MILLIY IQTISODIYOTNI MODERNIZATSIYALASH VA XALQARO INTEGRATSIYANI CHUQURLASHTIRISHDA XORIJIY INVESTITSIYALARNING TUTGAN O'RNI
Abstract
Mazkur maqolada milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash jarayonlarida xorijiy investitsiyalarning ahamiyati va ularning xalqaro integratsiyani chuqurlashtirishdagi o‘rni tahlil etilgan. Muallif tomonidan xorijiy sarmoyalarni jalb etish mexanizmlari, investitsion muhitni yaxshilashning asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning (TXI) roli ilmiy asosda yoritilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, investitsion siyosatni takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish va innovatsion texnologiyalarni jalb etish milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga xizmat qilishi ta’kidlanadi.
Full text
10 https://www.asr-conference.com/ II SHO‘BA: Milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va xalqaro integratsiyani chuqurlashtirish MILLIY IQTISODIYOTNI MODERNIZATSIYALASH VA XALQARO INTEGRATSIYANI CHUQURLASHTIRISHDA XORIJIY INVESTITSIYALARNING TUTGAN O‘RNI Muallif: O‘razaliyev Javlonbek O‘rinboyevich 1 Affiliyatsiya: Xalqaro Nordik universiteti katta o‘qituvchisi, Bank-moliya akademiyasi tayanch doktoranti 1 DOI: https://doi.org/10.5281/zenodo.17564071 ANNOTATSIYA Mazkur maqolada milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash jarayonlarida xorijiy investitsiyalarning ahamiyati va ularning xalqaro integratsiyani chuqurlashtirishdagi o‘rni tahlil etilgan. Muallif tomonidan xorijiy sarmoyalarni jalb etish mexanizmlari, investitsion muhitni yaxshilashning asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning (TXI) roli ilmiy asosda yoritilgan. Tahlil natijalariga ko‘ra, investitsion siyosatni takomillashtirish, davlatxususiy sheriklikni kengaytirish va innovatsion texnologiyalarni jalb etish milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga xizmat qilishi ta’kidlanadi. Kalit so‘zlar: xorijiy investitsiyalar, milliy iqtisodiyot, modernizatsiya, xalqaro integratsiya, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, raqobatbardoshlik, innovatsion rivojlanish. KIRISH Globallashuv sharoitida har bir mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanish darajasi xorijiy investitsiyalar hajmi hamda ularning samaradorligiga bevosita bog‘liq. Xorijiy sarmoya nafaqat moliyaviy resurslarni, balki ilg‘or texnologiyalar, boshqaruv tajribasi va xalqaro mehnat taqsimotiga qo‘shilish imkonini ham beradi. Shu boisdan, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini modernizatsiyalash jarayonida xorijiy investitsiyalarni jalb etish strategik ahamiyat kasb etadi [1]. Milliy iqtisodiyotning modernizatsiyasi — bu ishlab chiqarishning texnik va texnologik bazasini yangilash, yangi innovatsion yo‘nalishlarni joriy etish, xalqaro iqtisodiy integratsiya tizimida faol ishtirok etish orqali ichki va tashqi bozorlar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash jarayonidir [2]. Shu nuqtai nazardan, xorijiy investitsiyalarni samarali boshqarish iqtisodiy o‘sishni jadallashtiruvchi asosiy omil sifatida namoyon bo‘lmoqda. ASOSIY QISM Albatta, xorijiy investitsiyalarning milliy iqtisodiyotdagi ahamiyati benihoya ulkandir. Xususan, xorijiy investitsiyalar milliy iqtisodiyotga bir nechta asosiy yo‘nalishda ta’sir ko‘rsatadi [3]: • kapital resurslarini kengaytirish orqali ishlab chiqarish salohiyatini oshiradi; • zamonaviy texnologiyalarni transfer qilish orqali innovatsion o‘sishni ta’minlaydi; “O‘ZBEKISTON – 2030 STRATEGIYASI: AMALGA OSHIRILAYOTGAN ISLOHOTLAR TAHLILI, MUAMMOLAR VA YECHIMLAR”
11 https://www.asr-conference.com/ II SHO‘BA: Milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va xalqaro integratsiyani chuqurlashtirish • ish o‘rinlarini yaratish orqali ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlaydi; • eksport salohiyatini oshiradi va to‘lov balansini yaxshilaydi; • raqobat muhitini kuchaytiradi, bu esa samarali boshqaruv va sifatni oshirishga olib keladi. O‘zbekiston tajribasi shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda xorijiy investitsiyalar, ayniqsa, sanoat, energetika, axborot texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi sohalarida iqtisodiy faollikni sezilarli darajada oshirgan. Xorijiy investitsiyalar nafaqat milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda , balki, xalqaro integratsiyani chuqurlashtirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, xalqaro integratsiya mamlakatning global iqtisodiyotdagi o‘rnini mustahkamlash bilan birga, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlaydi. Xorijiy sarmoyadorlarning ishtiroki orqali: ✓ eksport-import balansida barqarorlikka erishiladi; ✓ xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga qo‘shilish imkoniyati yaratiladi; ✓ mintaqaviy iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlanadi; ✓ transmilliy kompaniyalar bilan strategik sheriklik yo‘lga qo‘yiladi [4]. Bu jarayonlar natijasida mamlakat iqtisodiyoti xalqaro moliyaviy tizimga integratsiyalashadi, texnologik yangilanishlar joriy etiladi va milliy ishlab chiqarish raqobatbardoshligi ortadi. Zamon talabi o‘laroq, O‘zbekiston tajribasida xorijiy investitsiyalarni jalb etishning dolzarb yo‘nalishlari sirasiga nimalarni kiritish mumkin? So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati tomonidan xorijiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan bir qator huquqiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Jumladan: ➢ “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi (2020-yil); ➢ maxsus iqtisodiy zonalar (MIZ) va erkin industrial zonalarning tashkil etilishi; ➢ soliq imtiyozlari, bojxona preferensiyalari va soddalashtirilgan ruxsatnoma tizimi joriy etilishi; ➢ xalqaro moliya institutlari bilan strategik hamkorlikning kengayishi. Natijada, mamlakat iqtisodiyotiga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 2024yilda 27.7 milliard AQSh dollaridan oshdi [5]. Eng yirik sarmoyadorlar qatorida Xitoy, Rossiya, Turkiya va Germaniya davlatlari ajralib turadi. Biroq, hali bu natijalar ildam qadamlar bilan odimlayotgan Yangi O‘zbekiston uchun albatta yetarli emas. Oldimizda xorijiy investitsiyalarni boshqarishda dolzarb muammolar turganini bir zumga ham unitib bo‘lmaydi. Xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ularni samarali boshqarish yo‘lida bir qator muammolar: 1) investitsion infratuzilmaning ba’zi hududlarda rivojlanmaganligi; 2) huquqiy kafolatlarning yetarli darajada barqaror emasligi; 3) malakali kadrlar yetishmasligi; 4) transport-logistika tizimidagi cheklovlar; 5) ayrim sohalarda byurokratik to‘siqlarning saqlanib qolganligi. Mazkur muammolarni bartaraf etish uchun davlatning investitsion siyosatini yanada erkinlashtirish, korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish, hududiy investitsiya markazlarini tashkil etish zarur.
12 https://www.asr-conference.com/ II SHO‘BA: Milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va xalqaro integratsiyani chuqurlashtirish XULOSA Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, xorijiy investitsiyalar milliy iqtisodiyotni modernizatsiyalash va xalqaro integratsiyani chuqurlashtirishning asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Ular orqali mamlakat iqtisodiyotiga zamonaviy texnologiyalar, yangi boshqaruv uslublari, innovatsion g‘oyalar kirib keladi. O‘zbekiston tajribasi shuni ko‘rsatadiki, xorijiy investitsiyalarni jalb etish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, investitsion muhitni yaxshilash va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi. Kelgusida xorijiy investitsiyalarni hududlar kesimida diversifikatsiya qilish, innovatsion startaplar va yashil iqtisodiyot loyihalariga yo‘naltirish orqali O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy tizimda o‘z o‘rnini yanada mustahkamlay oladi. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. — Toshkent, 2024. 2. “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, 2020-yil 25-dekabr. 3. L.N.Xalikova va b. (2025). Xorijiy investitsiyalar milliy iqtisodiyotga ta’siri. “Iqtisodiyot va zamonaviy texnologiya” jurnali, 4(10), 204–210. 4. M.A.Yakubova. Iqtisodiy siyosatga kirish, Toshkent.: “Tibbiyot nashriyoti” matbaa uyi, 2022, 27-30 bet. 5. https://stat.uz/uz/matbuot-markazi/qo-mita-yangiliklar/63852-khorizhijinvestitsiyalar-azhmida-ajsi-davlatning-ulushi-yu-ori-2 6. Jahon banki ma’lumotlari (World Bank Data, 2024). 7. O’razaliyev, J. (2024). SUG'URTA KOMPANIYALARINING IQTISODIYOTDAGI PUL OQIMLARI HARAKATIGA TA’SIRI. Наука и инновация , 2 (25), 29-33. 8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hisobotlari, 2024-yil. 9. Karimov A., “O‘zbekiston iqtisodiyotida xorijiy investitsiyalar roli”, Iqtisodiyot va innovatsiyalar jurnali, 2023-yil, №2. 10. OECD (2023). Foreign Direct Investment Statistics Yearbook.