IKKI TILLI TARJIMA LUG'ATLAR TIZIMIDA RUSCHA-O'ZBEKCHA LUG'ATLARNING O'RNI
Full text
239 IKKI TILLI TARJIMA LUG‘ATLAR TIZIMIDA RUSCHA-O‘ZBEKCHA LUG‘ATLARNING O‘RNI Jo‘rayeva Nigora Baxtiyor qizi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti 2-bosqich doktoranti [email protected] DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17556524 Annotatsiya: Ushbu maqolada o‘zbek leksikografiyasidagi dastlabki tarjima lug‘atlar va shunday lug‘atlar tizimida ruscha-o‘zbekcha lug‘atlarning tutgan o‘rni, ahamiyati hamda farqlari haqida mulohazalar bayon etilgan. Ikki tilli lug‘atlar, xususan, ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar tarixi yoritilgan. Kalit so‘zlar: leksikografiya, lug‘at turlari, tarjima lug‘atlar, ikki tilli lug‘atlar, ko‘p tilli lug‘atlar, tarjima masalasi, izoh usuli. Ma’lumki, o‘‘zbek leksikografiyasi tarixining tarixiy ildizi XI asrga (“Devoni lug‘atit turk”asariga) borib taqaladi. Tarixda turkiy til, ya’ni bevosita o‘zbek tiliga aloqador turli lug‘atlar yaratilgan. Bularga faqat Alisher Navoiy asarlari yuzasidan tuzilgan Tole Imoniyning “Badoyi ul-lug‘at” nomli chig‘atoycha-forscha (XV asr), “Abushqa” nomi bilan mashhur bo‘lgan chig‘atoycha-turkcha (XVI asr), Muhammad Yaqub Chingiyning “Kelurnoma” nomli o‘zbekcha-forscha (XVII asr), Mirza Mehdixonning “Sangloh” nomli chig‘atoycha-forscha (XVIII asr), Fazlulloxonning 1825-yilda nashr etilgan chig‘atoycha-forscha lug‘atlarini ko‘rsatib o‘tishning o‘zi kifoya. Lekin o‘zbek lug‘atshunosligi qanchalik uzoq tarixga ega bo‘lmasin, u fan sifatida faqat XX asrning 20-yillarida shakllandi. Lug‘atlar turli xususiyati va ijtimoiy ahamiyatiga ko‘ra bir necha turlarga bo‘linadi. Shunday lug‘atlardan biri – tarjima lug‘atlari bo‘lib, leksikografiyada salmoqli o‘rinni egallaydi. O‘zga tillarni o‘rganish masalasi har qanday davrda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Milliy til vakillari uchun bunga yaqindan yordam beruvchi vosita tarjima masalasi bo‘lib, ularni lug‘atlar orqali mukammallashtirish mumkin. Bir tilga oid lug‘aviy birliklarni boshqa tilga o‘girib, izohlab beruvchi tarjima lug‘atlari – o‘zbek leksikografiyasida keng tarqalgan qadimdan ma’lum lug‘at turidir. [Madvaliyev, 2017: 166]. Tarjima qilinayotgan tillarning miqdoriga ko‘ra ular ikki tilli va ko‘p tilli lug‘atlar deb yuritiladi: Ikki tilli tarjima lug‘atlar – ikki til birliklarini o‘z ichiga olgan lug‘atlar bo‘lib, milliy va o‘zga tilli lug‘atlardir. Masalan: ruscha-o‘zbekcha, inglizcha-ruscha, turkcha-nemischa lug‘atlar kabi. Ko‘p tilli tarjima lug‘atlar – uch va undan ortiq til birliklarini bir-biriga qiyoslovchi tarjima lug‘atlardir. Masalan: ruscha-inglizcha-o‘zbekcha, inglizchanemischa-turkcha, fansuzcha-inglizcha-o‘zbekcha lug‘atlar.
240 O‘zbek leksikografiyasida tarjima lug‘atlar alohida o‘ringa ega lug‘at tizimidir va yuqorida nomlari qayd etilgan lug‘atlar ayni shu tipdagi asarlardan sanaladi. O‘zbek va o‘zga tillarni muqoyasa qiluvchi tarjima lug‘atlar eng qadimgi davrlardan to hozirga qadar yaratilib kelinmoqda. Ular turli tillar o‘rtasidagi aloqani ta’minlashga xizmat qiladi. XX asrning 20-yillarida yaratilgan qator tarjima lug‘atlar, xususan, ruscha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-ruscha lug‘atlar keyinchalik o‘zbek tilining izohli lug‘ati yaratilishi uchun zamin tayyorladi. Bunday lug‘atlar boshqa lug‘at turlariga nisbatan murakkab tuzilishga ega bo‘lib, unda ikki yoki undan ortiq tillardagi so‘zlar qiyoslanadi, tillararo izohlanadi. XIX asrning so‘ngiga qadar turkiy-arab, turkiy-fors, turkiy-turk ikki tilliligiga asoslanib yoki aksincha tartibda tuzilgan tarjima lug‘atlari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, XIX asr oxiridan to hozirga qadar ularning xilma xilligi ortdi. O‘zbek tilshunosligi tarixida arab, fors, turk tillaridagi tarjimalardan tashqari o‘zbekcha-ruscha, o‘zbekcha-inglizcha, o‘zbekcha-nemischa, o‘zbekcha-turkcha, o‘zbekcha-koreyscha va shu kabi lug‘atlar yaratilgan. S. Normamatov tarjima lug‘atlari haqida fikr yuritar ekan, ularni shartli ravishda ikki davrga ajratishni lozim topadi: 1) XIV asrlardan XIX asrning ikkinchi yarmigacha bo'lgan davr (“Tarjimoni turki va ajami va mo‘g‘uli va forsi”, “At tuhfa”, Abu Hayyonning “Turk-arab lug‘ati” kabilar hamda Alisher Navoiy asarlari uchun tuzilgan “Sangloh”, “Kelurnoma”, “Badoye’ al-lug‘at”, “Abushqa” kabi lug‘atlar yaratilgan davr); 2) XIX asrning ikkinchi yarmidan keyin yaratilgan lug‘atlarni qamrab oluvchi davr (boshqacha aytganda, O‘rta Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishidan keyingi davr). Bu davrda asosan “o‘zbekcha(turkcha, chig‘atoycha) - ruscha yoki ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar yaratilganligi kuzatiladi[Normamatov, 2019: 12]. Ularda asosiy e’tibor tillararo aloqani ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, har bir lug‘at u yoki bu xususiyatiga ko‘ra tilni o‘rganishga, o‘rgatishga yoki solishtirishga xizmat qilgan. Bu lug‘atlarning barchasi davr talabi va hukmron mafkura ta’siri ostida paydo bo‘lgan. Bunday lug‘atlar asosan ikki maqsadda tuzilgan: birinchidan, o‘zga tilning leksikasi, fonetikasini tushunishga yordam bersa, ikkinchidan, o‘zga tilda gaplashishga yordamlashadi.[ G‘ofurova, 2018: 51]. Eng qadimgi davrdan boshlab yaratilgan barcha tarjima lug‘atlarining umumiy xususiyati ham shunda. O‘zbek tilshunosligi leksikografiya sohasida juda uzoq tarixga ega. Lekin o‘rta asr o‘zbek leksikografiyasida eʼtibor ko‘proq izohli va tarjima lug‘atlarga qaratilgan edi. XX asr o‘zbek leksikografiyasi taraqqiyotida alohida yangi davr sanaladi. XX asrning 30-50-yillaridan lug‘at tuzish tamoyillari ilmiy asosda chuqur o‘rganila boshlandi, leksikografiya yo‘nalishlari kengaydi; lug‘atning yangi-yangi turlari: imlo, orfoepik, dialektal, frazeologik, chastotali, morfem, mavzuli, ters (chappa), ensiklopedik, etimologik, terminologik lug‘atlar paydo bo‘ldi. Ashurali Zohiriy
241 tuzgan 2 jildli «Ruscha-o‘zbekcha mukammal lug‘at» (1927-28) keyingi davrlarda O‘zbekistonda yaratilgan ikki tilli lug‘atlar uchun asos bo‘ldi. Hozirgi kungacha 10 ga yaqin xorijiy til bilan o‘zbek tilini qiyoslovchi ko‘plab tarjima lug‘atlari, fan sohalariga oid 100 dan ziyod ikki va uch tilli terminologik lug‘atlar yaratildi[Nurmonov, 2006: 13]. O‘zbek leksikografiyasida ruscha-o‘zbekcha lug‘atlarning XX asrdagi rivojiga A.Zohiriy, A.Qodiriy, Y.D.Polivanov, A.K.Borovkov, K.K.Yudaxin, V.V.Reshetov, S.Ibrohimov, O.Usmonov, Z.Maʼrufov, S.Akobirov, R.Abdurahmonov, Sh.Rahmatullaev, N.Mamatov, A.Hojiyev, T.Aliqulov, G.N.Mixaylov, S.S.Kim va boshqalar munosib hissa qo‘shdilar. Biz ruscha-o‘zbekcha tarjima lug‘atlarni o‘zbek lug‘atchiligining rivojiga qay tarzda ta’sir etishiga ko‘ra quyidagicha davrlarga ajratishni lozim topdik: I.XIX asrning so‘nggi XX asrning 20-yillari (Ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar yaratilishidagi dastlabki bosqich bo‘lib, bu davrda yaratilgan lug‘atlar hajman kichik va asosan jonli xalq tiliga mos ravishda rus va o‘zbek kishisi o‘rtasida muloqotni shakllantirishga yordam berish maqsadida tuzilgand). II.XX asrning 20-30-yillaridan 50-yillarigacha bo‘lgan davr (Bu davr o‘rtacha hajmli ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar bosqichidir. Bu davrda dastlabki tajribalardan unumli foydalangan holda adabiy tilga moslashtirilgan umumiy va maxsus terminologik lug‘atlar yaratilgan hamda o‘zbek leksikografiyasi tom ma’noda fan sifatida shakllangan). III.1950-yildan 1990-yilgacha bo‘lgan davr (Hajman yirik va mazmunan xilma-xil ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar bosqichidir. Dastlabki besh tomli ruschao‘zbekcha lug‘at ham ayni shu davrda yaratilgan). IV.Mustaqillikdan to hozirgacha bo‘lgan davr (Bu yangicha tipdagi lug‘atlar bosqichi sanaladi. Bu davrning ahamiyatli xususiyati shundaki, o‘zbek xalqining mustaqilligi uning ikki tilli lug‘atlarida ham sezilarli darajada aks etdi va bu turdagi lug‘atlar mustamlakchilik siyosati, keraksiz terminlardan tozalandi. Shuningdek, ular o‘zbek adabiy tili me’yorlarini ham aks ettirishga moslashtirildi). XIX asrning so‘nggi choragi va XX asrning dastlabki yigirma yili mobaynida, ya’ni Turkiston Chor Rossiyasi mustamlakasiga aylantirilgan yillarda turli sabab va ehtiyojlar sababli bir necha ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar yaratildi: A. Starchevskiyning “Sputnik russkogo cheloveka v Sredney Azii” (SPb., 1878), I. Ishaevning “Kratkiy russko-uzbekskiy slovar” (T., 1880), V. Nalivkin va M. Nalivkinalarning “Russkosartovskiy i sartovsko-russkiy slovar obsheupotrebitelnыx slov” (Samarkand, 1884) lug‘atlari shular jumlasidandir. Bu lug‘atlarda o‘zbek tiliga nisbatan “sart tili” atamasi qo‘llanilgan hamda ushbu lug‘atlar asosan jonli so‘zlashuv va talaffuzga asoslanib tuzilgan. Ikki tilli tarjima lug‘atlar orasida bunday lug‘atlar yaratilishi va
242 taraqqiy etishi asosan siyosat bilan bog‘liq bo‘lgani bois aynan rus-o‘zbek ikki tilliligini aks ettirgan. Bu turdagi lug‘atlar rus kishisiga o‘zbek xalqi bilan tanishish, muloqot qilish, boshqarish imkoniyatini bersa, o‘zbek kishisiga muloqot, rus tili va adabiyotini o‘rganish, rus tili orqali Yevropa tillari bilan tanishishga zamin yaratgan. Dastlabki ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar og‘zaki shaklga asoslanganiga qaramasdan, o‘zidan keyingi yaratiladigan birmuncha mukammal ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar uchun tamal toshi vazifasini o‘tadi. Keyingi davrlarda kichik hajmdagi ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar bilan birgalikda katta hajmdagi, leksikografik jihatdan yangilangan ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar ham yaratildi. XX asrning 20-yillaridan o‘zbek leksikografiyasida yangi bosqichga qadam qo‘yildi. XX asrning 20-yillaridan 50-yillarshgacha tuzilgan ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar dastlabki shunday lug‘atlarga solishtirilganda o‘rtacha hajmdaligi va nisbatan adabiy til me’yorlarini aks ettirishi bilan qiymatlidir. Bu davrda yaratilgan lug‘atlar ichida alohida e’tibor qaratiladigan lug‘atlar – 1927-yilda Ashurali Zohiriy tomonidan nashr etilgan “Ruscha-o‘zbekcha mukammal lug‘at”, 1934-yilda Abdulla Qodiriy hammuallifligida tuzilgan “Ruscha-o‘zbekcha to‘la so‘zlik”, 1942-yilda T.N. Qori-Niyoziy va N.K. Borovkovlar tahriri ostida nashr etilgan “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”lardir. Bu lug‘atlar o‘z ahamiyati jihatidan zamonasining talabiga javob bera oladigan, bir qadar mukammal lug‘atlar hisoblanadi. O‘zbek leksikografiyasining fan sifatidagi rivojida ham bu lug‘atlar alohida e’tiborga loyiqdir. Ular so‘zligi jihatidan ham, tarjima usullari va so‘zlarning izohi jihatidan ham o‘zigacha bo‘lgan rus-o‘zbek ikki tilli tarjima lug‘atlarida muhim manbalardir. Ikki tilli tarjima lug‘atlari har ikki tildagi leksik yangilanishlar va o‘zgarishlarni aks ettirar ekan, tillar rivoji bilan qayta tahrir qilinishi tabiiy bir holdir. Ikkinchi jahon urushi sabab ilm-fanning turli sohalari qatori leksikografiya ham sustlashib qolgan edi. XX asrning 50-yillaridan bu soha yana qayta jonlandi hamda katta hajmdagi ruscha-o‘zbekcha tarjima lug‘atlari yaratildi. Ayni shu davrda bir jildli (1954-yil R. Abdurahmonov tahriri ostida), ikki jildli (1983-84-yillarda M. Qo‘shjonov tahriri ostida ) va besh jildli (1950-55-yillarda S.A. Akobirov, Z.M. Ma’rufovlar tahriri ostida) ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar nashr etildi. Bu lug‘atlar yurtimizda rus tilini o‘rganishda, tarjimalar sifatini oshirishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu bilan bir qatorda, rus va o‘zbek tillari lug‘at tarkibidagi o‘zgarishlarni aks etiruvchi nisbatan mukammal lug‘atlar yaratildi. Ularda berilgan so‘zlik, tarjima masalasi, izohlar va illyustrativ misollar ancha mukammal hamda davr talabiga javob beradigan holda tuzilgan. Ammo yuqoridagi lug‘atlarning barchasi o‘z hajmi, ahamiyati va tuzilishi jihatidan mustaqillikdan so‘ng yaratilgan ruscha-o‘zbekcha lug‘atlardan farq qiladi. Bu, bir tarafdan, siyosat bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa tarafdan, tillarning rivojiga aloqadordir. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, boshqa bir qator fan sohalari qatori leksikografiyada ham o‘zgarishlar
243 sodir bo‘ldi. Endi leksikografik manbalar mustabid tuzum ta’siridan tozalandi va o‘zbek tilining imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ikki tilli tarjima lug‘atlarda faqat o‘zga til imkoniyatlariga emas, balki o‘zbek tilining boy ma’naviy merosiga va ichki imkoniyatlariga ham katta o‘rin ajratildi. Tarjimada soflikka va aniqlikka erishildi. Turli sohalarga oid ruscha-o‘zbekcha terminologik lug‘atlar va, albatta, ruscha-o‘zbekcha umumiy lingvistik lug‘at masalasi ham qayta ko‘rib chiqildi va buning amaliy natijasi sifatida 2013-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti xodimi, filologiya fanlar nomzodi A. Madvaliyev va institutning boshqa xodimlari ishtiroki va harakatlari natijasida 2 jildli “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at” nashr etildi. Ikki jildli ushbu lug‘at so‘zligida 59140 ta so‘z o‘rin olgan bo‘lib, turli mafkuraviy g‘oyalardan tozalandi va adabiy til me’yorlariga e’tibor bilan yondashildi, tarjimada o‘zbek tilining keng imkoniyatlaridan foydalanildi va so‘zlar imlo jihatidan ham qayta ko‘rib chiqildi. Ruscha-o‘zbekcha lug‘atlar tizimida mustaqillikdan so‘ng tuzilgan bu ikki jildli lug‘at o‘z tuzilishi va so‘zligi jihatidan davr talablariga mos ravishda tuzilganligi bilan ahamiyatlidir. Bunda har bir davrdagi lug‘atlarning tuzilishi va maqsadi bir-biridan farq qilsada, ular, asosan, tarjima masalasida foydalanish uchun mo‘ljallanganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Ularni turli tomonlama o‘rganish, ikki tilli tarjima lug‘atlarining har bir boshqichdagi yutug‘ini belgilash, ular orasidagi farqli xususiyatlarni aniqlash bundayn keyin yaratiladigan tarjima lug‘atlari ishiga yordam beradi degan umiddamiz. Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati: 1. Мадвалиев А. Ўзбек терминологияси ва лексикографияси масалалари. Ўзбекистон миллиий энциклопедияси. –Тошкент, 2017 – Б. 166 2. Нормаматов С. Ўзбек луғатчилигининг шаклланиши ва ривожланишида жадид маърифатпарварларининг ўрни: Филол фан. д-ри... дисс. автореф. – Тошкент, 2019. – Б. 12 3. Нурмонов А, Мадвалиев А. Ўзбек тилшунослиги // ЎзМЕ, 12-жилд. – Тошкент, 2006. – Б. 13 4. Ғафурова С. Салоҳидин Тошкандий “Луғоти салос” асарининг лекcикографик хусусиятлари: Филол. фан. бўйича фалсафа д-ри (PhD)... дисс. автореф. – Тошкент, 2018. – Б. 51