tarixiy qarorlarning ijtimoiy hayotga taʼsirini tushunish va muayyan voqealarga nisbatan shaxsiy pozitsiyasini bildirish imkoniga ega bo‘ladilar. Shuning uchun ham “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani orqali tarixiy tafakkurni shakllantirish, ijtimoiy voqeliklarni mustaqil tahlil qilishga o‘rgatish ijtimoiy kompetensiyaning poydevori sifatida namoyon bo‘ladi. “Tarixni bilmasdan bugunni tushunib bo‘lmaydi, kelajakni tasavvur qilib ham bo‘lmaydi” degan fikrlar bejiz aytilmagan. Bu mazmunda tarixiy ong – shaxsning ijtimoiy ong darajasini aniqlovchi mezondir [2]. Shunday ekan, tarixiy ong va tanqidiy tafakkurni rivojlantirish ijtimoiy kompetensiyaning asosiy olillari sifatida qaralishi kerak. Ikkinchisi, talabalarning muloqot madaniyati va ijtimoiy faollikni shakllantirishga qaratilgan yondashuvdir. Bu Oliy taʼlim tizimida shakllantiriladigan asosiy kompetensiyalardan bo‘lib, taʼlim oluvchilarning muloqot madaniyati va ijtimoiy faolligini taʼminlashda ayniqsa, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani doirasida ushbu kompetensiyaning mazmuni o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki tarixiy-ijtimoiy mavzularni o‘z ichiga olgan bu fan nafaqat axborot yetkazadi, balki ijtimoiy fikrlash, bahslashish, muhokama qilish, o‘z fikrini asoslash va boshqalar nuqtai nazariga hurmat bilan yondashish madaniyatini shakllantirish imkonini beradi. Taʼlim jarayonida talabalar bilan olib boriladigan munozarali mashg‘ulotlar, guruhiy tahlillar, rolli o‘yinlar, “fikrlar aks-sadosi”, “aqliy hujum”, “fishbone” kabi interfaol metodlar yordamida nafaqat tarixiy bilimlar chuqurlashtiriladi, balki ijtimoiy kompetensiyaning asosiy elementlari – faol muloqot, fikr almashish, ijtimoiy eshituvchanlik, konstruktiv tanqid va jamoaviy fikrlash ko‘nikmalari shakllanadi. Bu esa muloqot madaniyatining asosiy ko‘rsatkichidir. Shunday qilib, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani nafaqat bilim manbai, balki talabalarni ijtimoiy aloqalarda faol, fikr almashuvchan, muloqotga tayyor shaxs sifatida tarbiyalashning samarali vositasi hisoblanadi [3]. Shunday qilib, talabalarning kommunikativligini taʼminlash ularning ijtimoiy faollikni shakllantirishda muxim parametr bo‘lib xizmat qiladi. Fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish tamoyili esa, ijtimoiy kompetensiyaning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib, bu - shaxsning fuqarolik pozitsiyasini aniqlashi, uni ongli ravishda shakllantirishi va jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga masʼuliyatli yondashishidir. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani mazmunan aynan mana shu kompetensiyani rivojlantirishda alohida o‘rin tutadi. Chunki ushbu fan talabalarga O‘zbekiston mustaqilligining
VOLUME-3, ISSUE-10 147 ilk bosqichlaridan to hozirgi kungacha bo‘lgan siyosiy, huquqiy va ijtimoiy institutlarning shakllanishi hamda faoliyati bilan tanishish, ularni tahlil qilish imkonini beradi. Mazkur fan doirasida o‘rganiladigan mavzular - davlat mustaqilligining eʼlon qilinishi, Konstitutsiyaning qabul qilinishi, qonunchilik va huquqiy tizimning shakllanishi, fuqarolik jamiyatining institutlari (OAV, NNTlar, mahalla tizimi va boshqalar), saylov tizimi va siyosiy partiyalar faoliyati - talabalarni zamonaviy jamiyat tuzilmasi bilan tanishtiribgina qolmay, balki ularda Vatanga sadoqat, qonunlarga hurmat, ijtimoiy adolatga ishonch kabi qadriyatlarni anglashga xizmat qiladi. Interfaol va amaliy metodlardan foydalanish masalasi ham talabalarning ijtimoiy kompetentligini individual yondashuv asosida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy pedagogikada ijtimoiy kompetensiyani rivojlantirishning eng samarali yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraladi. Xususan, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” kabi ijtimoiygumanitar fanlarda bunday yondashuv talabalarni bevosita ijtimoiy hayotga tayyorlash, nazariy bilimlarni real sharoitlarga tatbiq qilish, tarixiy jarayonlar asosida tahliliy fikrlashga o‘rgatish uchun keng imkoniyat yaratadi. Keys-stadi (case-study) usuli, hujjatli filmlar tahlili, ijtimoiy loyiha asosidagi topshiriqlar – bularning barchasi tarixiy-ijtimoiy mazmunga ega bo‘lgan mavzularni talabalarning faol ishtirokida muhokama qilishga va mustaqil xulosa chiqarishga xizmat qiladi. Amaliy metodlar, xususan, loyiha asosidagi taʼlim (project-based learning) asosida talabalar kichik guruhlar shaklida “Demokratik jamiyatda yoshlarning o‘rni”, “Fuqarolik jamiyatining taraqqiyot bosqichlari” kabi mavzularda ijtimoiy loyiha tayyorlashga yo‘naltiriladi. Demak, tarix fanini o‘qitishda interfaol va amaliy metodlardan foydalanish ijtimoiy kompetensiyani shakllantirishda muhim uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu metodlar taʼlimni jonlantiradi, talabalarni passiv bilim oluvchidan faol ishtirokchiga aylantiradi, o‘z navbatida, ularning ijtimoiy faol va fuqarolik jihatdan yetuk shaxs sifatida shakllanishiga zamin yaratadi [4]. Individual yondashuv bu – talabaga ularning shaxsiy xususiyatlari, ehtiyojlari, qiziqishlari va imkoniyatlariga qarab didaktik material, metod va topshiriqlarni moslashtirishdir. Bu yondashuv differensial yondashuvdan farqli o‘laroq, faqatgina talabalarni daraja bo‘yicha bo‘lish emas, balki ularning ichki salohiyatini ochish va rivojlantirishga qaratilgan izchil tarbiyaviy va didaktik harakatlar majmuasidir [5]. Masalan, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanini o‘qitish jarayonida bir talabaga ijtimoiy loyiha ustida ishlash topshirig‘i, boshqasiga esa analitik maqola yozish, yana biriga esa videodastur tayyorlash kabi turli xil topshiriqlar taklif etilishi ularning individual salohiyatini inobatga olishni taʼminlaydi. Natijada har bir talaba o‘zining kuchli jihatlarini namoyon etish orqali ijtimoiy faoliyatda ishtirok etish imkoniyatini topadi. Bundan tashqari, individual yondashuv asosida olib borilgan o‘quv faoliyati talabaning o‘z-o‘zini anglashiga, mustaqil qaror qabul qilishiga, ijtimoiy muammolarga nisbatan shaxsiy munosabat bildirishiga xizmat qiladi. Bu esa ijtimoiy kompetensiyaning chuqur shakllanishiga olib keladi. Talaba o‘zini jamiyatning muhim bir aʼzosi sifatida his qilgan holda, masʼuliyat, fuqarolik ong, tolerantlik, ko‘p fikrlilikka nisbatan ochiqlik kabi fazilatlarni o‘zlashtira boshlaydi. Shunday qilib, individual yondashuv – bu nafaqat taʼlimning samaradorligini oshiruvchi usul, balki ijtimoiy kompetensiyani chuqur va barqaror shakllantirishning muhim pedagogik mexanizmidir. Ayniqsa, tarixiy-ijtimoiy mazmundagi fanlarda bu yondashuv talabalarning ijtimoiy ongini mustahkamlashda beqiyos rol o‘ynaydi. Talabalarda ijtimoiy kompetensiyani shakllantirishning yana bir muhim yo‘nalishi bu – zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishdir. Bugungi kunda talabalar uchun raqamli texnologiyalar – internet resurslari, multimedia vositalari, interfaol platformalar va virtual hamkorlik muhitlarining imkoniyatlaridan foydalanish ijtimoiy
VOLUME-3, ISSUE-10 148 kompetensiyani shakllantirish jarayonini yanada samarali qilish imkonini beradi. Masalan, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanini o‘qitishda elektron taʼlim platformalari orqali tarixiy hujjatlar, videomateriallar va interfaol kontentlarni talabalarga taqdim qilish mumkin. Ushbu vositalar orqali talabalar tarixiy jarayonlarni virtual tarzda kuzatib, ularga individual baho bera olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar va forumlar orqali talabalar mustaqil ravishda tarixiy va ijtimoiy mavzularda muhokama olib borishlari, o‘z qarashlarini keng auditoriya oldida ifoda etishlari mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, talabalar o‘rtasida ochiq fikrlilik, ijtimoiy faollik va muloqot madaniyatini rivojlantiradi [6]. Ijtimoiy kompetensiyani rivojlantirishda tarixiy voqeliklarni tahlil qilish va ularni hozirgi kun bilan bog‘lash o‘ta muximm, bu ko‘nikma topilgan yoki taqdim etilgan maʼlumotlarni korreksiyalashida alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu yo‘nalish talabalarni tarixiy tajribalarni hozirgi kunning ijtimoiy masalalariga tatbiq etish, shuningdek, kelajak istiqbollarini prognoz qilishga o‘rgatadi. Masalan, mustaqillikning ilk yillarida amalga oshirilgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar natijalarini bugungi kun sharoitlariga moslab tahlil qilish, o‘zaro muhokamalar va munozaralar orqali kelajak istiqbollari haqida xulosalar chiqarishga yordam beradi. Talabalar bu jarayonda nafaqat tarixiy voqeliklarni chuqurroq tushunadilar, balki hozirgi ijtimoiy masalalar va kelajak istiqbollariga nisbatan mustaqil, ongli va tanqidiy pozitsiyalarni ham shakllantiradilar. Shu bois, tarixiy bilimlarni hozirgi ijtimoiy masalalar bilan integrativ tarzda o‘rganish – talabalar ijtimoiy kompetensiyasini yanada kengaytirishning muhim pedagogik vositasi hisoblanadi [7]. Taʼlim jarayonida ushbu yo‘nalishlarni kompleks tarzda amalga oshirish talabalarning ijtimoiy kompetensiyasini sifatli shakllantirishga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, talabalarni faqat bilimli emas, balki ijtimoiy jihatdan faol, masʼuliyatli va fuqarolik jihatdan yetuk shaxslar sifatida tarbiyalash imkonini beradi. Shunday qilib, O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanini individuallashgan, interfaol va integrativ metodikalar asosida tashkil etish orqali talabalarning ijtimoiy kompetensiyasi chuqur va izchil shakllanadi. Bu esa oliy taʼlimning zamonaviy jamiyat ehtiyojlariga mos ravishda rivojlanishiga xizmat qiladi va mamlakat taraqqiyotining ijtimoiy barqarorligi uchun zarur shaxslarni tayyorlashga bevosita hissa qo‘shadi. Xulosa. Talabalarda ijtimoiy kompetensiyani rivojlantirish jarayonida refleksiv fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish ham alohida ahamiyatga ega. Refleksiv fikrlash – bu shaxsning o‘z faoliyati va xatti-harakatlarini tahlil qilish, o‘z xatolarini tushunish va kelgusida ulardan saboq chiqarish imkoniyatidir. "O‘zbekistonning eng yangi tarixi" fanini o‘qitish jarayonida talabalar tarixiy voqealarni o‘z nuqtai nazarlari bilan tahlil qiladilar, o‘z faoliyatlarini baholaydilar va olingan bilimlarni amaliy hayotda qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqadilar. Talabalarga mustaqil tarzda refleksiv kundaliklarni yuritish topshirilsa, ular har bir mavzuni chuqurroq tushunish va anglash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ushbu metodika talabalar o‘z qarashlarini ifodalashga, fikrlarini aniq bayon qilishga va ijtimoiy jarayonlarda o‘z xatti-harakatlariga nisbatan tanqidiy munosabatni shakllantirishga yordam beradi. Ijtimoiy kompetensiyani rivojlantirishda yana bir muhim yo‘nalish – bu jamiyat oldida turgan dolzarb ijtimoiy muammolarni chuqur o‘rganish va ular yuzasidan konstruktiv yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan pedagogik faoliyatdir. Bu jarayonda talabalar turli ijtimoiy guruhlar vakillari bilan uchrashuvlar, seminarlar va konferensiyalar o‘tkazadilar. Masalan, mahalliy hokimiyat vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari va fuqarolik jamiyati faollari bilan uchrashuvlar talabalar uchun juda foydali bo‘ladi. Ushbu uchrashuvlarda talabalar jamiyatdagi real muammolar va ularning yechimlari bilan tanishadilar, dolzarb masalalar bo‘yicha savollar beradilar va muhokamalarda faol ishtirok etadilar. Bunday jarayon talabalar o‘zlarini jamiyatning
VOLUME-3, ISSUE-10 149 faol aʼzosi sifatida his qilishlari, fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashlari va ijtimoiy faolliklarini oshirishlari uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Taʼlim jarayonining yana bir samarali yo‘nalishi – bu tarixiy ekskursiyalar va o‘quv ekspeditsiyalarini tashkil qilishdir. Ushbu tadbirlar talabalarni tarixiy va madaniy meros obektlari bilan bevosita tanishtirish, tarixiy voqealar yuz bergan joylarni ko‘zdan kechirish orqali tarixiy ong va vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantiradi. Masalan, Samarqand, Buxoro, Xiva singari tarixiy shaharlar, memorial majmualar va muzeylarga uyushtiriladigan ekskursiyalar davomida talabalar tarixiy merosning ahamiyatini chuqur anglaydilar va tarixiy-madaniy qadriyatlarga hurmat hissini rivojlantiradilar. Shuningdek, talabalarda ijtimoiy kompetensiyani shakllantirishda akademik mobil dasturlari va xalqaro hamkorlik muhim rol o‘ynaydi. Talabalar xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma seminarlar, konferensiyalar va ilmiy tadqiqot loyihalarida ishtirok etishlari orqali o‘z bilimlarini kengaytiradilar, boshqa madaniyatlar va jamiyatlarning ijtimoiy tajribalarini o‘rganadilar. Bunday faoliyat talabalar dunyoqarashini kengaytiradi, ularning global ijtimoiy jarayonlarni tushunish darajasini oshiradi va xalqaro ijtimoiy hamkorlikka tayyorlaydi. Yuqoridagi uslubiy va pedagogik mexanizmlarni kompleks ravishda qo‘llash orqali "O‘zbekistonning eng yangi tarixi" fanini samarali tashkil etish mumkin. Bu esa talabalarning ijtimoiy kompetensiyasini yanada yuqori darajada shakllantirishga, jamiyatda faol va masʼuliyatli fuqaro sifatida yetilishlariga xizmat qiladi. Shunday qilib, ushbu pedagogik yondashuvlar O‘zbekiston oliy taʼlim tizimining ijtimoiy taraqqiyot va barqaror rivojlanish yo‘lidagi vazifalarini amalga oshirishda muhim o‘rin egallaydi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YHATI: 1. Умаров А.М. Педагогикада компетенциялар тизими. – Тошкент: Фан ва технология, 2020. – 228 б. 2. Каримов И.А. Ўзбекистон ХХI аср бўсағасида: хавфсизликка таҳдид, барқарорлик шартлари ва тараққиёт кафолатлари. – Тошкент: Ўзбекистон, 2003. – 350 б. 3. Солиев А.А. Тарих таълимида интерфаол методлар. – Тошкент: Янги аср авлоди, 2019. – 192 б. 4. Саидов А.Х. Инсон ҳуқуқлари: назария ва амалиёт. – Тошкент: Адолат, 2021. – 312 б. 5. Жураев Н.Б. Талабалар шахсини тарбиялашнинг инновацион усуллари. – Тошкент: Илм зиё, 2020. – 240 б. 6. Karimova M.J. Raqamli pedagogika va taʼlim innovatsiyalari. – Toshkent: Innovatsion rivojlanish nashriyoti, 2021. – 212 b. 7. Тўхтахўжаева М.Х. Ўзбекистон тарихини ўқитишда интеграцион методикалар. – Тошкент: Университет, 2020. – 254 б.