scieee AI-readable full text Open interactive document viewer

BAXSHICHILIK SAN'ATI: TARIXIY ILDIZLAR VA ZAMONAVIY TARAQQIYOT BOSQICHLARI

Hamrayeva Nargiza Hasan qizi

Abstract

Ushbu maqolada baxshichilik san’atining tarixiy ildizlari va zamonaviy taraqqiyoti, uni rivojlantirishga qaratilgan davlat qarorlari hamda bu san’atning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati yoritiladi.

Full text

Noyabr, 2025-Yil 50 BAXSHICHILIK SAN’ATI: TARIXIY ILDIZLAR VA ZAMONAVIY TARAQQIYOT BOSQICHLARI Hamrayeva Nargiza Hasan qizi Termiz iqtisodiyot va servis universiteti talabasi Filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili yo‘nalishi 4-bosqich talabasi. [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.17569011 Annotatsiya. Ushbu maqolada baxshichilik san’atining tarixiy ildizlari va zamonaviy taraqqiyoti, uni rivojlantirishga qaratilgan davlat qarorlari hamda bu san’atning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati yoritiladi. Kalit so‘zlar: Baxshichilik san’ati,doston,og‘zaki ijod, milliy cholg‘u asboblari, maktabinternat, ansambl, YUNESKO, madaniy meros, ustoz-shogird an’anasi Аннотация. В статье рассматриваются исторические корни и современное развитие искусства бахши, государственные решения, направленные на его развитие, а также значение этого искусства в воспитании молодёжи. Ключевые слова: искусство бахши, эпос, устная традиция, национальные музыкальные инструменты, школа-интернат, ансамбль, ЮНЕСКО, культурное наследие, традиция «мастер-ученик». Annotation. This article discusses the historical roots and modern development of the art of Bakhshi, state decisions aimed at its development, and the importance of this art in the education of young people. Keywords: Bakhshi art, epic, oral art, national musical instruments, boarding school, ensemble, UNESCO, cultural heritage, master-disciple tradition. Bugungi kunda milliy madaniyatimiz va ma’naviyatimizni rivojlantirish yo‘lida qator amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining baxshichilik san’atini yanada rivojlantirishga doir qabul qilgan qarori bu borada muhim qadam bo‘ldi. Ushbu qaror orqali baxshichilik san’atini asrab-avaylash, uni jamg‘arish, maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash asosiy vazifa qilib belgilandi. Mazkur qaror asosida Termiz shahrida baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan Respublika maktab-internati tashkil etilishi rejalashtirilgani diqqatga sazovor. Bu maktab nafaqat yosh avlodni milliy qadriyatlarga sodiq ruhda tarbiyalash, balki ularga baxshichilik ijodining sirlarini o‘rgatish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida baxshichilik san’ati rivojiga xizmat qiladigan amaliy ishlar belgilangan. Jumladan, baxshichilik uchun zarur bo‘lgan milliy cholg‘u asboblari – do‘mbira, sibizg‘a, chanqovuz, qo‘shnay, g‘ajirnay, bo‘lamon, qo‘biz kabi asboblarni ishlab chiqaradigan ustalarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun ustaxonalar ajratish hamda maxsus materiallar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, baxshi-shoir, jirov va oqinlar tomonidan ijro etiladigan doston va qo‘shiqlar kuylarini notalashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilandi. Bu esa kelajakda mazkur san’atni chuqur ilmiy o‘rganish va uni keng targ‘ib etish uchun mustahkam asos yaratadi. Noyabr, 2025-Yil 51 E’tiborlisi shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya bilan hamkorlikda baxshichilik san’atini Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritish masalasini ham yo‘lga qo‘ymoqda. Bu esa xalqimizning ko‘hna va betakror og‘zaki ijod namunalarini jahon miqyosida tanitish uchun muhim qadamdir. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida davlat ansambllari, boshqa hududlarda esa viloyat ansambllarining tashkil etilishi, shuningdek, bolalar musiqa va san’at maktablari qoshida baxshichilik sinflarining yo‘lga qo‘yilishi ushbu san’atni yoshlar orasida keng yoyish imkonini beradi. “Birinchi xalqaro baxshichilik san’ati festivali” “Birinchi xalqaro baxshichilik san’ati festivali” O‘zbek xalq ijodiyotining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan baxshichilik san’ati qadimiy ildizlarga ega bo‘lib, xalqning ma’naviy dunyoqarashi, tarixiy xotirasi va badiiy tafakkurini ifodalaydi. H.T. Zarifovning yozishicha, “baxshi” so‘zi mo‘g‘ulcha va buryatcha “baxsha”, “bag‘sha” so‘zlaridan olingan bo‘lib, “ustoz”, “ma’rifatchi” ma’nolarini bildiradi. O‘zbeklarda baxshi keng ma’noda xalq dostonlarini kuylovchi, yodda saqlovchi va nasldan naslga o‘tkazuvchi san’atkor sifatida tanilgan. Xalq orasida esa bu so‘z ikki xil xarakterdagi shaxsga nisbatan qo‘llangan: ko‘pchilik hududlarda professional dostonchi, ayrim joylarda esa afsungar, folbin yoki shaman vazifasini bajaruvchi shaxs sifatida ishlatilgan. Qadimda bu ikki vazifa bir shaxs qo‘lida mujassam bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik ular o‘rtasida muayyan tafovut yuzaga kelgan. Shu sababli ikkinchi vazifani ado etuvchi shaxs xalq orasida duoxon, kinnachi kabi boshqa nomlar bilan atalgan. Turli hududlarda xalq dostonchilariga “baxshi”dan tashqari boshqa atamalar ham qo‘llangan. Surxondaryo va Qashqadaryoning ayrim joylarida yuzboshi, Janubiy Tojikiston Noyabr, 2025-Yil 52 o‘zbeklari orasida soqi, Surxondaryo va Janubiy Tojikistonning ayrim hududlarida sozanda, Farg‘ona vodiysida sanovchi, ba’zi tumanlarda jirov, jirchi, oqin, oxun kabi nomlar ishlatilgan. Shuningdek, o‘zbeklarda xalq dostonchilarini shoir deb atash ham keng tarqalgan. “Shoir” arabcha so‘z bo‘lib, poetik asarlar ijodkori bo‘lgan yozma va og‘zaki adabiyot vakillariga nisbatan qo‘llaniladi. Badihago‘y ijodkorlar, yangi variantlar yoki yangi dostonlar yaratishga qodir baxshilar shoir sifatida tanilgan. Masalan, Ergash shoir, Fozil shoir, Islom shoir, Po‘lkan shoir singari ijodkorlar bunga yorqin misol bo‘la oladi. O‘zbek dostonchilik maktablari tarixida Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining o‘rni alohida. U 1868-yilda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan va 1937-yilda vafot etgan. Dehqon dostonchi oilasida dunyoga kelgan bu ijodkorning nasl-nasabida yetti otabobosidan boshlab ko‘plab mashhur baxshi va shoirlar yetishib chiqqan. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li boy va rang-barang repertuarga ega bo‘lib, “Kuntug‘mish”, “Yakka Ahmad”, “Alibek bilan Bolibek”, “Dalli”, “Ravshan”, “Qunduz bilan Yulduz”, “Xushkeldi”, “Xoldorxon”, “Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi”, “Hasanxon”, “Avazxon”, “Avazning Farangga safari”, “Nurali”, “Xiromon” (“Jahongir”), “Alpomish”, “Yusuf bilan Ahmad”, “Tulumbiy”, “Qironxon”, “Qumri”, “Oshiq G‘arib”, “Vomiq bilan Uzro”, “Varqa bilan Gulshoh”, “Mahtumquli” kabi 30 ga yaqin dostonlarni mukammal ijro etgan. Uning ijodidan ko‘plab termalar, dostonlar hamda baxshichilik san’atiga oid ma’lumotlar yozib olingan. XIX asrda shakllangan epik markazlardan yana biri Shahrisabz dostonchilik maktabidir. Bu maktabning yirik vakillaridan Abdulla Nurali o‘g‘li (1874—1957) va Islom Nazar o‘g‘li (1874—1953) Rajab shoirning shogirdlari bo‘lib, dostonlarni sho‘x, quvnoq, ko‘tarinki ruhda ijro etishlari, kuylarining yoqimliligi bilan mashhur bo‘lganlar. Shu maktabga mansub Nurmon Abduvoy o‘g‘li (1862—1940) ham o‘z ijodi bilan xalq dostonchiligiga katta hissa qo‘shgan. Ularning repertuarida “Orzigul”, “Sohibqiron”, “Erali va Sherali”, “Zulfizar bilan Avazxon”, “Gulixiromon”, “Kuntug‘mish” singari dostonlar mavjud bo‘lib, ular xalq eposining demokratik asoslarini kengaytirgan. Janubiy O‘zbekiston dostonchilik maktabi ham o‘ziga xos an’analarni davom ettirgan. Umir shoir Safarov, Mardonaqul Avliyoqul o‘g‘li kabi baxshilar Qodir Rahimov, Xushvaqt Mardonaqulov, Qora va Chori Umirovlar, Chorshanbi Rahmatullayev kabi shogirdlarni tarbiyalab yetishtirgan. Keyinchalik Shoberdi Boltayev, Boborayim Mamatmurodov, Abdunazar Poyonov, Ro‘zi Qulto‘rayev, Qahhor Rahimov, Jovli Tangirov, Abdusalom Ergashev, Abduqahhor Umirov, Abdulmurod Qodir o‘g‘li kabi san’atkorlar xalq dostonlarini jonli ijroda davom ettirganlar. Xorazm dostonchilik maktabi esa boshqa hududlardagidan tubdan farqlanadi. Bu yerda so‘z improvizatsiyasi ikkinchi darajaga tushib, musiqa yetakchilik qiladi. Xorazm dostonlari ko‘pincha yozma manbalarga ega bo‘lib, ijrochining qo‘lida qo‘lyozma matni mavjud bo‘ladi. Bundan tashqari, Xorazmda dostonni yakka ijro qilish bilan birga, jamoa bo‘lib ijro etish an’anasi ham shakllangan. Ustoz baxshi dutorda kuyni boshlaydi, boshqa ijrochilar g‘ijjak va bo‘lomon bilan jo‘r bo‘ladilar, naqarot qismlar esa birgalikda kuylanadi. Xulosa qilib aytganda, baxshichilik san’ati o‘zbek xalqining qadimiy madaniy merosi sifatida turli hududlarda turlicha shakllanib, rivojlangan. Har bir maktabning o‘ziga xos ijro uslubi, doston repertuari va tarbiyalagan shogirdlari mavjud. Noyabr, 2025-Yil 53 Bu san’at nafaqat xalq og‘zaki ijodining yirik tarmog‘i, balki o‘zbek xalqining tarixiy xotirasi, estetik didi va ma’naviy qadriyatlarining yorqin ifodasi hisoblanadi.Mening nazarimda, baxshichilik san’ati xalqimizning bebaho xazinasi, go‘yoki asrlar qa’ridan kelayotgan musiqiy daryodir. Bu daryoni to‘sib qo‘yish emas, balki uni yanada toza va sersuv oqizish bizning sharafli burchimizdir. Prezidentimiz va davlatimiz tomonidan berilayotgan g‘amxo‘rlik ana shu daryoga yangi irmoqlar qo‘shib, uning manbaini yanada mustahkamlamoqda. “Ustoz — shogird” an’anasining qayta tiklanishi esa daraxt ildizini sug‘orishdek, kelajak avlodning ijodiy kuchini quvvatlantiradi. Bugun baxshi-shoirlarning asarlarini keng yoyish, ularning audio va video yozuvlarini yaratish, xalqaro miqyosda hamkorlikni kuchaytirish — bu daryoga ko‘prik solish, uni dunyoga tanitish demakdir. Yoshlarni baxshichilik maktablariga jalb qilish esa ularning qalbiga milliy g‘urur urug‘ini sepish bilan barobardir. Menimcha, bu qadimiy san’atni avaylash va rivojlantirish, uni xalqimiz qalbida yashovchan tutish — har birimizning muqaddas burchimizdir. Adabiyotlar ro‘yxati 1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-apreldagi “II Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va baxshichilik san’atini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5070-son qarori. 2. Madayev O. Sobitova T. “Xalq og’zaki poetik ijodi” – Toshkent. Sharq nashriyoti. 3. Matyoqubov, B. (1999). Xorazm doston ijrochiligini zarxat sahifalari. Xorazm: Urganch nashriyoti. 4. https://lex.uz/docs/-4380951